Jurnalistikani qismat deb bilgan

Toshkentdan taxminan 60-70 kilometr shimoliy-sharqda Turbat degan qishloq bor. Zamona zayli bilan Toshkentga kelib, “non shahri”da muqim yashab qolgan turbatlik keksalar mana 20 yildirki, “gap” bahona bir oyda uchrashib turishadi. “Gap” tashab­buskorlarining ko'pchiligi vafot etib ketishdi. Ularning o'rniga yoshlar kelib qo'shildi. Ayni damda eng yoshi kaminai kamtarin. Davramizda taniqli telejurnalist Muhammadjon Rahmatov ham bor.

Yoshi ulug', tajribali kishilarning suhbatlarini eshitish naqadar yoqimli ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. “Gap” bahonasida keksalar og'zidan qishlog'imiz odamlari haqida ko'p­lab ma'lumotlarni olamiz, bolalik, yoshlik xotiralari tiklanadi. Ayniqsa 30 ga yaqin mamlakatda bo'lgan, ikki marta Haj ziyoratini (1998 yilda Sau­diya Arabistoni Podshohining shaxsiy mehmoni sifatida) ado etgan Muhammadjon Rahmatovning xotiralariga havas qilamiz. Shunday inson tug'ilgan qishloqdan ekanligimizdan faxrlanamiz. Muhammadjon Rahmatov qishlog'imizdan yetishib chiqqan Otaboy Eshonov (yuridik fanlari doktori, professor, O'zbekiston FA muxbir a'zosi, O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi), Turob To'la (O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, O'zbekis­ton xalq shoiri), Zohid Xaqnazarov (O'zbekiston xalq artisti), Rixsivoy Avazov (O'zbekiston xalq artisti), Ozod Akbarov (O'zbekiston xalq o'qituvchisi), Jo'ra Isroilov (O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist) kabi   yetuk va komil insonlardan biri bo'lib, u munosib xizmatlari uchun O'zbekiston Res­publikasi Prezidentining Faxriy yorlig'i (1991), “Mehnat shuhrati” ordeni (2002) va “Do'stlik” ordeni(2021) bilan taqdirlangan.

Muhammadjon aka 1952 yilning 8 yanvarida tavallud topdi. 1969 yili o'rta maktabni tugatib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakultetini 1975 yili muvaffaqiyatli bitirdi.

Insonlar borki tole ularga hamisha kulib boqadi. Muhammadjon Rahmatov ana shunday odamlardan biridir. “Kasbga muhabbat ulug'likka yo'l”, degan gap bor. Kasbi, shu kasbga fidoyi­ligi tufayli kamolatga erishdi. U 1977 yildan hozirgi kungacha O'zbekis­ton Milliy teleradiokompaniyasi tizimida turli lavozimlarda mehnat qilib kelmoqda. Telejurnalistkani o'z qismati deb bildi. Shu davr mobaynida “Axborot” bosh muharririyati muharriri, mas'ul muharriri, guruh rahbari, bosh navbatchi muharriri, “Axborot” bosh muharririyati bosh muharriri, direktor lavozimlarida faoliyat yuritdi.

Dunyoda kasblar juda ko'p, har birining hayotda o'z o'rni va ahamiyati bor. Mashaqqatli va noni toshdek qattiq bo'lgan kasblar orasida jurnalistika ham bor. Muhammadjon Rahmatovning turli janrlarda tayyorlagan ko'rsatuvlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'ldi. Odamlarni, hayotni bilish, voqelikni haqqoniy tasvirlash, teletomoshabinlarning dilidan joy olish, hazilkam ish emas. Buning   uchun zamon va xalq oldidagi mas'uliyatini qalbdan his qilish kerak bo'ladi.

Bugungi kunda ko'plab telejurnalistlar Muhammadjon akani o'zlarining ustozi deb bilishadi. Bunga ustoz­ning yosh jurnalistlarni har tomonlama yetuk bo'lishlari uchun ko'rsatgan jonbozligi sabab. U odamoxun, xushmuo­mala, do'stlariga mehribon inson sifatida minglab muxlislari qalbidan joy olgan.

Vaqt — oqar daryo. Oddiy qishloqning, oddiy oilasida tug'ilib, deyarli butun umrini televideniega bag'ishlagan Muhammadjon Rahmatov qutlug' yoshni qarshi olmoqda.

Bir hamqishloq, bir hamkasb sifatida ustozga uzoq-umr, ijodiy barkamollik va omad tilashdan baxtiyorman.

Sharofiddin TO'LAGANOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − twelve =