Endi ucha olamizmi?..

Kuni kecha “Qanot sharq” xususiy aviakompaniyasining “Airbus A320” rusumli birinchi avialayneri “Toshkent-3” aeroportiga kelib qo'ndi.

 

Shu yilning aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan va keng muhokamalarga sabab bo'lgan mavzulardan biri bu Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisi Qutbiddin Burxonov tomonidan fuqarolarning e'tirozlari yuzasidan “Toshkent–Olmaota” yo'nalishi bo'yicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganligini o'rganib chiqish va natijasi yuzasidan ma'lumotlarni taqdim etish bo'yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi raisi Shohrux Shorahmetovga senator so'rovi yuborgani haqidagi xabar bo'lgan edi.

Unda ma'lum qilingan ediki, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo'lgan “Toshkent–Olmaota” yo'nalishi bo'­yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4 mln. 700 ming so'mni tashkil qiladi.

“Holbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat “Toshkent–Moskva” yo'nalishi bo'yicha aviachipta narxi 4 mln. 200 ming so'm, “Toshkent–Riga” yo'nalishi bo'yicha 2 mln. 800 ming so'm (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), “Toshkent–Nyu York” yo'nalishi bo'yicha esa 6 mln. 500 ming so'm (parvoz vaqti – 12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.

Ko'rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo'lgan “Toshkent–Olmaota” yo'nalishi bo'yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko'p parvoz qilinadigan yo'nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu tushunarsiz holat fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda”, – degan edi senator.

Senatorning yana qayd qilishicha, mas'­ullar narx belgilashda fuqarolar tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda.

“Zotan, Qozog'istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o'tishga qo'shni davlat tomonidan pandemiya sababli taqiq qo'yilgan. Bizning mas'ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o'z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilmoqda.

Oqibatda ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo'shni Qozog'istonga ketayotganlar yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo'lmoqda”. (Manba: Kun.uz, 2021 yil 16 aprel.)

Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi senator so'roviga shu paytgacha javob yo'llaganmi yo'qmi, bu bizga hozircha ma'lum emas.

Ammo O'zA va boshqa rasmiy manbalarning ma'lum qilishicha, joriy yilning 26 aprel kuni “Qanot sharq” aviakompaniyasining “Airbus A320” rusumli birinchi avialayneri “Toshkent-3” aeroportiga kelib qo'ndi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari — Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, “Qanot sharq” aviakompaniyasi ta'sischisi Nosir Abdug'afforov mamlakatimizda tadbirkorlik sub'yektlariga yaratilayotgan qulayliklar xususiy aviakompaniyalar faoliyatining yo'lga qo'yilishida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladilar.

O'zining 20 yildan ortiq faoliyati davomida “Qanot sharq” aviakompa­niyasi asosan yuk havo transporti sohasida taj­riba to'plagan. Kompaniya o'tgan davr mobaynida mamlakatimiz va xorijda yirik agentlik tarmog'ini yarata olgan va butun faoliyati davrida 100 ming tonnadan ortiq yuk tashishga erishgan.

Shu bilan birga, kompaniya keyingi yetti yil ichida yo'lovchi tashish borasida o'z imkoniyatini sinab ko'rib, mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yaqin va samarali hamkorlikni yo'lga qo'ygan kompaniya charter reyslari orqali 150 mingdan ziyod yo'lovchini o'z manzillariga yetkazishga muvaffaq bo'ldi.

— Bugun biz turizm, transport sohasi uchun ahamiyatli bo'lgan tarixiy kunda ishtirok etdik, — deya so'z yuritgan Bosh vazir o'rinbosari A.Abduhakimov. — O'zbekistonga ilk bor xususiy aviakompa­niyaning birinchi avialayneri yetib keldi.

Bu haqda kompaniyaning tashabbuskorlari bilan ikki yil oldin rejalari bo'yicha gaplashib olgan edik. Kompaniya yaqin 20 kun ichida ikkinchi avialaynerini olib keladi. Yil yakuniga qadar yana ikkita “A330” rusumli avialayner olib kelinishi kutilmoqda. Shu tarzda, kompaniya o'zining uchta “A320” va uchta “A330” rusumli samolyotiga ega bo'ladi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Prezidentimiz tomonidan ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada farmon qabul qilinib, tadbirkorlarga keng imtiyozlar berilgan edi. “A330” rusumli samolyot aynan ziyorat turizmi uchun qulay bo'lib, bir parvoz davomida 300 nafargacha bo'lgan yo'lovchining mamlakatimizga kelishiga imkoniyat yaratadi.

– Bugun jamoamiz uchun quvonarli kun bo'ldi, — deb mamnunligini izhor etgan, “Qanot sharq” aviakompaniyasi ta'sischisi Nosir Abdug'afforov. – Avvalo, bizga shunday qulaylik va imkoniyatlar yaratib bergan O'zbekiston hukumati va Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz. Bugun yetkazib kelingan avialaynerimiz Yevropa aviatsiyasi qoidalariga muvofiq, texnik xizmatdan o'tkazilgan va uning texnik holatini baholash uchun namoyish parvozlari ham amalga oshirilgan. Ikkinchi samolyotning olib kelinishi may oyining uchinchi o'n kunligida rejalashtirilgan.

Albatta, bunday yaxshi muj­da yurtimiz havo yo'llari xizmatida ham sog'lom raqobat vujudga kelishi va yo'lovchilarga yanada adolatli, sifatli xizmat ko'rsatilishiga umid uyg'otadi.

Qulay va narx-navosi cho'ntak ko'taradigan xizmat yaratilsa, oddiy odamlar ham ko'zlagan manziliga tezroq yetishi mumkin bo'ladi. Chunki hamma ucha oladi.

Shahzod QAhramon o'g'li

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + one =