Milliy g'oya — taraqqiyotning kuch-qudrati

Ta'lim va tarbiyani rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, ilmfan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g'oyamizning asosiy ustunlari bo'lib xizmat qilishi lozim.

Ushbu maqsad yo'lida yoshlarimiz o'z oldiga katta marralarni qo'yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko'mak berishbarchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo'lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzuumidlarini ro'yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.

 O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyevning

Oliy Majlisga Murojaatnomasidan.

 

Inson va jamiyat, shaxs va millat g'oyasi, qarashlari hamma vaqt makon va zamonda birday bo'lmasligi mumkin. Ammo shunday omil borki, har qanday tirik zot, xoh alohida, xoh birgalikda bo'lsin o'z g'oyasiga erishish uchun albatta talpinadi, intiladi, xohlaydi va uni saqlab qolish yo'lida harakat qiladi, kurashadi, bu borada matonat va shijoat, mardlik va metindek iroda mo''jizalarini namoyon qiladi ham. Ayni paytda uni rivojlantirib turishi bilan yashovchanlik xususiyatiga ega bo'ladi.

 

Milliy g'oyadan foydalanish va uni targ'ib etishning yana bir muhim jihati ta'lim-tarbiyaning uzviy birlikda olib borilishidir. Yaqinda muhtaram Prezidentimiz bu jarayonlarda ilg'or texnologiyalardan foydalanish, fan va texnika yutuqlarini qo'llash, odob-axloqqa oid mashg'ulotlar tizimini yaratish hamda ta'lim muassasalarida mavjud bo'lgan “Odobnoma”, “Vatan tuyg'usi”, “Ma'naviyat asoslari”, “Milliy g'oya” “Dinlar tarixi” singari predmetlarni birlashtirib, “Tarbiya” fanini tashkil etishni tavsiya qildi. Ma'lumki, har qanday mustaqil davlat mus­tahkam ma'naviy poydevorga ega bo'lgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi. Shu maqsadda Milliy g'oya konsepsiyasi o'ziga xos bugungi tezkor barcha sohalar va jabhalarning talab darajasida rivoj­lanishini ta'minlashda strategik dasturga aylanishi ayni muddaodir.

Milliy taraqqiyot mohiyati

milliy g'oya demakdir

Milliy g'oya taraqqiyotida asrlar mobaynida dunyoqarash va tushunchalar, turmush tarzi va an'analar hamda millatning shakllanish jarayonlari, bosqichlari, xususan, evolyutsiyasi inobatga olinmog'i zarur. Rivojlanish bosqichlari esa inson tafakkuri dinamikasini o'zida mujassam etdi. Bu ikki unsur jamiyatning yangilanish jarayonida o'zaro bog'liq, uyg'un holda vujudga keladi. Aks holda g'oya zamindan uzilgan, hayot haqiqatini o'zida ifoda etolmagan “muallaq” holda qolaveradi.

Milliy g'oya hech qachon mantiqan tarqoq va uzuk-yuluq bo'lmasligi lozim. U jamiyat taraqqiyotini to'laligicha qamrab olgan uzluksiz, tadrijiy, o'zini o'zi to'ldirib boradigan, doimiy izchil harakatdagi tizimga aylaniishi darkor edi. Jamiyat yangilanayotgan, ongimiz va tafakkurimiz o'zgarayotgan bir paytda milliy taraqqiyot omili bo'lib xizmat qilishi uchun eski mafkuraviy andazalardan voz kechib, yangi ijtimoiy jarayonlarning butun mohiyatini ifodalab beradigan yangi g'oyaviy mafkurani vujudga keltirdik. U butunlay yangi O'zbekiston davrining, tiklangan ruhiyat hamda uyg'onayotgan inson hissiyoti va yangicha tafakkurning mahsuli sifatida dunyoga kela boshladi. Milliy g'oyamiz ana shunday oliy qadriyatga aylanayotgan hodisadir. U yangicha tarixiy sharoitda yangi davr ruhini o'zida ifoda etgan g'oyaviy kuch-qudratdir. Faqat ana shu g'oyagina olam haqidagi tushunchalarimiz, odam va olam o'rtasidagi munosabatlar, shaxs ma'naviy kamoloti va jamiyat taraqqiyotining muhim omili bo'lib ravnaq top­moqda.

Milliy huquqiy g'oya va huquqiy ong hamda an'analar, urf-­odatlar turmush tarzi asosida shakllanadi. Odamlar umumqadriyatlar darajasiga ko'tarilgan milliy manfaat atrofida ongli ravishda hamda aql-idrok g'oyasi ila jipslashadilar. Natijada ushbu intilishlar majmui milliy g'oya orqali million-million kishilarni o'z ortidan ergashtiradi. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz ta'kidiga ko'ra: “Zamon shiddit bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g'oya, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi”.

Davrlar o'taveradi, zamonlar o'zgaraveradi. Biroq xalqona dunyo­qarash, millatning ma'naviy-ruhiy qiyofasi, mohiyat va mazmuni avloddan-avlodga o'tib, yangi bo'yoqlar, yangi mo''jizalar kasb etgan holda davom etaveradi. Bu boqiy va uzluksiz jarayon millat fenomeni sifatida fuqaro his-tuyg'ulari, aqidalari va munosabatlari hamda ilohiy-ruhiy olamini o'zida ifoda etadi. Taniqli yozuvchi, siyosiy jamoat arbobi Xayriddin Sultonov o'zining “Xalq so'zi” gazetasining 1999 yil 20 fevralda e'lon qilingan “O'z yo'limiz, o'z e'tiqodimizga sobitmiz” degan siyosiy publitsistik maqolasida: “Erkinlik yo'lini tanlagan farzandlari va ona-Vatani istiqbolini o'ylab yashaydigan xalq hech qachon ortga qaytmaydi. Bunga bashariyat tarixidagi asriy tajribalar, dunyoning turli qit'alari va mamlakatlaridagi ozodlik harakatlari, erksevar xalqlarning og'ir, hatto deyarli imkonsiz sharoitlarda ham o'z taqdiri va kelajagi uchun olib borayotgan mashaqqatli kurashlari yorqin misol bo'la oladi. Bizning iymonimiz, irodamiz baquvvat, niyatlarimiz pok va aniq. Ana shu ezgu maqsadlar mushtarakligi O'zbekistondagi barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirib turibdi”.

Natijada o'zbek xalqining umumiy maqsadlari va manfaatlarini amalga oshirish yo'lida birlashib yashashi hamda birlashib kurashishiga imkon yaratildi. Ana shunday paytda boshqa har qanday begona va yot g'oyalar yo'li to'siladi. Odamlar jaholat va g'animlik, g'oyaviy-mafkuraviy tazyiqlar va turli johiliy da'vatlarga ishonmay qo'yadilar. Turli g'oyaviy xurujlar avj olayotgan, bizning eng muqaddas g'oya va maqsadlarimizga tahdid solayotgan bir paytda fojialar sodir bo'lmasidan barvaqt oldini olishning eng to'g'ri va yagona yo'li ham begona va soxta g'oyalarga qarshi keng ijtimoiy makonda g'oyaviy immunitetni kuchaytirishdir.

Qadriyatlar jilosi

Milliy qadriyatlar avlodlarning ma'naviy-axloqiy, g'oyaviy sifatlarini shakllantirish, ya'ni intizomlilik, irodalilik, o'z oldiga qo'ygan ulkan maqsadga intilish, farzandlarni odob-axloq qoidalari va tartiblari bilan yaqindan tanishtirib borish, yaxshini yomondan, oqni qoradan ajratib olish, hayotni sevishga o'rgatish, umuman, komil avlodni tarbiyalash hozirgi kunning asosiy talablaridan bo'lib hisoblanadi. Milliy va umuminsoniy qadriyatlar milliy g'oyamizning asosiy tamo­yillaridan biridir. Avlodlarimizni ijtimoiy hayotdagi yangilanish va o'zgarishlar jarayoniga keng jalb etish, zamon taraqqiyotidan ortda qolmasligiga erishish, demak jahon taj­ribasi hamda umumqadriyatlar mohiyatini chuqur o'rganishni taqozo etadi. Bu esa odamlarning nurli kelajakka bo'lgan ishonchini mustahkamlash, fuqarolarning siyosiy, intellektual ongi va madaniyatini o'stirish, taraqqiyot yo'lini to'g'ri anglashda g'oyaviy-mafkuraviy yo'nalish bo'lib xizmat qiladi.

O'zbek fe'lining afzalliklarini tashviq qilish, xalqimiz madaniyatining bebaho va betakror ekanini anglash hamda jamoaviylik jamiyatimizning muhim xususiyati ekanligi, ijtimoiy birdamlik taraqqiyotimizning manbai bo'lib xizmat qilishiga alohida e'tibor beriladi. Shuningdek, bu jarayonda taraqqiyotga baholi qudrat o'z hissasini qo'sha oladigan yetuk shaxsni, ya'ni uning imijini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, shaxs tafakkuri va madaniyatini o'stirmasdan, uning ma'naviy dunyosini boyitmasdan turib ijtimoiy va iqtisodiy hamda madaniy jabhalardagi vazifalarni bajarish – muhimi milliy g'oyaga sadoqat ruhida tarbiyalash mumkin emas!

G'oya — muhim omil

Siyosiy g'oyalar orqali dunyoni idrok etishga nisbatan turlicha qarashlar sifatida tadqiq etish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Shu bois hammamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti uchun, ya'ni siyosiy partiyalarning o'zaro g'oyaviy-mafkuraviy plyuralizmini ta'riflash ayni muddaodir. Demak, “Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo'lib, uning o'tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi”, degan Prezidentimiz g'oyalariga amal qilish davr talabi bo'lib qoladi.

Siyosiy g'oya quyidagi asosiy tuzilmaviy unsurlar: 1) davrning umumiy dunyoqarashi tizimi bilan aloqadorlik; 2) mavjud tizimning u yoki bu holati asosida shakllangan dasturiy yo'l-yo'riqlar; 3) dasturiy maqsadlarni amalga oshirish strategiyasi; 4) targ'ibot va tashviqot; 5)dasturni amalga oshirishga doir aniq o'zgartishlar yoki harakatlardan iborat bo'ladi. Ya'ni, siyosiy g'oya o'z sohibining (millat, siyosiy partiya, ijtimoiy qatlam yoki guruhning) ijtimoiy barqarorligini mafkuraviy jihatdan ta'minlash vazifasini bajaradi. Shuningdek, u o'z ijodkori bo'lgan ijtimoiy guruh yoki millatning nurashi yoki inqirozga yuz tutishiga to'sqinlik qilib, uning yashovchanligini ta'minlab turadi. Shu jihatdan u o'z sohibini saqlash vositasi hamdir. G'oyasiz har qanday jamiyat yoki davlat tanazzulga yuz tutishi turgan gap! Asosiy ijtimoiy qadriyatlar to'g'risidagi tasavvurlarni g'oyaviy mafkura hosil qiladi.

Umuman olganda, siyosiy partiyalar o'zining ma'lum siyosiy g'oyaviy mafkurasiga ega bo'lib, uning qaysi ijtimoiy qatlam manfaatlarini ifoda etishi bilan bog'liq holda kechadi. Chunki, har bir ijtimoiy qatlam jamiyatda tutgan o'rni, maqsad va manfaatlaridan kelib chiqib, o'ziga xos siyosiy g'ayani shakllantiradi va unda ifodalagan maqsadlarni amalga oshirishga intiladi. Shu jihatlar nuqtai nazaridan O'zbekistondagi siyosiy partiyalar faoliyati tahlil etilganda, ularning siyosiy mafkuralari o'rtasidagi keskin farqlanishlarni kuzatish mumkin. Bu borada davlatimiz rahbari haqli ravishda qayd qildi: “Shuning uchun ham siyosiy partiyalar o'z dasturiy maqsad va vazifalarini, mafkuraviy sohadagi ishlarini qayta ko'rib chiqib, ularga zarur o'zgartirish va qo'shimchalar kiritishi, bunda jaxon tajribasini o'rganish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish foydadan xoli bo'lmaydi”.

Ma'lumki, O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o'z mafkurasini liberalizm g'oyalari ekanligini e'lon qildi. Mamlakat “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining mafkurasi esa sotsial-demokratiya mafkurasi hisoblanadi. “Milliy taklanish” demokratik par­tiyasi o'zining milliylik va milliy tiklanish hamda yuksalish mafkurasiga asoslanishini ta'kidlamoqda. Xalq demokratik partiyasi esa sotsial-demokratiyani o'zining mafkurasi ekanligini e'lon qildi. O'zbekiston ekologik partiyasi ekologik barqarorlikka erishish, aholi salomatligini muhofaza qilishni asosiy mafkura sifatida faoliyat ko'rsatadi.

O'zbekistonda siyosiy partiyalarning g'oya­viy mafkuralaridagi o'zaro muholifat jihatlari tadrijiy yo'l bilan shakllana boshlandi. Sobiq Ittifoq davrida muholifatning yo'qligi sabab yakkahokim partiya tizimidan qutulish oson kechmadi, albatta. Va nihoyat siyosiy partiyalar o'rtasida o'zaro ixtilofiy munosabatlar shakllandi. Bunga siyosiy par­tiyalar g'oyaviy mafkuralarining xilma-xilligi, ularning tayanch ijtimoiy qatlamlari o'rtasidagi o'zaro farqlanishlar sabab bo'ldi. Hozirgi paytda parlament va mahalliy vakillik organlaridagi saylovlarda deputatlik o'rinlari uchun partiyalararo kurashlar ham muholifatlikning rivojlanishiga turtki bo'ladi. Bu esa jamiyatda partiyaviy plyuralizmning rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

* * *

Hozirgi zamonda yangi texnologiyalarning tobora takomillashib borayotganligi va undan turli sog'lom va nosog'lom maqsadlarda foydalanishga urinishlar davom etayotganligi kuzatilmoqda. Yangilanayotgan O'zbekis­tonda milliy g'oya va ma'naviy-ma'rifiy ishlarning samaradorligini oshirish yo'lida ilg'or texnologiyalarga tayanib ish ko'rish lozimligi yaqqol sezilayotir. Bunda milliy g'oya­­ni targ'ib etishda turli jamoalar bilan aloqalar, ularning shakllari muhim o'ringa ega bo'lib, har biri o'ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Bizningcha, quyidagi xususiyatlarni hisobga olish milliy g'oyaning targ'ibotiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi: jamoaning faoliyat sohasi, jamoaning sotsial-demografik holati, milliy tarkibi, jamoadagi ma'naviy muhim, jamoaning ijtimoiy hayotda erishgan yutuqlari va muammolari, jamoa qadrlaydigan muhim g'oyalar va maqsadlar nazarda tutiladi.

Yuqoridagi ko'rinishlar bo'yicha muayyan bilim va ma'lumotlarga ega bo'lish milliy g'oya targ'ibotini tashkil etishga uslubiy hamda amaliy yordam beradi. Milliy g'oya targ'ibotidan ko'zlangan maqsadning aniq, ishonchli va ta'sirchan, hayotiy chiqishi hamda samaradorligining oshishiga ijobiy ta'sirini o'tkazadi. Aksincha munosabatda esa kutilgan natijaga erishib bo'lmaydi. Shuning uchun ham O'zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatinig tub mohiyatini xalqqa tushuntirish, ularning bu siyosatni qo'llab-quvvatlashlariga erishishda foydalaniladigan texnologiyalardan biri jamoatchilik bilan aloqalar shaklidir.

Jamoatchilik bilan aloqalar insonlarning fikrlariga, kayfiyatiga, hissiyotiga va oxir-oqibat xatti-harakatlariga kuchli ta'sir ko'rsatuvchi ishonch va istaklar strategiyasidir.

Zero, milliy g'oya chuqur e'tiqodga aylangan taqdirda, u ulkan kuch va qudratga ega bo'lishi, millat va xalq taqdirini ijobiy belgilashi mumkin. Buning uchun esa xalqda mafkuradan o'rin olgan g'oyalarga nisbatan yuksak va yengilmas ishonch ruhi yashashi kerak.

Karim NORMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + sixteen =