“Ko'za sinmaganida…”

“Ko'za sinmaganida…”

 

…O'qish boshqa ekan-u, uqish boshqa ekan. Ayniqsa, jo'rnalist bo'lish uchun ozgina Xudoyim yuqtirmasami… Gapirmay qo'yavering! Tig'iz paytda bir abzas matn yozish uchun kechgacha ketmon chopishga rozi bo'lasiz. Rost aytayapman. To'rt-beshta ma'lumot bilan xonaga kun bo'yi qamab qo'yishsa ham bir chiziq mantiqli jumla tuzolmaslikni kamina boshimdan o'tkazganman. Hoyu-havas bilan jo'rnolist pakultetiga hujjatlarni topshirdim. Omadimni berdi chog'i TESTdan muvaffaqiyatli o'tdim. “Akang qarag'ay, oliy dargoh talabasi”, deb to'rt yilni qanday o'tkazganimni ham sezmay qolibman. Dip­lom qo'lga tekkach, buyog'ida naqd “buksovat” qilib qoldim-ku!…

To'g'risi, bir ikkita tahririyatga ishga kirdim. Ikkisida ham sinov muddatidan o'tolmadim. Qo'limdan ish kelmasligini sezib qolishdi. Haqiqatan ham hammasi oydek ravshan edi-da. Maktabga ishga kirishga urindim, afsuski: “sohangiz to'g'ri kelmas   ekan”, deb yaqinlashtirishmadi. Bosh qotdi. Nihoyat, yo'lini topgandek bo'ldim. Omadim chopdi. Bitta boshqarmaga axborot xizmatiga ishga bir amallab joylashib oldim. Internetga u yoq, bu yoqdan tayyor matnlarni olib, ma'lumotini almashtirib qo'yib rahbarni oldida ishlayotganimni ko'rsatib turdim. Xudo omadingni bersa, hech gap emas ekan. Ish bilganga ming tangga, deya bundan zo'r “yo'li”ni topdim-qo'ydim. Boshqarma tizimidagi rahbarlarga qo'ng'iroq qilib: “Yangi haftada gazetada chiqishingiz bor. Maqolani mukammal tayyorlab yetkazing! Oddiy xatosi bo'lsa ham boshliqqa “Bildirgi” kiritaman!”, deya telegrammdan xabar yozaman. Ortiqcha bosh qotirishga hojat ham qolmaydi…

….To'g'ri, tizimdagilar jo'rnolist emas. Ammo topshiriqni bajarish uchun kimgadir iltimos qilibmi, nima yo'l bilan bo'lsa ham maqolani kaminaga tayyor jo'natishadi. Menga, shuning o'zi kifoya. Ular qay yo'sinda tayyorlashlarining qizig'i yo'q! Maqolani olgach, o'zim mo'ljallagan bosma nashrga jo'nataman. Kezi kelganda, o'zimni nomimni qo'shib, hammualliflik ham qilaveraman…

…Shu “Ko'za kunda emas, kunida sinadi”, deb kim aytgan ekan bilmadim-u, ammo “qotirib” aytilgan ekan. Hech kim bilmayapti, deb gumbura qars yurgan payt­larimda “ko'zaning sinib qolgani” chatoq bo'ldi-da! Agarda, ha…ha ko'za sinmaganida hammasi silliq ketayotgandi…

Mendan ikki kurs tepada o'qigan hamkasbimga telefon qilib, bir piyola choyga taklif qildim, men ahmoq. Yaxshigina topayotganimnimi, sizlardan zo'rman, demoqchi bo'ldim-mi?! Xullas, suhbat asnosida:

— Tahririyatda maoshlar yaxshi bo'lib qoldimi?!, — deya so'radim yaxshigina maosh olayapganimni biroz pisanda qilib.

— Qaydan, Olchinbek! O'sha, o'sha… Obunani mazasi yo'q bo'lgandan keyin bir navi kun ko'rib yuribmiz. Ammo sizni topishingiz zo'rligini hamma hamkasblar aytib yurishibdi, — dedi birodarimiz.

Bu gapdan keyin biroz viqor bilan:

— Aka, axir o'ruslarda bir gap bor-ku: “Xochesh jыt umey vertitsya… midi?!” Ha, endi.., — deya davom etmoqchi edim. Aka: “ko'pchilik hamkasblar sizdan tez orada kattagina gonorar undirib olish­lariga umid bog'lab turishibdi”, deb qoldi. Shu payt tomog'imga bir nima tiqilgandek, ovozim biroz xirrillab: “nimaga?!” dedim shoshib.

— Sizning topshirig'ingiz bilan bosh­qarma tizimidan jo'natilayotgan maqolalarni tayyorlaganlar o'z uslublaridan ijodlarini tanib olishibdi. Hatto, ba'zilariga o'z nomingizni dadil qo'yayotganingizdan biroz ranjishibdi-yu, mualliflik huquqi doirasida birato'la kattaroq qilib yig'ib olamiz, degan niyatda yurishibdi-da. Bu — biz qalam ahlini tilida gonorar, deyiladi-ku!, — deya xotirjamgina gapirdi. Ishoning, shu payt­­da uni choyga chaqirganimga ming pushaymon bo'lganimni ham, “ko'za” singan yoki sinmaganini ham bilmay dovdirab qoldim…

 

“Yangisidan bormi?!”

 

Tabiatan o'ta jiddiy va talabchan, qatttiqqo'l, xarajatni ko'p ham xushlamaydigan   boshliqning vajohati bosh­qacha. Buni sezgan kotiba Shodiyaxon allaqanday hadik aralash salom berdi-yu, ko'zlarini olib qochdi. Ayni paytda nozlanishni fursati emasdi.

Salim Sabirovich qadrdon kreslosiga o'tiriboq: “Nahot ikki kundan beri chiqasa bo'laversa. Unga sarf, bunga sarf… Kamiga xotinni ham xarajati tugamaydi”, deya g'udurlab, tugmachani bosdi. Eshik oldida yoshi o'ttizga yaqinlashsa ham turmush qurishni hayoliga keltirmaydigan, faqat bo'sh qoldi deguncha o'ziga oro berib o'zidan quvonadigan Shodiyaxon paydo bo'ldi.

— Menga zudlik bilan profsoyuzni chaqiring, — dedi qovog'ini nosqovoqdek osiltirib. — Zudlik bilan kirsin oldimga, ikki haftadan beri ko'rmayman. O'zi nima bilan band?! — deya kamiga stolni mushtlab qo'ydi. Mushtning zarbiga esa kotiba bir seskanib tushdi. Boshliqni bu holda anchadan buyon kuzatmagan kotiba profsoyuzni qidira bosh­ladi. Nihoyat   topolmagach, boshqalardan yordam so'radi. Besh daqiqa o'tib-o'tmay boshqarmada hamma oyoqqa turdi. Profsoyuzni topish kerak?! Ahvol chatoq. Xodimlar profsoyuzni topolmay, bir-birlariga: tinchlikmi?! Nima gap ekan?! Profsoyuz Yusuf qiziq nega telefonini olmayapti?!… Kimdir “profsoyuz pishdi!”, desa yana birov; “Buncha vahima qilasizlar. Yusuf qiziq xo'jayinni erkatoyi bo'lsa. Jin ham urmaydi”… deya muhokama qilishardi.

Bu to'polondan bexabar Yusuf qiziq esa qaysidir choyxonada odamlarni og'ziga qaratib, latifalari ortidan pul ishlayotgandi. U qayoqdan ham bilsin, bosh­liqning xunobi oshganligini.   Yaxshigina “qism”ni ishlashga keyingi paytda odatlangan Yusuf qiziq kulgu shaydolarini shovqinida telefon jiringlaganini eshitmagan ekan. Naqd bir soat davomida boshqarma xodimlarining qo'ng'iroqlari “propuщen”da turibdi. Buni ko'rib, boshqarmaga shamoldek uchdi. Qabulxonaga kirganda ham chuqur-chuqur nafas olardi.

— Hay, baraka topgur, qaerda edingiz?!   Na telefonni olasiz, na qorangizni ko'rsatasiz. Yana bu kishi profsoyuz, xo'jalik mudiri, kassir yana allanima balolar shtatidagi mas'ul xodim emish, — dedi kotiba.

— Mayli, mayli. Nima gap?! Eshik tagida “akademik” (istalgan mavzuga o'zicha aralashadigan qorovulni hamma “akademik” derdi ortidan) biroz vahima qildi. Tinchlikmi?!

— Tinchlik emas! Bir soatdan beri xo'jayin sizni qidirtiradi. Hatto haydovchilarini uyingizga ham yubordim. Uyda ham yo'qsiz! …

— Xo'jayinni avzoi chatoqmi?! Shuni ayting, shuni?!, — dedi Yusuf qiziq rangi biroz oqarib.

— Nimasini aytasiz. Kiring, tezroq. Hozir eshitadiganingizni eshitib, pattangizni olib chiqasiz, — dedi kotiba biroz viqor bilan.

Boshliq aylanma qora charm kreslosida o'girilgan bo'yi yalpayib o'tirardi. Yusuf qiziq: “Mumkinmi?!”, deya astagina qadam tashlab kirdi. Boshliq javob ham qilmadi, u tomonga hatto kreslosini ham burmadi. Bu holdan Yusuf qiziqni yanada vahima bosdi. Yashin tezligida xayolidan: “Finishga yetib kelibman, shekilli!” degan o'y ham o'tdi. Yana astagina:

— Xo'jayin, shu bir oz…, — deya dovdirayotgandi.

— Keldingmi, pichcha mizg'ib qolibman. Qani yangisidan bir juft ayt. Asablarni joyiga keltiraylik, — dedi bosh­liq kresloda viqor bilan bir aylanib…

 

“Mulozamat”

 

Sobir Sobirovich … bu nomni eshitgan xodimning “zir” titrashini yangi ish boshlagan kunim xonadoshim batafsil aytgandi. Ishlamay qo'ya qolay, desam o'zi bir amallab joylashgandim. O'sha kuni ish o'rganishdan ko'ra, Sobir Sobirovichning ko'ngliga “yo'l topish” haqida bosh qotirdim. Ora-sira hamkasbimdan u kishining fe'l-atvorini yana ham sinchkovlik bilan o'rganishga urindim. Xullas, garchi qattiqqo'l, kalondimog' bo'lsa-da, xushomadni o'ta yoqtiradiganlar xilidan ekan…

— Nastinboy ikkinchi rahbar sizni so'rabdi, bir kirar ekansiz, — deb qoldi xonadoshim. Men ikkinchi rahbar kimligiga qiziqdim:

— Kim edi, ikkinchi rahbar?!

— Axir bevosita bizni “kurator” — bo'lim boshlig'i Sobir Sobirovich-da, — deya sherigim miyig'ida kulib qo'ydi. O'zimga-o'zim, demak, “imtihon” bosh­landi: “yo ostidan, yoki ustidan”, deya ikkinchi boshliqni oldiga oshiqdim. Xonaga bosh suqib, “Mumkin-mi?!”, de­yishim bilan: “namuncha dovdiraysan, ukam! Tez pastdan suv olib chiq!”, deya topshiriq berdi. Bir “bakalashka” suv­ni xo'jayinga yetkazdim-u, mulozamatni joy-joyiga qo'ydim. Shu asnoda ko'nglim ancha taskin topdi…

Hammasi odamning o'ziga bog'liq. Qalovini topib qor yoqish hech nima emas! Mulozamatni “qotirib” qo'ysangiz, ishingizda muammo bo'lavermaydi. Qisqa fursatda Sobir Sobirovichning erkatoyiga aylanib qolganimga ayrim hamkasblarimninng “rashk”i kelgani, zimdan kulib yurishganini ham sezib turdim. Men ham ular nima fikrga borishsa boraverishsin, asosiysi “akaxon”ning ko'ngliga yo'l topdim-ku, deya xotirjam yuraverdim. Ammo xo'jayin quduqmi bilmadim-u, xonasida bo'lsa kun bo'yi ikki-uch bor suv so'rashi biroz hiqildog'imga kelgandi. Albatta xonasiga chaqirtiradi. “Mumkin-mi?!” deyishim bilan “Bitta suv olib chiq!”deydi. Ha, shuni telefonda aytsa ham bo'ladi-ku! 5-qavatga chiq, yana tush, yana chiq…Zang'ar juda amalparast ekan-a…

Tunov kuni kechki paytda uyimga endi yetib borsam, Sobir Sobirovich telefon qilib: “Tez huzurimga yetib kel!” deb qoldi. Tinchlikmikin, deya hovliqib yetib keldim. “Akaxon”ning xonasiga “mumkin-mi?!” deya endi qadam qo'yishim bilan: “Pastdan bitta suv olib chiq!”, desa bo'ladimi! He, xonang kuygur, bitta suvga uyimdan chaqirasanmi?! Naqd 25 kilometrdan-a?!, deb “xonasi barobar” so'kmoqchi bo'ldim-u: “Mana senga mulozamatli bo'lish!”, deya o'zimni-o'zim koyib qo'ya qoldim…

Odiljon MUHAMMAD

 

Muallif haqida:

Odiljon Inomov (Odiljon Muhammad) — 1963 yili Chortoq tumanida tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi.

Mehnat faoliyatini Chortoq tumanlararo bosmaxonasida oddiy ishchilikdan boshlagan O.Inomov keyinchalik “Chortoq haqiqati”, “Namangan haqiqati”, Namangan viloyat teleradiokompaniyasi, “Xalq irodasi”, “Shifokor va hayot” gazetalarida mehnat qilgan.

2019 yildan buyon Namangan viloyat hokimligining “Namanganskaya pravda” gazetasi bosh muharriri vazifasida ishlab kelmoqda. Bir nech­ta hajviy kitoblari nashr etilgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 13 =