Korrupsiyaning chigal ildizi

O'tgan 2020 yil davomida yurtimizda korrupsiya bilan bog'liq jami 2 ming 270 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 502 ta jinoyat ishi ko'rib chiqilgan. 122 nafar shaxs davlat organlari xodimlari bo'laturib, mansab vakolatini suiiste'mol qilgan…

Korrupsiya bugungi kunning taraqqiyotga to'siq bo'luvchi eng jiddiy global muammolaridan biriga aylanib bo'ldi. Uning turli shakllari va yuzaga kelish sabablari mavjud. Raqobat muhitiga ta'sir qiluvchi imtiyozlarni berish ham mansab vakolatini suiiste'mol qilish, tanish-bilishchilik, qonunchilikdagi kamchiliklardan foydalanish, byurokratiya, lobbizm, manfaatdorlik kabi shakllari bilan birga korrupsiyaga olib keluvchi omillar qatoriga kirib ulgurdi.

Jumladan, ayrim sub'yektlargagina turli ko'rinishdagi individual soliq va bojxona im­tiyozlari, subsidiya va preferensiyalar berish hamda imtiyozli kreditlar ajratish amaliyoti raqobat muhitini yaxshilash, biznes yuritishning teng imkoniyatlarini yaratish borasidagi islohotlarga o'zining salbiy ta'sirini o'tkazmasdan qolmaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan bu sohada muntazam ravishda tahlil va o'rganishlar amalga oshirilmoqda.

Sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ekspertlar tomonidan tekshiruvdan o'tkazilganda, bugungi kungacha turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan 25 mingdan ortiq xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga manzilli soliq va bojxona imtiyozi hamda preferensiyalar taqdim etilgani ma'lum bo'ldi. Aniqlanishicha, ularning soni bozordagi xo'jalik yurituvchi sub'yektlar umumiy sonining 8 foizini tashkil etadi.

Bundan tashqari, sudlar tomonidan 2020 yil davomida korrupsiya bilan bog'liq jami 2 ming 270 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 502 ta jinoyat ishi ko'rib chiqilgan. Ushbu jinoyat ishlari O'zbekis­ton Respublikasi Jinoyat Kodeksining 205-(hokimiyat yoki davlat vakolatini suiiste'mol qilish), 214-(davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki moddiy manfaatdor bo'lishi) va 243-(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalariga asosan qo'zg'atilgan. Ular tahlil etilganda, 598 nafar shaxs sohada byurokratik to'siqlarning mavjudligi (faoliyatning o'zi korrupsiyaga yo'l ochib berganligi) sababli korrupsiyaviy jinoyatga qo'l urgani ma'lum bo'ldi.

Shuningdek, 122 nafar shaxs davlat organlari xodimlari bo'la turib, xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida manfaatlar to'qnashuviga olib keladigan shaxsiy manfaatdorlikka yo'l qo'ygan; mansab vakolatini suiiste'mol qilib, tender savdolarini tashkil etish, yer maydonlarini ajratish yoki boshqa turdagi xizmatlar ko'rsatilishida shaffoflikni ta'minlamagan hamda mazkur masalalarda o'ziga oldindan tanish bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga yon bosgan.

Bugun rivojlangan davlatlar tajribasi ham shuni ko'rsatmoqdaki, mamlakatda ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish, bu orqali halol raqobat muhitini shakllantirib, aholiga sifatli va hamyonbop mahsulot va xizmatlarni taqdim etish taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblanadi.

Shu sababli, Yurtboshimizning 2020 yil 29 dekabrdagi parlamentga Murojaatnomasida bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol-pok tadbirkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlarning joriy etilishi ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan edi. O'z navbatida, mazkur vazifa Davlat dasturining bir necha bandida ham belgilangan. Xususan, dasturning 84-bandida “Tadbirkorlik kodeksi” loyihasini ishlab chiqish, unda tadbirkorlik sub'yektlari uchun raqobat muhitini yaxshilash va davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o'tkazish tartibi aks ettirilishi kerakligi ta'kidlangan.

Bu borada mamlakatimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O'tgan 4 yil mobaynida yurtimizda halol raqobat muhitini shakllantirish yo'lida ko'plab ishlar amalga oshirildi.

Avvalambor, Prezidentimizning 2017 yil 8 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasida ma'muriy islohotlar konsepsiyasi”da xususiy sektorda samarali faoliyat ko'rsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sog'lom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xo'jalik yurituvchi sub'yektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish ko'rsatib o'tilganini ta'kidlashimiz lozim.

Ikkinchidan, davlatimiz rahbarining 2018 yil 31 maydagi “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qaroriga asosan, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qonunlar va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun berilishi; vaqtinchalik imtiyozlar O'zbekis­ton Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo'lmagan muddatga berilishi; individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor bo'lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo'lganda yoxud O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan berilishi ko'rsatib o'tildi.

Uchinchidan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan 2019 yilning 1 oktyabrdan asbest, ko'mir, yog'och materiallari, yog'och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xomashyosi QQS (qo'shilgan qiymat solig'i)dan ozod qilinmaydigan bo'ldi. Natijada, hammaga bir xil sharoit yaratish uchun import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari majburiy tartibda qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchisi sifatida ro'yxatdan o'tishi tartibi kiritilib, imtiyoz bekor qilindi. Bunga qadar, mahalliy mahsulot ishlab chiqaruvchilar QQS to'lovchisi bo'lsa-da, import qilgan tadbirkorlik sub'yektlari to'lovlardan ozod bo'lgan.

To'rtinchidan, 2020 yil 19 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish to'g'risida”gi Farmoni bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda qo'shilgan qiymat solig'i bilan bog'liq soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilindi. Jumladan, mazkur Farmonga asosan, eksportyor korxonalarga eksport ulushiga mutanosib ravishda berilgan regressiv soliq stavkalari bekor qilindi.

Beshinchidan, Prezidentimizning 2020 yil 21 avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan strategik ahamiyatga ega xo'jalik jamiyatlari va korxonalar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilindi.

Shuningdek, Yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to'g'risida”gi Qonun va “Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik sub'yektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori bilan eng yaxshi takliflarni tanlash va tenderda xarid qilish tartib-taomillarini majburiy tartibda elektron shaklda o'tkazish to'g'risidagi talab kiritildi. Mazkur hujjatlarga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining ushbu qonunga mos bo'lmagan topshiriqlari, shu jumladan qonunda ko'zda tutilmagan, yagona yetkazib beruvchidan to'g'ridan-to'g'ri xarid qilish imkonini ko'zda tutuvchi bayonnomalar shaklidagi topshiriqlarni kiritish amaliyoti qat'iyan ta'qiqlandi.

Davlat xaridlari bo'yicha yagona axborot portali hisoblangan “d.xarid.uz”da zaruriy ma'lumotlar ochiqlandi.

Mazkur islohotlarning davomi sifatida davlat aktivlarini sotib olish jarayonida halol va haqqoniy raqobatni shakllantirish yo'lida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning eng asosiysi sifatida davlat aktivlarini ommaviy savdolar orqali sotilishi yo'lga qo'yilganligini ko'rsatish mumkin.

Yuqorida qayd etilgan qulayliklar, byurokratik va korrupsion to'siqlarning olib tashlangani natijasida mamlakatimizda ko'plab ishbilarmonlar davlat aktivlarini sotib olish orqali o'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'ymoqdalar yoki tadbirkorlik faoliyatlarini yanada kengaytirmoqdalar. Bu esa o'z navbatida, aholi farovonligi, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Bir so'z bilan aytganda, korrupsiyaning mansab yoki vakolatni suiiste'mol qilish bilan bog'liq shakllarining rivojlanmasligiga, mamlakatimizda barcha tadbirkorlik sohalarida sog'lom raqobatni ta'minlash borasida yetarlicha qonuniy asoslar yaratildi. Bu tartiblarning to'laqonli amaliyotga ko'chishi korrupsiya va sog'lom raqobatga ta'sir qilayotgan boshqa omillarning sezilarli bartaraf bo'lishiga olib keladi.

Akmal BURXANOV,

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

direktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 11 =