Hazrati inson farzandi

O'zbek jurnalistikasida Umida Fayziyevaning nomi ko'pchilikka yaxshi tanish. Ma'naviyat sohasida, ta'lim jabhasida el nazariga tushgan darg'alar   haqidagi ocherklar, ezgu va savobli ishlarda nom qozongan siymolar haqida lavhalar Umidaxon ijodining bosh mavzusi. Yurakdan yozilgan satrlar yurakka yetib boradi, deganlaridek, taniqli jurnalist avval yozilajak mavzuni qalb mehvaridan o'tkazib qalamga oladi.

Umida Fayziyeva faoliyatining keyingi davrida uzoq yillar “Halq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari tahririyatining devonxonasida mudirlik qildi. Mamlakat parlament gazetasiga kelgan hamma xatlar, jumladan, shikoyat va arizalar ana shu bo'limga tushadi. Aksariyat hollarda muammolarga yechim izlab yozilgan nomalarning mualliflari aynan Umidaxonga murojaat qilar, najot izlab kelgan insonlarning dardini tinglashga to'g'ri kelardi. Bu ishdan xabardor hamkasblar Umidaxonni “Tahririyatning shikoyat daftari” deb ham atashardi. Albatta, bu yumush daf'atan ko'zga tashlanmas, aslida bu yerda asablar junbushga kelishi oddiy hol edi.

“Gazeta – sud idorasi emas, bu masala bilan tegishli mutasaddilarga boring” deb tushuntirishga harakat qilinsa, “E opa, bizni faqat gazetadagilar tushunadi, siz aytgan joylarda robotlar o'tirishipti” deya yordam so'rashadi. Shundan keyin odamlar dardini o'z dardi kabi qabul qilishga, yana muammoga yechim izlashga ko'nishdan boshqa iloji yo'q-da.

Bir mahalla oraliq muddatda shaharga ham, viloyatga ham “qaramay” qolibdi. Bu chigal muammo bilan shug'ullangan fuqaro Umidaxonning huzuriga to'rt yilda yigirma marta kelibdi. Tahririyat masalaga yechim izlab tegishli mutasaddilarga rasmiy murojaat yo'llaydi. Tahririyatga kelgan javoblar esa boshqotirmadan iborat bo'lib, mavhumlikning o'zi bo'ladi. Nafaqat shikoyatchi, devonxona mudirining ham boshi qotgan.

Ba'zan adog'i ko'rinmas mavzular haqida gazetada chiqish qilishga to'g'ri keladi. Buning uchun odamlarning dardini zimmaga olish, adolat uchun kurashish kerak bo'ladi. Har qanday ijodkorning boshlang'ich pallasida qandaydir sinov damlari bo'ladi. Umidaxonni ilk bitiklari savob ishlar, mehr-muruvvat mavzusida ko'zga tashlandi.

“Umida Fayziyevaning yozgan lavhasini o'qidingizmi, binoyidek chiqibdi” de­yishsa, “Shunday bo'lishi tabiiy, chunki u kimning-kimning – Rahmat Fayziyning qizi-ku”, deyishardi.

Darhaqiqat, el suygan katta yozuvchining farzandi ekanidan Umidaxon hamisha faxrlansa-da, ammo hech qachon bu bilan o'zini ko'z-ko'z qilgan emas. Chunki u juda kamtarin, samimiy. Eng muhimi, hamkasbimizning birovga qattiq gapirganini hatto baland ovozda so'zlaganini hech kim eshitmagan. Ana shunday fazilatli, imon-e'tiqodli ayol u.

Hozirgi yoshlarga Rahmat Fayziy kimligi haqida ikki og'iz. O'zbek prozasining peshqadamlaridan biri bo'lgan adib ijodini gazeta tahririyatlarida bosh­lab, “Hazrati inson” romani, “Sen yetim emassan” kinoqissasini yaratgan. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi va O'zbekiston xalq yozuvchisi. Qolaversa, Rahmat Fayziy asari asosida ishlangan “Sen yetim emassan” filmini kim ko'rmagan, hayajonga tushmagan deysiz. Bundan tashqari, yozuvchining ko'plab hikoyalari, ocherklari o'z davrida juda mashhur bo'lgan. “Hazrati inson” romani esa o'zbek adabiyotining o'lmas asarlaridan biriga aylangan.

Ha, Umida Fayziyeva – ana shunday ulug' adibning farzandi.

Shu kunlarda qutlug' yoshini kutib olayotgan Umidaxon Fayziyevaga uzoq umr, ijodiy yutuqlar tilaymiz.

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 1 =