Hammasi mahorat va jur'atga bog'liq

Buni umrining salkam 50 yilini matbuotda o'tkazgan qalami o'tkir jurnalist Abduhamid Fozilov siyratida ham ko'rish mumkin.
Jurnalistika kasbini ko'plar orzu qiladi. Yozganlaring peshma-pesh chiqib tursa, ko'cha-ko'yda seni tanishsa, bunga ne yetsin.
Xalqimizning bag'ri keng, qaerga borsang, hurmatingni joyiga qo'yishadi. Kamchilik hamma joyda bor, muxbirga beparvo bo'lsak, gazetaga yozvormasin, deya ozroq hayiqishadi ham.
Ishchan jurnalist esa mamlakatni muttasil kezib yuradi, yangiliklarni birinchi bo'lib eshitadi, mashhur kishilar bilan suhbatlashadi. O'rni kelganda har qanday mansabdorning oldiga murakkab savollarni ko'ndalang qo'yishi mumkin. Tahliliy maqolalar yozib, tepsa tebranmas to'ralarni, firibgar muttahamlarning po'stagini qoqqanida salkam qahramonga aylanadi. Shu bois odamlar xolis, jur'atli, fikrida sobit jurnalistlarga ishonadi. Tahririyatlarga yo'llanayotgan xatlarni o'qir ekansan, ularda shu umid uchqunlarini yaqqol sezish mumkin.
Matbuotga o'tgan asrning yetmishinchi yillari kirib kelgan, jurnalistika sohasida ellik-oltmish yil qalam tebratgan ko'plab hamkasblarim haqida o'ylar ekanman, shu fikrlar xayolimga keladi. Albatta, u zamon gazetalarini bugungi matbuot bilan solishtirib bo'lmaydi. Har bir davrning o'z mafkurasidan kelib chiqadigan targ'ibot tizimi, siyosati, matbuoti va unga munosabati bo'ladi. Jurnalist shundan kelib chiqadi. Iste'dodlilar o'sha paytlarda ham aytilishi kerak bo'lgan gaplarni aytishgan, yozishgan, goh rahmat olishgan, goh hayfsandan peshonalari g'urra bo'lgan. Shunga qaramay, gazetalarda tanqidiy maqolalar, ayniqsa, fel'yeton muttasil chiqib turgan. Ayniqsa, “Mushtum” jurnali juda peshqadam bo'lgan, jamiyatning tanqidiy ko'zgusiga aylangan edi. Buni mutlaqo inkor qilib bo'lmaydi. Hammasi, xuddi bugungidek, mahorat va jur'atga bog'liq. Yoza oladigan, qalami o'tkir jurnalist uchun har vaqt, har qanday sharoitda ham imkoniyat bor. Buni juda ko'p hamkasblarim, jumladan, umrining salkam ellik yilini matbuotda o'tkazgan Abduhamid Fozilov misolida yaqqol ko'rish mumkin.
O'tgan asrning yetmishinchi yillari Abduhamid, Mirzakarim Pirmatov, Safar Ostonov, Jabbor Razzoqov, Zayniddin Rixsiyev, Ziyovuddin Ortiqxo'jayev respublika yoshlar gazetasida charchoq nimaligini bilmay, yelib-yugurib ishlaganmiz. Yurt kezganmiz, biz bormagan birorta tuman, qishloq, dashtu cho'l, tog'u tosh qolmagan hisob. O'shanda ham, bugungidek, zamon qahramonlarini, vatanparvar fidoyilarni qidirganmiz, ular haqida ocherk, lavha, hujjatli qissalar yozganmiz. Vokzallarning noqulay o'rindiqlarida, poezd vagonlarining xira chiroqlari nurida ijod qilib, siyohi qurimagan maqolani ertalab tahririyatga olib kelganmiz. Hayotni badiiy idrok etish malakamiz, ijodiy tafakkurimiz shu yelib-yugurishlar bois shakllangan, muxbirlik qalamimiz charxlangan.
Men ko'proq ocherk yozardim. Safar ham shunday edi. Abduhamid Fozilovning qalami tanqidiy maqolada juda yo'rg'alab ketardi. Gazeta maqomini baland tutib turish uchun, unda, albatta, fel'yeton, tanqid, tarsaki luqma bo'lishi kerak edi. Muharririmiz Rustam Shog'ulomov (Xudo rahmat qilgan bo'lsin) Abduhamidga o'ta murakkab topshiriqlar berardi. Shikoyat xatlarida keltirilgan ayblovlarning hammasi ham to'g'ri chiqmaydi. Bir-ikki kunlik xizmat safari davomida rost va yolg'onni, haqiqat va tuhmatni bir-biridan ajratish oson ish emas. Hamma o'zining fikrini to'g'ri deb hisoblaydi, biror ayb ishi oshkor bo'lsa, uni, albatta, boshqalarga to'nkaydi, o'zidan ham bir nimalar o'tganini, qilmishiga yarasha jazo olganini yashiradi. Tajribasiz muxbir chalg'ib ketishi mumkin.
Abduhamid bunday hollarda chalg'imaydigan, yetti o'ylab bir kesadigan muxbirlardan edi. Tanqidiy maqolalarida ortiqcha hayajonga berilmay, yo'l qo'yilgan kamchiliklarni bosiqlik bilan sharhlar, kimningdir nafsoniyatiga tegadigan so'zlarni ishlatmasdi. Yana endilikda butunlay yo'q bo'lib ketgan bir fazilat bor edi o'shanda. Yozganlarimizni bir-birimizga ko'rsatib, birgalikda o'qirdik, muhokama qilardik. Kamchiliklarini tuzatishdan bosh tortmasdik. Bir-birimizni eshitardik. Har qanday maqola ikki-uch marta o'qilganda, qizargan kulchaday pishib yetilardi.
Afsuski, bugun bunday emas. Maqtovdan boshqa gap quloqqa kirmaydi. Gazeta-jurnallarda ishlayotgan xodimlar viloyat, tuman, chekka qishloqlarga kamdan-kam boradi. U paytlari har oyda ikki-uch marta voha yoki vodiyga safar qilish, yangi mavzu, yangi qahramonlar topish ijodiy odat edi. Abduhamid Fozilov bilan birgalikda ko'p bor safar qilganmiz. Yoshlar anjumanlarida qatnashib, hisobot maqolalar yozganmiz, davra suhbatlari uyushtirganmiz. Bosiq, mulohazali, suhbatdoshiga ortiqcha bosim o'tkazmaydigan xarakteri, muomala madaniyati bois, Abduhamid bo'lajak qahramonlarining ishonchini tez qozonar va ular bor gapni borligicha, muhim joylarini yashirmay, bo'yamay, qaychilamay aytib berishardi.
Qiziq bir holat. Biz xizmat safarlarimiz chog'i yozmoqchi bo'lgan ocherklarimizning qahramonlarini qidirardik. Topardik ham. Abduhamid tanqid bo'limida ishlagani uchun ayni shu mavzuga oid faktlarni qidirardi. Va, albatta, biz e'tibor bermagan nuqsonlarga duch kelardi. Biror xo'jalik hayotidan maqtov maqola yozishni niyat qilganimizda, Abduhamid bu yerda jiddiy nuqsonlar borligini aytib qolardi.
Yoshlar gazetasida ishlagan yillarimiz hammamiz uchun katta hayot maktabi bo'ldi, murakkab sinovlardan o'tdik. Tajriba orttirdik. Men gazetadan yoshlar nashriyotiga ishga o'tdim, xalqaro sharhlovchilik bilan shug'ullandim, Abduhamid ko'p yillar Qibray tuman gazetasiga muharrirlik qildi, ijodkorlikka moyil yoshlarni jurnalistikaga olib keldi. Muhimi, u o'zi tanlagan, umrini bag'ishlagan kasbiga hamisha sodiq qoldi, ustoz sifatida qalamiga soya tushirmadi. Bugun hamkasbimni qutlug' yoshi bilan qutlar ekanman, uning oddiy, ammo jurnalist uchun g'oyat muhim bo'lgan fazilatlaridan bir-ikki chimdimini muhtaram gazetxonlar bilan o'rtoqlashgim keldi.
Ahmadjon MELIBOYEV