Matbuotimiz kelajagi kimlarga va nimalarga bog'liq?

Bir qarashda jurnalistikadan ham qiziqarli soha bo'lmasa kerak. Yozganlaring peshma-pesh chiqib tursa, ko'cha-ko'yda seni tanishsa, havas qilishsa, bunga ne yetsin. Mamlakatni kezib yurasan, xorijga chiqasan, yangiliklarni birinchi bo'lib eshitasan, muhim voqealarga guvoh bo'lasan. Mashhur kishilar suhbatdoshing bo'ladi. Maqolang jamoatchilik fikrini qozonib, qo'lma-qo'l bo'lib o'qilganida salkam qahramonga aylanasan.

Bugun xorijga xizmat safari, nufuzli xalqaro anjumanlarda qatnashish,   katta minbarlarda emin-erkin fikr aytish oddiy voqea bo'lib qoldi. Ayni shu holat ko'plab yoshlarni jurnalistikaga ohanraboday tortib kelayotir. Bu kasbni ixtiyor etayotganlar ko'payib borayotganining boisi ham shu. Ammo…

Jurnalistika bir hamla bilan zabt etiladigan fusunkor tepalik emas. U boshqa ko'p sohalar kabi zahmatli mehnatni talab etadi. Bu zahmat bir umr davom etadi. Hayotning zavqli damlari qog'ozu qalam ixtiyoriga o'tadi.

Zamon o'zgargani sari matbuot oldida yangi vazifalar paydo bo'laveradi. Gazetxon atalmish har yangi avlod sendan rost so'zni, voqea-hodisalarning ta'sirchan, ishonarli talqinini, oshkoralik va xolislikni kutadi. Har bir qalamkashning o'z ifoda usuli, jumla tuzish mahorati, hayotiy reallikni borlig'icha qog'ozga tushirish mahorati bo'lishi kerak. Faqat mahorat emas, qat'iyat va jur'at ham talab etiladi. Bularsiz yozganlaringga nainki gazetxonni, o'zingni ham ishontira olmaysan.

Gazetaning har bir sonida o'quvchi uchun yangi so'z aytish, gazetxon ong-shuuriga ta'sir o'tkazish, ko'nglida   ma'lum fikrlar uyg'ota olish oson ish emas. Chunki u ham, xuddi sen kabi, dunyoni kuzatib turibdi, shu bezovta dunyo ichida, quvonchu muammolarga, ixtiro-yu xatoliklarga guvoh bo'lib yashamoqda. Sho'rolar zamonida gazetaning har aytgan so'zi haqiqatga mengzalardi. Gazetada chiqdimi, bas, boshqacha fikrga o'rin qolmasdi.

Bugungi matbuot odamlar taqdirini hal etishdek hukmfarmonlik funksiyasidan xalos bo'ldi. Endi u jamoatchilikning erkin minbari. Unda ikkinchi, uchinchi tomonning ham fikri, nuqtai nazari bo'lishi talab etiladi. Bugungi   tanqid, avvalgidek, dahshatli jazo quroli ham emas. Gazetaning har bir soni ijodiy jamoaning zahmatli mehnati, izlanishlari evaziga tayyorlanadi. Chinakam gazetachi hech qachon o'z ishidan qanoat hosil qilmaydi. Kecha, o'tgan kuni yozgani bugun o'ziga yoqmay qoladi. Yanada yaxshi, puxta va ta'sirchan yozishga harakat qiladi. Fidoyi muxbir erta-yu kech yangi fikr, yangi qahramon qidiradi, qaerda bir nima “yilt” etsa, shu yerda hozir bo'ladi. So'z erkinligi, fikrning uyg'oqligi, mavzular ko'lamining kengayayotgani, jamiyatning tanqidga munosabati og'riq bilan bo'lsa-da, o'zgarayotgani, davlatimiz rahbarining ijodkorlarga ko'rsatayotgan g'amxo'rligi qalam ahliga yangicha ilhom baxsh etmoqda.

O'tgan asrning yetmishinchi yillari hozirgi Milliy universitetning jurnalistika fakultetida besh yil saboq olganmiz. G'aybulla as-Salom, Botirxon Akramov, Ochil Tog'ayev, Sayyora Najmiddinova, Najmiddin Komilov, Saydi Umirov, Tohir Pidayev, Muxtor Xudoyqulov, Boybo'ta Do'stqorayevning har bir darsi ta'sirchanligi bilan xotiramizga naqshlanib qolgan. Universitet biz uchun shu qadar qadrdon bo'lib qolgan ediki, har yangi o'quv yili boshlanishida qadrdon auditoriyalarimizni qo'msab, birinchi bosqich talabalariga qo'shilib, dars ting­lagani borardik.

U paytlari poytaxtda bor-yo'g'i uch-to'rtta gazeta chiqar, ularda maqola yoki xabar e'lon qilish lotereya o'ynab, yutuqqa erishishdek mashaqqatli edi. Kursdoshlarimizdan birining qisqa axboroti o'sha yillari mashhurlik cho'qqisiga ko'tarilgan, bugun taqa-taq to'xtab yotgan “Toshkent oqshomi”da bosilganida, muallif kios­kadan 20 dona gazeta sotib olib, bizlarga “Bu yutug'im sizlarga ham nasib qilsin”, degan dastxat bilan sovg'a qilgandi.

Bugun gazetalarda maqola chiqarish nima bo'libdi?! Bir gazetadan qaytgan maqola ikkinchi yoki uchinchisida, albatta bosiladi. Injiq muharrirlar talab qilganidek, maqolani qayta ishlash, imlosini to'g'rilash, faktlarini boyitish, jumlalarini tuzatish shart ham emas. Odamlar gazeta-jurnallardagi, ko'cha e'lonlari va rasmiy yozishmalardagi g'ij-g'ij xatoliklarga “ko'nikib” ketishdi.

Fakultetni 1972-1976 yillari tamomlagan talabalar orasidan ko'plab iqtidorli jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, noshir va bosh­­qa kasb egalari yetishib chiqdi. Erkin A'zamov, Usmon Azim, Halima Xudoyberdiyeva, Nomoz Sa'dullayev, Muhammadjon Obidov, Xurshid Do'stmuhammad, Muhammad Rahmon, Xurshid Davron, Ikrom Otamurodov, Sharifa Salimova, Ahmadjon Toshxo'jayev, Muhammadjon Azimov, Rahmatilla Sheraliyev… Bu ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Viloyat va tumanlarda hayotini jurnalistikaga bag'ishlagan hamkasblarimiz son-sanoqsiz. To'g'ri, bugun ham bitiruvchi yoshlar orasida salohiyatli yoshlar bor. Ammo muhtaram o'quvchi e'tiborini muhim bir holatga qaratmoqchiman: yetmishinchi yillardagi o'quv jarayoni bilan bugungi o'quv jarayonini yonma-yon qo'yib bo'lmaydi. Bizning asosiy vaqtimiz “KPSS tarixi”, “Partiya-sovet matbuoti tarixi”, “Marksizm-leninizm asoslari”, “Dialektik materializm”, “Tarixiy materializm” kabi siyosiy fanlarni o'qish, bolshavoylarning “Iskra” gazetasi materiallarini o'rganish bilan o'tgan. Shunda ham kasbimizga bo'lgan hurmatimiz so'nmagan. Boshqa bir jihati – fakultetga hujjat qabul qilishda asosiy e'tibor abiturientda ijodkorlikka moyillik, tanlayotgan kasbi xususida tushuncha, qo'lida qalami bormi-yo'qmi – shu kabi jihatlarga qaratilardi. Tuman, shahar, viloyat gazetalarida maqolalari chop etilgan, joylardagi yosh muxbirlar to'garaklarida qatnash­gan, jumla, dialog tuzish mahoratini egallagan, nutqi biyronlarning baholari biroz ko'tarilardi. Bundan-da muhimi, tahririyatlar iste'dodli yoshlarga jurnalistika fakultetiga o'qishga kirish uchun yo'llanma berar, o'qishni bitirgach, uni ishga qabul qilish kafolatini ham tasdiqlashardi. Bu, bugungi ibora bilan aytganda – ijtimoiy buyurtma edi. Keyinchalik abiturientlardan ijodiy ishlarini talab qilish tajribasi bekor qilindi. Xorijiy davlatlarda bo'lajak talabaning muayyan sohaga qiziqishiga qarab, unga tavsiya beriladi. Bizda esa tanlagan sohasi haqida hech qanday tasavvuri yo'q, umrida durust­roq bayon yoki insho yozmagan, gazetani jurnaldan farqlay olmaydiganlar ham test savollarini yodlab talaba bo'lishi mumkin. Kelajakda undan yaxshi jurnalist chiqishiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.

Yoshlarda jurnalistikaga qiziqish turlicha kechadi. Avvallari maktablarda turli mavzularda insho, voqea-hodisalar xususida bayon yozish qat'iy odat edi. Bu bilan o'quvchilarning xotirasini mustahkamlash, imlo savodini yaxshilashga erishilardi. Ona tili, adabiyot o'qituvchilari eng yaxshi ishlarni maktab devoriy gazetasiga, undan keyin tuman yoki shahar matbuotiga tavsiya qilishardi. Juda ko'p kasbdoshlarimiz sohaga ayni shunday kirib kelishgan.

Bugun mamlakat oliy ta'limida real natijaga erishish, yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, mushohadali qilib tarbiyalashga jiddiy e'tibor berilmoqda. Bunga erishish uchun o'quv jarayonini qayta ko'rib chiqish, uni jahoniy andozalar bilan birga milliy tajribalarga ham moslashtirish zarur. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy o'quv yurtlariga ijodiy-tashkiliy erkinlik berish vazifasini qo'ymoqda.

Ijodiy-tashkiliy erkinlik nima? Buni jurnalistika yo'nalishida ko'rib chiqaylik. Hozir amalda bo'lgan talablarga ko'ra, har o'quv yili boshlanishi arafasida o'qituvchilardan ikki semestr davomida o'zi saboq beradigan fan bo'yicha ma'ruzalar matni, amaliy mashg'ulotlarning mavzulari, talabalarga beriladigan savollar yozma ravishda talab etiladi. Rejali ish yuritishning yomon joyi yo'q, albatta. Ammo bunday talab ko'proq aniq fanlarga mos keladi. Ijodiy yo'nalishlarda, jumladan, jurnalistikada matbuotning asosiy prinsiplari – xolislik, haqqoniylik va tezkorlik saqlanib qolgani holda, aniq fanlarga xos yillar davomida o'zgarmaydigan teorema yoki formulalar yo'q. Matbuot jamiyatning erkin minbari ekan, demak, jamiyat qanday bo'lsa, uning matbuoti ham shunday bo'ladi. Jamiyat oldida turgan birlamchi vazifalar matbuotning ham vazifasi hisoblanadi. Jamiyatning bir bosqichdan ikkinchi bosqichga o'tishi, har yangi yil uchun maxsus davlat dasturlarining qabul qilinishi, OAV oldiga yangi vazifalar qo'yadi. Chunonchi, bugun O'zbekistonda Uchinchi Uyg'onish faslining ma'naviy-ma'rifiy asos­lari yaratilayotgan ekan, matbuot bu jarayonning qoq markazida turmog'i shart.

Ko'rinadiki, jurnalistikada milliy rivoj­lanishning muhim burilish nuqtalarini avvaldan rejalashtirish qiyin. Shunday bo'lsa-da, jamiyat bilan baqamti qadam tashlash, jurnalis­tik kuzatuv va amaliy tahlillarda bir qadam oldinda bo'lish, yutuqlar bilan birga, yo'l qo'yilayotgan kamchilik va nuqsonlarni tahlilga tortish, to'g'ri va adolatli yechim yo'llarini taklif etish kasbimiz uchun sharafli bir ishdir.

Matbuotning muhim xususiyati – hozirjavoblik. Bugungi gapni bugun aytish kerak, voqea­ hodisalar rivojini oldindan seza bilish va shunga mos qalam tebratish zarur. Jurnalistika shu bilangina kifoyalanmaydi, uning jangovar publitsistik quroli jamiyatni, davlat boshqaruvini, ta'lim-tarbiya va boshqa soha mutasaddilarini ogohlik va sezgirlikka da'vat etadi. Bunga ko'plab misollar keltirish mumkin. Orol dengizi o'tgan asrning ikkinchi yarmi boshlarida quriy boshladi. Buni melioratsiya va suv xo'jaligi mutasaddilaridan avval jurnalistlar sezishdi va bong urishdi. Afsuski, sobiq ittifoqning tegishli idoralari bu kuyunchak hayqiriqni eshitmadi.

Bir vaqtlar o'zim tahsil olgan fakultetda yigirma yildan beri bo'lajak hamkasblarimizga saboq berar ekanman, talabalar bilan ishlash, ularning ijodiy qobiliyatlarini mus­tahkamlash, kuzatuvchanlikka, bahs-munozara olib borishga o'rgatishda qachonlardir tasdiqlangan eski “qolip”lardan emas, yangi-yangi zamonaviy usullardan foydalanish yaxshi samara berishiga ishonch hosil qildim. Har bir semestrda talabalar oraliq, joriy va yakuniy nazorat ishi yozishadi. Savollarni fan o'qituvchisi tuzadi, kafedra tasdiqlaydi. Buning xato joyi yo'q. Ammo ko'p hollarda savollar quruq naza­riyadan iborat bo'lib qoladi. Talabalarning hammasi ertaga nazariyotchi olim bo'lib yetishmaydi, shu bois, bunday savollarga javob yozishda mushkullik kelib chiqadi. Natijada talabalarning “ixtiro”chiligi ishga tushib, darsliklardagi tayyor fikrlar qog'ozga tushadi. Bunday ishlarni baholash qiyin. Chunki ularda talabaning shaxsiy fikri yo'q. Shu bois, nazorat ishlari savollarini ijodiylashtirish tarafdoriman. Faqat shu emas, fakultetdagi dars mashg'ulotlarining ko'pi ijodiy shaklda, amaliyot bilan bog'liq holda o'tkazilishi kerak.

Har o'quv yilining yakunlanishida bitiruvchi bosqich talabalari bilan ijodiy suhbat o'tkazaman. Bo'lajak hamkasblarimizning bundan to'rt yil avvalgi va bugungi o'y-fikrlariga qiziqaman. Jurnalist kadrlar tayyorlashni yaxshilashga doir takliflarini bilmoqchi bo'laman. Shu mavzuda yozma   topshiriq beraman. Bu yil ham shu an'anani davom ettirdim. Bundan uch-to'rt yil avvalgi bitiruvchilarning fikri bugungi fikrlardan keskin farq qiladi. Avvallari “Nega jurnalistikani tanlagansiz?” degan savolga: “Boshqa o'quv yurtlariga kirolmaganim uchun”, “Har kuni yangi libos kiyadigan suxandonlarga havas qilib”, “Ota-onamning xohishiga ko'ra”, degan javoblar ko'p uchrardi. Bugungi javoblarda ma'lum ijtimoiy faollik, mas'uliyat, matbuotimizning mavqei bilan bog'liq jiddiy kuyunchaklik bor. Ularning ayrimlariga e'tibor bering:

– fakultetga qabul qilishda ijodkorlikka moyil, qo'lida qalami bor, matbuotda xat-xabarlari bilan ko'rinib turadigan yoshlarga alohida e'tibor berish kerak;

– fakultetning avvalgi maqomini tiklash zarur;

– talabalarni qiziqish yo'nalishlariga qarab, kichik “Ustoz-shogird” guruhlariga ajratib o'qitish yaxshi samara beradi;

– ilmiy-pedagogik jamoani tajribali amaliyotchilar bilan boyitish hisobiga yangi qon tomirlari paydo qilish kerak;

– ortiqcha, takror va zarur bo'lmagan fanlarni qisqartirishni taklif qilaman. Jurnalistikada asosan jurnalistika o'qitilishi kerak;

– o'quv jarayoni o'ttiz foiz nazariya, yetmish foiz amaliyotdan iborat bo'lsa yaxshi;

– fakultetda milliy va xorijiy nashrlar tarixiga oid ilmiy-axboriy baza bo'lishi maqsadga muvofiq;

– ba'zi ustozlarning ustozlik mahorati bugungi talablarga javob bermaydi;

– oraliq, joriy va yakuniy nazorat ishlari savollarida erkin ijodiy mavzular ko'payishi kerak;

– talaba darsga majburan emas, nimanidir o'rganish uchun kelsin;

– ijodkor talabalarni rag'batlantirishni yo'lga qo'yish kerak. O'quv jarayonida gazeta-jurnallarda, ijtimoiy tarmoqlarda tahliliy maqola, suhbat, lavha e'lon qilayotgan talabalarga, teleko'rsatuv, radioeshittirish mualliflariga ma'lum reyting berilsa ayni muddao bo'lar edi;

– fakultetda o'quv gazetasi, bosmaxona, radio va telestudiya bo'lishi shart. Shunday imkoniyat yaratilsa, amaliyotning ma'lum qismini   o'quv yurtining o'zida o'tkazish mumkin bo'ladi.

Ko'rinib turibdiki, bitiruvchi talabalarning takliflari har jihatdan   o'rinli. Ularni hisobga olish, o'quv jarayonini tashkil etishda kasbimizning ijodiy xususiyatini e'tiborda tutish, qabul qoidalarini ijodiylashtirish milliy matbuotimiz so'zining jamoatchilik fik­riga ta'siri ertaga qanday bo'lishiga bog'liqligini unutmasligimiz kerak.

Ahmadjon Meliboyev

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 2 =