Oriyat ehtiyoji

TAHRIRIYaTDAN: taniqli shoira va jurnalist Qutlibeka Rahimboyevaning ushbu maqolasi har bir yurtdoshimizni o'yga toldirishi kerak. Axir, “Or-nomus”, “Oriyat” so'zlari bu shunchaki oddiy so'zlar yoki atamalar emas. Balki har bir insonning vijdoni, g'ururi, qalbi, yuragi qadar mazmunga ega majburiyatlar ham emasmi?

Yaqinda Andijonda yuz bergan voqea: besh nafar erkak ko'rinishidagi manqurtsimonlar oddiy bir oilaning 5 oylik kelinini dala shiyponida zo'rlagan. Bu fojia, bu qabihlikka qo'l urish uchun, (yana Ramazon hayiti kuni) qanday odam bo'lishi kerak? Va bunday jirkanch nusxalarga qanday jazo berilmog'i lozim? Gazetamizning kelgusi sonida shu va shunga o'xshash   jinoyatlar, razilliklar, ularning omillari xususida maqola chop etiladi. Unda birovning qizi, birovning kelini, bir yigitning ayoli bo'lgan ojizani badnom qilganlar kimlar edi, qanday oilada, qanday muhitda ulg'ayishgan edi u nusxalar? Militsiya, mahalla profilaktika inspektorlarining Andijonda yuz bergan bu kulfatga dastlabki munosabati va boshqa o'yga soladigan jihatlar haqida batafsil so'z yuritiladi.

 

Yaxshiyam, lug'atlarimizda shunday so'zlar bor. Yaxshiyam, bu so'zlarda tuyg'ularni silkitadigan, bir aytilganda, elning barini bo'lmasa-da, yarmini tik turg'azib yuboradigan qudrat bor. Qani, bir davraga borib “Oring bormi sening?!” — deb ko'ring-chi, shivirlab emas, har tovushini yurakka bog'lab, joningizdan ovoz berib ayting-chi, davra qalqimasmikan… “Or talashmaysanmi!” , “Nomusga tirishmaysanmi?!” — deganingizni ham aytgan jo­yingizdagilar oddiy “Nonushta qildingmi…”,     “To'yga bordingmi …” tarzidagi savollarday eshitmaydi. Chunki bu so'zlar, bu so'roq-savollarda, takror aytaman, yurakni sapchitadigan, ko'ngilni qo'zg'atadigan, millatimizning jon tomirlariga tutash bir kuch bor. Davrdan davrga o'tib kelayotgan, ko'pchilik eshitgan, hozir ham eshitilsa, zarar qilmaydigan bir rivoyatni eslaylik.

 

Emishki, bir mamlakatning sultoni vaqti – soati yetib, bandalikni bajo keltiribdi. Yurtga bosh­chilik qilish malikaning zimmasiga tushibdi. Bu mulkotning yer-suvlari mo'l bo'lib, davlati anchadan buyon qo'shnilarining ko'zini o'ynatib, suqini keltirib yurar ekan. Qo'shni mamlakat sohibi ayol egalik qilayotgan yurtni bosib olmoqchi bo'libdi va taomilga ko'ra, bu haqida xabar yo'llabdi. Malika elchini qabul qilgach, o'zi bilan o'zi fikrlashibdi, so'ng unga shunday javob aytibdi:

— Bilaman, sizlar kelsangiz, non-tuz bilan emas, qilich, qalqon bilan kelasizlar. Men uchun yurtimning, yurtdoshlarimning hayoti har narsadan aziz. Niyatingiz jon emas, boylik bo'lsa, uni olasiz. Bisotimda rahmatli sultonim menga hadya qilgan bir xos libos bor. Uning iplari eng toza tillo kukunidan, bezak uchun ishlatilgan toshlari esa zabarjad, olmos, zumrad, gavharlardan iborat. Bir so'z bilan aytganda, bu libosning qiymatini bemalol tobe mamlakatning hukmdor davlatga to'laydigan bir yillik bojiga tenglashtirish mumkin. Hozircha shuni   podshohingizga eltib berib turing, keyingi yillar masalasini vaqti kelganida hal qilib olaveramiz.

Malika shunday debdi-da, og'irligi bir necha tuya­­ga (salgina mubolag'a bo'lishi tabiiy hol, chunki rivoyatlar ham dostonu ertaklar kabi xalq og'zaki ijodi mahsuli-da) yuk bo'ladigan xos libosni elchiga taqdim qildiribdi. O'zi esa “O'ylaganlarim amalga osharmikan, nozik ishoralarim qo'shni hukmdorning or tomirlariga tegib, titratarmikan yo molu davlat hoyu havasi uni butkul bunday tuyg'ulardan mosuvo qildimikan?” degan o'y-xayollarda kun o'tkazadi. Malikaning hadyasini ko'rgan podshohning ko'nglida bo'ron qo'zg'aladi. “Men ayol kishining bosh egasidan yodgor hadyani olib, boyiydigan darajada past ketadigan hukmdormanmi? Unda mening er kishilik or-nomusim qaerda qoladi? Bo­ringlar, libosini o'ziga qaytarib olib borib beringlar! Menga boji ham, mamlakati ham kerak emas, o'ziga buyursin, kechdim!” debdi. Xos libos qaytib kelgach, malika o'ylaganlari amalga oshganiga, o'rtaga or-nomus masalasi tushganda boshqa havaslar orqaga tisarilishiga yana bir karra iymon keltiribdi. Balki, bu rivoyatda haqiqatdan ko'ra to'quvchi istagiga bo'ysungan to'qima ko'proqdir. Lekin baribir pinhon, oshkor g'alabalarga or-nomus so'qmoqlaridan yurib o'tilishi bor gap. Faqat oladigan mukofot pulini deb emas, “Vatan, millat or-nomusi uchun”, deya maydonga tushgan kurashchilarning aksariyat g'alabalariga ham kuch, mahorat barobarida yurakni yondirib turgan shu tuyg'u kafolatdir.

Lekin (ana shu “lekin”i yomon-da, ana shu “lekin”i alam qiladi-da) kimimizdir, kimlarimizdir bu tuyg'uni unutish taraf ketayotgandaymiz”…da. Yengiltabiatli ayollarni to'plab, tanasini sotishdek iflos ish bilan shug'ullanishga majbur qilayotgan kimsalar qo'lga olindi…” “Zamon” axborot dasturi basharasini ko'rsatmagani bilan ularning ismini aytadi: ismlardagi tanish “oy”, “gul”, “xon” qo'shimchalari quloqqa emas, qalbga tikandek botadi. “Biznikilar, o'zimiznikilar…”, deysiz tishingizni mahkam qisib, labingizni tishlaganingizda sizgan qonni ichga yutib. Qani mahallasi qizining nomusi uchun, unga dog' tushirmaslik uchun jonini tikkan jo'mardlar?! Qani, “Singlim oilamning yuzi”, deya o'zidan kechib munglisini qo'riqlab yashaydigan akalar, og'alar?!

Vodiylik bir qizdan eshitganim bor. Bir yigit uch nafar akasi bor qizga ishq izhori yozib, maktub bilan birga quritilgan lolani kitob varaqlari orasiga solib, o'rtog'idan berib yuboribdi. Xat singlisini sadoqatli vafodor (it)day qo'riqlaydigan akalarning qo'liga tushibdi. Ular oshiq yigitni kechasi tutib olib uch ko'chani tizzalatib aylantiribdilar. “Sen haqiqiy oshiq bo'lsang, bokira qizga   akalaring uxlaganda ko'chaga chiq, deb yozarmiding?! Chin oshiq o'zi ko'ngil qo'ygan qizini tunlardan ham, tunlarning qorasidan ham himoya qiladi-ku”, deyishibdi. Oshiq yigitning tizzalari shilinib ketibdi, lekin akalar uni to “Endi birorta qizga ishqim tushsa, avval onamni sovchilikka yuboraman…”, deb qasam ichgandan keyingina qo'yib yuborishibdi. Ehtimol, bugunning ba'zi axloqsiz­liklari, ba'zi hayosizliklarini erkinlik bilib o'zidan ketayotgan, o'zanidan uzoqlashayotganlar uchun bu akalar ibtidoiy akalar, jazo ibtidoiy jazo bo'lib tuyu­lar, lekin rafiqasiga ergashib kelgan qizi — o'gay farzandining nomusiga tajovuz qilayotgan iymonsiz o'gay otalar (ha, ular bor va faqat bir emas) haqida o'ylaganimizda o'sha ibtidoiylik qadri yuksalib ketmaydimi?!

“… shahriga bir ish bilan borgan edim. Kech tushgach, mehmonxonada zerikib, shu shaharda anchadan buyon yollanma mehnat bilan shug'ullanayotgan qo'shnimni axtara boshladim. Manzilini qishloqdan telefon orqali surishtirib, topib bordim. Ammo borganimga pushaymonlar qildim. Har kuni yuvinsam ham poklanmagandekman. Holbuki, men o'sha manzilda hech narsani ko'rmadim, hech narsaga aralashmadim, faqat eshitdim. Eshitganlarimning o'zidan balchiqqa botib chiqqandek his qilyapman o'zimni… Chunki bu ijara uyda yigirmatacha erkak yashar ekan, ikki nafar ayol ularning osh-ovqatiga qarar ekan, ham erkaklar navbati   bilan ulardan nafsini qondirish uchun ham foydalanar ekan…”

“Yolg'on, yolg'on, bizning boshqa shaharlarga borib ishlayotgan ayollarimizga tuhmat bu! Ular farzandlari yaxshiroq, yana ham yaxshiroq ta'minotga ega bo'lishlari uchun chidashyapti musofirchilik azoblariga!”. Ichingizdan shunday hayqiriq kelyaptimi? Bor, shunday onalar ham, ota-onasini yetmagan orzulariga yetkazish uchun begona shamollar chorrahasida izillab yurgan   vijdonli qizlar ham bor. Ammo yuqoridagi azob ichida aytilgan gap ham tuhmat emas, bu — bir odamning dardi, bir odamning emas, ko'pimizning dardimiz.

Axir, dunyoning qay bir puchmoqlaridan bizgacha yetib kelgan, yaqin-yaqinlarda pichirlab aytilgan, bugun ovozini qo'yib yuborgan “bir jinslilar yaqinligi” degan odam bolasi hazar qiladigan illatlar mana shunday   darddan o'smadek o'sib chiqmasa, qaerdan paydo bo'lardi?

Texnika fanlari doktori, akademik Sarvar Qodirovning tarjimai holiga oid bir kitobni badiiy tarafdan nazardan o'tkazayotganimda, bir jihat diqqatimni tortgan edi. Domla yozadilar “Moskvada o'qiyotgan bir guruh aspirantlarning hammasi — hammamiz, nochorroq oilalarning farzandlari edik. O'qishdan tashqari,   tirikchilik uchun pul topishga harakat qilardik. Kimimiz no'noqroq aspirantlarning chizmalarini chizardik, ba'zilarimiz qor kurashga chiqardik, tungi kafeda idish yuvadiganlarimiz ham bor edi. Biz topgan pullarimizni tejab, o'zimizdan ham ko'proq yurtimizdan kelgan aspirantu talaba qizlar uchun sarflardik. Ular begonalar bilan boshlashib ketmasin, birovlarga qaram bo'lib qolmasin, deya akasi, inilariday bo'lib qo'riqlab yurardik, hech narsaga muhtoj qilmasdik”.

Er kishilari, domlaning yozuvlarida aks etganiday, ayollari origa posbon bo'lib yashagan o'sha kunlardan buyon nima o'zgardi? Tuzum evrilgan bo'lsa yaxshilikka evrildi-ku. Ozodlik bu dunyoning eng go'zal imkonlari ichra yashash huquqiga erishish emasmi? O'rni kelganda aytish joizki, davlatimiz qizlarimiz sharafini himoya qilish, ayollik, onalik martabasini ulug'lash uchun keragidan ortiq imtiyoz, imkoniyatlar yaratmoqda. O'qishga kirish, kasb-kor egallash, ish bilan, uy-joy bilan ta'minlanish masalalarida xotin-qizlarga ko'rsatilayotgan bugungi e'tibor hech qachon bo'lgan emas. Xo'sh, unda nima uchun ba'zi opa-singillarimizning or-nomusi borasida aksariyat hollarda yuzimiz yerga qarab qolyapti? Gap shundaki, bu masalaning yechimi ko'p hollarda oila muhitiga bog'liq. Ya'ni, otalari, aka-­ukalari oriyatli bo'lgan xonadondan urug'-aymoqqa isnod keltiradigan ayol chiqmaydi.

Yaqinda xorijdan yo'llangan bir maktubni o'qidim. Maktub muallifi bo'lgan ayol bundan bir necha yillar avval viloyatlarimizdan birida istiqomat qilgan ekan. Bir o'g'ildan so'ng ketma-ket qizlar tug'ilgach, onasi to'ng'ich qizini “tezroq qutilay, izingda singillaring yetilib turibdi”, deya o'n yetti yoshga to'lar-to'lmas uzatib yuboribdi. Shoshma-shosharlik bilan, obdan surishtirilmay qilingan ishning oqibati yaxshi bo'lmabdi. Eri nashavand   chiqibdi. Har gal kaltaklanib   uyiga kelganida otasi:

— Chida, sabr qil, sen qaytib kelsang, singillaringni ham birov so'ramay qo'yadi, deb qaytarib yuboraveribdi. Axiyri, kaltaklanish, xo'rlanish jarohati operatsiya stoligacha yetib borgani uchun uyidagilar qaytarib olib kelishga majbur bo'lishibdi. Baribir ikki farzandli ayol o'z uyida ham akasi, kelinoyisi tarafidan turtkilana boshlabdi. Natijada, ayol bir bolasini xolasiga qoldirib, birini olib xorijga ishlagani ketadi. Ota uyiga qaytib kelganida ayol “Qo'lim – shirin, ishlab, mab­lag' yig'ib, hovlimizning etagidagi bo'sh yerga imorat quraman, bolalarim bilan shu kulbada tinchgina yashayman, akam, ota-onam guvala uy tiklashimga yordam berar,” deya umid qilar ekan. Ammo akasi “Bolalaring bolalarim bilan chiqishmayapti. Uyimning tinchini buzyapsan”, deb singilni ko'chaga haydabdi. Shu-shu ayol xorijga ketadi va qolib ketadi. Noiloj qolgan chog'ida birga ishlayotgan turk yigiti:

— Yaxshi pazanda ekansan, mening otam senday bir ayolga muhtoj, senga yaxshi pul to'layman, yurtingda qolgan bolani ham olib kel. Ularni mak­tabga joylayman, deydi. Ayolning ko'nishdan boshqa yo'li yo'q edi. Buning ustiga, yigitning otasi:

— Men nomahram ayolga faqat tanmahram qilishi kerak bo'lgan zaruriyatlarni qildira olmayman, menikida qolib ishlashing uchun nikohimga o'tishing kerak bo'ladi, deydi. Ayol bunga ham ko'nadi. Yillarki shunday o'tibdi. Ayol yozyapti: “Erimni yaxshi parvarish qilganim uchun tuzalib ketdi. Bolalarim ham o'qib kasb-korli bo'ldi. Bir ayolga nima kerak bo'lsa, bugun hammasi menda bor. Keyingi paytlarda uyimdagilar bilan ham munosabatim tiklangan. Ota-onam dunyodan o'tib ketdi, akam kasalmand bo'lib qoldi, tez-tez pul jo'natib turaman. Yaqinda borib keldim. Bir payt­lar “Hovli quraman,bolalarimga vatan qilaman”, degan joyimga it bog'lab qo'yishibdi. O'tirib rosa yig'ladim. Nahot, mening oilamda shu jonivorchalik qadrim bo'lmadi? Ota-­onam, akam mening nomusimni o'ylaganida, bugun musofir joylarda sarson bo'lib yurarmidim?“

Ayolning titranib yozgan savollarining og'rig'i endi sizga ko'chadi. “Xotinim akamning jazmani ekan”, “Kenja bolasi meniki emas ekan, o'zi tan oldi, ishga olib borib, olib kelib yurgan haydovchi bilan ishqiy munosabati bor ekan”… Ayrim telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan bunday xabarlar og'rig'igizni kuchaytiradi. Bir davrada shu haqida gap ochilgan edi, o'tirganlardan biri:

— Eshitishga ko'nikib ham qoldik, deb yubordi. Menga bu gap qattiq tegdi. Odam orsizlikka ko'nikishi mumkinmi?! Axir, insoniyatning, xususan, bizning millatimizning qalbimizda asrashimiz, bolamiz, nevaramizga ma'naviy meros qilib qoldirishimiz mumkin bo'lgan bebaho tuyg'ularimizdan biri-ku bu…

Yo'q, o'rganmaylik, ko'nikmaylik. “Hozir ummondek   to'lqinlanib oqayotgan xalqmiz, bunday illatlar tomchiday singib, bilinmay ketadi”, demaylik! Xuddi Chingiz Aytmatovning Nayman onasi farzandini silkitgadek, “Or-nomus”, “Oriyat” so'zlarini aytib, atrofimizni silkitib turaylik!

Qutlibeka Rahimboyeva

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =