“Zaminday vazminu mehnatkash, mushfiq…”

Har gal fidoyi olim va pedagog Boybo'ta Do'stqorayevni esga olganimda, “Zaminday vazminu mehnatkash, mushfiqdegan misra beixtiyor xayolimga keladi. Nazarimda, atoqli shoirimiz G'afur G'ulomning xalqimiz ta'rifida bitgan bu shoh satri shu elning chin farzandi bo'lgan Boybo'ta akaga har jihatdan munosibu kishi haqiqatan ham zaminday vazmin, haqiqatan ham mehnatkash, mushfiq va kamsuqum inson edi

Boybo'ta akani birinchi marta 1973 yilning yoz oylarida, akam bilan Toshkent davlat universitetiga o'qishga hujjat topshirish uchun kelganimda uchratganman.

Universitetning keng-mo'l, uzun koridoriga qo'yilgan qator stollardan birida o'ttiz yoshlar chamasidagi yigit jurnalistika fakultetiga hujjat qabul qilayotgan ekan. Stoldagi peshlavhadan bu yosh o'qituvchi fakultet qabul komissiyasining a'zosi Boybo'ta Do'stqorayev ekanini bilib oldik. Domla har bir hujjatni nihoyatda sinchkovlik bilan ko'rib chiqar, o'z ishiga mas'uliyat bilan yondashishi xatti-harakatlaridan yaqqol sezilib turar edi.

Navbat menga keldi. U kishi hujjatlarimni diqqat bilan ko'zdan kechirar ekan, bir zum taraddudlanib qoldi. Goh pasportimga, goh attestatimga, so'ngra yuzimga qaradi, keyin muloyimlik bilan dedi:

— Ukajon, pasportingizda tug'ilgan joyingiz Ordjonikidze rayoni deb ko'rsatilgan ekan, attestatingizda Parkent deb yozilibdi. Albatta, men ishonaman, bunda sizning aybingiz yo'q, lekin hujjat – baribir hujjat-da, to'g'rilab kelmasangiz bo'lmas…

Attestatni olayotgan vaqtda azbaroyi suyunganimdan e'tibor qilmagan ekanman, qarasam, haqiqatan ham tug'ilgan qishlog'im Parkent deb ko'rsatilibdi. Holbuki, mening nasl-nasabim shu joydan bo'lsa-da, 1956 yilning 19 yanvar kuni sobiq Ordjonikidze (hozirgi Qibray) tumanining Tuzil qishlog'ida tug'ilganman. Ota-­onam iqtisodiy sharoiti nochor bo'lgan Parkentdan ko'chib kelib, shu yerdagi sovxoz, ya'ni davlat xo'jaligida oddiy ishchi bo'lib mehnat qilishgan.

Maktabda Xoliq Eshmatov degan husnixati chiroyli matematika o'qituvchimiz bo'lardi, pasportga qarab o'tirmasdan, hamma sinfdoshlar qatori mening attestatimga ham komil ishonch bilan “Parkentda tug'ilgan” deb yozib yuborgan ekan.

Noiloj, qishloqqa qaytib, attestatdagi xato yozuvni to'g'rilash harakatiga tushdim. Hamma yozgi ta'tilga chiqib ketgan emasmi, maktab bo'm-bo'sh. Direktorimiz – rahmatli Umarali akaning uyiga bordim, boyagi xatoni tuzattirib, keyin tuman xalq maorif bo'limidan attestatga “Ispravlennomu verit!” degan muhrni bostirgunimcha, oradan ikki-uch kun vaqt o'tib ketdi.

Nihoyat, hujjatlarni taxt qilib, yana akam bilan Toshkenti azimga yo'l oldik. Universitetga kelsak, hujjat qabul qilib o'tirgan Boybo'ta aka jo­yida yo'q, koridorda uzungina, asabiy nav­bat hosil bo'libdi.

Bir soatlar o'tgach, u kishi shosha-pisha kirib keldi. Bizdan oldinroqda turgan yoshi kattaroq odam norozi ohangda nimadir degan edi, domla muloyimlik bilan:

— Uzr, kechirasizlar, keliningizni tug'ruqxonaga joylashtirib kelyapman, shunga kech qoldim, – deb jilmaydi.

Men oilasida yangi farzand kutilayotgan hayajonli va tashvishli pallada ham ishidan qolmagan, o'ziga xos og'ir-vazminlik va sinchkovlik bilan xizmatini davom ettirayotgan bu insonning sabr-bardoshi va mas'uliyatiga qoyil qoldim.

Jurnalistika fakultetida o'qiganlar biladi, bu dargohda tahsil olmoqni niyat qilgan “abuto'ra”, ya'nikim, abiturient zarur hujjatlar bilan birga ijodiy ishlarini – turli nashrlarda e'lon qilingan materiallarini ham topshirishi lozim. Mening sobiq Kommunistik (hozirgi Yuqori Chirchiq) tumanida chiqadigan “Sur'at” gazetasida bosilgan va o'n ikki varaqli rasm daftariga yopishtirilgan to'rt-beshta xabar va lavhalarim bor edi, xolos.

Mendan oldin hujjat topshirayotgan yigit sandiqdek bir albomni stol ustiga qo'ydi. Sekin razm solsam, uning ichida jurnalistikaning hamma janrlaridan namunalar – maqola va reportaj ham, intervyu va ocherk, fel'yeton, hatto, sahifa-sahifa she'rlar ham bor. Gap-so'zlaridan ma'lum bo'ldiki, bu yigit vohadagi tuman gazetalaridan birida mas'ul kotib bo'lib ishlar ekan.

Boybo'ta aka uning materiallarini qiziqish va e'tibor bilan ko'rib chiqdi, so'ngra: “Ukajon, gazetada katta vazifada ishlar ekansiz, harbiy xizmatga ham borib kelibsiz. Hayotiy va ijodiy tajribangiz yetarli ekan, mening sizga maslahatim, hujjatlaringizni sirtqi bo'limga topshiring. Chunki, ba'zan universitetni tugatgan jurnalistlar ham loaqal rayon gazetasiga ishga o'tolmaydi. Sirtqi bo'limga topshirsangiz, ham oliy ma'lumotli bo'lasiz, ham ish joyingizni yo'qotmaysiz”, degani esimda.

Albatta, bu hayotning past-balandini ko'rgan, bizdan uch-to'rt ko'ylakni ortiqroq yirtgan odamning real vaziyatdan kelib chiqib, bo'lg'usi talabaga bergan xolisona, xayrixoh o'gitlari edi.

Muxtasar aytganda, o'sha ilk uchrashuvdayoq Boybo'ta Do'stqorayev menda har qanday holatda ham o'z vazifasiga sidqidildan, mas'uliyat bilan yondashadigan, mulohazakor, barchaga, ayniqsa, yoshlarga mehr-e'tibor bilan munosabatda bo'ladigan inson sifatida taassurot qoldirdi. Va yillar osha domla haqidagi bu fikrlarim hayotda o'z tasdig'ini topa bordi.

O'sha vaqtlarda, adashmasam, Boybo'ta aka fakultetda endi mehnat faoliyatini boshlagan, “laborant” degan kamtarona bir lavozimda ishlardi. Ba'zan katta domlalarimiz uzrli sabablar bilan kelmay qolganida, u kishi bizga dars ham o'tib turardi.

Aslida, ustoz-shogirdlik degan gap juda shartli tushuncha. Inson ba'zan birgina uchrashuv orqali yoki favqulodda o'tkir bir fikri, bir og'iz o'rinli maslahati bilan ham hayotingizda o'chmas iz qoldirishi, siz uchun umrbod ustoz maqomida bo'lib qolishi, aksincha, sizga to'rt-besh yil saboq berib yoki uzoq vaqt bir idorada, bir xonada birga o'tirib, sizga rahbarlik qilib ham ustozlik darajasiga ko'tarila olmasligi mumkin.

Haqiqiy ustoz bo'lish uchun odamning avvalo ichki dunyosi butun, vijdon-e'tiqodi pok, ma'naviyati yuksak bo'lishi lozim ekan.

Boybo'ta aka jurnalistika nazariyasi bo'yicha ora-sira o'tgan mana shu ikki-uch soatlik saboqlari bilan ham biz talabalarning mehrimizni qozonib ulgurgan edi.

Shu o'rinda o'sha davrda bizga XIX asr chet el adabiyotidan qisqagina – atigi bir semestr dars bergan betakror Tal'at Solihov domlamiz yodimga tushadi. U tabiatan nihoyatda og'ir-vazmin, doim ozoda va sipo kiyinib, qalin gardishli ko'zoynak taqib yuradigan, shu qiyo­fasi bilan “Urush va tinchlik” filmidagi Sergey Bondarchuk yaratgan Pyer Bezuxov siymosiga o'xshab ketadigan bir kishi bo'lib, nafaqat o'z fanini, balki adabiyot ilmi, so'z san'ati mohiyatini “suv qilib ichgan” olim edi.

Esimda, bir gal domla mashhur fransuz adibi Gi de Mopassanning “Do'ndiq” nomli hikoyasini uch soat davomida ipidan ignasiga qadar batafsil tahlil qilib bergan edi.

Tasavvur qilyapsizmi, uch soat faqat birgina hikoya, faqat va faqat tahlil!

Ushbu satrlarni o'qiyotgan do'stlarimiz hikoya mazmuni bilan albatta tanish bo'lsalar kerak, degan umidda uning syujetini aytib o'tirmoqchi emasman. O'qimaganlar bo'lsa, shu bahona mutolaa qilsalar, ajab emas.

Faqat shuni aytmoqchimanki, dilijans aravada ketayotgan bir guruh fransuz fuqarolarini yo'ldagi nazorat bekatida bir pruss zobiti to'xtatadi va ular orasidagi fohisha ayol – Do'ndiqning o'zi bilan ko'ngilxushlik qilishini ochiqdan-ochiq, surbetlarcha talab qiladi. Bu gapni eshitib, aravadagi yo'lovchilar – amaldor, ruhoniy, olim, savdogar, harbiy xizmatchi va boshqalar dastlab qattiq darg'azab bo'ladilar. Ammo oradan ikki kun o'tgach, ular endi yaramas prussakning talabiga ko'nmasdan, ularni yo'ldan qoldirayotgan Do'ndiqdan norozi bo'lib, uni dushman zobitining istagini bajarishga qistay boshlashadi. Ya'ni, bu xudbin kimsalar o'z manfaati yo'lida g'animdan nafratlanish, jirkanish o'rniga unga xushomad qilishga, o'z millatdoshi bo'lmish baxtiqaro ayolga nisbatan sotqinlik qilishga tayyor ekanliklarini namoyish etadilar.

Uchinchi mashg'ulot so'nggida Tal'at aka: “Mopassan asarda tasvirlagan bosh qahramon – bu fohisha ayol Do'ndiq emas, hikoyaning bosh qahramoni – bu o'z fuqarolarining ma'naviy qo'rqoqligi va xiyo­nati sababli Prussiyaga qarshi urushda mag'lubiyatga uchragan mazluma Fransiya”, deya bu kichkinagina hikoyadan juda katta, favqulodda teran falsafiy xulosa chiqargan va buni eshitib, hammamizning ko'zimiz yarq etib ochilib ketgan edi.

Mana shunday unutilmas saboqlar tufayli men haqiqiy adabiyot qanday bo'lishini, chinakam badiiy asarning ikkinchi ma'nosi, ikkinchi qatlami ham borligini va uni anglash zarurligini o'rgandim.

Keyinchalik jahon adabiyotining mashhur namoyandalari, xususan, Xeminguey, Markes, Joys singari adiblar ijodiga mansub ko'p ma'noli, tagdor qatlamli asarlarni mutolaa qilar ekanman, ularning mag'zini chaqish, botiniy mazmunini idrok etishda Tal'at Solihovning saboqlari, hech shubhasiz, men uchun noyob dastur, sehrli kalit vazifasini o'taganini minnatdorlik bilan e'tirof etaman.

Qalbimdagi chuqur hurmatga qaramasdan, men Tal'at Solihov bilan yaqin bo'lib keta olganim yo'q. Rahmatli domlaning o'zlari ham juda salobatli, sipo va sirli inson edi-da. U kishini universitetda onda-sonda uzoqdan ko'rib qolar edik. Hozirgacha shu yuksak intellektual salohiyatli shaxsning suhbatidan ko'proq bahramand bo'lmaganimga, ko'proq bilim olib qolmaganimga afsuslanaman.

Lekin shunga qaramasdan, men Tal'at domlani Asqad Muxtor, Erkin Vohidov singari chin ustozlarim qatori hamisha ehtirom bilan yodga olaman. Xuddi shuningdek, Boybo'ta Do'stqorayev ham men uchun ustozlik maqomiga ega inson ekanidan faxrlanaman.

Oradan yillar o'tdi. Universitetni tugatib, hammamiz har tomonga tarqab ketdik. Boybo'ta aka qadrdon dorulfununda qoldi. Men domlaning ijodiy va pedagogik faoliyatini imkon qadar kuzatib, yozganlarini o'qib, turli tadbirlarda salom-alik qilib yurdim.

Va nihoyat, 2010 yili u kishini yirik va zahmatkash olim sifatida o'zim uchun yangitdan kashf qildim.

Kunlarning birida Boybo'ta aka men ishlayotgan Prezident devoniga murojaat qilib keldi. Ma'lum bo'lishicha, domla ancha vaqt muqaddam “O'zbekis­ton jurnalistikasi tarixi” nomli darslik yaratgan bo'lib, qo'lyozma turli bosqichlarda ilmiy muhokamalardan o'tib ijobiy baholangan, lekin qandaydir sabablarga ko'ra bosilmay kelayotgan ekan. Muallifning iltimosidan so'ng qo'lyozmani oliy ta'lim vazirligi rahbarlaridan biri “shaxsan o'zim ko'rib chiqib, hal qilaman”, degan va'da bilan qabul qilib olgan, ammo qariyb yarim yildan buyon bu ilmiy ish uning g'aladonida harakatsiz yotgan ekan.

Garchi bu darslikni chop etish masalasi mening xizmat vakolatimga kirmasligini yaxshi bilsa-da, domla qo'l­yozma bilan shunchaki bir o'quvchi sifatida tanishib chiqishimni so'radi.

Odatda ilmiy tadqiqotlar, darslik va qo'llanmalar qat'iy talablar asosida, o'ziga xos uslubda yaratilishini, shu sabab ularni “hazm qilish” ham oddiy kitobxon uchun ancha murakkab, hatto biroz zerikarli bo'lishiga hammamiz ko'nikib qolganmiz.

Lekin “O'zbekiston jurnalistikasi tarixi. 1-qism. 1870–1917 yil noyabr” deb nomlangan, kattagina hajmli ushbu qo'lyozma bilan tanishar ekanman, ochig'ini aytsam, xuddi o'tkir syujetli detektiv asarni o'qiyotganday, undan bosh ko'tara olmay qoldim.

Chuqur ilmiy tahlil, insoniy harorat, faol grajdanlik pozitsiyasi, eng muhimi, milliy istiqlol g'oyasi bilan sug'orilgan bu asar o'ta jiddiy, g'oyat og'ir va mashaqqatli mehnatning samarasi bo'lib, shak-shubhasiz, ma'naviy jasorat namunasi edi.

Qo'lyozmani o'qib tugatgach, beixtiyor o'yga toldim. Muallifning O'zbekiston Milliy kutubxonasi, Kitob palatasi, Davlat markaziy arxivi va boshqa dargohlarda qanchadan-qancha tarixiy manbalarning, bundan bir-bir yarim asr oldin chop etilgan, varaqlari hilvirab ketgan gazeta-jurnal taxlamlarining changini yutib, necha yillar tinimsiz izlanishlar olib borgani, o'nlab, yuzlab sahifa materiallarni faqat qo'lda ko'chirib chiqqanini o'zimga tasavvur qildim. Manbalardan parcha va iqtiboslarni to'plash o'z yo'liga, lekin ularning barchasini bir mantiq ipiga mohirona, xuddi marjondek tizib chiqilgani meni behad lol qoldirdi.

Kitob nohaq qatag'onga uchragan, otilgan, osilgan, so'yilgan, lekin “Vatan uchun, millat uchun” degan hayot maslagidan qaytmagan ma'rifatparvar ajdodlarimiz faoliyatining so'nmas bir jab­hasi – jadidchilik deb ataladigan ulkan va qudratli harakatning tub ildizi, uning tadrijiy taraqqiyoti va fojiali taqdiridan hikoya qilardi.

Bu asarning har bir varag'i, har bir satrida Turkiston qayg'usi, Turkiston dardi unsiz faryod kabi yangrardi.

Bu – mustaqil O'zbekistonning chin ziyo­lisi bo'lgan fidoyi shaxs tafakkuri bilan yaratilgan, so'nggi yillarda men qanoat hosil qilib o'qigan oz sonli kitob­lardan biri, ta'bir joiz bo'lsa, Boybo'ta Do'stqorayev degan zahmatkash olim umrining bosh kitobi edi.

Garchi muallif bugungi yoshi ulug' barcha insonlar qatori umrining asosiy qismini sovet mafkurasi davrida o'tkazgan bo'lsa-da, “O'zbekiston jurnalis­tikasi tarixi” asari uning eski g'oya va maslaklardan butunlay voz kechib, istiqlolimizni anglash va qadrlash, ozodlik yo'lida jon fido qilgan ajdodlarimizning jasoratli kurashini o'rganish va targ'ib etishga qaratilgan olijanob va ibratli intilishlarini o'zida yorqin mujassam etadi.

Ushbu tadqiqotning yana bir noyob xususiyati – muallif unda faqat birlamchi manbalarga, aniq fakt va ma'lumotlarga asoslanib mushohada yuritadi, ortiqcha izoh va tafsilotlarga deyarli o'rin bermaydi. Asarda faqat hujjat va dalillar “gapiradi”, ta'bir joiz bo'lsa, tarix tilga kiradi. Bu esa kitob bilan tanishgan har qanday o'quvchining ongida mustaqil va xolis fikr uyg'otadi.

Tadqiqot ishida Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Sad­riddin Ayniy, Abdulhamid Cho'lpon, Hamza, Abdulla Qodiriy, Hoji Muin singari nomlari hammamizga, keng jamoatchilikka yod bo'lib ketgan atoqli jadid namoyandalaridan tashqari, sharafli ismlari, ezgu ishlari hali-hanuz ko'pchiligimizga notanish va noma'lum bo'lib kelayotgan Obid Ismoilov, Mirhaydar Mirbadalov, Jalol Yusufzoda, Mo'minjon Muhammadjonov, Rauf Muzaffar, Xolid Said, Karimbek Norbek o'g'li, Obidjon Mahmudov, Ubaydulla Sulaymoniy, Shokirjon Rahimiy, Kabir Bakir, No'shiravon Yovushev, Abdurahmon Sodiq o'g'li, Muhammadqul O'rinboyev, Mavlon Ashurboyev singari o'nlab, yuzlab ma'rifatparvar kurashchilar haqida g'oyat nodir ma'lumotlar bayon etilgan. Bu ajoyib odamlarning har biri haqida doston yozsa arziydi.

Muallif shunday ta'sirchan misollarni topib keltiradiki, o'quvchi o'ta og'ir tarixiy sharoitda, chor hukumati senzurasi va ta'qibiga, mahalliy amaldorlar va mutaassib kimsalarning qarshiligiga qaramasdan, milliy matbuotimiz fidoyilarining beqiyos mardligi va matonatidan xabardor bo'ladi. Bu jasur ota-bobolarimizning mislsiz sa'y-harakatlari, azob-uqubatlari hisobidan yorug'lik yuzini ko'rgan “Hurriyat”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg'ona”, “Tujjor”, “Samarqand”, “Shuhrat”, “Najot”, “Oyina” kabi mashhur nashrlar bilan bir qatorda, “Oziyo”, “Buxoroi sharif”, “Turon”, “Sho'roi islom”, “Turk eli”, “Ulug' Turkiston”, “Tirik so'z”, “El bayrog'i”, “Kengash”, “Yurt”, “Al-Isloh”, “Al-Izoh”, “Chayon” singari o'nlab gazeta va jurnallar haqidagi mutlaqo yangi ma'lumotlar kitobxonni hayratga soladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Boybo'ta Do'stqorayev mana shu fundamental asari bilan o'zbek xalqi tarixining shonli, munavvar davri – jadidchilik harakatining unutilayozgan, biz bilmagan noma'lum va ayni vaqtda yorqin sahifalarini tiklab berdi.

Mazkur kitob yaratilayotgan vaqtda yurtimizda Ozod Sharafiddinov, Sharif Yusupov, Solih Qosimov, Sherali Turdiyev, Begali Qosimov, Naim Karimov, G'aybulla Salomov, Saydi Umirov, Ulug'bek Dolimov, Rustambek Shamsuddinov, Zaynobiddin Abdurashidov, Sirojiddin Ahmedov, Shuhrat Rizayev, Bahodir Karimov, Halim Saidov kabi ko'plab olimlar mazkur yo'nalishda samarali faoliyat olib bormoqda edilar. Ammo ayrim vazirlik va idoralar xodimlarida jadidchilik harakatiga hamon hadiksirab qarash, ushbu mavzu tadqiqotchilarini iloji boricha e'tibordan chetda tutishga urinish holatlari saqlanib kelayotgani sir emas. “O'zbek jurnalistikasi tarixi” kitobining qo'lyozmasi vazirlik g'aladonlarida sirli ravishda bedarak yotishi ham ana shunday qo'rquv, ma'naviy mutelikning bir ko'rinishi edi, xolos.

Mutolaa nihoyasiga yetgach, men darhol domlaga telefon qilib, ushbu fundamental asar bilan tabrikladim, taassurotlarim va ayrim fikr-mulohazalarimni bildirdim. So'ngra masalaning amaliy tomoniga kirishib, oliy ta'lim mutasaddilari bilan bog'landim, darslikni nashr etish bo'yicha birgalikda ish olib bordik. Nihoyat, asar dunyo yuzini ko'rdi. Ziyolilarimiz, talaba-yoshlar, keng madaniy jamoatchilik tomonidan qizg'in kutib olingan kitob ilmiy-ma'rifiy hayotimizdagi muhim voqea sifatida e'tirof etildi.

Mana shunday ezgu ishga ozmi-ko'pmi hissam qo'shilganidan hali-hanuz quvonib, g'ururlanib yuraman.

Boybo'ta aka o'ziga xos insoniy kamtarligi, muloyim fe'l-atvori, tabiatan xokisorligi tufayli yuqorida nomlari zikr etilgan olimlar ro'yxatida, ularning davrasida aksariyat hollarda ko'zga ko'rinmaygina yurardi. Lekin domla mana shu kitobi bilan o'zining qanday yuksak salohiyatga ega ekanini, birgina asar bilan ham ilm-fan, adabiyot tarixidan munosib va mustahkam o'rin olish mumkinligini isbotlab bergani ayniqsa e'tiborlidir.

Biz ba'zan hayajonimiz jo'shib, Asqad Muxtor, Begali Qosimov singari adib va olimlarimizga nisbatan haqli ravishda “so'nggi jadid” degan ta'rifni ishlatamiz. Boybo'ta Do'stqorayev ham ana shunday ulug' shaxslar qatoridan o'rin egallashga loyiq ma'rifat sohibi edi.

Men ishonaman, agar u kishi o'zi har tomonlama chuqur tadqiq etgan davrda, ya'ni XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yashaganida, hech shubhasiz, jadidlarning eng fidoyi vakillaridan biri sifatida namoyon bo'lur edi.

Domla kitobiga ezgu tilaklar bitib, menga ham sovg'a qilgan edi. Endilikda noyob bibliografik manbaga aylanib qolgan ushbu asarni dam-badam o'qib turaman va har gal mutolaa chog'ida yangi-yangi qiziqarli tarixiy ma'lumotlarga duch kelaman, muallifning chekkan zahmatlari, fidokorona mehnatlarini o'ylab, qoyil qolaman.

Boybo'ta Do'stqorayev “O'zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobi uchun “Oltin qalam” milliy mukofotiga sazovor bo'ldi. Matbuot tarixini o'rganishga oid salmoqli asarlari, ta'lim sohasidagi ko'p yillik samarali faoliyati inobatga olinib, davlatimizning yuksak mukofoti – “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Afsuski, mamlakatimizdagi barcha bo'lg'usi jurnalistlarning, har bir adib va shoir, ommaviy axborot vositalari xodimlarining, ijtimoiy-gumanitar sohada faoliyat yuritayotgan domla va o'qituvchilarning, umuman olganda, o'zini ziyoli deb hisoblaydigan har qaysi insonning nainki kitob javonidan, balki yuragidan o'rin olishi, doimo ish stolida turishi zarur bo'lgan mana shunday noyob kitob juda kam – bor-yo'g'i 2 ming nusxada chop etilgan edi.

Mana, u nashr etilganidan buyon oradan 13 yil o'tibdi. Shuncha vaqt davomida milliy o'zligimizni anglash, tariximizdan g'oyat zarur va ibratli xulosalar chiqarish borasida bebaho manba bo'lgan ushbu darslik qayta nashr etilmagani albatta achinarlidir. Mutasaddi tashkilotlar, tegishli rahbarlar bu masalaga alohida e'tibor qaratadilar, deb barchamiz umid qilamiz.

Yuqorida aytganimdek, kitobning ilk sahifasida “1-qism. 1870–1917 yil noyabr” degan yozuv qayd etilgan. Asar darslikning ikkinchi qismida qanday mavzular haqida so'z yuritilishiga oid eslatma bilan yakuniga yetadi. Demak, uning keyingi bo'limlari ham qisman yozilgan yoki ularga materiallar to'plangan bo'lishi mumkin.

Taassufki, domla umrining oxirlarida og'ir dardga chalinib, boshlagan ezgu ishini oxiriga yetkaza olmagani barchamiz uchun armon bo'lib qoldi.

Lekin hali ham kech emas. Agar “O'zbekiston jurnalistikasi tarixi” qayta nashr qilinadigan bo'lsa, ustozning shogirdlari, farzandlari tomonidan muallifning shaxsiy arxivida qolgan qo'shimcha materiallar bilan to'ldirilib, boyitilib chop etilsa, ayni muddao bo'lur edi. Zero, keyingi yillarda yurtimizda ma'rifatparvar bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyatini o'rganishga qaratilayotgan alohida diqqat-e'tibor ham shuni taqozo etadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida o'rinli ta'kidlaganidek:

“Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g'oyat og'ir sharoitda ilm-ma'rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va oqibat g'oyalarini dadil ko'tarib chiqqan jadid bobolarimiz fao­liyatini yanada chuqur o'rganishimiz lozim. Ularning ulug' maqsadlar yo'lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O'zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun ibrat maktabi bo'lib xizmat qilishi zarur”.

Bugungi kunda mamlakatimizda tarixga, xususan, yaqin o'tmishimizda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, ma'rifiy jarayonlar, xususan, jadidchilik harakatiga, ta'lim-tarbiya masalasiga munosabat va e'tibor tubdan o'zgargan, shu bilan birga, tinch va osoyishta hayotimiz, ma'naviyatimizga turli tahdid va xatarlar kuchaygan bir vaziyatda “O'zbekis­ton jurnalistikasi tarixi”dek kitob­lar biz uchun suv bilan havodek zarur, deb o'ylayman.

Biz Boybo'ta Do'stqorayevdek o'zining butun ongli hayotini ma'rifat va ezgulikka bag'ishlagan, ilmdan, so'zdan bosh­­qa ta'masi bo'lmagan fidoyi olimlarimizni el-yurtimizga, yoshlarimizga ko'proq tanitishimiz, ular haqida ko'rsatuv va maqolalar, kitoblar e'lon qilishimiz, xotira kechalari, tavallud sanalarini muntazam o'tkazib turishimiz kerak.

Buyuk Zahiriddin Muhammad Bobur aytganlarki: “Donishmandlar sharaf bilan yodlanishni ikkinchi umr demish­lar”.

Shu ma'noda, ibratli hayot kechirib, solih farzandlar o'stirgan, bilimdon shogirdlar tayyorlagan, sevgan kasbida ona yurtga sadoqat bilan xizmat qilib, o'zidan qutlug' meros, yaxshi nom qoldirgan Boybo'ta Do'stqorayev bugun o'zining ikkinchi umrini yashamoqda.

Ilohim, domlamizning oxiratlari obod bo'lgan bo'lsin.

Xayriddin SULTON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + 18 =