Uzoqdagi… yaqin do'st
Hayot yo'llarida biror marta uchrashmagan, ammo salkam uch muchal muddatda bilganim, muxlisligim, orqavorotdan ijodiy yutuqlaridan quvonib, zamondosh va hamfikrligimdan faxr tuyganim, bir quchoq tashvishlaridan ozorlanganim… deyarli butun jurnalistik faoliyatini eng og'ir va mas'uliyatli sohaga bag'ishlagan hamkasbim haqida yozmoqchiman.
* * *
…Mustaqillikning ilk yillari edi. Bog'ot tumani hokimi Shakarjon Xo'janiyozova o'zi hayratlangan bir holatni aytib berdilar: “Poytaxtdan –televideniedan bir jurnalist keldi. Hali ikkinchi o'qish jarayonida bo'lgan yangi qonun bo'yicha fikrimni bilmoqchi, suhbat uyushtirmoqchi ekan. Ishlar bilan chalg'ib, to'g'risi, qonun loyihasini to'liq o'qishga ulgurmagandim. Buyam mayli, intervyu davomida aytadigan fikrlar topilar, ammo muxbir menga o'sha qonunga yana kiritilishi kerak bo'lgan moddalar haqida, shularsiz qonunning ta'sirchan kuchi bo'lmasligi, ertaga o'zaro munosabatlarda fors-major holatlari yuzaga kelishi haqida kuyunib gapirdi. Jurnalistning qonunni mukammal bilishi qiziqtirdi. Bilsam, u nafaqat jurnalist, balki oliy ma'lumotli huquqshunos ham ekan, meni qoyil qoldirdi. Endi mustaqillikning ilk qadamlarini bosayotgan yurtimizga shunday kadrlar juda kerak! Ayniqsa, millionlar qarshisida targ'ibot-tashviqot uchun mas'ul bo'lgan jurnalistlar uchun!”
Shu joyda bir og'iz Shakarjon opa haqida. Ko'pchilik biladi, Shakarjon opa mohir notiq, dunyoviy va diniy ilmlarni ham mukammal egallagan rahbar edilar. Bosma so'zga bo'lgan munosabatlari boshqacha. Men tuman gazetasida ishlab yurardim. Gazetaning bir sonida chorvadorlarga murojaat chop qilinishi kerak edi. Bir sahifa hajmida. Rayqo'm topshirig'i bo'yicha murojaatni yozdim. Endi uni rayqo'mning ikkinchi kotibiga ko'rsatishim, bosishga ruxsat olishim kerak. Bu o'sha davrlardagi shunchaki rasmiyatchilik edi. Oldinlari ham ko'p bora shunga o'xshash murojaatlarni tayyorlaganmiz.
Shakarjon opa o'sha vaqtda ikkinchi kotib edilar. Aynan qishloq xo'jaligi va chorva uchun mas'ul. Murojaat matnini olib, kabinetlariga kirdim. Murojaat gazetaning ertangi sonida chiqishi kerakligi uchun shoshib turibman. Hali uni terdirish kerak, sahifalash kerak ishlari bor. Opa birrov ko'z yugurtiradilar, deb o'ylaganim uchun hatto taklif qilsalar-da o'tirmadim.
Opa erinmasdan olti varaqlik matnni o'qidilar va ikki yerida tuzatish kerakligini aytdilar. Yana jumlalar g'alizligi uchun tuzatdilar. Jurnalist sifatida bu tuzatishlar menga qattiq botdi. Ammo opa haq edilar…
Bosma so'zga rahbarning bu qadar mas'uliyatni his qilishini faoliyatim davomida ochig'i, juda kam uchratdim.
Bilimi, dunyoqarashi, salohiyati shu qadar bo'lgan Shakarjon opa o'sha vaqtda tuman hokimi va Oliy Majlis deputati ham edi. Opa tan olayotgan hamkasbim esa Inobat Normurodova edi…
* * *
Inobatning jurnalistik faoliyatiga salkam 45 yil bo'lgan bo'lsa shuning o'ttiz yili O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida, aniqrog'i siyosiy-ijtimoiy ko'rsatuvlar redaksiyasida, avval muharrir, katta muharrir, hozirgacha esa siyosiy sharhlovchi. Qonun chiqaruvchi Oliy organ — Parlamentimizning har ikki palatasidan ko'rsatuvlar tayyorlaydi. Rahmatli Shakarjon opa senator bo'lganlaridan keyin ham bir necha bor Inobat haqida gapirganlar. Xivadagi 20-Mehribonlik uyining rahbari, O'zbekiston Qahramoni, senator Vera Pakning Oliy Majlis Senatidagi faoliyati, shuningdek, yana bir urganchlik senator Egambergan Karimovning senatorlik faoliyatidan qilgan ko'rsatuvlarini ancha paytgacha maqtab “dim chaqqon-ey, shu qiz ..” deb qo'yardilar.
“Parlament vaqti”, (ayni kunlarda “Parlament hayoti”) “Hayotimiz qomusi”, “Inson va qonun” ko'rsatuvlari muallifi, siyosiy sharhlovchi…
Bu ikki jumla aytishga oson — og'izning bir burchagidan chiqib ketadi. Aslida… Bu jarayonlar – eng og'ir, toshi zalvorli, mas'uliyati salmoqli soha. Sen aytmoq, suhbatdoshing bildirmoq bo'lgan fikrda nafaqat bir jumla, hatto bitta so'z ahamiyatli. Noo'rin ishlatilsa… asablargina emas, “boshlar ketishi” aniq.
Yana bir gap, mustaqillik yo'liga qadam qo'ygan davlatimizda barcha qonunlar, qonunosti hujjatlari, nizomlar, kodekslar ishlab chiqilgan davrda ana shu yangiliklarni sharhlash, fuqarolarga yetkazish oson bo'lmagan. Achinarlisi, yangi qonunlarni “tasodif” ro'yxatga kirib qolgan aksar deputatlar o'zlari bilishmas, sharhlash u yoqda tursin, nomini aytishda adashishgan vaqtlari bo'lgan. Hatto qog'ozdan hijjalab o'qib berganlarining ham guvohi bo'lganmiz. Shunday vaziyatda yangi qonun bo'yicha tezkor deputat bilan suhbat uyushtirish topshirig'ini olgan jurnalistga oson tutmang!
Yana bu yoqda suhbat mingta chig'iriqdan o'tishi kerak. To'g'ridan-to'g'ri efirga uzatish haqda gap bo'lishi mumkinmas.
Shu ma'noda “qaynoqli qozon”da o'ttiz yilki ishlab kelayotgan hamkasbimizga qoyil qolmay ilojimiz yo'q!
* * *
Esimda, “Turkiston”da ishlab yurgan kezlarimizda bir gal do'stim Qurbon Eshmat (Olloh rahmat qilgan, bo'lsin!): “Jo'ra, “Sharq yulduzi” jurnalida ishlash har kimga ham nasib qilavermaydi. Otaxon jurnal. Menman degan yozuvchilar bu yerda ishlashni orzu qiladilar. Kursdoshim Inobatni birovga o'xshamagan go'zal she'riyati uchun, badiiy asarlar, she'rlar “tilini tushungani” — tahrirda mohirligi uchun ishga qabul qilishgandi. O'z o'rnini topib, katta dargohda ishlab yurgandi. Birin-ketin kitoblari chiqayotgandi. Kecha eshitdim, televideniega ishga o'tibdi. Yana siyosat studiyasiga! O'zini azobga tashlaganiga hech tushunmadim” deb kuyunib qoldi.
Bu paytda biz “Turkiston”da o'zimiz xohlagan mavzularda, emin-erkin, ko'nglimizga kelgan gaplarni yozib yurgandik. Hech birimizning siyosiy mavzularga bosh urgimiz kelmasdi. Ana shu paytlardan Inobat Normurodova esimda qolgan…
* * *
Inobatning “Sog'inch sohili”, “Ko'ngil qushlari”, “O'ttizinchi uy”, “Kunlarimni uchirdi yellar”, “Qadimgi qo'shiq”, “Oqsuv” kabi mag'zi to'q, falsafiy, betakror o'xshatishlar, nozik nazmiy qochirimlarga boy she'rlardan iborat to'plamlarini bilamiz. O'zbek she'riyatida o'ziga xos ovozi, o'ziga xos uslubi borligidan quvonganmiz. She'rlaridagi ayrim satrlarni maqolalarimga sarlavha uchun tanlagan o'rinlarim bo'lgan.
Hamkasbim O'zbekiston telekanalining siyosiy sharhlovchisi Inobat Normurodovaning “Oynai jahon”da bilan dolzarb mavzulardagi suhbatlarini vaqt topib, albatta, ko'rishga intilaman. U ayrim telejurnalistlar kabi hamsuhbatiga mikrofonni tutib, oldindan yod olgan bir-ikki savolni berish bilan cheklanmaydi. Ayrim suhbatlari tengtomonli muloqot bo'ladi. Jurnalist suhbat davomida faqat deputat yoki senator aytayotgan gaplar tinglovchisiga aylanmaydi – o'z fikrlari, qarashlari bilan mavzuni ochishga harakat qiladi. Sessiya zallaridan “suflyorsiz” shahrlayotgani bilinib turadi.
Do'stlar bilan uchrashganda Inobat haqida gap ketsa “qonunlarning nomlarini qanday yodida saqlab qolarkin, zerikmasmikin”, deb hazillashib qo'yamiz.
Bu endi haqiqiy professionallik!
Shoira Inobat Oydin va siyosiy sharhlovchi Inobat Normurodova — bir tanada ikki betakror qobiliyatning, nodir iste'dodning mujassam bo'lganidir!
O'zbek adabiyoti va jurnalistikasida boshqa bunday shaxs yo'q, bo'lsa ham ehtimol men uchratmagandirman.
* * *
…Ancha yillar oldin bir kuni ismi jismiga mos kuyinchak singlim Mehribon Qurbonniyozova telefonda: hukumat tadbiri payti, aniqrog'i, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga oid ko'rsatuvini tasvirga olish uchun ketayotgan TV ijodkorlar guruhi o'tirgan “Damas” mashinasi “Turkiston” san'at saroyining oldiginasida baxtsiz yo'l hodisasiga uchrabdi. Tasvirchi, texnik xodim va Inobat kasalxonada emish…
U paytlar bunday hodisalar haqida xabar berilmas –jimlik saqlanardi.
Hamkasbimiz — jonkuyar inson boshiga tushgan tashvishni barcha tanishlari birdek o'z dardlari sifatida qabul qildilar o'sha kunlari. Keyinroq uzoqdagi yaqin do'stimning sog'ayib ishga qaytganidan barcha do'stlari qatori suyundim. Har gal Toshkentga borsam uchrashaman deyman, ammo nimadir bo'laveradi, uchrasholmay, Xorazmga qaytaman. …
* * *
Bu yil mamlakatimiz katta siyosiy jarayonlar oldida turibdi. Prezidentlikka saylov, mustaqilligimizning 30 yillik bayrami. Bular hammasi, ayniqsa, siyosiy jabhada ter to'kayotgan hamkasblarimizga yana katta mas'uliyat yuklaydi. Shuni aytishim kerakki, agar adashmasam, o'tgan o'ttiz yilda qonun chiqaruvchi oliy organ tarkibi olti marta almashdi. Har besh yilda saylov, referendumlar… Taqriban hisob-kitob qilsak, Inobat Normuradova shu davrda mingga yaqin deputatlaru senatorlar bilan uchrashgan, suhbatlar uyushtirgan bo'lsa kerak. Nazarimda u Oliy Majlisning o'zgarmas, “mutlaq a'zosi”ga aylangan go'yo!
* * *
Inobatning tomoshabinni o'ziga tortuvchi bosiq, vazmin ovozi, suhbat o'tkazish madaniyatini mukammal egallagani bo'lg'usi telejurnalistlar uchun bir maktab.
Ayniqsa, hozirda ayrim xususiy kanallarda bodroqdek ko'payib ketgan, aytayotgan gapining egayu kesimini farqlamaydigan “teleboshlovchi yulduz”lar zamonasida.
* * *
Qadim Qashqadaryoning Kitob mulkidan salkam 45 yil oldin poytaxtga orzulari qanotida iymanibgina kelgan qizning o'zbek adabiyotida, o'zbek telejurnalistikasida o'z o'rnini topgani tahsinga loyiq. Yana qanaqa o'rin deng!
Bu Yaratganning inoyati, iqtidorli insonning yuz mashaqqat, ming intilishu izlanishlar samarasi o'laroq o'zini, o'zligini topgani!
Millionlab muxlislar e'tiboriga tushgani –“O'zimizning Inobat” deyilmish samimiy hurmatlarga erishgani.
Albatta chiroyli, havas qilsa arziydigan oilasi, farzandlari, nabiralari, ijodini qo'llab-quvvatlab turadigan umr yo'ldoshi ….bu hali alohida mavzu. Toshkentga borib o'zi bilan ko'rishsam bu haqda yana batafsil yozarman. Hozircha uzoqdagi yaqinimga sog'liq, salomatlik, uzoq umr tilayman.
Ro'zimboy HASAN,
jurnalist.
Xorazm viloyati.