Yigirma yil bir safda

2002 yilning iyun oyi. Ilmiy ishim oxirlab qolgani uchun ustozim Boybo'ta Do'stqorayev (Alloh rahmat qilgan bo'lsin)ning   taklifi bilan O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetiga ishga o'tdim. O'quv yilining oxirida kafedra bilan tanishish uchun fakultetga keldim. Bu paytda kafedraning ayrim o'qituvchilari, xususan, Akbar Nurmatov ham uch-to'rt talaba bilan AQSh safariga tayyorgarlik ko'rishayotgan ekan. Ozg'in, jikkakkina Akbar akani birinchi marta o'shanda ko'rgandim. Kafedraga kirib kelganimga e'tibor ham bermay, talabalar bilan gaplashishda davom etgani, avvaliga jahlimni chiqargan. “Buncha o'ziga bino qo'ygan bo'lmasa, bu domla? Axir kafedrasiga yangi o'qituvchi kelyapti. Loaqal kim bu, qaerdan keldi, deb qiziqmadi ham”, degan o'y o'tgan ko'nglimdan. Buni sezganday Boybo'ta aka Do'stqorayev kafedradagilarga: “Bu Nazira, keyingi o'quv yilidan biz bilan ishlaydi”, deb tanishtirdi. Akbar aka esa, e'tiborsiz bir qarab qo'ydi, xolos. Yashirmayman: “Nahotki, mana shunday o'ziga bo'lgan bahosi yuqori, manman odam bilan ishlasam endi” deb o'yladim. Ammo bu bor-yo'g'i o'tkinchi taassurot ekan.

Sentyabrda fakultetda ish boshladim. Amerikaga borib kelgan Akbar aka “boshqacha” bo'lib qolgandek edi. Tez orada, ortiqcha gapirmaydigan, ammo gapirsa, qandaydir kulgili voqeani misol qiladigan yoki albatta, bir replika tashlab qo'yadigan bu domla bilan chiqishib ketdik. Hatto qadrdon bo'lib qoldik. Chunki Akbar aka ko'nglida kiri, g'arazli maqsadi yo'q, yuragi toza, bilimli odam ekan. Yangilikka o'chligi, yaxshilikka xayrixohligi, ayniqsa, dilidagini boshqalar tilga ko'chirsa, o'ylagan fikrlarini boshqalarda ko'rsa, uni bajonidil qo'llab-quvvatlaydigan odam ekan. Tez orada Akbar akaning ana shu ma'naviy ko'magini, hamfikrligini, hammaslakligini his qila boshladim.

Fakultetda talabalar Akbar Nurmatovni juda yaxshi ko'rishardi. Qachon qarasa, uch-to'rt talaba qurshovida, nimanidir muhokama qilayotgan, qandaydir qiziqarli voqeani aytib berayotgan bo'ladi. Hatto darsdan keyin ham kafedraga talabalar eng ko'p Akbar akani so'rab kelishardi. Uning talabalar bilan bunchalik samimiyligi, yaqinligiga havas qilardik. Men ham shunday bo'lishga intilardim.

Xalqaro jurnalistika fakultetiga ishga kelganimda kafedramiz uncha katta emas, hammasi bo'lib 12-13 nafar, ularning ham yarmi amaliyotchilar edi. Asosiy shtatda ishlaydigan besh-olti nafar domlaning ichida yagona ayol o'qituvchi o'zim. O'sha kam sonli a'zolarning ikkitasi – Zafar Omonqulov va Anvar Meliboyev “Umid” jamg'armasi tomonidan xorijda o'qib kelgan yosh mutaxassislar bo'lib, Akbar aka ular bilan ko'p hazillashar, men ham ularning suhbatlariga qo'shilib olardim. Kafedraga yig'ildik deguncha, hazil-mutoyiba yoki qiziqarli suhbatlar boshlanardi. Ish qolib ketayotganidan Boybo'ta akaning jahli chiqib, Akbar akani koyirdi. Chunki gap bilan bo'lib, u domla topshirgan vazifani qilishni esdan chiqarardi-da. Yoki domlaning o'zi darsdan chiqqan Akbar akaga bir qo'l shaxmat o'ynashni taklif qilar, bu bir qo'l ba'zan yuz qo'l bo'lib, kechasigacha davom etardi. Bu men uchun ayni muddao edi. Chunki himoyaga chiqay deb turganim uchun, dessertatsiyamning kamchiliklari ustida asosan darsdan keyin ishlardim. Kafedradagi bittagina kompyuter ham kechki payt bo'shardi. Ularning shaxmat o'ynaganlaridan foydalanib, men ishimni yozardim. O'zi shaxmat o'ynasa ham, ma'nan ishimni qo'llab turardi.

Akbar aka bilan 2009 yilgacha bir kafedrada, bir maqomda ishlab, aka-singilday bo'lib qoldik. Men uning dasturlarini kompyuterda yozishga yordam bersam, u kishi darslarimga ko'maklashardi. Men jizzakiroq bo'lganim uchun, xayolimga kelganini odamning yuziga shartta gapirib tashlardim. Akbar aka esa aksincha, juda bag'rikeng, xotirjam bo'lgani bois darrov jahli chiqmasdi. Biror narsani tushuntirmoqchi bo'lsa, gapni yoki hazildan, yoki rivoyatdan boshlardi. Ba'zan qattiq gapirib yuborsam, bir qovog'ini uyub, javob bermasdi. Xato qilsam, xuddi singlisini urishgandek senlab koyirdi. Bu menga hech ham og'ir botmasdi. Xullas, Akbar aka ishxonadagi hamkorim, hamfikrimga aylandi.

Keyin u fakultetimizga dekan bo'ldi. Garchand hech qachon mansab qiziqtirmagan bo'lsa ham, ammo u kishidagi salohiyat shu lavozimda ishlashga imkoniyat berdi. Hammaga birday, adolatli rahbar bo'lishga harakat qildi. Qo'l ostidagi xodimlar ahvolini tushunar, shart-sharoitini hisobga olardi. Eng muhimi, fakultetda sog'lom muhitni saqlab qoldi. 2015 yildan universitetning o'quv ishlari bo'yicha prorektori bo'ldi. 2017 yilda yana fakultetga men boshqarayotan kafedraga mudir sifatida qaytdi.

2018 yilda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ochilib, bir guruh hamkasblarimiz qatorida Akbar aka ham shu yerga ishga o'tdi. Hozirda bosma OAV va noshirlik ishi fakultetining dekani. Universitet tashkil etilganidan keyin bir yil o'tib   yangi ochilgan kafedra mudirligiga meni ishga taklif qildi. Mana, yana birga, bir jamoada ishlayapmiz.

Akbar aka zakiy inson. Juda ko'p o'qiydi, juda ko'p biladi. Ammo ayrimlardan farqli o'laroq bilganlarini so'ramasa aytmaydi, bahslashmaydi. Mavzuga oid o'z nuqtai nazarini hech kim bilmagan bir-ikkita fakt yoki dalilni keltirish bilan bildirib qo'yadi. Shuning o'zi yetarli bo'ladi. Suratida sokin ko'ringani bilan, botinida ma'rifatsizlikka, haqsizlikka, didsizlikka murosasiz. Ammo buni ko'p ham yuzaga chiqaravermaydi. Eng kuchli quroli– kinoya. Ana shu kinoyalari bilan bilimsizlik, didsizlikning ustidan kuladi.Tushunmaganlar boshida xafa bo'lishadi. Tushungandan keyin esa u bilan hisoblashadi. Hurmat qiladi. Uning bilimdonligi boshqalarda uchramaydigan kamyob hodisa – kuchli xotira egasiligidan bo'lsa kerak. Har bir gapiga qaysidir kitobning qaysidir epizodidan yoki qaysidir qahramonning so'zidan iqtibos keltiradi. Biror voqeani aytib bersa, asosiy fakt va dalillardan tashqari eng kichik detali ham esdan chiqmaydi. Juda kinoni yaxshi ko'radi, o'nlab mashhur rejissyorlarning yuzlarcha kinolarini ko'rgani uchun, mutaxassis darajasida tahlil qila oladi. Jahon va o'zbek adabiyoti haqida soatlab gaplashishi mumkin. Jahon va milliy musiqasini operadan tortib, orkestr ijrosigacha, maqomdan tortib, lirik qo'shiqchilikkacha, uning ijrochilarini usul va yo'llarigacha aytib beradi. Bir kuni bexosdan o'n yetti yoshida jahon chempionatidagi barcha futbol jamoalarida o'ynaydigan futbolchilarning har birining nomini yoddan bilganini aytib qoldi. Tasavvur qilyapsizmi? Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin. Siz bilan qaysi mavzuda suhbatlashsa, uning oldida o'zingizni o'sha sohani yaxshi bilmaydiganday his qila boshlaysiz.

Endi bir-ikki og'iz “tanqidiy” gaplardan ham aytaylik. Ha, ana shu bilimdon ustozning o'ziga yarasha “kamchiliklari” ham bor. U hamisha xayollar og'ushida yuradi. Sizga biror mavzu haqida soatlab gapirishi mumkin, lekin yozishga kelganda, undan tanbal odam yo'q. Juda kam yozadi. Akbar akaning siyratini bilgan odam, ijodkor bo'lsa kerak, yo she'ru dostonlar, yoki nasriy asarlar yozadi, deb o'ylaydi. U hamma narsani ongida, tafakkurida, xayollarida yaratadi.

Hech shoshilmaydi, biror yumushni rejalashtirsa ham, yurib-yurib oxirgi pallada, juda oz muddat qolganda qo'l uradi o'sha ishga. Keyin bundan o'zining ko'ngli to'lmaydi. Ba'zan davrning shiddatiga, vaqtning o'tishiga moslasholmay, xunob bo'ladi. Ayrimlarning shaklbozligidan, takrorlanaverib siyqasi chiqqan fikrlaridan ensasi qotadi, yoshlar orasidagi qolipga tushgan qarashlar, maqsadsizlik, mantiqsizlikka nisbatan chorasizligidan jahli chiqadi. Shuning uchun yozishdan ko'ra, o'qishni afzal ko'radi. U bilan birga o'qigan, ishlagan do'stlari allaqachon fan doktorlari bo'lishgan. Shu ketish bo'lsa, hademay qizi Shahnoza dadasidan o'tib ketadi. Shuning uchun Akbar aka ham tezroq g'ayrat qilib, hadeb material yig'avermasdan doktorlik dissertatsiyasini tugatib, himoya qilishi kerak-da!

Xullas, yaxshi ma'noda doim talashib-tortishib yuradigan Akbar aka bilan ishlashni boshlaganimizga yigirma yil bo'libdi. Bir navqiron yigit umriga teng bu yillar bizni obdon charxladi. Bir fakultetda, bir kafedrada ishlab, o'qituvchilikning quvonchu tashvishini, zahmatiyu huzurini birga baham ko'rdik. Akbar akaning mendan biror narsani o'rganganiga aqlim yetmaydi-yu, lekin men u kishidan juda ko'p narsani o'rgandim va hali ham o'rganyapman.

Uchar yillar ortidan quvib, hash-pash deguncha Akbar Nurmatov ham 60 yoshni qoralab qo'yibdi. Ilm sohasida ayni navqiron yosh. Bundan buyog'i qator-qator shogirdlarni chiqarish, yangi kitoblar, yangi maqolalar yozish davri boshlanyapti. Biroq Akbar akani shunchaki tabriklab bo'lmaydi. Unga yana nimadir degisi, minnatdorchilik bildirgisi, ko'proq hurmat ko'rsatgisi keladi, odamning. Balki shundanmi, Akbar akani bilganlar u bilan bog'liq qandaydir voqeani yodga oladi, hech bo'lmaganda, biror kinoyali gapini eslab, yuziga tabassum paydo bo'ladi. Kim bilsin, balki eslangan vo­qeadan o'sha odam ibrat olib, hayotiy xulosa chiqargandir, balki Akbar akaning kinoyasi yoki ayt­gan maqolining mag'zini chaqib, uning haqiqatini tan olgandir, e'tirof etgandir…

Nazira QURBON,

O'zbekiston Jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

Media nazariyasi va amaliyoti kafedrasi

mudiri, professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 1 =