U shunday ayol
O'zbekiston Jurnalistlari uyushmasi a'zosi, uzoq yillar respublika radiosi, teleradiokompaniyalarida faoliyat olib borgan Hafizaxon Hayitmetovani “nafaqadagi jurnalist” degim kelmaydi. Chunki u matbuotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faol. Keyingi yillarning o'zida “Saodat” jurnali, “XXI asr” gazetalarida bir qancha dolzarb mavzudagi maqolalari chop etildi. “Dunyo ichra dunyolarim”, “Qalbim xazinasi” kabi kitoblari nashrdan chiqdi.
“Hafiza Hayitmetova” telegramm kanalida esa hayotiy kuzatishlari asosida tasvirga olingan videoroliklarini muntazam ravishda qo'yib boradilar. Bu videoroliklarning har bittasida bugun jamiyatda yuzaga kelgan, kelayotgan oilaviy muammolarga yechim bo'ladigan hayotiy saboqlar bor. Gapim isbotsiz bo'lib qolmasligi uchun bittasining mazmunini e'tiboringizga havola qilaman…
… Onasi uzatilayotgan qiziga:
– Senga yaxshi niyat bilan qilganim mana bu chinni buyumlar, duxoba ko'rpachalarni kimlargadir o'xshab, taxmonda chiritib, javonga qamab o'tirma. Qaynona, qaynotangning poyiga sol, dasturxonga qo'yib, duo ol! – deya tayinlaydi.
Ammo to'y ertasi kelinchak bilan qolgan yanga – xola:
– Opam aytaveradi, asrab, avaylasang, sening o'zing qolib, bolalaringga ham xizmat qiladi, – deb tayinlaydi. Kelinchak xolasiga gap qaytarmaydi-yu, ammo xolasi ketgach, so'ridagi uringan ko'rpachalarni yig'ib, yangilarini – o'zinikini soladi, idishlarni dasturxonga qo'yadi.
– Voy, qizim, nima qilyapsiz? – deya qaynonasi xijolat bo'lsa, kelinchak:
– Onam bu duxoba ko'rpachalar, chinni idishlarning eng sarasini Sizlarga deb qilganlar, bermasam, xafa bo'ladi, – deydi. Qaynonasi rosa duo qiladi…
Ha, bir qarashda oddiygina voqea. Lekin ahamiyat berilsa, “seniki, meniki”ning orqasidan, sep-sidirg'aning orqasidan qancha janjallar bo'ladi, oilalarga darz tushadi.
Hafiza opa doim el ichida yurganligi uchun bunday voqealarni yaxshi biladi va yuqumli, shirani til bilan yetkazib berishni biladi. Faqat bugun emas, uning zahmat, fidoyilik bilan qadamlab o'tgan yo'llarida aytgan, yozgan so'zlarining ko'plarga foydasi tekkani, shubhasiz.
O'zbekiston radiosidagi 27 yillik faoliyati davomida efirga uzatilgan “Ona tilim onaday aziz”, “Bola ko'ngli onada”, “Sadoqat”, “Tarixni o'rganamiz”, “Hikmatlar xazinasi” kabi eshittirishlari bir necha avlod bolalariga tarbiyachilik qilgani bor gap. Hafiza Hayitmetova har ertalab bolalar orziqib kutadigan “Kelajak tongi” eshittirishiga lavhalar tayyorlar ekan, respublikamizning, deyarli, barcha shahar qishloqlarini kezib chiqadi. Shunday vaqtlarning birida kech kuzda qorong'u tushganda paxta dalalarida sovuqda titrab ko'sak terayotgan bolalarga duch keladi. Ular bilan savol-javobini tasmaga muhrlaydi. Safardan qaytgach, bu dovyurakroq bir jurnalistning mulohazali eshittirishida efirga qo'yib yuboriladi. Bugungi kunda – bolalar mehnatlardan to'la ozod etilgan, bu ozodlik xalqaro miqyoslarda nihoyatda baland baholanayotgan paytda bu jurnalistning odatiy ishi bo'lib ko'rinishi mumkin, lekin saksoninchi yillar uchun bu jasorat edi. Keyinchalik bu efir uchun eshittirish muallifi ham, lavha tayyorlovchi jurnalist ham bir necha joyda tik turib javob berishga to'g'ri kelgan. Lekin Hafiza Hayitmetova bu so'roq- savollardan hayiqmadi. Uncha-muncha jurnalist o'sha paytlarda yurak yutib so'z ocha olmaydigan Afg'oniston mavzusini ham chetlab o'tmadi. Uning eshittirishlarida bu adolatsiz urush qurbonlari onalari, bevalarining dod-faryodlari pastroq ovozda bo'lsa-da, eshitildi. Gazlidagi zilzila, Armanistondagi zilzila… Jurnalist hududlardagi qaynoq nuqtalarga borib, eshittirishlar tayyorlardi, silliqlikdan, bir tekislikdan qochardi.
1997 yilda Hafiza Hayitmetova O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasining bolalar va o'smirlar muharririyatida rahbar sifatida ish boshladi. “Alpomishlar g'olib”, “Bir siqim tuproq”… U tayyorlagan ko'rsatuvlarning nomidan ham ma'lum: bu ko'rsatuvlarning ruhi – jangovar, mardona, mavzusi – vatanparvarlik…
O'zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning: “Shunchaki she'r yozmoq shoirga o'lim” degan mashhur satrlarini bilamiz. Hafiza Hayitmetova ham hech bir mavzuga shunchaki yondoshmaydi, so'zlar, voqealar orasidan kuyunchak yuragi ko'rinib turadi. Jurnalist aslida tabiatan ham shunday: hech kim, hech narsaga befarq emas. Hafiza Hayitmetova yurtimizning ilm-fan fidoyilari haqida hikoya qiluvchi “Umr hikmatlari” turkum ko'rsatuvlari, O'zbekiston Qahramonlari Zikir Muhammadjonov to'g'risidagi “Sahnamiz sardori”, Xivadagi Mehribonlik uyi direktori Vera Pak haqidagi “Ona” ko'rsatuvlari MTRK ning oltin fondidan joy olgan, turli sanalar munosabati bilan takror-takror efirga uzatiladi. Shaxsiy hayotini kuzatsangiz ham qoyil qolasiz, ham hayratlanasiz. Odatda biz hisob-kitob asosida turmush qurganlarni “o'z manfaatini o'ylab”, deya yozg'iramiz. Ammo Hafiza opaning “hisob-kitob”li turmushida ham ibrat bor. Hafiza opa “Olimlar oilasida kitoblar ichida yashayman”, deya navoiyshunos olim Abduqodir Hayitmetovning ukasi bilan oila qurishga rozi bo'ladi. Darhaqiqat, bu ma'rifatli oila Hafiza Hayitmetovaning jurnalist sifatida kamolga yetishi uchun ajoyib muhit bo'ldi. Hafiza opa ham bu oila uchun juda katta fidoyilik qiladi. Taqdir Hayitmetovlar oilasiga muhabbat, tafakkur, hurmat — hamma narsa bergan edi, faqat ularning to'la baxti uchun bir farzand kerak edi. Hafiza opa to'ng'ich farzandi Farhodjonni qaynog'asi bilan ovsiniga bergani ularning baxtini butun qiladi. O'zi bu fidoyilikdan so'ng olti yil farzand ko'rmaydi. Tanish-bilishlar:
– To'ng'ichingni berganing Xudoga xush kelmadi, – deb dilini og'ritishsa ham, opa sukut saqladi.
– Xudodan umidimiz ko'p, – dedi kim nima desa ham.
Olti yildan so'ng uch nafar farzand ko'rdi. Bugun ularning hammasi oliy ma'lumotli, hammasi el xizmatida.
Men “yaxshi”, “go'zal”, “ajoyib” so'zlarini yaxshi ko'radigan, har qanday suhbatdoshining ko'nglini qiziqarli hikoyalari bilan yorishtirib yuboradigan bu ayol bilan har uchrashuvim haqida chiroyli esdaliklar yozishim mumkin. Hozircha ularga hormang, charchamang, hali qalamingizda so'z, qalbingizda quvvat ko'p, degim keladi.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA