Ustozning o'gitlari
Har qanday inson umri uning savobli amallari, ezgu ishlari bilan bezakli va fayzli kechadi. Ana shunday fazilatli umr sohiblaridan biri, hayotida ko'plab yoshlarga ustozlik qilgan, jurnalistikadek mashaqqatli va savobli sohada o'ziga xos iz qoldirgan, bugungi kunda qutlug' yoshda bo'lishiga qaramay, hamisha jonsarak va fidoyi ustoz Abdusamad Isoqov haqida dil so'zlarimizni aytishni istadik.
Abdusamad Isoqov O'zbekiston radiosiga juda yoshligida kelgan. Dastlab, kichik muharrir bo'lib ishladi va dorilfununda jurnalistika nazariyasidan saboq oldi. Kasbga bo'lgan e'tiqodi, tirishqoqligi, ishga mas'uliyat bilan yondashishi tufayli amal pillapoyalaridan tez ko'tarildi. Oradan ko'p o'tmay muharrir, katta muharrir, bo'lim boshlig'i, bosh muharrir lavozimlariga munosib ko'rildi. Rahbariyat ustozning iqtidorini inobatga olib, O'zbekiston radiosining dasturlar direksiyasi, so'ng hududiy teleradiolar bilan ishlash bosh boshqarmasining boshlig'i qilib tayinladi.
Ustoz radio va televidenieda ellik yilga yaqin faoliyat olib borib, qo'lidagi qalami-yu dadil qadamlari bilan o'chmas iz qoldirdi va hanuz ijod bog'larida barakali sayr qilmoqda.
Abdusamad Isoqov tashabbuskorlik bobida, ayniqsa, ibratli ishlarni amalga oshirdi. O'zbekiston radiosida “Toshkent shahri va viloyati mehnatkashlari uchun eshittirishlar” bosh tahririyati, “Sanoat” bo'limini bosh tahririyatga aylantirish, “Axborot” tahririyati tizimida “Xalqaro hayot” bo'limi, milliy teleradiokompaniya qoshida “Xodimlar malakasini oshirish markazi”ini tashkil etishda bosh-qosh bo'lganliklarini biz tengqur kasbdoshlar juda yaxshi bilamiz. Ayniqsa, mustaqilligimizning dastlabki yillari boshqarma boshlig'i bo'lib, viloyatlarda yangi telestudiyalar tashkil etishda tinim bilmay ishladi. Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida yo'q joydan bor qilib telestudiyalar ochishning o'zi bo'lmasligini o'sha davrni ko'rganlar yaxshi anglashadi.
O'zbekiston radiosida “Tabassum” ko'ngilochar dasturi, “Qarmoq” tanqidiy eshittirishi qatorida ustoz “Sanoat” tahririyati hamda “So'nggi axborot” bosh tahririyatida “So'nggi axborot” tanqid qiladi”, “Oqshom to'lqinlarida” nomli axborot-musiqiy eshittirishlar tashkil etib, chaqmoqday charaqlab maydonga chiqqan edi. Mitti felyeton va o'tkir tig'li tanqidiy eshittirishlarda o'sha davrlarda iqtisodiyotimizga to'g'onoq bo'layotgan olg'ir poraxo'rlar, ta'magirlar, mahalliychilik qilayotgan idora va tashkilotlar rahbarlari, yelvizak-fe'lu suvarakmijoz kishilarning harakatlari shafqatsizlarcha tanqid qilinardi.
Abdusamad Isoqov tomonidan tayyorlanib, efirga uzatilgan “O'zbekiston ishchisi”, “Oqshom to'lqinlarida”, “Siyosiy sharhlovchilar davrasida”, televidenieda “Diyor”, “Hazrati inson”, “Muvozanat”, “Istiqlolim-istiqbolim” singari mualliflik ko'rsatuvlari hozir ham o'z dolzarbligini yo'qotmagan, desak, yanglishmaymiz.
Abdusamad aka keksalik gashtini suradigan yoshda ham ijod ummonida suzmoqda. “Men ishchiman” ocherklar to'plami, “Jurnalistning zavqli va mashaqqatli hayot yo'li”, “Ezgulik izlab”, “Sharhlovchilik beshigini tebratganlar”, “Mahallam — faxrim, iftixorim” (qizlari Nargiza Isoqova bilan hamkorlikda) singari kitoblari o'quvchilar tomonidan qiziqish bilan kutib olingan.
Radio va televidenie sohasida boy tajribaga ega bo'lgan Abdusamad aka Isoqov hech qachon shogirdlaridan qimmatli maslahatlarini ayamaydi. Ular bilan hamsuhbat bo'lganida, doim: “Vaqt g'animat. Sizlar ham shuncha yil ishlab, ustoz maqomiga erishyapsizlar. Televidenie va radio sohasida orttirgan tajribalaringiz va xotiralaringizni hozirdan to'plab, kitob qilishga kirishsangiz, bo'lg'usi hamkasblarimizga nafi tegardi, ular tariximizdan voqif bo'lishar edi”, deya shogirdlari qalbida ijod urug'ini jonlantiradi.
“Jurnalist hayotda sodir bo'layotgan barcha voqea-hodisalardan boxabar bo'lmog'i, yozajak ob'yekti —tashkilotmi, korxonami yoki qahramonini ham yaxshi bilmog'i, so'ng qo'liga qalam olmog'i, mikrofon tutmog'i darkor. Yana bir maslahatim: tanqid birovdan o'ch olish uchun emas, balki haqiqatni ulug'lab, xalqqa halol xizmat qilish uchun yozilishi kerak. Shuningdek, nimani yozish kerag-u, nimani yozmaslik ma'qulligini esdan chiqarmasligimiz lozim”, deb ta'kidlaydi.
Ustozning mashaqqatli ijod yo'li, qimmatli pand-nasihatlari jurnalistikaga endi qadam qo'yayotgan yoshlar uchun ibratlidir.
Qobilbek KARIMBEKOV,
Komiljon KARIMJONOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalistlar,
Azimjon PO'LATOV,
Xalqaro “Oltin qalam” mukofoti cohibi.
