Do'stim baribir — g'olib!

Qashqadaryolik jurnalist Norbo'ta G'oziyevni nafaqat viloyatda, balki mamlakatimizda soha vakillari yaxshi tanishadi. Uzoq yillar “Huquq” gazetasining Qashqadaryo viloyati bo'yicha muxbiri bo'lib faoliyat ko'rsatdi. Ayni paytda viloyatda nashr etiladigan “Adolat kuchi” gazetasining bosh muharriri.

Norbo'ta G'oziyev 1969 yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning o'zbek tili va adabiyoti bo'limini bitirganidan keyin Chiroqchi tumanidagi “Olg'a” gazetasida ish boshladi. Biroz muddat o'zi o'qigan maktabda yoshlarga saboq berdi. So'ngra Toshkentda “O'zbekiston ensiklopediyasi”, “O'qituvchi” nashriyotlarida mehnat qildi. Tinib-tinchimas jurnalist ilmiy ish bilan mashg'ul bo'ldi, aspiranturada ham o'qidi.

Hayot ekan-da. Oilaviy sharoiti Qashqadaryoga qaytishni taqozo etdi. 1982 yildan “Qashqadaryo haqiqati” viloyat gazetasi tahririyatida turli lavozimlarda faoliyat yuritdi. Ma'lum bir muddat O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo'limiga rahbarlik ham qildi…

Kamina 1985 yili Qashqadaryo viloyat gazetasiga ishga borganimda birinchi bo'lib yo'l-yo'riq ko'rsatib, saboqlarini ayamagan bu inson bilan butun umr qadrdon bo'lib qoldim. Yoshimizda anchagina tafovut bo'lsa-da, bu bizning do'stligimizga aslo halaqit qilmadi.

Norbo'ta aka nihoyatda ko'ngli ochiq, so'zi bilan ishi bir, samimiy, dilkash inson. G'ayrati, tinib-tinchimasligi, izlanuvchanligiga hamkasblarining havasi keladi. Hamon yoshlarga ibrat ko'rsatib maqolalar yozadi. Bosma matbuot uchun qiyin kechayotgan shu kunlarda ham viloyat prokuraturasi asosiy hamkori bo'lgan gazetasini hech bir nashrdan kam qilmay chiqarib turibdi. “Adolat kuchi”ni varaqlasangiz, bosh muharrirning salohiyati, izlanuvchanligi, tashabbuskorligiga guvoh bo'lasiz.

Mehnatkash hamkasbimiz hayotda turmushning ne-ne quvonchu-shodliklariga ham, tashvishli damlariga ham ro'baro' bo'ldi. Bolaligida yetimlik azoblarini tortdi. Ammo ulg'ayib, oila qurgach oqil farzandlar tar­biyaladi. To'ylar qilib, o'g'illarini uylantirdi, qizlarini chiqardi. Bugun nabiralar qurshovida birovdan kam, birovdan ziyod bo'lib yashayotgan baxtiyor kishilardan biridir, desak, xato bo'lmaydi.

Norbo'ta akaning hayotida kechgan tashvishli, og'ir kunlarning aksariyatiga guvohman, yonida turganman. Qaysi bir yillari dardga chalinib, to'shakka mixlanib qoldi. Tajribali shifokor: “Operatsiyaga ko'ndiring, bo'lmasa og'ayningiz nogiron bo'lib qoladi”, — dedi. Cho'rtkesar og'aynimiz opera­siyaga ko'nmadi. “Yo'q, – dedi Norbo'ta aka qat'iy. – Meni bu yerdan olib keting. O'zim tuzalaman”. Qat'iy irodasi va chidami, aytish mumkinki, matonati   tufayli og'ir xastalikni yengib, oyoqqa turdi. Qadrdon ishiga qaytdi.

O'tgan asrning oxirlarida Oliy Majlis deputatligiga do'stimizning nomzodi qo'yilganda, unga ishonch­­li vakil bo'lib, viloyat qishloqlarini birga kezdik, uchrashuvlarga bordik. Otashin nutqlar so'zladik. Shunda bir narsaga guvoh bo'lganman: oddiy odamlar baribir, ijod ahlini yaxshi ko'rarkan, hurmat qilarkan, ishonarkan. Saylovda muhim rol o'ynaydigan “kattakon”lar bilan qancha bahsu munozaralarga kirishdik. Va bugun ishonch bilan ayta olamizki, biz vij­donimizni har xil “o'yinchi”, manfaatparast, lo'ttibozlarga sotmadik.

G'am-tashvishlaru, qiyinchiliklar, quvonchli kunlar, mag'lubiyatu muvaffaqiyatlar, bari-bari o'tib ketaverar ekan. Lekin bugun Norbo'ta aka G'oziyev g'olib – yorug' yuz, toza vijdon bilan qutlug' yoshni qarshi olmoqda.

Ha, do'stim g'olib. Uning g'olibligi shundaki, biror manfaat, foyda uchun o'zligiga qarshi bormadi, ba'zi birovlarga o'xshab qandaydir o'tkinchi shon-shuhrat, lavozimlarga ham uchmadi. Ularni deb oqni-qora, qorani-oq demadi. Bu esa juda katta fazilat. Ehtimol, shuning uchun ham uning hayot yo'li tekis, ravon bo'lmadi. Ammo u o'z obro'sini, hurmatini elaro saqlab qoldi, yo'qotmadi.

— Mazza qilib qarilik gashtini surib yuribsizmi? – dedim tunov kuni Norbo'ta akaga hazillashib.

— Qanaqa qarilik? – deydi u qo'ng'irog'imga javoban. – Bor-yo'g'i “45”ga kirdim-ku. Endi dunyo ko'zimga boshqacha ko'rinyapti.

— Yashang, doimo shunday bo'lsin. Biz siz bilan hali yana ko'p dovonlarni birga oshib o'tamiz!, – deyman hazilga hazil bilan javob qilgan do's­timga mehrim oshib.

— Ba'zilar nega haliyam ishlaysiz, nafaqani olib yotavermaysizmi, deyishadi, – deydi Norbo'ta aka. – Nafaqaga chiqish ishdan chiqish, degani emas. Donolar keksalik – ahmoq uchun og'ir yuk, johil uchun – qish, ijod ahli uchun – ayni hosil berish davri, de­yishadi. Allohga shukur, sog'ligim joyida, qalamim qimirlab turibdi.

Ha, hamkasbimizning yarim hazil, yarim chin gaplarida aslo mubolag'a yo'q. Ijod va izlanish – hayoti mazmuni.

Muxtasar aytganimizda, Norbo'ta G'oziyevday mehnatkash, ezgu maqsadli odamlar bor ekan, matbuotimiz yerda qolmaydi. Ayniqsa, yoshlar u kishining hayot yo'lidan ibrat olsa, sira kam bo'lmaydi.

Abdujalol TAYPATOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 6 =