TARIX TASVIRLARDA TIRILSA

yoxud Sergeli dahasidagi “xazina”

Bundan yigirma ikki yilcha muqaddam “Jaloliddin Manguberdi” kartinasi tomoshasidan olgan zavqu shukuhni hamon eslab yuraman. Nazarimda, u musavvir tarafidan o'ylab topilgan siymo — fantaziya mahsuli emas, balki Sultonning harakatlanayotgan fotosidek tuyulgan edi: qo'lini sal cho'zsa, qilich qinidan chiqquday… Hammasidan ham xaloskor ko'zida uchqun sochib turgan shijoat olovi kaminani his-haya­jonga soldi. O'zimcha mulohaza yurita boshladim: yo'q, buni To'ra Quryozov emas, podshohning yonida yurgan Nasaviy chizgan!
Nasaviy ta'riflaganki: “… U sherlar orasida eng zo'r sher edi, qo'rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botir edi. U yuvvosh, muloyim odam edi, jahldor emasdi, haqoratomuz so'zlarni aytmasdi. U nihoyatda jiddiy edi, kulmasdi, faqat jilmayib qo'yardi, kam gapirardi. U haqgo'ylikni, adolatni ulug'lardi, ammo u yashagan davrdagi g'alayonlar, alg'ov-dalg'ovlar fe'l-atvorini o'zgartirdi. U qo'l ostidagi odamlarning og'ir hayotini yengillashtirishni xohlardi, ammo u yashagan davr qonunlari uni zulm qilishga majbur etardi” (Shihobiddin Muhammad an- Nasaviy. “Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti”. Rus tilidan Kamol Matyoqubov tarjimasi. Toshkent, 2006. 295-296 betlar).
Aytishlaricha, Ashxabod shahridan sal naridagi qadimiy Nasa shahri o'rni tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan ekan. Aynan o'sha shahar yaqinida Shihobiddin Muhammad tug'ilib-o'sgan. U Xurandiz qal'asining voliysi bo'lgan. Kindik qoni to'kilgan yurt sifatida Nasa nomini taxallus rutbasida tanlagan. Keyinchalik esa Sulton Jaloliddinning munshiysi sifatida faoliyat yuritgan. Tasavvur qilishimiz mumkinki, To'ra Quryozov ul zot bitiklari tag­qatlamiga “sho'ng'ib” biz ko'rib, tomosha aylab hayratlanayotganimiz — Jaloliddin Manguberdi siymosini “uzib olib chiqqan”.
Keyinchalik men olim Tohir Karimning rus tilida chiqqan “Po sledam “Avestы” nomli kitobining rangli sahifalarida “Zardusht”, “Anaxita” siymolarini ko'rib yanada hayajonlandim. Bu siymolarni ham To'ra Quryozov yaratgan edi. Uch ming yilning nari-berisida yashab o'tgan Zardushtning va hamda Go'zallik ma'budasi — Anaxitaning tasvirlaridagi anvoyi ranglar ruhiyatimga olis moziy xususida shivirlayotganday edi go'yo! “Aves­to”dan o'qiganlarim yodimga tushardi:
Advisura Anaxita
Oqib bordi unga tomon
Bir pariro'y timsolida,
Sarvqomat va shamshodvash,
Kamarbasta va shoyista,
Boshmoqlari to'piqqacha yarqiragan,
Tillodandir shokilasi.
U to'xtatdi oqimning bir tomonini,
Bir tomoni oqib o'tdi olislarga.
( “Avesto”. Fors tilidan Asqar Mahkam tarjimasi, Toshkent, 2015. 351- bet).
Ne ajabki, o'qiganlarim tasvirda ko'rganlarimga mos tushmoqda edi. Shu xususiyatga amin bo'ldimki, To'ra Quryozov moziyga xayolan borib kelar ekan. Yo'q, yo'q, xayolan moziyda yashar ekan. Tasviriy san'atdagi “ruh ko'chishi” she'riyat va musiqada ham bormikan, deb o'yladim. Nahotki, tarix tasvirlarda “tirilsa”?!
Xiva shahridan yetti kilometr naridagi Qiyot qishlog'ida qad rostlab turgan hazrat Ogahiy uy-muzeyi devorlaridagi kartinalarda tarix “jonlangani”ni tomosha aylagach, bir qarorga keldim: qachonlardir poytaxtga borsam, To'ra aka xonadoniga borib, suhbatiga noil bo'laman.
Ushbu istak meni hech tinch qo'ymasdi.

2

“Siz uyimni topib kelishingiz dargumon. Sergelining ham eng chekkalarida yashayman. Taksiga chiqsangiz telefoningizni haydovchiga tutqazing. Manzilni o'zim tushuntiraman!”.
To'ra aka obdon “tushuntirdi” chog'i haydovchi, haytovur, buyuk rassom yashaydigan ko'chaga olib keldi. “O'zim chiqaman!” dedi rassom. Uzoq-uzoqlardan tepaga ko'tarilgan g'alati telpakni ko'rdik.
Juda oddiy, dehqonlargami, bog'bonlargami mengzab ketadigan kishi ekan. Ko'nglimga kelgan gapni uqqandek: “Bu telpakni menga Po'lat Bobojonov sovg'a qilgan. Xorazmga hokim bo'lgan vaqtlarida…” Shunday deb kulimsiradi. Va biz qasr­monand bir hovli bo'sag'asidan hatladik. “Ina, mening xazinam!”.
Xazina deganlari omborxonada joylashgan ekan. O'h-ho'! To'ra aka katta-yu kichik o'ndan ortiq kartinalarini birin-ketin namoyish qilishga kirishdi. Ular orasida bo'yi barobar keladigan kartina — Jaloliddin Manguberdining jang­gohdagi holati aks ettirilgani bizni qoyil qoldirdi. Xuddi qahramonlik filmidan bir parchani ko'rganday bo'ldik. Inson zoti bunday mo''jizalarga ham qodir ekan-da?!
Ochig'ini aytish joizki, oltmish yoshdan oshib, yetmish sari qadam qo'ymasidan avval To'ra Quryozov ismi sharifi tor doiralargagina ma'lum edi. Tarixiy mavzulardagi kartinalari yuksak baholanib, lavhamiz qahramoni 1999 yilda “O'zbekiston xalq rassomi” unvoni ila taqdirlandi.
Suhbatdoshimiz: “Xonim xalfaning ikkinchi o'g'li Karimbergan mening bobom bo'ladi. U kishi ko'proq tijorat ishlariga qiziqqan, do'kondor ekan. Xon taxt­dan ag'darilgan yili qalandar libosini kiyib, Xivani tark etadi” deydi. Binobarin, Feruzshoh zamonida nomi tillarda doston bo'lgan Xonim xalfa tomirlarida oqqan qon keyinchalik daho musavvir ruhiyatida takrorlanibdi.
To'ra aka deydiki: “1935 yillarda toshkentlik Hodi Zarif degan filolog olim Xorazmga kelib Xonim xalfadan “Kuntug'mish”, “Go'ro'g'li” dostonlarini yozib olgan. Xalfa to'qigan g'azal, she'rlarni ham olib ketgan. Buvimiz Feruzshohga yaqinligi bois ko'p aziyat chekkan, turmalarda yotib chiqqan. O'limidan biroz avval quyidagi she'rni yozgan:
Ey yoronlar, birodarlar,
Dunyoda armonli o'tdim.
Qarab turgan qiz-juvonlar
Naylayin armonli o'tdim.
Umrim o'tdi qonlar yutib,
Qovirg'am yerlarga botib,
O'lmadim oyoq uzatib,
Naylayin armonli o'tdim…”
Xonim xalfa 1936 yilning qahraton qish faslida fanoni tark aylaydi. 1937 yilda esa To'ra aka tavallud topadi. “Bobomni olib ketganlarida men olti oylik chaqaloq ekanman. U cho'girmasini kiyib, nevaram mening cho'girmamga qarab kulyapti, debdilar. Shundan keyin u chakkamdan o'pib: “Sen o'qimishli, ziyoli, buyuk bir inson bo'lib yetishgin!” deya fotiha beribdi. Bobom 1937 yilning 14 dekabrida olib ketilgan ekan” deydi suhbatdoshimiz. Uning aytishicha, hujjatiga 1938 yilda tug'ilgani qayd etilibdi. Agarda ajdodlari hikoyalariga tayanilsa, buyuk rassom ayni davrda 84 yoshni qarshilagan bo'lib chiqadi. U chin ma'nodagi nuroniy; yuz-ko'zlaridan nur tomib turibdi.
— 1960 yilda Rassomlik bilim yurtini tamomladim, — deya gurungni davom qildiradi To'ra aka. — Yo'llanma asosida Nukus shahriga bordim. Aynan o'sha yerda bo'lajak ustozim Igor Saviskiy bilan tanishdim. Saviskiy meni qadimshunoslikka, arxeologiyaga qiziqtirib qo'ydi. Ustozim fransuz tilini bilar edi. “Avesto” kitobini fransuzchada o'qib, ma'no-mazmunini rus tilida tushuntirib bergan.
Alalxusus, I.Saviskiy bilan tanishuv o'zbek musavviri faoliyatida keskin o'zgarish yasagan ekan. Aytishicha, ustozi 1915 yilda Kiyev shahrida tavallud topgan. Boy-badavlat oilada… Buvisi — grafinya unga bolalik davrlaridanoq fransuz tilini o'rgatibdi. “Saviskiy Moskva shahriga kelib, mashhur rassom Ulyanovga shogird tushadi. Surikov nomidagi rassomlik institutida tahsil olayotganida jahon miqyosida tanilgan mo'yqalam sohibi Robert Falk uni shogirdlikka qabul qiladi. Falk avangard oqimlar tilsimotidan ham voqif bo'lgan” deydi To'raboy aka.
I.Saviskiy akademik Sergey Tolstov darg'alik qilgan Xorazm ekspeditsiyasida qatnashadi. 1956 yilda ekspeditsiyadan ajralib, Qoraqalpog'iston Fanlar akademiyasi etnografiya bo'limiga boshchilik qiladi. Aynan o'sha yillarda u Nukus shahrida San'at muzeyini tashkil etishni rejalashtiradi. Omadni qarangki, bilim yurtini endigina bitkazgan 23 yoshli T.Quryozov ezgu maqsad yo'lida unga ro'baro' kelib qoladi.
Rassom esdaliklar qo'lyozmasida shularni yozibdi: “… Kabinet degani eski-tuski narsalar omboriga o'xshar edi. Eski sandiqlar, gilamlar, kigizlar, mis idishlar, har xil taqinchoqlar va hokazo. Almisoqdan qolgan narsalar orasida Saviskiyning gavdasi ko'rinmas edi. Nogahon burchakdan nozik ovoz eshitildi: “Hech uyalmasdan kiraveringlar”. Kirdik. Devorda ko'plab kartinalar osig'liq turibdi. Albatta, bu — uning ijodi. Asosan. Xiva… Umuman, qoraqalpoq va voha qish­loqlari manzarasi. Manzaralar shunday nozik did bilan ishlanganki, beixtiyor qoyil qoldim. Buni men me'yoriga yetkaza olmasdim — Saviskiyga havasim keldi… Xorazm suvlari loyqa. Moviy osmon ranglari deyarli unga ta'sir etmaydi. Men ishlagan manzaralarda ariq suvlari yerga o'xshab qolaverardi. Demak, hali tajribam kam… Qani endi shu odam bilan yonma-yon turib ishlasam…
— Sizda fransuz impressionizmining ta'siri kuchli ekan, dedim.
— Robert Falkning shogirdiman. U Parijda o'n yil yashagan. Impressionizm oqimini yaxshi o'rgangan. Buyuk rassom, professor edi. Yaqinda Moskvada vafot qildi…
— Men ham fransuz impressionistlarining shaydosiman. Van Gog, Sezani, Renuar — mening eng sevgan rassomlarim”. (To'ra Quryozov. “Notekis yo'llar”. Qo'lyozma. Toshkent, 2014. 70-71- betlar).
O'sha suhbatdan so'ng yosh rassom ustozining laboratoriyasida ishlay boshlagan. “Ko'p o'tmay Toshkentdan xushxabar keldi. Yuborilgan ishlar orasida faqat mening kartinalarim respublika ko'rgazmasida namoyish etilibdi. Meni ko'rgazma muhokamasiga taklif qilibdilar” (O'sha asar, 73-bet).
Mashhur rassom, etnograf olim Igor Saviskiy vafotidan so'ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanadi. “Noan'anaviy usullar shaydosi bo'lgan Saviskiy garchi hayotlik chog'ida qadrlanmagan esa-da Istiqloldan keyin xotirasi sharaflandi” deydi To'ra aka.
Chindan ham ezgu ishlar hech qachon unutilmaydi. Deylik, Ezgu o'y, Ezgu so'z, Ezgu amal shiorini butun insoniyat hukmiga havola etgan Zardusht donishmand uch ming yillardan beri ruhan yashayapti-ku?! Yovuzlik esa hamisha mag'lubdir. Hattoki, kuchga kirgan vaqtlarida ham.

3

To'ra Quryozov chizmalari saqlanayotgan omborxonani durdona kartinalar xazinasiga o'xshatgim keladi. Kartinalar turli-tuman mavzularga oid. Tarixiy mavzularga; tabiat mavzulariga; koinot mavzulariga… Masalan, “Anaxita” kartinasidagi obraz uchayotgan alpozda tasvirlangan. “Zardusht” kartinasida donishmandning orqa fonida yer sayyorasi aylanayotganday… “Bibixonim” va “Sevinbeka” obrazlari fonida moviy rang ustuvor. Har bitta obraz bashariyat qismatidan roz so'ylayotgandek!
Nasrnavis Ra'no Rahmonberdi qizi lavhamiz qahramoni haqida shularni yozibdi: “O'zbekiston Rassomlar akademiyasi a'zosi, O'zbekiston xalq rassomi To'ra Quryozovning “Turkiy hukmdor xonimlar” majmuida ishlagan kartinalari orasida “Shajarat ud-dur” alohida o'rin tutadi.
Xonim aslida kim bo'lgan?
Rassomning xalq orasida tarqalgan rivoyatlarni izohlashicha, Shajara Xorazmda oddiy bir kishining qizi bo'lgan ekan. Go'zallik, husn-jamol ham baxt, ham fojia deganlaridek, Shajara turli savdolarni boshidan o'tkazgan. Beqiyos sohibjamol qiz o'g'irlanib, Eronmi, Misr tomonlarda qul, cho'ri qilib sotib yuborilgan ekan”.
Muallifning ta'kidlashicha, nemis olimasi Annemari Shimmel “Jonon mening jonimda” nomli asarida cho'rilar orasidan chiqqan Shajarat ud-dur bir necha yillar mobaynida malika sifatida Misrni boshqargani haqida ma'lumot beradi. “U ikkinchi Kleopatra nomi bilan Misr, Turkiya va boshqa sharqiy musulmon yurtlarida mashhur bo'lgan ekan. Turk ijodkorlari tomonidan Shajara xonim haqida balet yaratilgan va har xil qiziqarli rivoyatu hikoyatlar saqlanib qolgan”.
Darhaqiqat, tarix tasvirlarda “tirilsa” insonning aqlu hushi lol qolar ekan. Bu ham bir mo''jiza! To'ra Quryozovning aytishicha, moziyga daxldor har bitta obrazining prototipi mavjud. U qiyofalarni o'ylab topmaydi; fantaziya qilmaydi, balki, o'zi ko'rgan “egizak” deb bilgan qiyofalardan nusxa ko'chirib, yanada boyitadi. Zardusht donishmandning ko'ziga qarang: ruhiyatingiz junbushga kelgandek tuyuladi. “Inson qiyofasini tiklamoq uchun eng, avvalo, “tirik ko'z” topmoq lozim. Ruhning “darichasi” ko'z orqali namoyon bo'ladi. Aytaylik, men Jaloliddin Manguberdining “ko'zini topishga” umrimning ko'p vaqtini sarfladim” deydi To'ra aka.
Tarixdan ma'lumki, Islom dini bizning hududimizda kuchga kirganidan so'ng insonning aniq qiyofasi chizilishiga izn berilmagan. Qiyofalar nostandart shaklga keltirib ifodalangan. Sharq miniatyura san'ati so'zimizga yaqqol dalil bo'la oladi. Xullas, Yevropa tasviriy san'ati bilan o'zaro taqqoslanganda o'zbek tasviriy san'ati ancha yosh. Ilovatan aytganda, jahon tamaddunining qadimiy o'choqlaridan biri sanalmish yurtimizga oid rassomlik To'ra Quryozov mo'yqalami orqali qaytadan “ko'z ochayotir”.
Ha, demokratik tamoyillar tantana qilayotgan bugungi kunimizda tasviriy san'at qaytadan jonlanmoqda. Ushbu ishda boy-badavlat, ma'rifatparvar, millatparvar insonlar sa'y-harakat ko'rsatsalar, ulug' rassomlar tarafidan yaratilgan durdona kartinalar evaziga uylariga mazmun kiritsalar ayni muddao bo'lur edi.

Sayyora SOLAYEVA,
jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + fourteen =