Sovg'a

Hazilni tushunmaydigan odamlarni ko'rishga ko'zim yo'q. Bunday odamlar jamiyatga katta zarar keltirishlarini o'zlari ham bilishmasa kerak.   Bir do'stim bor, hazil bilan chinni farqiga bormaydi. Uni yigirma yildan beri har 1 aprelda, yangi yil va Xudoning boshqa kunlarida hazillashib, chuv tushirib yuraman. Uni yakshanba va bayram kunlari “shoshilinch tarzda” ishga chaqirib qolishadi, ishdaligida esa tezda uyga yetib borishi yoki falon joyda kimdir — birov uning yordamiga intizor bo'lib turgan bo'ladi. Albatta, bular mening hazillarim bo'ladi va mazza qilib kulmoqchi bo'lganimda: “O'rtoq, bunaqamas-da, endi kichkinamasmiz, boshqa qaytarilmasin”, deydi xolos.

Ana shu do'stimga yaqinda oxirgi marta judayam qaqshatqich hazil qildim-u, uning hazilni tushunmaslik kasalini davolab bo'lmasligiga ko'zim yetdi,   bunga kattakon nuqta qo'ya qoldim. Voqea bunday bo'lgandi.

Ikkalamizni tajriba almashlash uchun korxonamiz xizmat safari bilan Xitoyga yubordi. Ikki hafta Shanxay shahrida bo'lib, mazza qildik. Qaytishdan oldin uydagilarga sovg'alar xarid qilish uchun do'konlarni aylandik. Xotinlarni xursand qilish uchun, ularning ikkisiga ham bir   xil qip-qizil charm etikchalar   sotib oldik. Yotoqxonamizga qaytgandan so'ng, uning ko'zini shamg'alat qilgancha etiklarni poyma-poy qilib almashtirib qo'ydim. Xotinimga ikkita chap, unikiga esa ikkita o'ng oyoqniki bo'lib qoldi. Endi uyiga borsa, xotini boshida yong'oq chaqishini o'ylab, miyig'imda jilmaydim.

Xullas, hujjatlarni rasmiylashtirishu, yuklarni yig'ishga ikki kunni sarflab, nihoyat jonajon xotinlar huzuriga qaytdik. Sovg'alar bilan.

Xotinim so'rashishni nasya qilgancha o'ziga atalgan qutilardagi   qip-qizil etikchalarni bag'riga bosgancha, do'stimga qilgan hazilim haqida og'iz ochib ulgurmay, ularni kiyib ko'rishga tushib ketdi. Va “Bilardim, bir narsani boshlaysiz deb! Hazillaringiz jonimga tegib ketdi! Nimaga ikkalasiyam bir oyoqniki?! Qani asl poyi!” — deb arazlay boshladi.

Bir iloj qilib, voqeani tushuntirganimdan so'ng uning chiroyi ochilib: “Boplabsiz! Qani bir dugonamga telefon qilay-chi, erini nima deb haqorat qilarkan?!” — deya, telefonning ovozini eshitiladigan qilib qo'ydi:

— Etikchalar moro bo'lsin, dugonajon!

— Rahmat, o'zingizgayam moro bo'lsin! Xo'ja­yinimdan bunday sovg'a olaman deb kutmagandim. Yaxshiga yaqinlashsang murodga yetasan deyishadi-yu. Xo'jayiningizga rahmat! Qalay, loppa-loyiq ekanmi? — dedi do'stimning xotini sir boy bermasdan. — Meniki ozgina qisdi-yu, biror haftada loyiq kelib qoladi. Hali, yangi-da. Do'kon bahona qo'shnilargayam ko'z-ko'zlab qaytdim. O'zingizam ko'rsatgani chiqqandirsiz?!

Ha-a, — bunaqa paytlarda yolg'onning onasini Uchqo'rg'ondan ko'rsatvoradigan xotinim chap oyog'idagi etikchaga qaragancha arang javob berarkan, go'shakni berkitgancha : “Yolg'on gapirishini qarang buni! Meni aldamoqchi!” – deya menga shivirladi va o'smoqchilashga tushdi:

— Ikkalasida chiqib keldingizmi yo shoshganingizdan bittasida chiqdingizmi?

— Voy, hazilingiz bor bo'lsin, o'rtoq, albatta ikkalasida! Ha-ha-ha!!! – do'stimning xotinining xandon otib kulishi xotinimning emas, mening hazilimdan zavqlanayotganday bo'lib tuyuldi menga. — Keling dugonajon, hangomalashamiz!

— Hangomalashishni ko'rsatib qo'yaman! – dedi xotinim telefonni jahl bilan o'chirarkan. — Hoziroq borib, o'ng poyimni qaytarib olaman! Tag'in kattartirib yubormasin!

— O'zingni bosib ol! – deya chap poy etikchani suvqog'ozga solayotgan xotinimga tasalli berdim. – Avval ko'zing bilan ko'r, keyin vaziyatni sekin tushuntir.

Dugonasinikiga bir ketsa uch-to'rt soatsiz qaytmaydigan xotinim, bir soatga bormay suvga tushgan mushukday uyga kirib keldi.

— Hazilingizam qursin! — Xotinim qo'ynidagi chap poy etikchani suvqog'ozdan chiqargancha uyda qolgan yana bitta chap poyning yoniga irg'itdi. – Necha marta aytdim, shu o'rtog'ingizga hazil qilmang deb! Hazilni tushungan odamga qiling!

— Nima, etigingni bermadimi? — dedim yuragim tovonga tushgancha. – Ikkita o'ng oyoqni nima qilarkan unaqada?!

— Hamma balo shunda-da! – dedi xotinim bosh­og'riq dorini og'ziga tashlarkan. — Uning ikkala etigiyam joyida. Aytishicha, eri qutini ochib ko'rib, do'kondagilar adashgan bo'lsa kerak deb, almashtirib olgan ekan. Sizniki joyidami deb so'raganiga o'laymi?!

— Ie!   Shunaqa qilibdimi, pismiq! – dedim hazilni tushunmaydigan do'stimdan jahlim chiqqancha. — Buni hazilligini bilmaganmikan?! Bilgan! Bila turib atayin shunaqa qilgan! Aytmadingmi!

— Qandoq aytaman?! – dedi xotinim bir-biriga chappa qarab yotgan ikkita chap poy etikchalarga g'amgin qarab. – Sharmandalik-ku! Yaxshiyam, birrovga kirdim, deb paltomni yechmaganim. O'zimnikini rangi yoqmadi, singlimga sovg'a qilmoqchiman dedim. Boshqa nimayam deyman.

— Yaxshi qilibsan, — dedim orkash xotinim­­ni yoqlab. — Bunaqa paytda sir bermaslik kerak.

Shu-shu, do'stimga hazil qilishni yig'ishtirdim. Boshqa, hazilni tushunadigan do'st topmoqchiman. Bir tahririyatga bo'lgan voqeani bayon qilib, hazilni tushunadigan do'st qidirayotganimni ilova qilganimda, muharrir qiz: “Mayli, yordam beramiz, telefoningizni tashlab keting!” – dedi. Hali mushtdekkina bo'lsayam-chi, ancha hazilni tushunadigan qizligi ko'rinib turibdi. Mayli, sizlar do'st topib beramiz deysizlaru, telefonimni ayaymanmi deya, Xitoydan olib kelgan sabzitaxtaday ayfonimni o'sha qizga qoldirgancha chiqib kelaverdim. Xullas, telefonim tahririyatda! Qo'ng'iroq qilishlaringizni sabrsizlik bilan kutishmoqda, hurmatli hazilkash do'stlar!..

Olloyor Begaliyev

 

Muallif haqida: Olloyor Begaliyev Toshkent viloyatida tug'ilgan.

Uning “Sehrli uyqu” (1990 y.), “Yolg'onga ishongan daraxt” (1992 y.), “Bir buloq bor” (1994 y.), “Rangin qorlar” (2003 y.), “Jin chalgan juvon” (2005 y.), “Bekobodlik samuray” (2010 y.), “Yaxshilik zanjirlari” (2021 y.) kabi kitoblari chop qilingan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Shuhrat” medali sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − 8 =