Mo''tabar ayol qalbi

Hayotda og'ir kunlarni o'z boshidan kechirgan bu ayol nelarga chidamadi. 1977 yilda mash'um o'lim turmush o'rtog'i Rahmon Chinmirzayevni ayni qirchillama 40 yoshida hayotdan yulib ketdi. Sharbat Muxtorova uch o'g'il, bir qiz bilan bo'zlab qoldi. Asli hayotda ota mehridan to'ymay, onasi Malohat aya qo'lida voyaga etgan opa juda yosh 28 yoshida beva qoldi. Turmush o'rtog'i vafotiga qadar o'g'li Elbekdan ajralgani kamday qaynonasi va onasining ham hayotdan ko'z yumishi tufayli u og'ir musibatlarga ro'baro' bo'ldi.

Ammo u egilmadi, qaddini baland tutdi, Allohning irodasiga bo'ysunib, faqat oldinga intildi, ortga chekinmadi. Hatto pandemiya davrida opaning o'ziga kasallik chang solganida, shifoxonada uzoq yotib qolganida ham noumid bo'lmadi.

U maktabda o'qib yurgan paytlaridayoq ommaviy axborot vositalarida o'z ijod namunalari bilan qatnashib turardi. Tumanning “Ilg'or chorvador” gazetasi tahririyatidagilar uning ana shu qobiliyat va iqtidorini hisobga olgan holda 1967 yilda gazetaga ishga taklif qilishgandi. O'sha yildan boshlab gazetada musahhihlik qila boshladi. Turmush o'rtog'i adib, shoir va dramaturg Rahmon Chinmirzayev Samarqand viloyati gazetasiga ishga o'tgach, uning ishi ham shu gazeta bilan bog'landi. Bolalarining otasi viloyat gazetasining Kattaqo'rg'on tumani bo'yicha muxbiri etib ishga tayinlandi, o'zi esa viloyat “Zarafshon” gazetasida madaniyat va turmush bo'limining mudiri vazifasida ishlay bosh­ladi. Bu orada ijodkorning qalamiga mansub nazmiy va nasriy asarlari respublika nashrlari yuzini ko'ra boshladi.

Yuqorida aytganimizdek, 1977 yil avgust oyida Sharbat Muxtorova o'z boshidan og'ir musibatni o'tkazdi. Turmush o'rtog'idan ayrildi. Jo'jabirday farzandlari bilan o'zi tug'ilib o'sgan Nurotaga qaytishga majbur bo'ldi. Ijodkorning bilimi va iqtidori hisobga olingan holda unga tuman gazetasining qishloq xo'jaligi bo'limi mudirligi topshirildi.

1986 yildan u “Ilg'or chorvador” gazetasining mas'ul kotibi bo'lib ishlay boshladi. Tuman radiosining bosh muharriri sifatida 1987-1992 yillarda faoliyat ko'rsatdi. 1992-1994 yillarda esa tuman hokimi o'rinbosari va xotin-qizlar qo'mitasi raisi sifatida mehnat qildi.

So'ng Sharbat Muxtorovaning yelib-yugurishi, tashkilotchiligi tufayli 1994 yilning mart oyida Nurota tuman televideniesiga asos solindi. U   televidenie bosh muharriri sifatida tumanda ro'y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va xalq xo'jaligining hamma sohalarida bo'layotgan o'zgarish­larni yoritdi. 1996-2016 yillarda esa bosmaxona direktori ham bo'ldi.

Hayot quvonchlari bilan ham go'zal. 2002 yil Sharbat Muxtorova hayotida unutilmas yil bo'ldi. U O'zbekiston Respub­likasi davlat Mus­taqilligining 11 yilligi munosabati bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

Sharbat Muxtorova deputat sifatida ham xalq xizmatiga hamisha kamarbasta bo'ldi. Mohir va tashkilotchi ayol 1984-1986 yillarda shahar, 1986-1988 yillarda tuman kengashi deputati etib saylandi. Eng muhimi, 55 yildirki, ommaviy axborot vositalaridan uzilgani yo'q. Ayniqsa, ijodkorning “Sog'inib yashayman”, “Tongdagi shabnam”, “Irmoq” asarlari muxlislarning sevimli kitobiga aylangan. Opa shu kunlarda “Nurnoma” tuman gazetasida mas'ul kotib sifatida faoliyat ko'rsatmoqda.

Shu yil 8 mart – xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ustozimiz “Mo''tabar ayol” ko'krak nishoni bilan ham taqdirlandi. Haqiqatan ham, bu sabr-qanoatli, tashabbuskor va ma'rifatli inson chin ma'nodagi mo''tabar ayoldir.

Sardor SALIMOV

 

Suratda: Navoiy shahridagi “Oqsaroy” tantanalar majmuasida Sh.Muxtorovaga “Mo''tabar ayol” ko'krak nishoni topshirilayotgan payt.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + 5 =