Xarxashami yoki noshukurlik?

Insoniyat nihoyatda murakkab davrda yashay boshlaganini hammamiz bilib turibmiz, his qilayapmiz. Qo'l bilan ushlab, ko'z bilan ko'rib bo'lmaydigan virus dunyoning deyarli barcha mamlakatlarining iqtisodiyoti, turmush tarzini o'zgartirib yubordi.

Baloi ofat manaman degan davlatlarning sillasini quritayapti, millionlab odamlarning jismonan va ruhan azoblanishiga sabab bo'layapti. Karantin cheklovlari o'rnatilib, odamlar bir-biridan uzoqlashdi, biri biridan shubhalana boshladi. Bunday sinovlar O'zbekistonni ham chetlab o'tmayapti, albatta.

Aytish mumkinki, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarni, undagi izoh va fikrlarni kuzatib, shunday fikrga kelish mumkin: qirqiga chidagan odamlar negadir qirq biriga chiday olmayotganidek, oramizda yuqumli virusdan-da xavfli “xastalik” — noshukurlik hukm sura boshlabdi. Yoki boshqacha aytganda, shundoq ham pandemiya ta'sirida biroz “beli bukilib” qolgan oila iqtisodini “oyoqqa turg'azish” oson bo'lmayotganini ayrim hamyurtlarimiz to'lig'icha tushunib yetmayapti. Bu holatdan esa ko'pincha blogerlar odamlarda norozilik tuyg'usini keltirib chiqarishga urinmoqda.

Eng hayratlanarlisi, ijtimoiy tarmoqda qoldirilayotgan ayrim izoh yoki “post”larni ko'rib, oddiy, oson hal etsa bo'ladigan maishiy muammolarni global masala qilib ko'rsatayotgan bloger bo'l­mishlar endi elu yurt orasida vahima ham ko'taradigan bo'ldimi, degan o'yga borasan kishi. Go'yoki ular ko'ziga qora ko'zoynak taqib olgan va o'zgalarning mehnatini, fikrini kamsitish orqali o'zini ilg'or qilib ko'rsatayotgandek, nazarimizda. Aslida ilg'or inson o'z amali, mehnati, bunyodkor g'oyalari bilan barchaga o'rnak bo'lishi kerak-ku!

Har kimning erkin fikr bildirish huquqi bor, albatta, buni tushunamiz. Ammo ko'proq xayrixoh yig'ish maqsadida jo'n, keraksiz narsalarni ro'kach qilib kimlarnidir tanqid qiladiganlarning o'zlarini kim deb atash mumkin? Kim deb atashni bilmadigu, ammo kimga o'xshatishimizni ayta qolaylik. Bola agar xarxasha qilsa kattalar “labbay” deb turishini bilib qolsa bormi, har qanday istagini xarxasha bilan bajartirishga odatlanadi. Keyingi paytlarda blogerlar ham xarxashaxo'rlikka o'tib olishganga o'xshaydi. Qaerda baqir-chaqir, qo'ydi-chiqdi bo'lsa, o'sha joyda ular hoziru nozir bo'lishayapti.

Hech ham yodimdan chiqmaydi, algebra fani ustozimiz Xolida opa biz, o'quvchilarga “har qanday arifmetik misolni ikki xil usul bilan yechish mumkin: biri qisqa yo'l, ikkinchisi uzun yo'l. Qaysi usulni tanlashingiz o'zingizga bog'liq”, degandilar. Men uzun yo'l bilan misolni yechishni ma'qul ko'rardim.

Sababi — uzun yo'l bilan ishlanganida misol javobi to'g'ri chiqishining ehtimoli qisqa yo'lnikiga qaraganda katta bo'ladi. Qolaversa, ko'proq vaqt va mehnat sarflab topilgan to'g'ri javobdan ko'rilgan rohat kishiga o'zgacha maroq bag'ishlaydi. Ayniqsa, mukofotiga a'lo bahoni qo'lga kiritsangiz bormi, buning xursandchiligi kelasi darsning navbatdagi misoligacha yetardi…

Nazarimda, hozir aksariyat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari u yoki bu masalani hal etish uchun qisqa, oson yo'lni izlashga kirishib ketdi. Buning ustiga, biror to'siqqa uchragan odam, darhol ijtimoiy tarmoq orqali ayyuhannos soladigan, go'yoki hamma unga qarshi, u allaqanday isyonkorlar qurboniga aylanib qolayotgandek, dod-voy qiladigan bo'lib qolishdi.

Mana bir misol, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarning birida ba'zi odamlarning hay-haylashiga sabab bo'lgan blogerning “…3 nafar yosh bolasi bor yangiyo'llik ayolga “shantajlik” qilgani sabab uy berilgani…”, bo'ldi. Ammo bloger ayolning butun boshli jamiyatni loqaydlik, beparvolikda ayblab, o'zini “davlat” qilib ko'rsatganidan, ochig'i, biroz xafsalam pir bo'ldi. Aslida-chi, aynan o'sha bloger qoralagan jamoatchilik yordamida ayolga xayriya hisob-raqami ochilgan, bundan tashqari, mahalla faollari bu yolg'iz ayolga “tikuv mashinasi” sovg'a qilishgani, lekin u tikishni bilmaslik vaji bilan bu hadyadan voz kechib, hatto tikuvchilikka o'rgatadigan bepul o'quv mashg'ulotlarida qatnashishdan ham bosh tortganini nima deyish mumkin? Bu haqda negadir bloger janoblarining to'xtalgisi kelmaydi.

 

To'g'ri, ijtimoiy tarmoq qahramoni — bu ayol singari ayollar soni yurtimizda kam emas, yetarlicha bor. Ammo endi avvalgidek yurtimizda kambag'allar borligiga ko'z yumilayotgani ham yo'q-ku! “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” aynan kam ta'minlangan oilalarni qo'llab-quvvatlash uchun amaliyotga joriy etilmoqda.

Yuqoridagi vaziyatda bloger opamiz yoki uning himoyasidagi yosh ayol harakatidan-da kishini ko'proq xafa qiladigan boshqa narsa ham bor: ijtimoiy tarmoqda ushbu masalaga oid qoldirilayotgan izohlar, kurakda turmaydigan haqoratlarni o'qib: oramizda har narsaga chap ko'zi bilan qaraydigan, Vatanini — o'zi yashab turgan uyini boricha sevmaydigan “negativ”chilar rostan ham ko'payibdi, degan fikrga kelasan.

 

Xuddi shu kayfiyat va o'y-xayollar bilan yurganimda, taniqli psixolog Azizaxon Toshxo'jayevaning “negativchilar haqida” sarlavhali audio suhbatini tinglab qoldim. Suhbatda psixolog har bir insonning o'zi uchun belgilagan halollik darajasi mavjudligi va ushbu darajani insonning o'zi yoki o'zgalar qanday qabul qilishiga to'xtalar ekan, “negativ”, ya'ni salbiy fikr bildirishga alohida e'tibor qaratadi.

— O'zgalar qandaydir “negativ” fikr bildirsa, bu uning huquqi ekanliginiyam anglashimiz kerak, — deydi Azizaxon Toshxo'jayeva. — Biz unga qarab aytamiz, “bu sizning fikringiz, bu sizning huquqingiz”, deb. Lekin inson qilayotgan amalining to'g'ri ekaniga 100 foiz ishonsa salbiy fikrlar ta'sirida qolmaydi.

Qolaversa, biz odatda har qanday insonni tanqid qilishimiz mumkin, deb o'ylaymiz. Aslida esa bu xato, bizning insonning o'zini emas, balki uning bajargan ishini tanqid qilishga haqqimiz bor, xolos. Demak, biz tanqidni shaxsga nisbatan emas, balki shaxs bajargan ishiga nisbatan qo'llashimiz kerak. Ana shunda bu sog'lom va asosli tanqid bo'ladi.

Albatta, bu yerda mutaxassis ting­lovchi e'tiborini tanqid motivi tushunchasiga qaratar ekan, avvalo, biror-bir insonning harakati, faoliyati tanqid qilinganida buning zamirida uning ishini yanayam yaxshilash maqsadi bo'lishi kerakligini qayd etadi.

— Masalan, — deydi A.Toshxo'­jayeva, — yosh olim ilmiy ishini yoqlayotganida ustozi kamchiliklarini ko'rsatib, shogirdini tanqid qilishi mumkin. Ammo buning natijasida ish mukammallashadi. Bu yerda motiv   shogirdning ishini sayqallash bilan bog'liq. Ikkinchi motiv bu — to'xtatish motivi. Ya'ni, boshqa shaxs­­ni tanqid qilish orqali uni rivoj­lanishdan yoki pastga cho'kib ketishdan to'xtatishga undaladi. Shunday ustozlar bor, cho'kayotganingizda yoki xatoga yo'l qo'yayotganingizda atayin tanqid qilishadi. Uning ta'sirida to'xtab qolgan inson yana harakatlanishi yoki aksincha, harakatdagi odam to'xtab qolishi ehtimoli bor. Uchinchi motiv — hasad, ko'rolmaslik yoki o'rnini egallab qo'yish xavotiridan yuzaga keladi. Bunday tanqid insonning ochiqdan-ochiq oyog'idan chalishga qaratilgan bo'ladi.

Psixolog tanqidning to'rtinchi motiviga to'xtalar ekan, bu tanqid nolish oqibatida yuzaga kelishini alohida ta'kidlaydi. “Ya'ni, mehnat qilmay, jabrdiydaga aylanayotgan ayrim odamlar hayotdan, insonlardan, berilayotgan imkoniyatlardan nuqul noliydigan bo'ladi. Aynan mana shu jabrdiyda rolidagi noluvchilar atrofga asosiy negativ tarqatuvchilardir. O'zga odamlarga yordam berish, ularga achinish hamda qo'llab-quvvatlash, rahm qilish singari nozik tuyg'ulardan jabr­diyda obrazini bajarayotganlar ustamonlik bilan foydalanishadi. Bundan tashqari, jamiyatdan, ish jo­yida jamoasidan yoki qo'shnisidan yoki oilasi, farzandidan noliydiganlar ham bor. Va mana shular, asosiy negativ tarqatuvchilar hisoblanadi. Bunday insonlarning harakati yuqumli kasalliklardan ham xavflidir”, — deydi A.Toshxo'jayeva.

O'ylab ko'ring, olamdagi barcha narsa va hodisalar harakatda, o'zgarishda, taraqqiyotda. Shunday ekan, har bir shaxs atrofda kechayotgan vo­qea-hodisalarni to'g'ri baholab, o'zga­rishlarga nisbatan ongli munosabatda bo'lishi lozim emasmi?

Saodat SODIQOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =