Kasbga sadoqat

Hech o'ylab ko'rganmisiz? Birga ishlagan hamkasbingiz haqida ko'p narsani bilaman deb o'ylaysiz. Ammo vaqti kelib u inson haqida biror narsa yozmoqchi bo'lsangiz, gapni nimadan boshlashni bilmay qolasiz…

Chunki, “Oldingdan oqqan suvning qad­ri yo'q” deganlaridek, hamma vaqt ham yoningda yurgan odamlar haqida dilingdagi iliq so'zlarni aytavermaysan, e'tibor qilavermaysan. Shuning uchun qadrdon hamkasblarimizdan biri, allaqachon ustozlik maqomidagi inson — Alinazar Egamnazarov hayotiy yo'li haqida ham so'z aytmoq bo'lib, “gapni nimadan boshlasam ekan”, deya biroz taraddudlanib qolganimiz rost.

Alinazar Egamnazarovning akasi tuman gazetasining bosh muharriri edi. 14 yoshli o'spirinning gazetchilikka havasi o'shanda uyg'ongandi. Avvaliga maktab hayoti, Xonobod qishlog'idagi ayrim yangi­liklarni qog'ozga tushirib, akasiga ko'rsatardi. Akasi esa undagi qiziqishni rag'batlantirmoqchi bo'ldi va bir-ikkita maqolasini gazetada chop ettirdi. Shunda butun maktab, Xonobod qishlog'i ahli unga qoyil qolgandek edi. Bora-bora undagi qiziqish maqsadga aylandi. Qunt bilan o'qigani bois maktabni muvaffaqiyatli tugatib, ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakulteti talabasi bo'ldi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi nomdor jurnalistlardan biri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Alinazar Egamnazarovning jurnalistika sohasidagi mehnat faoliyati ana shunday boshlangan edi.

— Universitetni tamomlagan yilim yo'llanma bilan Sirdaryo viloyati, “Sirdaryo haqiqati” gazetasiga ishga borganman, — deb xotirlaydi Alinazar aka. — Viloyatga jo'nab ketishim oldidan akamning bir og'iz aytgan gapi dil-dilimga muhrlanib qolgan. “To'g'ri yursang, uzoqqa borasan”, degandi akam. Bu o'gitga hali-hanuz amal qilib kelaman. Bu gazetada ishlaganim mening baxtim bo'lganini keyinchalik o'zim ham his qildim. O'sha kezlar taniqli shoir Akmal Po'lat bosh muharrir, yana bir katta shoirimiz Sulton Akbariy muharrir o'rinbosari edi. Akmal akaning tashkilotchiligiga qoyil qolganman. Gazetaning nufuzi oshishida u kishining xizmati beqiyos edi. Keyinchalik gazetaga Ismoil Sulaymonov bosh muharrir, No''mon Nasimov o'rinbosar etib tayinlandi. Ismoil aka to'g'riso'z, halol kishi edi. U jurnalistikani kasbga aylantirib ol­manglar, jurnalist ko'rpachada chordona qurib o'tiradigan odam emas. Bir joyda o'tirib qolmanglar. Xalqni ichiga ki­ringlar. Odamlar sizlarga ishonib, birovga aytmagan dardini ayta olsa, haqiqiy jurnalist hisoblanasizlar, derdi.

No''mon Nasimov esa mening tortinchoqligimni ko'rib, ko'p marta nasihat qilganlari yodimda:

— Alinazar, — derdi u kishi. — Hadeb tortinchoqlik qilavermang. Sizni bilmaydigan odam bizni nazarga ilmayapti deb o'ylashi mumkin, — derdi u kishi kuyinib.   Shu tortinchoqligim tufayli uch-to'rt bor pand yegan paytlarim ham bo'lgan, — deydi ustoz jilmaygancha.

“Sirdaryo haqiqati” gazetasidagi to'rt yillik ijodiy faoliyat uning qalami charxlanishida asosiy omil bo'ldi. Sirdaryoni qadamba-qadam kezib chiqdi. Mirishkor dehqonlar bilan tongotar gu­runglar qildi. Eng asosiysi, yozayotgan ob'yektini mukammal o'rgangachgina qo'liga qalam oldi. Keyinchalik O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov tavsiyasi bilan “Toshkent oqshomi” gazetasiga ishga o'tganida sirdaryolik ustozlarning maktabini o'tagani judayam asqotdi. Hatto o'sha paytdagi gazeta bosh muharriri Sa'dulla Karamatov bunday tayyor jurnalist gazetaga doim ham kelavermaydi, deb e'tirof etgan edi. Mazkur gazetadagi o'n to'qqiz yillik ijodiy jarayon tufayli dolzarb mavzudagi ko'plab maqola va ocherklari dunyo yuzini ko'rdi.

1987 yilning o'rtalarida o'sha paytlardagi “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri O'tkir Hoshimov jurnalning publitsistika bo'limi faoliyatini kuchaytirish maqsadida Alinazar Egamnazarov nomzodini ma'qulladi. Uzoq yillik hamkorlik jarayonida hamkasbining halolligi, mas'uliyatni chuqur his qilishi, kasbga sadoqatiga ko'p guvoh bo'lgan adibimiz bu sharafli vazifani hech ikkilanmay unga topshirishga qaror qildi.

Jurnaldagi o'n yillik faoliyati davomida yozgan qatag'on qurbonlarining fojiali hayoti haqida hikoya qiluvchi “Surgun” ocherklar to'plami, Antonina Xlebushkina rahbarligidagi Bolalar uyi haqida “Aziz dargoh” qissasi, milliy qadriyatlarga doir “Do'ppidagi dog'” essesi, ikkinchi jahon urushida besh farzandidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova haqidagi “Besh jangchining onasi” kabi ocherk va maqolalari o'quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Poytaxtdagi Respublika Markaziy davlat arxivi, Moskvadagi harbiy-tarixiy arxivda olib borgan izlanishlari natijasida dunyoga kelgan “Siz bilgan Dukchi Eshon” hujjatli qissasi minglab o'quvchilarning qalbini larzaga solgani ham haqiqat. Millat fidoyisi bo'lgan Dukchi eshon fojiasidan ta'sirlangan o'quvchilar tahririyatni xatga ko'mib tashlashgandi. Jurnalda birga ishlaganimiz bois muallifni birinchilar qatori qutlaganmiz.

Katta mehnat va fidoyilik samarasi o'laroq dunyoga kelgan bu qimmatli asar haqidagi fikr almashuvlar chog'i ijodkorning aytgan so'zlari kechagiday yodimda.

— Odamlarimiz ajdodlarining mardligini bilishi kerak va faxrlanishi lozim. Kamtarona xizmatimga muxlislar e'tibori menga kuch bag'ishladi, — degandi aka minnatdorligini yashirmay. — Ayniqsa, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bu asar haqida “Hurmatli Alinazar Egamnazarovning “Siz bilgan Dukchi Eshon” kitobini katta qiziqish bilan o'qib chiqdim. Yoshligimizdan buyon eshitib yurgan uzuq-yuluq hikoyalar ta'siridanmi, Dukchi Eshon haqida biror narsa bilishga ko'pdan qiziqishimizga qaramay, bir ilmiy narsa topib o'qishga muyassar bo'lish qiyin edi…

Mana, endi birodarimiz Alinazar Egamnazarovning chin dildan ter to'kib qilgan mehnatlari samarasi o'laroq, ajoyib hujjatli bir asar dunyoga kelibdi. Ha, “Siz bilgan Dukchi Eshon” kitobi aniq dalil va hujjatlar asosida qo'shib-chatimay yozilgan ilmiy asar. Unda hech qanday badiiy olib qochishlar, bo'rtirishlar yo'q. Hamma narsa sof ilmiy asosda, ashyoviy dalillar va arxiv hujjatlari bilan isbotlangan. Kitobda asarning bosh qahramoni Dukchi Eshon — Muhammadali Eshon Sobir o'g'li rahmatillohi alayhining tarjimai hollari, ijtimoiy kelib chiqish­lari, milliy ozodlik yo'lidagi jihodlari katta aniqlik bilan yoritilgan”, — deya chiroyli fikrlar bildirib, duolar qilganlarini eshitganimda boshimiz ko'kka yetgan, — deydi Alinazar aka.

— Bolaligim o'tgan qishlog'imizdagi Zulfiya ayaning jasorati haqida keksalardan xilma-xil hikoyalarni ko'p eshitgan edim. Niyatim katta bir ocherk yozish edi. Aya haqida yozish oldidan uzoq yillar tayyorgarlik ko'rdim. Nihoyat, orzuim amalga oshdi. 1989 yili Zangiota tumani, Xonobod qishlog'ilik Zulfiya ayaning besh farzandi Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgani haqida “Besh jangchining onasi” nomli ocherkim chop etildi. Bu matonatli ayol tog'lar ham ko'tarolmaydigan g'am-g'ussani mardonavor yengib, nabiralarini oyoqqa qo'ygani haqida hikoya qilgandim. Shu ocherk tufayli aya yashagan mahalla va Xon­oboddagi maktabga u kishining nomi berilgandi. Afsuski, keyinchalik negadir uning nomi olib tashlandi…

2018 yilda Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaga O'zbekiston xalqi qo'shgan hissa haqida kitob-albom tayyorlash to'g'risida farmoyishi e'lon qilindi. Ommaviy axborot vositalarida Ikkinchi jahon urushi haqidagi maqola va ocherklar ketma-ket e'lon qilina boshlandi. Jumladan, Alinazar akaga ham “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi muharriri qo'ng'iroq qilib Zulfiya aya haqida yana yozishni so'radi. Ijodkor u ayol va bolalari xotirasini abadiylashtirish haqida yangi maqolasi tayyorligini aytdi va tahririyatga yetkazdi. Mamlakatimizda boshlangan xayrli harakat tufayli urush yillari jangda qatnashgan o'zbek o'g'lonlari soni oldin aytilganidan ko'proq, har uch kishidan bittasi jangohlarda bo'lganidan xabardor bo'ldik. Front orti mehnatkashlari ham jangchilardan kam jasorat ko'rsatmagan ekan. Bu farmoyish yana ko'p­lab tarixiy voqealarni jonlantirishga sabab bo'ldi.

Yana bir qiziq voqea. O'sha yili O'zbekis­ton delegatsiyasi safida Belarus davlatida bo'lgan O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid u yerda Ikkinchi jahon urushida besh farzandidan ayrilgan ayol – Anastatsiya Kupryanova va uning besh farzandi xotirasiga o'rnatilgan mahobatli haykalni ko'rib, shu zahotiyoq “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi bosh muharririga qo'ng'iroq qilib, Zulfiya aya va uning farzandlari haqida maqola tayyorlashni tayinlabdi. Muharrir yangi maqola allaqachon stoli ustida ekanligini aytibdi. Hassos shoirimiz men borguncha chop etmay turing, unga qo'shimcha qiladigan, boyitadigan narsalar bor, debdi.

O'z navbatida ikkinchi maqola ham o'quvchilarni befarq qoldirmadi.

— Ikkinchi jahon urushida dunyo bo'­yicha 55 million kishi qurbon bo'lgan ekan, – deydi qahramonimiz o'kinch bilan. — Mash'um urush tarixida bir oiladan besh nafar farzandi halok bo'lgan uchta oila bor ekan. AQShning Ayova shtatidagi Tom va Aletta Sellivanlar oilasi, Belarusdagi Anastatsiya Kupryanova oilasi, O'zbekistonda esa Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Xonobod qishlog'ilik Zulfiya aya Zokirova oilasi mana shunday og'ir judolikka uchragan.

Yuqoridagi ikki davlatda u oilalarga alohida ehtirom ko'rsatilgandi. Mana, mamlakatimizda ham davlatimiz rahbarining e'tibori bilan tarixiy adolat tantana qildi. Poytaxtimizdagi yangi barpo etilgan “G'alaba bog'i”da Zulfiya aya Zokirova va uning kelinlari, nabiralarining muhtasham haykali qad rostladi.

— O'z navbatida beg'araz sa'y-harakatingiz mevasini o'zingiz ham ko'rdingiz. Davlatimizning yuksak siylovi — “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandingiz, — dedim u kishini yana bir bor tabriklab.

— O'tgan yilning 29 avgust kuni hayotimdagi charog'on kunlardan biriga aylandi, — dedi adib faxr bilan. — Ko'ksaroyda davlat rahbarining qabulida bo'ldik. Men birinchi qatorda edim. Sira yodimdan chiqmaydi. Taqdirlash marosimidan so'ng Prezidentimiz oldingi qatordagilarga alohida hurmat-ehtirom ko'rsatib, hol-ahvol so'radilar. U kishining: “Siz ajoyib insonsiz. Qaridim demang. Yanayam ko'proq yozing. Men yozganlaringizni kuzatib boraman”, deganlarida juda haya­jonlanib ketdim. O'zingiz ham jurnalistsiz. Gohida tanishlardan birortasi falon gazetada maqolangizni o'qidim, desa ijodkor nechog'li sevinib ketishini yaxshi bilasiz. Davlat rahbarining e'tirofini eshitgan ijodkorning holatini endi tasavvur qilavering. Nazarimda bir necha o'n yillarga yosharib ketgandek bo'ldim. Ishonsangiz o'sha rag'batdan so'ng ancha vaqtlardan buyon o'ylab yurgan ishlarimni jadal boshlab yubordim.

Alinazar aka haqida yozmoqchi bo'lganimda “Sharq yulduzi”da birga ishlagan chog'larimiz magnit lentasiday bir-bir ko'z oldimdan o'tdi. Gavdali, qoshlari qalin kishi stolga mukkasidan tushganicha navbatdagi maqolani qog'ozga tushiryapti. Goho yuzida tabassum, ba'zan o'ychanlik zuhr bo'ladi. Yozganidan ko'ngli to'lgach, qo'llarini bir-biriga ishqalagancha jilmayib qo'yadi. Yana u kishining do'stlarga sadoqati ko'z oldimda namoyon bo'ladi. Biron bir o'rtog'i, yoki kursdoshi haqida shunday to'lib-toshib hikoya qilardiki, tanimagan odamingizni siz ham yaxshi ko'rib qolganingizni sezmay qolardingiz. Beixtiyor jurnalistikaning nonini yemoqchi bo'lgan yoshlarga mana shunday ustozlar ibratning yuksak namunasi ekanidan ko'nglingiz to'ladi.

O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, taniqli ijodkor Alinazar Egamnazarov shu kunlarda sakson yoshini qarshilamoqda. Ammo ustoz belni mahkam bog'lab yana ijod olamiga sho'ng'igan. Har doimgidek u kishidan ma'naviyatimiz olamini boyitadigan go'zal asarlar kutib qolamiz.

Yusuf ABDULLAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =