“Matbuot meni tarbiyaladi, elga tanitdi!”
Faxriy jurnalist, publitsist Abduqahhor Qoraboyevga to'yxat o'rnida
Bo'ydor, keng yelkali, qirra burun, qoshlari o'siq, ko'z qorachig'lari o'tkir boquvchi, yuzidan tabassum arimaydigan bu hamkasbimizni chinorga qiyoslasak, arziydi. Salobatli, uch qavatli uyning tomiga yetadigan bo'y-basti bor daraxt to'rt tomonga soya tashlab, odamlarni bag'riga chorlaydi. Bizning tasavvurimizda faxriy jurnalist, iqtidorli publitsist, ajoyib do'st va mehribon ustoz Abduqahhor Qoraboyevning timsoli shu darajada yuksaklikdan ko'rinadi, desak, mubolag'a demang.
* * *
O'rta maktabni bitirish arafasida har bir yosh qaysidir kasb egasi bo'lishni orzu qiladi. Kim shifokor, boshqasi o'qituvchi, yana biri esa muhandislikka havas qiladi. Biroq oy, yillar o'tib, qay birlari niyatiga yetadi – bu, noma'lum… Negaki, bolalikdagi orzu-havas, balki, chin ishtiyoqqa aylanib ulgurmagan bo'lishi ham mumkin…
Mo'ylovi qora qalam bilan chizilgandek murt urib qolgan Abduqahhorning qalbiga esa jurnalist bo'lish orzusi tushdi. Sinfdoshlaridan yana uch nafari unga qo'shildi. To'rtovlon shu kasbni egallashga ahdu paymon qilishdi.
1969 yilda maktabni bitirib, ularning biri Namangan pedagogika institutiga, yana boshqasi Xarkov pedagogika institutiga o'qishga kirib ketdi. Abduqahhor va bir sherigi Toshkentga borib, tillar instituti va Toshkent davlat universitetiga hujjat topshirishdi. Omad kulib boqmagach, ikkalasi ham kelasi yili, albatta, o'qishga kirishni niyat qilib poytaxtda qolishdi. Axir, katta dabdaba bilan kuzatilgan yigitlarni qishloqda “o'qishga kirolmabdi”, degan gap-so'zlar kutayotgani aniq edi-da!
Abduqahhor “Tashselmash” zavodiga ishga kirdi. Avval shogird, so'ngra yo'nuvchi-sozlovchi (tokar-naladchik) bo'lib ishladi. Afsuski, keyingi yil ham uning omadi kelmadi. Unga qolsa-ku, o'qishga kirmaguncha yana Toshkentda yuraverardi, ammo ota-onasining keksayib qolgani, ularga qarash uning zimmasida ekani uy sari chorladi.
Qishloqqa qaytgach, ish qidirishga tushdi. Jurnalist bo'lish orzusi hali ham yuragida jo'sh urayotgan yigitning oyog'i negadir tahririyat tomon boshladi. Qarangki, tuman “Yuqori hosil” gazetasi tahririyatida musahhih (korrektor)lik o'rni bo'sh ekan. Gazeta muharriri G'anijon aka Umrzoqov (Olloh rahmatiga olgan bo'lsin) u bilan bir soatcha suhbatlashib, turli savollar berib ko'rdi. Omadning kelgani shu-da: javoblar muharrirni qoniqtirdi, shekilli, uni ishga qabul qildi.
Musahhihlik mas'uliyatli vazifa ekanini Abduqahhor ishlab yurib bildi. Axir, kunda-kunora mayda harflar bilan terilgan ellik-oltmish varaq qog'ozdagi matnni o'qish, xatosini topib, tuzatib chiqishning o'zi bo'lmaydi.
— Birgina xato yoki yanglishish bir umrga tatiydi, — deya ta'kidlashni yaxshi ko'rardi muharrir. — Shuning uchun hushyor bo'l, bola… Korrektura o'qiyotganda chalg'ima…
Ustoz so'zlariga Abduqahhor qat'iy amal qildi. Musahhihlik bilan cheklanib qolmadi. Muharrir o'rinbosari Sobirjon Ismoilov va boshqa tajribali jurnalistlardan xabar, lavha va maqolalar yozish sir-asrorlarini o'rgana bordi. Ilk maqolasi gazeta orqali o'quvchilarga yetib borganda, suyunganlarini, uni ko'tarib borib, ota-onasi va o'rtoqlariga ko'rsatib maqtanganini aytmaysizmi!
Endigina shu kasbning hadisini olganida, uni harbiy xizmatga chaqirishdi. Lekin ikki yil go'yoki bir zumda o'tib ketdi. Uyga qaytib, keldi-ketdi tugamay, tahririyatga ishga chaqirishayotganligi haqida xabar keltirishdi. Abduqahhorning rejalari biroz o'zgarib qolganligini ular qaydan bilishsin! Shu sababli uzrini aytish uchun tahririyatga borsa, muharrir yo'q ekan. Uning o'rinbosari Sobirjon Ismoilov (Olloh rahmat qilsin)ga uchrab, rostini aytdi: uylanish kerak, uy-joy qurish zarur, buning uchun tahririyatda korrektorlik uchun to'lanadigan ish haqi kamligi, ko'proq maosh to'lanadigan ish topishi zarurligini aytishiga to'g'ri keldi.
Sobirjon aka og'ir-bosiq, mulohazali odam edi. Uni indamay tingladi-yu, akalarcha yelkasiga qoqdi.
—Sizdan bizning umidimiz katta, — dedi u. — Muharrir sizni muxbir vazifasiga olmoqchi. Albatta, keling, hali siz bilan uzoq yillar birga ishlaymiz…
Abduqahhor xijolatdan yerga qaradi. Ustozdek bo'lib qolgan, hamisha kulib turadigan bu insonning so'zlari yuragidagi bor shubhani chiqarib yubordi. Darhaqiqat, u aytganday bo'ldi ham. 1984 yil noyabr oyigacha adabiy xodim, bo'lim mudiri, mas'ul kotib vazifalarida ishladi. Bu orada ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetida sirtdan o'qib, diplomlik ham bo'ldi.
— Sobirjon akaning shu gapi go'yo taqdir yo'limda mayoq bo'ldi, — deydi Abduqahhor aka. — Meni tahririyatga ishga chaqirishlari jurnalist bo'lishdek maqsadimga erishish uchun katta turtki berdi. Ehtimol, o'sha chaqiriq bo'lmaganda men boshqa yo'ldan ketgan, balki maktabdan keyin o'qishga borguncha bo'lgan ikki oy davomida yuk tashuvchi bo'lib ishlagan tumanlararo savdo bazasiga ish so'rab borgan bo'larmidim… Keyinchalik martabali lavozimlarda ishlab yurgan chog'larimda ham o'sha kungi suhbatni bot-bot eslab, ayrim odamlarda yoshlar orasidan bo'ladiganlarini ilg'ay oladigan xislat bor ekanligiga iqror bo'ldim…
* * *
Gazetachilik sir-asrorlarini mayda ikir-chikirlarigacha o'zlashtirib bo'lganida, o'sha paytlarda davlat va jamiyat boshqaruvi tepasida bo'lgan Kompartiyaning tuman qo'mitasiga ishga chaqirishdi. Jurnalistika, gazeta chiqarish texnikasining har bir jarayoniga jiddiy e'tibor bilan qaraydigan, ruschasiga “punktualnыy” deya ta'riflanadigan G'anijon aka Umrzoqovdek bilimdon ustozdan ta'lim olgani keyingi faoliyatida o'z samarasini berdi. U 1984-1996 yillarda tuman partiya qo'mitasi tashkiliy bo'limi yo'riqchisi, bo'lim mudiri, shirkat xo'jaligi partiya qo'mitasi kotibi, O'zbekiston XDP tuman Kengashi kotibi, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tuman Kengashi raisi lavozimlarida ishladi. 1996 yilda tuman “Qo'rg'ontepa haqiqati” gazetasi muharriri lavozimiga tayinlandi.
U muharrir bo'lib ishga kelgan yillarda tahririyatning moddiy ahvoli qoniqarli emas, gazetaning yillik adadi 1000-1400 nusxadan oshmayotgan edi. Uning sa'y-harakati, ta'lim, sog'liqni saqlash tizimi va boshqa mehnat jamoalari bilan o'rnatgan mustahkam aloqasi, obunachilar va tuman rahbariyati ko'ngliga yo'l topa olganligi natijasida keyingi yillarda gazeta qariyb 5000 nusxagacha chop etildi. Bu, viloyat tumanlari o'rtasida eng yuqori ko'rsatkich edi.
“Qo'rg'ontepa haqiqati”ning viloyatdagi nufuzli nashrlardan biriga aylanishi, gazeta adadining yilma-yil ortib borishi tufayli avvalgi yillarda to'planib qolgan qarzdorliklar bartaraf etilib, tahririyatga xizmat mashinasi va kompyuter jamlanmasi sotib olindi. Bu esa o'z navbatida ishlovchilar manfaatdorligi ortishini ham ta'minladi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash Jamoat fondining Davlat grantlari yutib olinib, tahririyat moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi, 2017 yilda tahririyatga bino qurish uchun yer ajratilishi uning xizmat burchini sidqidildan bajarishga odatlanganligidan dalolatdir.
* * *
Ustozlar haqida gap borar ekan, Abduqahhor aka tahririyatda birga ishlash nasib etgan Abdumannob Ibrohimov, Sobirjon Ismoilov, Xolmirza Matkarimov, Farhodjon Nurmatov, Uzoqboy Saksonboyev kabi jurnalistlardan ham ko'p narsalarni o'rganganligini alohida ta'kidlaydi. Boshqaruv-partiya ishida Abdulhaq Ibragimov, Tilavoldi Boboxonov, kasaba uyushmalari tizimida Botirjon Jo'rayev, O'ktamjon Oxunov singari bilimdon kishilar ham mehnat faoliyatida alohida ahamiyat kasb etganligini mamnuniyat bilan eslaydi.
— Mehnat faoliyatim davri 51 yilni tashkil etgan bo'lsa, shundan 31 yili mustaqil O'zbekistonga xizmat qilgan vaqtiga to'g'ri keladi, — deydi u. — Faoliyatim davomida 3 ta tizimda ishlagan bo'lsam, ishga kirish uchun faqat tuman gazetasi tahririyatiga ariza yozganman, xolos. Tuman boshqaruv idorasiga yuqori tashkilot buyrug'i bilan, jamoa xo'jaligi siyosiy rahbarligi va tuman kasaba uyushmalari rahbarligiga saylov yo'li bilan ishga o'tganman…
Kasaba uyushmalari tuman qo'mitasi raisi bo'lib ishlayotganida, Abduqahhor Qoraboyevni gazeta muharrirligiga o'tkazishdi. U tuman rahbariyatining taklifini ikkilanmay qabul qildi. Lekin bu, boshqalar uchun erish tuyuldi. Axir, ancha yuqori oylik maosh olayotgan lavozimni tashlab, tahririyatga — uning yarmicha ish haqi beriladigan muharrirlik vazifasiga ishga o'tishga rozilik berish ham o'sha paytlar uchun katta jasorat edi-da! Hatto, ayrim hamkasblari ham bunga taajjub bildirishgani yodida.
— Matbuot hayotimning asosiy mazmuni va shunday bo'lib qoladi, — dedi u o'shanda shu kabi fikrlarga javoban. — Matbuot meni tarbiyaladi, menga elni, elga meni tanitdi…
* * *
Abduqahhor aka Qoraboyev muborak yetmishinchi kuzni qarshilamoqda. Aslida shuncha bahor ko'rdi, deya aytiladi. Ammo biz bunday deyishimizning boisi bor. Negaki, ustoz kuzda, ayni pishiqchilikda tug'ilgan-da! Balki, shuning uchunmi, uning xonadonidan mehmon arimaydi. Hamisha dasturxoni to'kin-sochin.
Ustozning doimo tabassum bilan yurishini ko'rib, unga havas qilamiz. Go'yoki, dunyoga bu inson yig'lab emas, kulib kelganligi haqdagi tasavvur yuraklarimizga jo bo'lgan. Abdulhay Maxsum Qozoqov, Hasanboy Sultonov singari kulgu darg'alari bilan ko'p suhbatdosh bo'lganidanmi, askiya payrovida uning oldiga birov tusholmaydi.
Ko'plab shogirdlarning ustozi, komil inson, nafaqat qalami, ijodi, shuningdek, shirin tabassumi bilan ham odamlar ko'nglini zabt eta olgan Abduqahhor Qoraboyevga uzoq umr tilaymiz.
Shukrullo JALIL,
Najmiddin IKROMIY