Tatuaj — ojizlik va noshukrlik belgisimi?

Dugonam shundoq ham chiroyli va o'ziga doim yarashib turadigan qalin qoshlarini tatuaj qilibdi. Ko'rdim-u, ajab­landim. Chunki uning yuzidagi tabiiylik va samimiylik butunlay yo'qolgan edi. To'g'ri, unga tatuaj qaysidir ma'noda yarashgan. Biroq sog'lom va tim qora qoshlari bor qizga sun'iy qosh kerak emasdi, chamamda. Afsuski, har tong qosh­larini qalam bilan bo'yashdan charchagani va hozir tatuaj yoshlar orasida urfga kirganini faxrlanib aytayotgan dugonamning qoshlari kabi sun'iy so'zlarini eshitib, qo'limdan unga achinishdan boshqa hech narsa kelmadi…

Haqiqatan ham, insonga deyarli foydasi bo'lmagan tatuajdan aksariyat qizlar, ayollar unumli foydalanishyapti. Nega? Rostan ham shiddatli zamonamiz ulardan shunday sun'iy pardozni talab qilayaptimi yoki bu shunchaki zamonaviylikka ishqibozlikmi? Umuman, insonning tabiiy go'zalligi sun'iy niqobga muhtojmi?

Tatuajing nima degani, deysizmi? Tatuaj – igna yordamida yuz qismining ma'lum a'zolariga sun'iy bo'yoq chizishdir. U 3-5 yilgacha saqlanib, yuz a'zolaridan lab, qosh va ko'z qismida keng foydalaniladi. “Tatuaj” so'zi asli inglizcha bo'lib, uzoq muddatga mo'ljallangan grim, pardoz degan ma'noni anglatadi. Aytishlaricha, qadimgi Misr malikasi Kleopatraning asosiy yuz pardozi sanalgan tatuajdan dastlab erkaklar ham, ayollar ham birday foydalanishgan. Keyinchalik bu Yevropa va AQShda ommalashib, boshqa mamlakatlarga keng yoyilib ketgan.

Yoshlarning sun'iy pardozga moyilligining ortib borishi sababini psixologlar lab, qosh va ko'zlarini tatuaj qildirgan qizlar bu orqali go'zallik olamining yetakchi “trend”lariga aylanishni istashi, deya baholashadi. Buning zamirida “O'zimni yetarli darajada go'zal deb his qilmayapman” degan sirli tushuncha yotadi. Bu o'zining tashqi ko'rinishidan qoniqmaslik hissidir. Tatuajni chiroy deb hisoblaganlar o'zlarida chiroy yetishmaganidan xafa insonlar turiga kiradi. Bir so'z bilan aytganda, tatuaj – kuchsizlik, ojizlik va noshukrlik belgisi desak ham xato bo'lmasa kerak.

Bu borada universitet va ko'cha-ko'ydagi yigitlarning, erkaklarning fikri bilan qiziqdik. Bu insonlar ham tabiiy go'zallik soxtalikdan baribir ustun turishi, o'zbek ayollari tabiiy go'zalligi va opa-singillarimizga hech qanday sun'iy pardozning keragi yo'qligini aytishdi.

O'tmishdan ham ma'lum, Sharq ayollarining husnu-latofatiga g'arb­liklar hamisha havas qilib kelishgan. To'g'ri, tatuaj tufayli pardoz anjomlarini xarid qilishga ketadigan mab­lag' ham, har kuni “yasan-tusan” uchun ketadigan vaqt ham tejaladi. Lekin salomatligimiz-chi? Husnidan ko'ngli to'lmayotgan opa-singillarimiz yanada chiroyli bo'lish uchun go'zalligiga “ishlov berishayotganda”, sog'lig'i xususida bosh qotirib ko'risharmikan?

Mutaxassislar fikricha, o'ttizga ham kirmasdan yuzga ajin tushishi, ko'z nurining susayishi va yana bir qancha omillar yuqoridagi amallarning samarasidir. Tatuaj qosh va kip­riklarning to'kilishini tezlashtirishi ham allaqachon fanda o'z isbotini topgan. Zero, tatuajdan so'ng terining bir sutka davomida shishib turishi organizmdagi gerpetik viruslar avj olishga, lablar atrofiga uchuq toshishiga olib keladi. Gerpetik viruslar esa tezda qonga o'tib, bosh­­qa bir qator kasal­liklarni ham keltirib chiqaradi. Yuzning asab tomirlariga yetkazadigan zararlariniku aytib o'tirishga hojat bo'lmasa kerak. Tatuajda ishlangan bo'yoqlarni bir necha shaxslarda qo'llash tufayli esa teri ostining shikastlanishi, gepatit V, gepatit S, hattoki OITS infeksiyasi kuzatilishi aniqlangan…

Inson Olloh taolo yaratgan mo''jizalarning eng onglisi, eng qud­ratlisidir. U xoh ayol bo'lsin, xoh erkak, Olloh tomonidan tengsiz go'zallik, ko'rkamlik va husn ato etilgan. U odamzodni yaratar ekan, insonning suratini o'zi chizdi, o'z xohishicha bunyod etdi. Xo'sh, husnidan ko'ngli to'lmay, sun'iy pardoz-andozga mukkasidan ketganlar ana shu ato etilgan ne'matlarga xiyonat qilishmayaptimi? Axir muqaddas Islom dinida ham bizga omonatga berilgan tanaga sababsiz tig' tekkizish, unga azob berib, o'zgacha shakl berish bejiz qattiq qoralanmagan.

Atrofga nazar soling. Dunyoda qanchadan-qancha xasta, ojiz yoxud tanasining ma'lum bir qismi harakatlanmaydigan yoki qaysidir tana a'zosi umuman yo'q, bu ne'matlardan butunlay mahrum bo'lgan insonlar qancha. Siz 3-4 yillik o'tkinchi go'zallikni deb, beayov tig' tekkizayotgan, jarohat yetkazayotgan yuz qismlaringiz ko'zi ojiz, soqov, xasta odamlar uchun qanchalik azizligini tasavvur ham qilolmaysiz!

Zuhra AHMEDOVA,

O'zbekiston Milliy universiteti talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 10 =