Jamoam – g'urur va iftixorim

Adabiyotga bo'lgan mehr qo'limga qalam tutqazdi, dilimdagi fikrlarni satrlarga tiza boshladim. Maktabdagi katta-kichik tadbirlarda esa ularni o'qib berardim. Ustozlarimning tavsiyalari bilan uni tuman gazetasiga olib borishga o'zimda jur'at topdim.
Hech esimdan chiqmaydi, dushanba kuni edi. Darsdan so'ng qo'lyozmalarimni olib, tahririyatga bordim. Qabulxonada o'tiribman. Bunday dargohga ilk bora kelishim bo'lgani uchun hayajondaman. Qabulxonadagi opa qo'limdagi qog'ozlardan bitta-ikkitasini o'qigach:
– Kutib turing, redaktorga aytayin, she'rlarni o'zlari ko'radilar-da, – dedi.
Birozdan so'ng to'g'ridagi eshikdan salobatli bir kishi chiqdi. Maktab o'quvchisiga u kishining ko'rsatgan izzat-ehtiromi, mehri taqdirimni kelgusida matbuot bilan bog'lanishiga sabab bo'ldi.
Samimiy, yoshlarga mehribon va bag'rikeng bu inson Uychi tuman hokimligi gazetasining o'sha davrdagi muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Farhod Yo'lchiyev edi. Oddiygina yoki tarqoq fikrlardan tizilgan satrlar keyinchalik pishiq-puxta she'r, xabar, maqolaga aylanib, tuman gazetasida chop etiladigan bo'ldi. Ularning “Shuni yodda tutginki, yozganlaringda, avvalo, biror-bir yangi fikr aytilsin. Sen qatorlar ko'pligiga emas, balki qisqa va lo'ndaligiga e'tibor qaratgin”, degan so'zlari mana oradan necha yillar o'tsada kasbiy faoliyatimda qo'l keladi.
Maktabni tamomlagach, ma'lum muddat tumandagi o'quvchilar saroyi (hozirgi “Barkamol avlod” markazi)da ishladim. Ustozning takliflari bilan viloyatdagi “Xalq irodasi” gazetasiga ishga o'tdim.
1994 yildan esa viloyatimiz bosh nashri bo'lmish “Namangan haqiqati”da davom etib kelmoqda. Bu yil umrimning ellik ikkinchi dovonidan oshgan bo'lsam, uning o'ttiz yili mana shu tabarruk dargohga to'g'ri keladi.
Nashrimizning 105 yillik tarixining so'nggi o'ttiz yilligida borligimdan faxrlanaman. O'sha yillar, o'sha kunlar kechagiday ko'z o'ngimda namoyon, xuddi kino tasmasiday xotiramga muhrlanib qolgan.
Bugungi kunda oramizda yo'q bo'lsalar-da tahririyatda juda katta maktab yaratgan ustozlar — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist G'ulomjon Akbarov, “Shuhrat” medali sohiblari Fayzulloxon Sirojiddinov va Yo'ldoshali Samiyev, tahrir ustasi, sobiq bosh muharrir o'rinbosari No''monjon Darmonov, serqirra ijodkor, adib Abdug'ani Abduvaliyev, jurnalistlar orasida “super muxbir” maqomini olgan Mo'minjon Sulaymonov, suratkash-muxbirlar Po'latjon Akbarov va Zokirjon Sotiboldiyev, gazetaning Chortoq, Namangan, Uychi, Chust, Yangiqo'rg'on tumanlari bo'yicha muxbirlari Sobirjon Turg'unov, Mirzahakim G'iyosov, Shaydullo Xolmirzayev, Rustamjon Solijonov, Ortiqali Aliboyev, Inomjon Ulug'boyev, Jumavoy Musayev, xatlar va sport bo'limini boshqargan Olimjon Xonazarov, hisobchi Zaynabxon Xolmirzayeva kabilarning nurli siymolari yodimdagi yog'dulardir.
Jamoaning tabarruk ayajonlari, bugungi kunda o'zlarining 70 va 80-dovonlaridan oshgan Mahfiratxon Ustaboyeva, Tursunxon Izzatullayeva hamda Karimaxon Soliyevalar hayot yo'limdagi maslahatgo'ylarim, mehribonlarimdir.
Asr bilan yuzlashib, uning beshinchi yilini ortda qoldirayotgan ijodiy jamoaning bugungi kuni esa meni yanada shijoatga undaydi. Zabardast jurnalist Rustamjon Ummatov, jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” Milliy mukofoti xalqaro tanlovi g'olibasi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Risliqxon Majnunova, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari, shoir, jurnalist Nosirjon Dehqonov kabi ustozlardan olgan saboqlarim bois bugun gazetada o'z o'rnim va o'z ovozimga egaman, desam mubolag'a bo'lmaydi.
Shu yillar oralig'ida uchta rahbar bilan ishlashga to'g'ri keldi. Ular O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, marhum (oxiratlari obod bo'lsin) Farhod Yo'lchiyev, hozirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash masalalari qo'mitasi a'zosi Mahmudjon Parpiyev, “Do'stlik” ordeni sohibi, shoir, jurnalist Akramjon Sattorovlardir.
Akramjon aka bir paytlar muxbir, bo'lim mudiri bo'lib ishlagan bo'lsalar, endilikda jamoa rahbari. Tahririyatda muxbirlikdan ish boshlab, uzoq yil Davlat qurilishi va qonunchilik bo'limini boshqargan Ilhomjon aka Jumanazarov esa bugun bosh muharrir o'rinbosari. Mehnat faoliyatini musahhihlikdan boshlagan Ibrohimjon aka Rahmonov hozirda mas'ul kotib va tahririyatning boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi. Yuqorida nomlari tilga olingan jurnalist-ustozlardan olgan saboqlari natijasida bugun ularning o'zlari ham rahbar, ham ustoz maqomiga erishganlardan.
Tahririyatning so'nggi yutuqlaridan biri: “Oltin qalam” XV milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovida “Namangan haqiqati” gazetasi bo'lim mudiri Muhiddin aka Mag'zumov Yevropa Ittifoqining “Covid-19” xataridan ogoh etuvchi chorlovi mavzusi bo'yicha rag'batlantiruvchi mukofotga loyiq ko'rilgani bo'ldi.
Safimizga qo'shilib, qalamlari charxlangan Shohida opa Daminova, Gulchehra Buvamirzayeva, Oqilxon Dadaboyev, Rahmonjon Mamadaliyevlarning intilishlaridagi shahd g'ayratimga-g'ayrat qo'shadi.
Tahririyat moliyasi bo'lgan hisobxona bilimdonlari Asqarali Samatov, Sojidaxon Hamdamova, Azizbek Ashurov, gazetamizning bexato chiqishi uchun mas'ul, musahhih Nasimjon Yunusov, gazetamizning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy veb-sayti va telegram-kanali administratori hamda sahifalarning chiroyli va sifatli bo'lishi uchun kunu-tun jonbozlik ko'rsatayotgan dizayner Abduqahhor Yuliboyev, haydovchilar Muhammadjon Yusupov hamda Naimjon Qirg'izboyev, osoyishtalik posbonlari Muhammadxon Hamidov, Adhamjon Faxruddinov, Bahodir Sharipov, tahririyat bog'boni Tursunboy Nurmatov kabi og'alarcha mehribon insonlar, shuningdek, tozalik farishtasi bo'lgan Zamiraxon Qosimova, tahririyatning eng yosh xodimasi Nigora Aliqulovalarsiz bugun jamoani tasavvur etish qiyin.
Har kuni ertalab ishxonamga kelgach, avvalo, ishni hol-ahvol so'rash va duo olishdan boshlayman. Aniqrog'i, omonat dunyoda bir-birimizga g'animat ekanligimizni anglagan holda katta-yu kichikning duosini olgani shoshaman.
Jamoam – joni-tanim, faxrim. Jamoangga, ishxonangga, hamkasblaring diydoriga oshiqishning o'zi katta baxt. Oilangdagi halovatning ishxonangdagi davomiyligi seni hamisha yangi-yangi zafarlarga chorlashi tabiiy.
Zero, mashoyixlar aytishganidek, ertalab ish joyiga, kechki payt uy-xonadoniga oshiqadigan kishilar baxtli odamlardir.
Fotimaxon TOShMATOVA,
“Namangan haqiqati” gazetasi muxbiri.