Haziniyning hazin hayoti

Siyrati go'zal, surati hazin

Haziniy uy muzeyi. Devorda “Tazkirai Qayyumiy”da tasvirlanganidek, novcha bo'yli, oq yuzli, soqolli, ko'rkam qomatli, toza, ozoda kishi hazin boqib turibdi. Oppoq kiyim, sariq to'n va kavushda. Hamroqul qori tomonidan kuylangan qo'shiq esa grammafondan sizib chiqib, suratga monand yurakka sakinat bag'ishlaydi:

Haziniy duosi bo'lurmu qabul,

Bu g'arqi guno, yo hayot an-nabiy?!

Muzey mudirasi, uchinchi avlod – Haziniyning chevarasi (Haziniyning o'g'li Sotiboldixon eshonbuvaning o'g'li Manzirxon Ziyoyevning qizi) Nargiza Manzurning aytishicha, bobokaloni Qo'qon adabiy muhitining eng so'nggi mumtoz mutasavvuf shoirlaridan bo'lgan. Haziniyga “to'ra”, “eshon” deb nisbat berilishi uning o'ttiz yoshida, ya'ni hij­riy 1314, milodiy 1897 yili irshod – hidoyat yo'liga rahnamolik qilish uchun ruxsat – pir rizosi va uning belgisi sifatida “salla va bir malla to'n” olgani bilan dalillanadi. Demak, Haziniy to'raning hamisha sariq to'n, oq yaktak, salla va kavushda yurishining boisi shundan. Tasavvuf ta'limotini yirik tariqat peshvolaridan bo'lmish Hakimxon xalifadan olgan tolibning keyinchalik shoir va shayx bo'lib yetishishida shu inson – pirining xizmati benihoya ulkan bo'lgan. Haziniy ijodidan ham ma'lumki, uning piriga hurmati va ixlosi ham shu qadar cheksiz. Jumladan, “Hajrida” radifli muxammasida “Yig'laram uch yil pirimga jonfishoning hajrida” degan satrlarga ko'zimiz tushadi.

Shoir, hofiz va shayx sifatida tanilgan Ziyo­vuddinxon Doniyolxon o'g'li Haziniy 56 yillik umr yo'lini (1867-1923) hozirgi Farg'ona vi­loyati Uchko'prik tumaniga qarashli Katta Kenagas qish­log'ida o'tkazgan. Otasining ismi Kattaxo'ja bo'lib, boshlang'ich ta'limni undan olgan. So'ng mutolaa yo'li bilan ko'p bilim hosil qilib, fazlu kamolotga erishgan.

Haziniy ijodiga doir qator tadqiqot, izlanish­lar olib borgan, kitoblar chop ettirgan filologiya fanlari nomzodi Otabek Jo'raboyev “Devon”da shoir shaxsiga doir qimmatli ma'lumotlar beradi: “Ziyovuddinxon murshid sifatida murid tarbiyasi bilan shug'ullanish barobarida dehqonchilik bilan halol kun kechirdi. U o'z imkoni doi­rasida xalq turmushini farovon qilishga intilar, turli obodonchilik ishlarini amalga oshirardi. Masalan, hozirgi Farg'ona viloyati Bag'dod tumaniga qarashli Chopdor qishlog'i yaqinidagi 40 tanobcha (12 tanob 1 gektarga teng) keladigan qumlik yerni o'zlashtirib, bog' barpo etgan. Bog' o'rtasiga katta hovuz kavlatib, atrofiga tegirmon va boshqa binolar qurdiradi. Yana, ushbu orombaxsh joy qumga tushib turli kasalliklardan davolanuvchilar uchun maskan bo'lib qolgan. Shoir bu joyni “Registon” deb nomlaydi:

Misli ul Vays ul-Qaran,

                             cho'llarda tutmishman vatan,

Axtarib har kim Haziniyni Registondin topar.

U qishlog'i Kenagasdan Registongacha doim piyo­­da qatnagan (oraliq masofa 22 km). Ushbu maskan ba'zi sabablarga ko'ra 1943 yili buzilgan. Vo­qeaga shohid bo'lganlarning ta'kidlashicha, bog'ni buzishda ishtirok etgan kishi ko'p o'tmay nogiron bo'lib qolgan. Shu sababli bog'ni vayron qilishdan ko'pchilik hayiqib ish paysalga solinadi. Hovuz va uning atrofidagi daraxtzorning bir qismi esa saqlanib qoladi. Haziniy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan bu maskan qayta tiklandi”. Rafiqasi Qumrixon tug'ilgan hozirgi Bag'dod tumanidagi Qorovultepa qishlog'ida hashar yo'li bilan qurdirgan katta masjid esa 1943 yilda yonib ketgan.

Haziniy to'rani ko'rgan nuroniylarning eslashicha, u kamtarin, oliyjanob, muloyim tabiatli, topgan-tutganini xalq bilan baham ko'ruvchi, xayr­­li ishlarga bosh-qosh bo'luvchi, nur chehrali kishi bo'lgan. Uning insoniy fazilatlari asarlariga ham ko'chgan, ko'pincha xalq va yurt qayg'usidan fig'on chekib qog'oz qoralagan. Shu ma'noda, Haziniy nazm gulshanining ma'yus sultoni emas, u ko'ngillararo e'tiqod va iymon izlab yurgan, mehr-oqibat ustuvor bo'lmog'ini Ollohdan so'rab o'tgan chinakam so'fiy, haqiqiy orif, iste'dodli shoirdir.

U o'z davrida irfoni va asarlari bilan mislsiz shuhrat qozongan. XX asr boshlaridagi 19 toshbosma asarda she'rlaridan namunalar uchraydi. “Bayozi Haziniy” to'plami 1910–1913 yillarda 7 marotaba chop etilgan, she'rlari mashhur xonandalar tomonidan qo'shiq qilib kuylanib, tildan-tilga ko'chib yurgan Haziniy ijodiga bosh­­qa hammaslaklari qatori sho'ro davrida parda tortildi. O'g'li Amakixon qo'lida saqlangan devoni 1939 yili NKVD xodimlari tomonidan olib ketilgan. Hozirgacha topilgan emas.

Haziniy yetti mumtoz janrda qalam tebratgan. Ular g'azal (121 ta), murabba' (12 ta), muxammas (27 ta), musaddas (12 ta), masnaviy (1 ta), ta'rix (2 ta) va fard (3 ta). Adabiy merosi 4000 misra atrofida.

“Inson go'zalligi va ishq-muhabbatni ulug'lash, islomiy iymon-e'tiqod va pokdomonlikni targ'ib etish, toat-ibodat va odob-axloqqa, sabr-qanoat va mehr-muhab­batga da'vat Haziniy asarlarida yetakchi mavzu sifatida badiiy yuksak ifodasini topgan. Shoir inson qadr-qimmatini sharafli deb biladi, unga abadiy baxt-saodat tilaydi:

Bu jahonga kim kelibdur, bo'lmasin baxti qaro!

Shoir she'riyati xuddi shu fazilatlari bilan keng omma diliga yo'l topgan”, deya haqli ta'kidlagan edi marhum adabiyotshunos, professor Abdurashid Abdug'afurov.

Bir g'azal tarixi

Hijron o'tig'a bag'rim so'zona tong otquncha,

O'rtab yuragim, jismim biryona tong otquncha.

 

Man Vomiq-u Uzro – san, vaslingga yetolmasdin

Har kecha qarorgohim ostona tong otquncha.

 

Rahm ayla bu holimg'a, ey ko'zlari xumorim,

Hajringda bu ko'ngullar vayrona tong otquncha,

 

Hech kimg'a deyolmasman bu arz ila holimni,

Qong'a jigarim to'ldi giryona tong otquncha.

 

Xilvatda agar ko'rsam, sirrimni bayon aylab,

San birla bo'lay anda hamxona tong otquncha.

 

Axshomda jamolingni sham'ini munavvar qil,

Aytay sanga holimni, parvona tong otquncha.

 

Naylayki, ilojim yo'q, har ko'chada yig'larman,

Tor o'ldi Haziniyg'a Farg'ona tong otquncha.

 

Hazrat Ziyovuddin Haziniy o'z nomini birgina “Farg'ona tong otquncha” radifli g'azali bilan tarixga muhrlab ketgan uchko'priklik allomalardandir. G'azalning hanuz tillardan-tillarga ko'chib yurishining sababi boshiga tushgan mash'um voqea ta'siridan qattiq mutaassir bo'lgani, karomatgo'y pir sifatida kelgusidagi fojialar, buyuk yo'qotish va qirg'inbarotlarni ich-ichidan his qilgani bo'lsa ajab emas. Aytishlaricha, yurtimizni bosib olgan Rossiya bosqinchilaridan, o'zini Farg'ona viloyat gubernatori deb atagan Skobelev degan murtad Haziniyni mumtoz she'riyatdan bahramand bo'lish bahonasida chaqirtirib, uning sharafiga maxsus tayyorlangan bayram dasturxoni – balga, “yangi madaniyatning ijobiy qirralari”ni tomosha qilishga taklif etadi. Uni rus ayollari bilan ro'baro' o'tkazib, g'ayridin ofitserlar qatoriga qo'shib qo'yishadi. Biron-bir luqma tanovul qilmasa-da, uni o'rnidan turishiga yo'l berishmaydi. Maishat tonggacha davom etadi. Mast-alast holdagi “madaniyatli janoblar” tarqalib bo'lgachgina Haziniyning ketishiga izn beriladi. U yo'l bo'yi yig'lagancha biz bilgan “Farg'ona tong otquncha” g'azalini bitib, kuylab borgan ekan.

Haziniy yurti bo'lmish Uchko'prikning Katta Kenagas qishlog'ida tug'ilib o'sgan Erkinjon Rajabovning so'ziga ko'ra esa g'azalning el orasida tarqalgan yana bir varianti mavjud ekan. Unga ko'ra, general Skobelev Farg'onaning olimu ulamolarini rus madaniyatini namoyish qilib qo'yish maqsadida bir zalga yig'ib, balet qo'yib beradi. Ko'p ulamolar balet boshlanganidan boshlarini quyi solib yerga qarab olgan, jumladan, Haziniy hazratlari ham. Nosarolar raqsi tugagachgina, boshlarini ko'targanini kuzatib turgan generalning xotini ularning e'tiqodiga tan berib hayratini eriga aytadi. Shunda Skobelev ularni jazolash o'rniga mayli tong otguncha Farg'onani tark qilsinlar, deb buyruq bergan ekan… “Biz shunchaki qo'shiq (Muxtorjon Murtazoyev kuy bastalagan) deb eshitadigan bu g'azalda hazrat Haziniyning qanchalar dardu alami zohir. Mustamlakachilar tufayli o'z Vatani, o'z ona shahriga sig'magan ziyolilarimiz izti­roblarining aksi bor”, deydi uchko'priklik Erkinjon Rajabov.

Haziniyning chevarasi Nargiza Manzurning mulohazalari ham juda e'tiborli. G'azal oshiqona, orifona mazmunda bo'lib, ishq otashida yonayotgan oshiqning yor vasliga yetguncha ko'z yosh to'kib, oh-nola ila sabr etmoqlikdan o'zga chorasi yo'qligi, tong otgunga qadar shu iztirob og'ushida, hatto makoniga (Farg'onaga, tagmazmunda zamin, yerga) ham sig'mayotgandek bo'layotgani tasvirlanadi. G'azal matnining mazmun-mohiyati birlamchi ma'noda majoziy ishq va oshiq holatining undagi aksiga ishorat qilayotgani ayon. Haziniy ijodida ishqi majoziydan ishqi ilohiyga nisbat berish yetakchilik qiladi. Shu o'rinda, ikkilamchi ma'nosi – Alloh tomonidan amalga oshiriladigan ulug' hisob kunining tongi oldidan Haq oshig'i bo'lgan solihning ahvoli-ruhiyasidir. Chunki shayxu shoir Haziniy to'raning ruhiy olami va kamoloti shunga dalolat qiladi.

Haziniyga qaytib

– Haziniy to'raning manzilini obod etishni chin dildan ahd qilganman, – deydi alloma shoirning chevarasi Nargiza Vahobova. – 2013 yil 16 sentyabr. Homilam yetti oylik. Beshta apparat ham bolamning nogiron tug'ilishini bashorat qildi. Doktorlar undan voz kechishimni qat'iy talab etishyapti. Ne qilarimni bilmay, ertasi kuni ertadan kechgacha sajdaga bosh qo'yib, farzandimning sog'lom dunyoga kelishini Xudodan yolvorib so'raganman. O'sha paytlari Haziniy bobomning maqbarasi qarovsiz, xarob ahvolda edi. Bu holat meni anchadan buyon tashvishlantirardi. O'sha kuni farzandimni sog'lom qo'limga olib olsam, albatta u maskanni obod qilaman, deb Allohni zikr aylab ko'nglimdan o'tkazdim. Xudoning qudrati bilan Mo'minaxon qizim soppa-sog' tug'ildi. O'n oylik bo'lganida, ya'ni 2014 yili bobokalonimning ruhlarini shod etish uchun shahd bilan ish boshladim.

Aslida Haziniy uy-muzeyi 1995 yili barpo qilingan, ammo 2012 yili uni tashkil etish bo'­yicha hech qanday qarorning yo'qligi bois fao­liyati to'xtatib qo'yilgan edi. Ungacha mahallaga qarashli norasmiy masjid binosida 3 ta shtat birligida faoliyat yuritgan. Oradan ikki yil o'tib, Nargiza Vahobova boshchiligida jamoatchilik asosida Uchko'prik tumani hoki­m­ligi qaroriga ko'ra davlat ro'yxatidan o'tkazilgan. 2016 yilga kelib masjid binosining muzey tasarrufiga o'tishi to'g'risida hokim qarori chiqqan.

2019 yilda N. Vahobovaning sa'y-­harakatlari hamda Prezidentimizning shaxsan tashabbus­lari bilan 72 sotixlik maydonda muhtasham Haziniy majmuasi barpo etildi. Qarovsiz yotgan Haziniy ziyo­ratgohiga davlat byudjetidan 1 milliard 200 million so'mdan ortiq mablag' ajratildi. Ikki yil (2017–2019) mobaynida qayta qurilib, hozirgi kunda ziyoratchilarning qadami uzilmas mo''tabar maskanga aylantirildi. Haziniy to'ra hayoti va ijodiga doir eksponatlar, qolaversa, o'sha davr Qo'qon adabiy muhitini aks ettiruvchi madaniy meros uyma-uy yurib topildi, hanuz bu izlanishlar davom etmoqda.

Ziyoratgohda ikkita ekskursiya zali mavjud bo'lib, 300 dan ortiq eksponat saralanib, mahorat va did ila be­zatilgan. Majmuadan Ziyovuddinxon Haziniyning ota-­onasi, o'zi, aka-ukasi hamda farzandlari, qolaversa, avlodlarining ham qabrlari o'rin olgan. Bu yerni ziyorat qilib, ham ruhiy yengillik, ham ma'naviy ozuqa, bilim olib ketuvchilar ko'p.

Shukrki, erkimiz to'laligicha o'z qo'limizga o'tgach, bosh­­qa ko'plab ulug'larimiz kabi Haziniy ham xalqimizga qaytdi. Ungacha xalqimiz boshiga Haziniy bashorat qil(ma)gan o'sha mash'um kunlar keldi. Tariximiz, madaniy merosimiz yo'q qilindi. Sobiq Ittifoqdagi mafkuraviy tazyiq tufayli bu davrdagi ilmiy va badiiy adabiyotlarda Haziniy adabiy merosiga sinfiylik nuqtai nazaridan, noxolis yondashildi, kamsitildi.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari nomzodi Ahmadjon Madaminov ilk bora shoirning ayrim she'rlarini jamlab, “Tasadduq, yo Rasululloh” nomi bilan chop ettirdi.

Suhbatimiz davomida Nargiza opa mamnunlik ila 2019 yili ko'rgan tushini xotirladi. “Tushimda tog'ning cho'qqisida turganmishman, Muhammad (s.a.v) mendan ham balandroq cho'qqida turib, tabassum bilan boqib turganmish”. Ulug'lar bu tushning ta'birini Haziniyning ruhi shod bo'lganiga yo'ydilar…

Haziniyning avlodlari qaerda?

Hijriy 1287, milodiy 1870 yilda tuzilgan shajarada hazrat Haziniyning ota tomonidan Nabiraxo'ja eshon ismli ajdodi yigirma oltinchi nasab bilan xalifa Hazrat Alining otasi Abdumutallibga yetib borishi qayd etilib, hujjat 74 muhr bilan tasdiqlangan. Ikkinchi shajarada ona tomonidan Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v)ga bog'lanishi ko'rsatilgan. Ma'lumotnomaga 22 ta muhr bosilgan. Shajaralardan ma'lum bo'lishicha, Haziniy ajdodlaridan o'nlab kishilar o'z davrining mashhur olim va shoirlari bo'lishgan.

Ziyovuddinxon Haziniydan 5 qiz, 2 o'g'il farzand qolgan. Po'lat Qayyumiy “Tazkirai Qayyumiy” asarida “…vafotidan so'ng ikki xotuni va o'g'illari qoldi…”, deb ta'kidlaydi (katta o'g'li Asliddinxon (Amakixon) va otasi vafot etganida bir yoshga to'lib-to'lmagan Sotiboldixon Ziyoyevdir (1922–2005).

Sotiboldixon eshonto'raning o'zidan 7 farzand, 200 nafardan ortiq nabira, chevara – avlod qolgan. Hozir mutafakkir avlodlari o'zi tug'ilib o'sgan Katta Kenagas qishlog'ida ruhi pokiga duoi salovot aytib, chirog'ini yoqib o'tiribdilar. Ular orasida bobosining yo'lidan borib, she'riyat, ilmga mehr qo'yganlari ham talaygina. Jumladan, tarixchi, tabib Mohira Mamatova, shoi­­ra Shahzoda Bo'ronova, Nodira Ziyo, Nargiza Manzur va Mahbuba Akromova, Muhammad Ziyo, nevara-kuyovi, Haziniy tadqiqotchisi Otabek Jo'raboyev Haziniyning munosib vorislaridan.

Sevara ALIJONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =