Matbuotning “Tamaraxonim”i

Tamara Toshmatova bir qarashdayoq kibor ayollarni eslatadi: qo'l harakatlari, qadni tik, boshni mag'rurona tutishlari, qadam olishlariyu ravon va dadil nutq, yuksak madaniyat…

Oddiy odamlardan mutlaqo ajratib turuvchi bu xislatlari bois har gal suhbatlashganda, “Bu ayolda oliy nasablarning qoni borga o'xshaydi” deya ko'nglimdan o'tkazardim. Ota-onasi haqida ko'p to'lqinlanib gapiruvchi Tamara opaning: “Onam – Yekaterina Amelina, asli rossiyalik dvoryanlardan, otam esa Yaypanda tug'ilib o'sgan jurnalist, yozuvchi Sherali Toshmatov”, deganlaridan so'ng, amin bo'ldimki, chindan ham ulardagi madaniyat, bilim, yuksak did – tug'ma, zodagonlarga xos.

Etti farzandning o'rtanchasi bo'lgan Tamara Toshmatova opa-singil, aka hamda ukaning mehri muhabbatini his qilishdek baxt bilan siylangan. Bolaligidan kitob va musiqa, nazm­xonlik, beqiyos ilm ichida o'sgan. Poydevoriga pishiq, sara san'at asarlari qatma-qat qo'yilgan bu ayolning “intellekt” atalmish binosi havas qilar darajada go'zal. Shu boisdanmi musiqa, nazm, nasr, qo'yingki, san'at va adabiyotning har bobida injiq. Saralab-saralab o'qiydi, tanlab-tanlab eshitadi.

— Musiqa menga, qo'pol o'xshatish bo'lsa ham aytay, giyohvand modda kabi ta'sir qiladi. Turli ko'yga soladi: yig'lashim, kulishim, yayrab o'ynashim mumkin. Dadam Mos­kvada o'qiganida, 30-yillarda, yaponiyalik bir skripkachi qizning konsertiga borgan ekan. Shu qadar go'zal ijro bo'lgan ekanki, barglarning shitirlashiyu yomg'ir tomchilarini eshitgan ekanlar. Musiqa mening ham ko'z oldimda gavdalanadi, qulog'im bilan eshitmayman, xayolan tasavvur qilaman, — deydi Tamara opa. Bolaligida dadasi bilan har kuni soat 10 da efirga uzatiluvchi “Sharq taronalari” radiokonsertini qoldirmay, intiqib eshitishlarini kulib xotirlaydi. Musiqaga muhabbati hanuz har tong yangi kurtak ochadi. Motsart, Ennio Morrikone melodiyalari, turkcha-­eroncha sokin-o'ynoqi kuylardan taskin, orom, halovat topadi. Aleksandr Blokning qisqa-lo'nda she'rlari shaydosi bo'lsa, Yesenin, Mirtemir, Sulton Akbariy, Muhammad Yusufning xalqchil, san'atkorona asarlarini sevib mutolaa qiladi.

Tamara opaning ona sifatida ham iqboli kulgan, yolg'iz o'g'li bo'lishiga qaramay hamisha uning insoniy fazilatlari, husnixulqi va go'zal tarbiyasi ortidan rahmat eshitgan. Hozirda Moskvadagi xolding kompaniyasida ijrochi direktor bo'lib ishlaydi. Tamara opa o'g'li, kelini va nabirasi haqida doimo sevinib, mamnun so'zlaydi. Hasrat qilmaydi. Ammo oyda bir yo ikki marta “Bugun nabiramga kiyimchalar jo'natdim” yoki “O'g'limga “posыlka” yubordim” deyishlaridan dilining tub-tubiga cho'kkan sog'inchi ko'tarilgandek tuyuladi. Yaqinlarining diydoriga shunchalar oshiqadiki, qishdayoq yozda ta'til olib, Moskvaga borishining rejasini tuzadi…

Asli Tamara opaning sayohatga, tabiatga, odamlarga muhabbati baland. U xoh dunyoning so'lim go'shalari bo'lsin, xoh Farg'ona qish­loqlari – yursam, odamlarning hayoti bilan tanishsam, yangi mavzu, yangi bilim topsam, dey­di. Mana, oltmish yildan ziyodroq vaqt o'tibdiki, shu qoidaga amal qilib yashamoqda.

Bu ayol qaysi sohadan gap ochmang, marrani ilib ketadi. Ilmga, yangilikka o'chlik uni jurnalist qilgan. Mutaxassisligi asli ingliz tili o'qituvchisi bo'lishiga qaramay, bir muddat ter to'kkan dargohi — maktabni tashlab, tahririyat ostonasiga qadam qo'yganining boisini shunday sharhlaydi: “Xuddiki bo'ynimdan nimadir bo'g'ayotgandek, ichimdan bir nido otilib chiqib “Yoz!” deyayotgandek bo'laverardi”.

Shu taxlit 1977 yili Tamara Toshmatova Farg'ona tumanidagi “Shonli mehnat” gazetasida musahhih sifatida ishlay boshlaydi. To'rt yil mobaynida sekin-asta tarjima, tahrir, xabar yozish, hatto sahifalashni ham o'rganadi. 1981 yilning sentyabrida Oxunjon Hakimovning ocherkini rus tiliga tarjima qilib, “Ferganskaya pravda” gazetasi muharrirlarining sinovidan muvaffaqiyatli o'tgach, umrining asosiy qismini mana shu dargohga bag'ishlaydi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Ferganskaya pravda” gazetasi muxbiri Valentina Shmigena, Aleksey Alyabyevni o'ziga ustoz deb bilgan yosh jurnalist ulardek puxta-pishiq, odamlar hayoti uchun manfaatli maqolalar yozishga intiladi.

Jumladan, Tamara Toshmatova qalamiga mansub “Xolodnoe leto tridsat sedmogo”, “Ne vsegda “kak v apteke”, “Gadjetы – ne luchshie uvlechenie”, “Skolko mojno prizыvat k bditelnosti?”, “Qo'qon bolalar temiryo'li izidan borib”, “Siyosiy sustkashlik – befarqlik demakdir”, “Farg'ona chinorlari kasallik qo'zg'atarmidi?”, “Zichlashtirib qurish – qonunga xilof”, “Bog'chalardagi nochor taomnoma”, “O'zini oqlamagan shirkat yoki uning vorisi haqida”, “O'zSalaman: Rivojlanish haqida qayg'urish payti keldi” singari maqolalari bilan nafaqat hamkasblari, farg'onaliklar ichida ham obro'-e'tibor qozongan. Tamara opa ko'targan muammolar ko'pincha tegishli idoralargacha yetib borib, o'z yechimini topgan. Jurnalistik faoliyati davomida o'n yilcha Farg'ona o'qituvchilarining nashri bo'lmish “Ustoz” gazetasi hamda “Region Inform” axborot agentligida ham ishlagan. Bugun bundan qirq yil avval hadiksirab qadam qo'ygani – “Ferganskaya pravda” gazetasining bosh muharriri o'rinbosari, ne-ne davrlarni, necha-necha jurnalistlar, bosh muharrirlarni ko'rgan yagona tarix. Ammo shiddati, shijoati kecha universitetni bitirib kelgan yoshlarnikidan o'taman, deydi. Ba'zan hayratlanib so'roqqa tutsak, “Yoshlarni ichida ishlab, sizlardan kuch olaman-da”, dey­dilar kulib.

Tamara Toshmatova – nihoyatda haqiqatparvar, halol. Bu sifatlari maqolalarida ham o'z aksini topgan. Mazlum, bechoralarning hamisha og'irini yengil qilish pa­yida bo'lgan. Poraxo'r, fosiq odamlarga esa hech qachon bo'yin egmagan, birovning yo'liga yurmagan, vijdoni buyurgan ishdan qolmagan. U hanuz dunyoning zeb-ziynatlari, yaltir-yultiriga qiziqmaydi, shon-shuhratga intilmaydi. Garchi kasbi jurnalist bo'lsa-da, o'tkir, zalvorli tanqidiy-tahliliy maqolalarni qo'lini o'ynatib yozib qo'ysa-da, o'zini, mehnatini ko'pam ko'z-ko'zlamaydi. Har payshanba pochtadan “Argumentы i faktы”, “Mir novostey”, “Tasvir” singari gazetalarni sotib olarkan, o'sha kuni undan baxtiyor odam bo'lmaydi.

— Avval turmush o'rtog'im yozganlarimga munosabat bildirmasdi, meni havolanib ketadi, deb o'ylardi balki. Yaqindan buyon har bir maqolamni boshidan-oxirigacha o'qib, xolis fikr bildiradi, ba'zan maqtab qo'yadi. Qanchalar noqulay bo'lmasin, aqlli, iste'dodli ekanimni tez-tez e'tirof etadi, — dey­di Tamara opa.

Tamara Toshmatovaning oliyjanobligi shundaki, u hech qachon o'z manfaatlari, istak­larini boshqalarnikidan ustun qo'ymaydi, hatto armonlari ham o'ziga tegishli emas. Har ne bo'lmasin, hayotidan, kasbidan minnatdor Tamaraxonimning kechinmalarini Zulfiyaxonimning quyidagi satrlari ifoda etgandek:

 

“…Men o'tgan umrga achinmay qo'ydim,

Hech kimda ko'rmayin umrimga o'xshash:

Suydim,

Erkalandim,

Ayrildim,

Kuydim,

Izzat nima – bildim.

Shu-da bir yashash!..”.

Sevara ALIJONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − three =