“Gullayotgan bir asoman men…”

Muallif haqida: Abdulla Sher (Abdulla Sherov) 1943 yil 5 avgustda Chinoz tumanida tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Ko'klam tabassumi” (1973), “Alyor” (1977), “Atirgul soyasi” (1979), “Roz” (1980), “Kuz hiloli” (1983), “Qadimgi kuy” (1987), “Nuqtadan so'ng” (1989), “Toqat” (1997) kabi she'riy to'plamlari nashr etilgan. “Axloqshunoslik” (2003) o'quv qo'llanmasi muallifi. J. Bayronning “Don Juan” she'riy romani, K. Kaynening “Olmoniya” dostoni va “Qo'shiqlar kitobi”ni, A. Pushkin, A. Nekrasov, A. Axmatova asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan.

 

* * *

Kechir, Tangrim, goh ketsam toyib,

Netay, hanuz norasoman men,

Borlig'imni yomg'irga chayib,

Gullayotgan bir asoman men.

 

Gar suvratan sochda qor, biroq,

Siyratimda cho'g'namoman men,

To'rt fasl ham ko'klamga o'rtoq,

Gullayotgan bir asoman men.

 

Shukr, ilhom umrimga shaydo,

Garchand goh-goh g'amsaroman men,

Ikki asr oralab, yakto

Gullayotgan bir asoman men.

 

* * *

O'zimni ko'tarib yashayman o'zim,

So'zimni ko'tarib yashayman o'zim,

Ko'zimni ko'tarib yashayman o'zim

Bu yolg'on dunyoni tuyganim uchun.

 

Ajdodlar xokini deb: “Ota yurtim!”,

Yaproqdek sarg'aydim, kurtakdek bo'rtdim,

Bo'yinturuqdagi G'irotdek yo'rtdim

Vatan dardlariga kuyganim uchun.

 

Kimman, deb zamondan o'zni so'ratdim,

Yilu oy, kunimni nurga qaratdim, –

Umrimni cho'g' qilib, elga tarqatdim

Jafokash xalqimni suyganim uchun.

 

                 BARMOQLARIM

Barmoqlarim qog'oz yuzida shunday tez yuguradiki,   ba'zan men emas, ular o'zidan o'zi yozayotgandek tuyuladi.

Valter Skott.

Barmoqlarim, shoshqaloqlar,

Muncha shoshib netasiz?

Qarab tursam, chopib, hatto,

Mendan o'zib ketasiz.

Pichoq bilan jon talashgan

Qalam uchi – do'stingiz.

Ilhom degan yorni ko'rar

Men ko'rmagan ko'zingiz.

 

Goh oq qog'oz qorayganda

Uyg'ongan dardingizdan,

Hatto fikr yetolmaydi

Quvalab ortingizdan.

 

Tog' haqida yozsangiz gar,

Buloq qaynar qoyada,

She'rdan daraxt o'stirsangiz,

Xushbo'y yashar soyada.

 

Umrim sizmi? Siz umrmi? –

Bilganim shu: Tozasiz!

Qarsaklarga vaqtingiz yo'q,

Qalb tarixin yozasiz!

 

                        TONGDA

Jiydalar bargining shildirashini

Dutorning kuyidek tinglab turaman

Va so'nggi yulduzning miltirashini

Kun bo'yi yodimda olib yuraman.

 

Tongni qarshilagan vazmin daraxtlar

Quyoshni ko'ray deb bo'ynini cho'zar.

“Chirq-chirq”lar boshlanar

tugab “chax-chax”lar,

Bog' qushlar tilida ko'klamdan so'zlar.

 

Anhor o'sha-o'sha: oqadi to'lib,

Chaqirib ninachi — tanishlarini,

Suvning suvratini chizmoqchi bo'lib,

Mo'yqalam qiladi qamishlarini.

 

Tun, kun, bog', suv – bari, garchandki o'sha,

Lekin men har tongda go'yo yangiman.

Balki menga yermas, osmondir go'sha, –

Tuprog'im qaysidir yulduz changidan?!.

 

Ha-da! Nega kerak shuhrat, as-asa,

Bas, qushlar ismimni basma-bas aytar…

Meni ko'kka boshlab ketgan falsafa

Ochiq daftarimga she'r bo'lib qaytar.

 

* * *

Ariqlarning sayrashidan mast,

Tebranadi yelda giyohlar.

Yulsang, hatto qo'lingni kesmas

Xanjarlikdan kechib qiyoqlar.

 

Uyg'otadi bog'ni ildizlar,

Kokil yoyib, yayraydi ishkom.

Qiqirlashib, qizarar qizlar

Quvlab kelsa kelin degan nom.

 

Bolarilar kuyin eshitib,

Oq bulutga aylanar daraxt

Va she'rimga umr baxsh etib,

Shoxlar aro sano aytar Vaqt.

 

* * *

Taqdir shamolini bir chetda kutib,

Zoriqqan qoqigul urug'i misol

Botguvchi quyoshning nuridan tutib,

Olis dalalarga boshlaydi xayol.

 

O'zgacha sas berar unda qirg'oqlar

Zovurda qamishlar qo'shiq aytganda,

Ufqqa bosh urib kuylar yiroqlar

Turnalar “qur-qur”lab takror qaytganda.

 

O'tkir hid chechaklar, kelsa gul sayli,

Kutar bo'yqizlarni xushbo'yga to'lib:

Bir lahza tursa bas, – uzsalar mayli, –

Nim ochiq yoqaga tugmadek bo'lib…

 

Va lekin bugun yo'q senlashgan ko'klam,

O'sha kengliklarga singgan aks-sado;

Hamrohim – ohori to'kilgan olam

Men bilan gaplashar sizlashib, sipo.

Chopqir bolakaydek shamolga oshna

Yoshlik o'tib ketdi zumda “zuv-zuv”lab.

Men daryo bo'yida o'ltirgan tashna,

Suv to'lib oqar-u, namlanmaydi lab…

 

                  OLIS BOLALIK

So'nggi qor oralab maysalar dadil,

Ko'klamni chaqirib ko'tardilar bosh;

Ariqning shashtidan yupqa muz chil-chil,

Bulutni sal surib, jilmaydi quyosh;

 

Ishqiboz yellarning silashlaridan

Qizarib bo'rtdi xo'p tafttalab kurtak;

Zaminning oftobni tilashlaridan

Daryo deb his qildi o'zini ko'lmak;

 

Uyg'ondi xaslarni surib yalpizlar,

Ko'z-ko'zlab qizg'ishtob tanin, kerishdi;

Yalpizdek bo'y sochgan suluv bo'yqizlar

Qiqirlab qirqkokil sochin o'rishdi;

 

Yigitlar qoq tunda chalgan hushtaklar

Adashmay topdilar manzillarini;

Chol-kampir atalgan shirin turshaklar

Adashtirib qo'ydi, voh, yillarini;

 

Quyosh ham, bulut ham tez-tez adashar,

Faslini unutar osmon ham goho;

Ko'klam shoshiladi, odamlar shoshar,

Hislarni shoshirar shoshqaloq dunyo;

 

Qora qarg'alarning muddati tamom,

Ko'kqarg'a xo'jayin daraxtu simga…

“Olis bolalik” deb qo'ydi shoir nom

So'z bilan chizilgan ushbu rasmga…

 

                         SONET

Olis daralardan kelguncha har gal

Jarangin yo'qotgan baland tovushdek,

Vujudlar quloqqa aylangan mahal

Sukutchan til bilan dildan qovushdik.

 

Qanotimiz quchdi osmonni avval

Muhabbat shaxtidan semurg' qushdek,

So'ng bizni chorladi yalpizbo'y hamal,

Bug'langan zaminga urug'dek tushdik.

 

Kel, jonim, sochingga tolpopuk ula,

Yoshlik bir zum aytsin bizga ashula,

Bizni do'st deb bilar qara, har bir tol, —

 

Ikkimiz dunyoda bir chimdim ko'klam,

To'ldirib yashaymiz neki bo'lsa kam, –

Asl baxt degani shudir, ehtimol.

 

                   O'YLAR

Yag'ir qildi, evoh, yelkamni

Tashvishlari ko'hna dunyoning;

Bir daraxtdek o'stirdim g'amni

Tuxumini izlab Anqoning, —

Aytgin, Tangrim, o'zi kimman men,

Aytgin, tutay kimning baridan?

Bir kun so'zlab, o'n kun jimman men,

Shirin orzu o'tar naridan.

 

Nima qildim dunyoda, axir,

Qachon kelar men kutgan Bugun?

Bir kun shirin, o'n kunim taxir,

Bir kun ruhman, vujudman o'n kun.

Chorlov bilan aksi sadoni

Farqlolmadim, yashadim sizlab.

Men izladim baxtli ma'voni

Bir xivichni G'irotga mengzab.

 

Savollardan aylanar boshim, —

Olisdadir javoblar shahri.

Yonib borar ich bilan tashim,

Chanqoq bosmas kitoblar nahri.

 

Meni ezar qadimiy jabr,

Tepchib chiqar ko'zga asriy yosh.

Sabr bergin, Allohim, sabr,

Kosa bo'lsin sabrga bu bosh.

 

Oyoqlarim ostidan, hayhot,

Ovoz bo'lib chopadi yo'llar.

O'ngman deya qichqirar bot-bot

To'rt tarafni quchoqlab so'llar.

 

Shundan goho dostonlarimga

Ko'chat qilib dodni ekaman,

Dardlarimning xirmonlariga

Satrlardan qanor tikaman.

 

Lekin ba'zan sezaman ajib

Xayolotning sharpalarini.

Shunda bari tuyular najib,

Men sevaman boru barini.

 

Goh tarixdan kelgan ovozda

Tushlar aro yangraydi otim,

Yoritadi uyni qog'ozda —

Yashayotgan buyuk Hirotim.

 

Tashda esa hanuz yaltirab,

Oy bo'lay deb tinmaydi hilol,

Yaproqlarga chapak chaldirib,

Daraxtlarni o'ynatar shamol.

 

Kimdir deydi: “Bor ekan oxur, —

Egilishda davom etar bosh!.. ”

Shu hikmatda to'xtaldim, oxir,

Sakson tomon qaraganda yosh.

 

* * *

Xarobot aro kirdim oshuftahol

May istarga ilkimda sing'on safol.

         Alisher Navoiy.

Netay, kelisholmay ko'priklar bilan,

“Hayt!”, deya mavjlarning ustidan chopdim,

Tirik suhbat qurib o'lganlar bilan,

Qadim kitoblardan bugunni topdim.

 

Go'yo daraxtidan ajragan soya —

Uzoqlab boraman men tosh yo'llardan.

Yolg'iz Yaratgandan so'rab himoya,

Haqiqat izlayman izsiz cho'llardan.

 

Netay, sindirdilar, may to'la xum deb,

Xarobot ahliga eltar ko'zamni.

Bilmam, qanday ko'ray, endi sizga ep

Singan sopoldagi siniq so'zimni.

 

Ne tong, qars-qurs etib, bersa aks-sado

Egilmay, singan so'z nogahon she'rda:

Hazrat Navoiyga qilib iqtido,

Osmonni sotmasdan yashadim yerda!

 

* * *

Kimning bo'lsa o'z haqiqati, –

Xoh kattaroq, xohi kichikroq, –

Yoritadi kelib fursati

Taqdirini bamisli chiroq.

 

Biri sochar nurin uzoqqa

Katta yo'lda – yorug'likka mo'l,

Biri esa kichik so'qmoqda

Milt-milt qilib, ko'rsatadi yo'l.

 

Haqiqatsiz kimsalar –   sho'rlik,

Nur ko'rinmas yuraklarida,

Qismatidir ularning ko'rlik –

Ikki ko'zi kuraklarida.

 

Lekin kimki haqiqattalab –

Shaxt bag'ishlar uchqunimizga:

U o'tolur tarixni hatlab

Biz yashagan bugunimizga.

 

* * *

Chopaverma halloslab, odam,

Chegaman deb har bir siniqqa,

Shoir aytmish: “Ikki dunyong ham

Arzimaydi bir xo'rsiniqqa!”

 

Quvonchni ich, g'amni nondek yeb,

Axir, umring ilohiy tortiq.

Bu dunyo deb kuyinma hadeb,

U dunyo deb talpinma ortiq.

 

Qara, maysa qolar har qishdan,

Sen ham maysa bo'lishni o'rgan;

Attorni lol qilgan darveshdan

Kulib turib o'lishni o'rgan.

 

Armonlarni unut butunlay,

Hammasiga sen jilmayib boq

Va yarq etib uchgan yulduzday

Nur shaklida yerga qarab og'.

 

* * *

Agar kimdir mengga qo'l cho'zsa,

Men qo'lini ko'rmagan bo'lsam,

Kimdir mendan agarda o'zsa,

Unga qarsak urmagan bo'lsam,

 

Do'stlar denglar shunda: “Senga suf!

Torligingdan toraydi olam; —

Shoir bo'lib, bo'lib faylasuf,

Bo'lolmabsan hali ham odam!”

 

                                                         Abdulla Sher

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 20 =