Adabiyot  va san'atga, madaniyatga e'tibor, bu, avvalo, xalqimizga e'tibor, kelajagimizga  e'tibor ekanini, buyuk shoirimiz Cho'lpon  aytganidek, adabiyot, madaniyat yashasa, millat yashashi mumkinligini unutishga bizning aslo haqqimiz yo'q.

Shavkat MIRZIYOYEV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti.

XX asr boshlarida yurtimizda maorifni, ta'limni, matbuotni, kutubxonalarni tashkil etishga, millatni ilmu urfonga uyg'otishga fidoyilik qilgan tarixiy siymolar kamol topdi. Ular jadidlar nomi bilan  ilm-ma'rifatga, kitob va kutubxonalarga  katta e'tibor qaratdilar. Ulardan biri  Abdulhamid Cho'lpondir.

Taniqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov ta'biri bilan aytganda, “…favqulodda iste'dodga ega bo'lgan shoir” Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon 1897 yilda Andijonning Qatorterak (hozirgi Navoiy shoh ko'chasi) mahallasida tug'iladi.

Cho'lponning onasi Oysha ona uy bekasi bo'lgan, otasi Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus o'g'li (1874-1929) dehqonchilik bilan shug'ullangan, hunarmand bo'lgan. Shu bilan birga Cho'lponning otasi zamonasining peshqadam ziyolilaridan bo'lib, “Rasvo” taxallusi bilan g'azallar bitgan.

Abdulhamid avval eski maktabda o'qiydi, savodini chiqargach, Andijon va Toshkent mad­rasalarida tahsil oladi. U ijodini 1914 yildan boshlagan. 1920-1927 yillarda chiqa boshlagan “Sadoi Turkiston” gazetasida bir qator maqolalari va badiiy asarlari bilan qatnashib turadi.

Betakror adib, jasoratli inson Cho'lpon juda qisqa, bor-yo'g'i qirq yil umr ko'rdi. Uning hayot yo'li bir-biridan tubdan farq qiluvchi, tarixiy voqealarga boy Turkistondagi siyosiy va ma'naviy o'zgarishlar ko'zga tashlangan ikki davr chegarasida o'tdi. Agar uning birinchisi o'zida taraqqiyparvar g'oyalarni jamlagan jadidlikning yuzaga kelishi va rivojlanishi bilan ifodalangan bo'lsa, ikkinchisi uni yo'q qildi va “baxtli kelajak” haqidagi  tasavvurlarini ostin-ustun qilib tashladi, jamiyatni o'zgartirib, sanoatni yuksaltirish va “madaniy inqilob” niqobi ostida fojiali voqealarga yo'l ochdi. Dastlabki paytlarda qudratli hayot to'lqini Cho'lponni mavhumlik girdobidan olib chiqib, keng xalq ommasining she'riyatdagi qahramoniga aylantirdi. Iste'dod uni yuksak cho'qqilarga olib chiqdi, lekin tez orada u jamiyatning ovloq joylariga uloqtirildi.

Uning murakkab hayoti zamon taloto'plarida yanchilgan taqdirlardan biri edi. Cho'lpon shaxsini bilish va uni oxirigacha tushunish, betak­rorligini his qilish, buyukligi va qudratini anglab yetish uchun u qanday davrda yashaganini hisobga olish zarur.

Cho'lpon “Qalandar”, “Mirzaqalandar”, “Andijonlik” taxalluslari bilan ham ijod qilgan. 1922 yilda “Qalandar” taxallusi bilan yozilgan “Alamzadalar” she'ri “Turkiston” gazetasining 1922 yil 22 oktyabr sonida bosilgan. Xususiy ravishda ruschani qiziqib o'rgangan shoir Tatariston, Ozarbayjon, Hindistonda chiqadigan gazeta-jurnallarga mushtariy bo'lib, ruscha gazeta-jurnallarni o'qib borgan. Yetti yashar singlisini o'z mahallasida ochilgan yangi usul tatar qizlar maktabiga beradi. Yuqorida tilga olganimiz “Sadoi Turkiston” gazetasida Cho'lpon bilan bir qatorda Munavvar qori, Abdulla Avloniy, Tavallo, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Lutfulla Olimiy, Vasliy kabi ma'rifatparvarlarning ham asarlari bosilib turgan. Cho'lpon muttasil sovet idoralarida xizmat qilgan.

“Ishtirokiyun”, ”Qizil Bayroq”, “Turkis­ton”, “Buxoro axbori” gazetalarida mas'ul lavozimlarda xizmat qilgan. Dastlabki she'riy to'plamlaridan biri “Tong sirlari” deb nomlanib, Abdulla Qodiriyning muqaddimasi bilan e'lon qilingan edi. To'plam chop etilgandan keyin oradan hech qancha vaqt o'tmay, 1927 yilning 14 fevral kuni “Qizil O'zbekiston” gazetasida “Ayn” imzosi bilan maqola bosiladi. Bu ijobiy maqola Cho'lpon haqida edi. (“Ayn” – adabiyotshunos va munaqqid olim O.Sharafiddinovning taxallusi bo'lgan). Yuqoridagi maqola bosilgandan keyin “Qizil O'zbekiston” gazetasi tahririyati shu maqola bilan Cho'lpon haqida bahs boshlanganini ma'lum qiladi. Ana  shundan keyin Cho'lpon shaxsi va ijodi haqida, ijodidagi “Sinfiylik”, “Millatchilik” ruhi haqida o'sha davrning “ulug'”lari bahs boshlaydi. Bahsda o'sha vaqtda 22 yoshda bo'lgan Oybek ham ishtirok etadi. Bu bahslarda yozilgan maqolalarga olim Ozod Sharafiddinov tadqiqotlarida keng o'rin berilgan.

Cho'lpon ijoddan to'xtamaydi, turli ta'qib va salbiy ta'sirlarga qaramasdan o'zining go'zal she'rlarini, “Kecha va kunduz” romanini yaratadi. Ammo atrofdagilarning adovati va g'arazlari kundan kunga  kuchayib boradi. 1921 yilda Buxoroga borib, Fitrat yordamida inqilobiy Buxoro xalq respublikasining dastlabki odimlari bilan tanishadi.  O'sha vaqtda Toshkentdagi muxoliflar uni qaynoq inqilobiy hayotdan chekinishda ayblaydilar. Cho'lpon shunda “Men qochmadim” deb nomlangan she'rini yozadi. Unda shunday misralar bor:

 

Men qochmadim! Nega meni “qochdi” deb,

Yo'qga muncha shovqin-suron qildingiz?

Quchog'ini “o'zligi”ga ochdi deb,

Oq ismimga qora zanjir ildingiz?

Cho'lponning boshiga yog'ilayotgan malomatlar sira tinmasdi. Shu tufayli u Fayzulla Xo'jayevning maslahati bilan Moskvaga ketadi va SSSR Markaziy Ijroiya komiteti apparatida tarjimon bo'lib ishlaydi. Bu ham shoirni “Jadid” degan ta'qiblardan saqlab qololmaydi.

Chunonchi, u “Yaproqlar” she'rini O'zbekis­tonda emas, balki Turkiyada e'lon qilgan. Vatanida buning imkoni yo'qligini tushungan, degan fikr keladi xayolga:

Qarg'alar bog'larda qag'lashib qoldilar,

Bilmadim, kimlarning qismati uzilur?

Yaproqqa yopishib, bir changal soldilar,

Bilmadim, kimlarning umidi yo'q bo'lur?

 

Ey, sovuq ellardan muz kiyib kelg'onlar,

U qo'pol tovshingiz qorlarda yo'q bo'lsin!

Ey, mening bog'imdan mevamni terg'onlar,

U qora boshingiz yerlarga ko'mulsin!

 

Shoirning bu qisqa satrlarida alam-iztiroblar, xalqqa begona bo'lgan e'tiqodini majburlab tiqishtirganlar, poymol etilgan taqdirlar, Vatan haqida qayg'urish ifodalangan.   O'n yillar mobaynida Cho'lpon tanqid tig'lari ostida yashadi.

Mash'um 1938 yilda Cho'lpon otilgan bo'lsa-da, uning nomi xalqimiz yodidan ko'tarilmadi. Asarlari hali-hanuz kitobxonlar tomonidan sevib o'qilmoqda. Ma'rifatparvar jadidlar qatori uning asarlari ham kutubxonamizdan o'rin olgan. Cho'lpon yangi adabiyotda yangi shakllarga asos soldi. Mistik adabiyot o'rniga zamonaviy ziyrak adabiy didga javob beruvchi ajoyib she'rlarni taqdim etdi. Bugungi yosh avlod uning jozibali ijodiy texnikasini, sodda tilini, g'aroyib uslubini  sevadi va undan ko'p ajoyib narsalarni qabul qiladi. Shu boisdan ham bugungi kunda  jadid namoyandalarining ijodiy faoliyatini o'rganish va targ'ib qilish asosiy vazifalarimizdan biridir.

Muborakxon ISAQOVA,

Buloqboshi tuman

axborot-kutubxona markazi direktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 4 =