Olqishga sazovor ijodkor

Professional jurnalist! Bu iborani hamma jurnalistga ham qo'llash imkoni yo'q. Sanoqli professional jurnalistlar orasida esa Odiljon Inomovning alohida o'rni bor. Ijodiy faoliyatining qirqinchi, umrining 60-dovonida Odiljon Inomov ustoz jurnalist maqomi bilan olqishga sazovor bo'lib turibdi.

Rahmatli Mamajon ota yetti farzandining kenjasi bo'lgan Odiljonda bir ziyo payqadiki, poytaxtda faoliyat yurituvchi, “harbiy yozuvchi” nomi bilan mashhur jurnalist Hamid Tojiboyevga o'g'ilchasini ro'baro' qilib: “Hamidxon, shu o'g'limni o'zingiz tarbiyalab berasiz. Maktabni bitirsa, Toshkentga — oldingizga boradi”, deb tayinlaydi.

O'shanda Odiljon 6-sinf o'quvchisi edi. Oradan yillar o'tdi. Maktabni tamomlagan yigit akalariga rahmatli dadasining orzusini, uzoqroq qarindoshlari bo'lmish Hamid Tojiboyevning lafzini eslatdi.

Toshkent poligrafiya texnikumida tahsil olayotgan Odiljon Hamid Tojiboyevning yurish-turishi, ba'zan kechalari, ba'zan tong sahardan stolga muk tushgancha nimalardir yozishini kuzatar, jurnalistga xos madaniyatiga havas qilardi.

Yuragiga tushgan xuddi shu havas uchqunlari keyinchalik alangalana boshladi. Texnikum tahsilidan keyin harbiy xizmatga borib kelgach, Chortoq tumanlararo bosmaxonasida ish boshladi. Ish orasida tuman gazetasining qishloq xo'jaligi bo'limi mudiri Sodiqjon Daminovdan topshiriqlar olib, xabar, lavhalari bilan gazeta sahifalarida ko'rindi. Bu kichik muvaffaqiyatlar onajonisi Salomat ayaga olamjahon quvonch bag'ishlardi.

Olti o'g'lon va bir qizni sog'lom o'stirish, birovdan kamitmaslik chorasi bilan kuymanuvchi onani quvontirish Odiljonga o'zgacha ishtiyoq berdi. Endi u oddiy xabarlar yozish bilan cheklanmasdan, yirik hajmdagi lavha, reportaj, tanqidiy-tahliliy maqolalar yozishga kirishib ketgandi. Bular shunchaki havas, oddiy qiziqish emas, jiddiy orzu, niyat, aniq maqsadli intilishlar ediki, bosmaxona va tahririyatdagi chiniqish bilan Odiljon Inomov Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga sirtdan o'qishga kirdi.

Odiljon viloyat markazida, “Xalq irodasi” gazetasida — nisbatan kengroq muhitda ishlay boshladi. Endi u bir qancha loyihalar bo'yicha o'z takliflarini viloyat rahbariyati oldiga qo'yishga chog'landi. Viloyatda yoshlar nashri bo'lishi haqidagi taklifi bilan “Kamolot” gazetasi chop etila boshladi. Qo'shni viloyatlarda allaqachon nodavlat televidenielar tashkil etilib, faoliyati rivojlanayotgan bir paytda Namanganda “Biznes fond” rahbari Jakbarali Mustaqimov muassisligida “Tashabbus” reklama-tijorat studiyasiga asos solindi.

Yangi telestudiyani zarur jihozlar bilan ta'minlash, vodiyliklarga sifatli ko'rsatuvlar taqdim etish uchun malakali ijodiy-texnik xodimlardan iborat jamoani shakllantirish Odiljon Inomov zimmasida bo'ldi. Qisqa muddatda o'z muxlislarini topib ulgurgan “Tashabbus” telestudiyasi kengayib, “Sharq” televideniesiga aylandi. Bu jarayonga bosh-qosh bo'lgan Odiljon Inomov yangi-yangi ko'rsatuvlar g'oyasi bilan telejurnalistlarga ibrat bo'la oldi.

“Ustozlarsiz hech kim bo'lmasdim!” Bu gap yaqinda Odiljon Inomovning “Iste'dod ziyo press” nashriyotida chop etilgan “Men bilmagan dunyo” biografik ocherk kitobidagi sarlavhalardan biri. Kitob bilan tanishib, Odiljon chin ma'nodagi ustoz ko'rgan shogird ekanidan quvonasiz.

Filologiya fanlari nomzodi Mahmudjon Ma'murov, publitsist adib Muhammadjon Tojiddinov, tajribali matbaachi Sa'dulla G'aybullayev, Omonulla Qambarov, Talabboy Nazirov, Sobirjon Turg'unov, Farhod Yo'lchiyev, G'ulomjon Akbarov, Yo'ldoshali Samiyev, Tojiddin G'oziyev, Jumavoy Musayev, Abdug'ani Abduvaliyev, Abdulla Jabbor, Mahmudjon Parpiyevlardan olgan kasbiy saboqlari o'ziga hamon asqatayotganini Odiljon minnatdorlik bilan e'tirof etadi.

Qo'liga umid bilan qalam tutgan kishi faqat jurnalistik janrlardagi ijod bilan cheklanolmaydi. Bu odatiy an'anami yoki iste'dod sohiblarining tomirsurar tug'ma iqtidorimi, ajratish qiyin.

O.Inomov ham Jur'at, Odiljon Muhammad taxalluslari ostida hajvchilik yo'nalishida badiiy ijod bilan astoydil shug'ullanadi. “Tabassum” radiojurnali efirida, “Mushtum” jurnali sahifalarida Odiljon Muhammad qalamiga mansub hajviyalar saksoninchi yillardan boshlab e'lon qilib kelinadi. “XXI asr” gazetasining vodiy viloyatlari bo'yicha muxbiri lavozimida ishlaganida ham badiiy ijoddan to'xtagani yo'q.

Keyingi yillarda viloyat hokimligi muassisligidagi ijtimoiy-siyosiy nashr — “Namanganskaya pravda” gazetasiga muharrirlik qilayotgan O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Odiljon Inomov zamonaviy mediamaydonda ham o'ziga xos tashabbuskorligi bilan ijodiy qobiliyati va iste'dodini yorqin namoyon etmoqda. Gazeta sayti va telegram kanalida, shuningdek, feysbukdagi “Jur'at” sahifasida e'lon qilayotgan zalvorli maqolalari buni isbotlaydi.

Badiiy ijod namunalari esa “Xo'jayin, necha pullik kuldiray?”, “Holvani kim yedi?” deb nomlangan kitoblari orqali muxlislari qo'liga yetib, xalqning ma'naviy mulkiga aylandi.

Inson qaysi kasb-hunar ortidan muvaffaqiyat qozonmasin, uning eng vafo qiladigan davlati, quvonchining barqarorligi oiladagi baxtli muhit bilan totimlidir. Odiljon turmush o'rtog'i Muqaddasxon bilan uch farzandni tarbiyalab el koriga qo'shdi. Bu xonadonda hamjihatlik va mehr-muhabbat mudom barqaror.

Oltmish yosh qutlovlari va qirq yillik ijodiy mehnat faoliyati davomidagi erishgan muvaffaqiyatlari ila yangi dovonlarni ko'zlab, qalamini astoydil charxlagan ko'yi sohaga, hayotga, odamlarga mehr qo'ygan hamkasbimizning umriga, ijodiga barakot, o'ziga mustahkam sog'lik tilaymiz.

Nosir ABBOS.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 6 =