Safo Mug'anniy

yoxud singan setor sohibi

Ishxonamga chehrasidan nur yog'ilib turgan keksa onaxon bir qo'ltiq albom va kitoblarni qo'ltiqlab kirib keldi. Jikkakkina keksa bu ayol yoshiga nisbatan ancha dadil va mag'rur ohangda so'z boshladi:

— Men hademay 85 bahorni qarshi olaman. Ko'zim ochiqligida ko'pchilik eslamay qo'ygan fidoyi bir Xorazm dilbandi haqida kitob chiqartirmoqchiman. Bu inson o'zbek san'ati va madaniyati yuksalishiga munosib hissa qo'shgan zabardast hofiz va bastakor Safo Mug'anniy bo'ladi.

O'zini Nurmetova Xosiyat Mo'minjon qizi deb tanishtirgan bu onaxon turgan-bitgani katta bir qomus ekan. Shajarasi jahonga taniqli san'atkor Tamaraxonim asrab olgan taniqli san'atkorga borib taqaladigan bu ayol bilan gurungimiz choshgohdan kech peshingacha davom etdi. Safo Mug'anniyga qarindoshligi bor ekan. Goh kulib, goh ko'zlariga yosh olib, bilgan va eshitganlarini gapirib berdi. Oldimga qo'ygan bir quchoq materiallar esa yaqin kechmishning suronlari haqida so'ylayotgandek edi…

O'tgan asrning 30-yillarida butun mamlakatda bo'lgani kabi Xorazmda ham qatag'on siyosati dahshatli tus oldi. Yuzlab boy-badavlat, imon-e'tiqodli kishilar qatorida adabiyot va san'at namoyandalari ham nohaq ayblanib, yo'q qilindi. Xorazm jadidlik harakatining yorqin namoyandalari bo'lgan Xudoybergan Devonov, Komil Devon, Mulla Bekjon Rahmonov, Maryam Sultonmurodova, Rahmat Majidiy, Qurbon Bereginlar qatori Safo Mug'anniy ham manfur tuzum qurboni bo'ldi. Safo Mug'anniy 1937 yilning 27 avgustida hibsga olinib, nohaq jazoga hukm qilindi.

Manbalarda Olloberganov Safo — Mug'anniy (taxallusi) 1882 yilda Xiva yaqinidagi Gandimiyon (qadimiy nomi: Gandumkon) qishlog'ida dunyoga kelgan deb qayd etiladi. Biroq uning farzandlari yozib qoldirgan manbalarda otasining 1876 yilda tug'ilgani ta'kidlanadi.

Safo Mug'anniyning otasi qashshoq dehqon odam bo'lib, yarim tanob yerda tirikchilik qilar edi. Safo endigina 2 yoshga kirganida otasi vafot etadi. Qarindoshlari marhumning ma'rakasini o'tkazish maqsadida o'sha meros qolgan yarim tanob yerni sotishga majbur bo'lishadi.

Marhumning bevasi Hojar Husayn qizi boshqa bir odamga turmushga chiqqach, Safo Olloberganov 8 yoshgacha o'gay otasining qo'lida tarbiya topadi. 8-9 yoshlaridan boshlab esa gandimiyonlik Abdulla Yoqub o'g'li degan badavlat odamning uyida xizmat qila boshlaydi. So'ngra shu qishloqda yashovchi Sohib Nazarboy xonadoniga xizmatga kiradi. Bu odam ancha ma'rifatli inson edi. U yosh Safoning tirishqoq va ilmga chanqoqligini ko'rib, boshlang'ich ta'lim olishiga sharoit yaratib beradi. Sohib Nazarboy kuchli sozanda edi. Yolg'iz qolganida qo'liga tanbur olib, qo'shiqlar kuylab o'tirardi. U Safoda san'atga bo'lgan qiziqishni payqab, unga sozandalik sirlarini o'rgata boshlaydi. Ayni qirchillama yigit chog'idayoq uning qo'shiq aytib, diltortar musiqalar chalishi Xorazmda ovoza bo'ladi. Uni eldoshlari “Safo sozchi” yoki “Safo talqinchi” deb chaqirishardi. Xorazmda mumtoz qo'shiqlar ijro qiluvchi san'atkorlarni o'sha davrlarda “talqinchi” deb atashardi.

Yosh Safo o'sha davrdayoq yangi qo'shiq va kuylar yarata boshlagan edi. Ancha keksayib qolgan shoir va bastakor Komil Xorazmiy bilan tanishuvi uning hayotida katta burilish yasadi. U bu ustozidan yangi kuylar yaratish va ularni notalashtirish ilmini o'rganadi.

1909 yil bahorida Xivaning Deshonqal'a mavzeida o'tkazilayotgan xalq sayillaridan birida Xiva xoni bosh vaziri Islomxo'ja Ibrohimxo'ja o'g'li tanburda qoyilmaqom kuy chalib, bor ovozda baralla qo'shiq kuylayotgan navrasta bir yigitni ko'rib qoladi. U o'z mulozimlaridan: “Bu mug'anniy kim bo'ldi? Xuddi bulbuldek chah-chah uradi-ya!” — deb so'raydi. Davraboshilar darhol yigitni vaziri akbar Islomxo'jaga tanishtiradilar va uning ismi-sharifi Safo Ollobergan o'g'li ekanini aytishadi. Ma'rifatparvar va san'atsevar Islomxo'ja Safoni Xorazm hukmdori Muhammad Rahimxon — Feruz saroyiga olib ketadi va unga homiylik qila boshlaydi. Bu vaqtda (XX asrning boshlari) xonning Xiva saroyida taniqli sozanda va hofizlardan iborat katta ansambl faoliyat yuritar edi. Safo ulardan tanbur, dutor, qo'shnay va boshqa milliy musiqa asboblarida kuy chalish mahoratini to'laqonli ravishda o'zlashtiradi.

Muhammad Rahimxon — Feruz vafot etib (1910 yil), Xorazm saltanatida Isfandiyor hukmronlik qila boshlagan davrda u “Safo” ismiga “Mug'anniy” taxallusi qo'shib aytiladigan darajada katta san'atkor bo'lib yetishgan edi. Islomxo'ja fojiali vafot etgach, u xonning mulozimlaridan bo'lgan Yunus Yasovulboshining homiyligida ish olib boradi.

Isfandiyor hukmronligi davri (1910-1918)da Xorazmda jadidlik harakati kuchaygan bo'lib, ular asosan ikki guruhga bo'lingan edi. Birinchisi, keskin siyosiy harakatlar bilan monarxiyani ag'darib tashlashga intilgan jadidlar bo'lsa, ikkinchi guruhni har qanday sharoitda ham xalqni ma'rifatli, bilimli qilishga intilgan ziyolilar tashkil qilar edi. Safo Mug'anniy Xorazm jadidlarining ana shu ikkinchi guruhida faol ishtirok etdi. U faqatgina san'at va madaniyat xodimi bo'libgina qolmasdan, jamiyatni, ayniqsa, ta'lim sohasini isloh qilish, zamonaviy madaniyat va ma'rifat tamoyillarini hayotga tatbiq qilishga intildi.

Bolsheviklar ko'magida Xiva xonligi ag'darilgach, Safo Mug'anniy hukumat tepasiga kelgan “Yosh xivaliklar”ni qo'llab-quvvatladi. U respublika hukumatini farovonlik va taraqqiyot olib keladi deb umid qilgan edi. Ana shu umid va ishonch bilan u 1921 yil 6 mart kuni kommunistik partiyaga a'zo bo'lib qo'shildi. Oradan ko'p o'tmasdan, u barcha safdoshlari kabi qattiq yanglishganini tushunib yetdi. Chunki Xorazm Xalq Respublikasi hukumatini qisqa muddat ichida qip-qizil mustamlakaparast kuchlar egallab olgan edi. “Yosh xivaliklar” yetakchisi Polyozhoji Yusupov siyosatdan chetlashtirildi. Jadidlar og'asi sanalgan Bobooxun Salimov Yumurtov etagidagi qishloqda noma'lum kimsalar tomonidan otib ketildi. Butun Xorazm bo'ylab qonsiragan jallodlarning sharpasi keza boshladi. Ana shunday dolg'ali bir kezda Xorazm Xalq Respublikasi Xorazm Sovet Respublikasi deb qayta e'lon qilindi. Bu esa milliy respublika taraqqiyoti borasidagi barcha ezgu orzularni sarobga aylantirib tashladi.

Safo Mug'anniy 1921 yilda XXSR maorif nozirligida madaniyat boshqarmasi boshlig'i bo'lib ishlay boshlaydi. Oradan bir yil o'tib, uni Hazorasp (bu paytda Hazorasp viloyat maqomida bo'lgan) partiya qo'mitasi kotibi vazifasida ish olib bordi. 1924 yilda XXSR ixtiyoriy ravishda tugatilib, O'zbekiston SSR tarkibiga qo'shilgach, Xorazm okrugi tashkil qilindi. Safo Mug'anniy 1925-1926 yillarda Xorazm okrug Yer sho''basining raisi vazifasiga tayinlandi. Sho'rolar boshlagan yer-suv islohoti aynan ana shu davrlarga to'g'ri keldi. Islohot talabiga ko'ra boy-badavlat odamlarning yerlari davlat foydasiga musodara qilindi, ba'zi yersiz kambag'al xonadonlarga bo'lib berildi. Ko'pchilik o'z joni va bola-chaqasi hayotini saqlab qolish maqsadida o'z ixtiyori bilan yer, chorva va boshqa mulklarini davlatga xatlab bera boshladilar. Safo Mug'anniyning ham Isfandiyor xonlik qilgan davrda Yunus Yasovulboshi homiyligida orttirgan boyligi va yerlari bor edi. U Gandimiyon qishlog'idagi 9,5 tanob yerini davlatga “ixtiyoriy” ravishda topshirishga majbur bo'ldi. Chunki dog'uli siyosat tegirmonidan omon chiqishning yagona yo'li ham shu edi.

1927 yilda Safo Mug'anniy oilasi bilan Urganch shahriga ko'chib o'tadi. Negaki, uni Urganch rayon ijroiya qo'mitasi raisi lavozimiga tayinlashgan edi. U bu lavozimda bor-yo'g'i bir yilgina faoliyat yuritgan bo'lsa-da, xalqning hurmat-e'tiborini qozona oldi. Uning o'z mansab vakolati doirasida xalqqa manfaati tegadigan ishlarni bajarishi ayrim g'ayir niyatli kimsalarga aslo yoqmasdi. Uning doimiy ravishda do'ppi yoki cho'girma kiyib yurishi “mutaassib dindor” degan tavqi la'natni olishiga ham sabab bo'ldi.

VKP(b) raisi I.V.Stalinning Xorazm kompartiyasida ikkiyuzlamachi, soxta kommunistlar kirib olgani haqidagi nutqi 1929 yilda siyosiy “tozalash” buhronini boshlab yuboradi. Boshqa safdoshlari qatori Safo Mug'anniy ham asosiy nishonga aylandi. Xorazm okrug kompartiyasi maxsus yig'ilishida to'qqiz yil davomida partiya safida fidokorona xizmat qilib kelayotganidan mutlaqo ko'z yumilib, uni mustabid xon saroyida xizmat qilganlikda ayblashdi. Uni hatto “xalq dushmani”, “yot unsur” deyishgacha borishdi. Biroq Safo Mug'anniy ham barcha ayblarni jim turib eshitib turadiganlardan emas edi. U davlat taraqqiyoti, kompartiya rivojlanishi uchun jonini tikkanligini aytib, shu maqsadda o'zining xususiy 9,5 tanob yeri va boshqa boyligini xolis niyat bilan topshirganini iddao qildi. Muhokama uning partiya safidan haydalishi va sovet idoralarida ishlashdan chetlashtirish bilan nihoyasiga yetdi.

Ana shundan so'ng Safo Mug'anniy o'zining qolgan hayotini faqat va faqat san'atga bag'ishladi. U 1929-37 yillarda Xorazm okrug teatrida rejissyor va shu bilan birga 1935-37 yillarda o'qituvchilik vazifasi bilan shug'ullandi. O'zbekiston, yangi zamon va Xorazmni ulug'lab qo'shiqlar yaratdi. Uning sahna asarlari o'z davrida teatr sahnasida namoyish qilindi.

1934 yilda vohaga Tamaraxonim boshchiligida bir guruh san'atkorlar hukumat topshirig'i bilan tashrif buyurdi. Safo Mug'anniy o'z do'sti va safdoshi Komil Devon bilan birgalikda Tamaraxonimga yaqindan ustozlik qildi va unga qadimiy milliy raqs va ashulalarni qunt bilan o'rgatdi. Tez orada Quyi Amudaryo xalqlari laparlari, yallalari Tamaraxonim repertuarini boyitdi. Safo Mug'anniy “Buxoro mavrigi”sidan mutlaqo farqli o'laroq “Xorazm mavrigisi”ni yaratib, Tamaraxonim ijrosida sahnaga olib chiqdi.

Tamaraxonim Safo Mug'anniy o'rgatgan raqs va qo'shiqlarni ijro qilib, 1935 yilning 17-19 iyul kunlari Angliyaning London shahrida o'tkazilgan xalqaro raqs festivalida olqishga sazovor bo'ldi. Ayniqsa, “Ganji Qorabog'” ashulasi va “Lazgi” kuyida ijro qilingan o'zbek raqsi Angliya qiroli Jorj V va qirolicha Meri e'tirofiga sazovor bo'ldi. Qirolicha Meri Tamaraxonimni oltin soat va boshqa qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlaydi va o'zining oltin uzugini uning qo'liga taqib qo'yadi. Holbuki, ushbu festivalda sobiq SSSRdan boshqa guruhlar ham ishtirok etib, ular slavyan tillarida ko'plab qo'shiqlar ijro qilishadi. Baribir qirol va qirolicha Tamaraxonimni olqishlashadi.

Safo Mug'anniyga 1936 yilda O'zbekiston hukumatining “Mehnat qahramoni” ordeni topshirildi. Ammo oradan bir yil o'tgach, Safo Mug'anniy qamoqqa olinadi. Bu vaqtda u Toshkentdagi Sverdlov kinoteatrida bir guruh xorazmlik san'atkorlarni Moskvada bo'lib o'tadigan O'zbekiston san'ati kunlari dekadasiga tayyorlayotgan edi. Unga “Aksilinqilobchi Troskiy va Buxarinlarga aloqador shaxs”, “Ozod Turkiston” va “Milliy ittihod” tashkilotlarining a'zosi degan ayblar qo'yiladi. Hatto Tamaraxonim bilan gramplastinkaga yozilgan qo'shiqlarini aksilinqilobiy ruhda deb baholashadi. Vaholanki, bu san'at durdonalari xalq qo'shiqlaridan iborat bo'lgan.

Xo'sh, mamlakatning olis bir chekka hududida yashab ijod qilgan oddiy bir san'atkor Rossiya markazida la'natlanayotgan Troskiy va Buxarinlarga qanday aloqador bo'lishi mumkin edi? Bu o'ta achinarli va mantiqsiz ayblov edi.

“…Xalq dushmani deb ayblanganlarni fikran bir halqaga ulab ko'raman. Oddiy sozchi, xonandalarning Troskiy va Buxaringa daxldor halqa sifatida qatag'on qilinishi sabablarini izlayman va fikrim ravshanlashganday bo'ladi. Ular Stalin va Troskiy, Buxarin o'rtasidagi siyosiy adovat, oliy mansab kursisi uchun kurash qurboni. Bu nafaqat oliy davlat boshqaruvida, balki eng chekka va past halqalarda ham yagona diktatorlik o'rnatish, xalqni qo'rquv va vahimada saqlash, shu orqali hukmini o'tkazish usuli. Bu usulni amalga oshirish unchalik qiyin bo'lmadi, ayniqsa, Safo Mug'anniy taqdirini hal qilishda.

O'sha davrda respublika hukumatini Akmal Ikromov va Fayzulla Xo'jayev boshqarardi. Akmal Ikromov Buxarin bilan quda. Buxarin esa Troskiyni bir necha bor qo'llab-quvvatlagan. Ikkinchi tomoni esa Akmal Ikromov va Fayzulla Xo'jayev Xorazmda bo'lganida, Safo Mug'anniy ularni madh qilib qo'shiq aytgan. Fayzulla Xo'jayev Safo sozchiga 30-yillar boshida Xorazmga kelganida “bayan” sozini sovg'a qilgan. Shularning o'ziyoq o'sha davr siyosatiga ko'ra “xalq dushmani” deya atalishiga yetarli edi”, — deb yozgan edi jurnalist Otamurod Pirmatov “Xorazm haqiqati” gazetasida e'lon qilingan “Safo Mug'anniy” maqolasida (2005 yil 31 avgust).

Aslida, keksa jurnalist yozganidek, Safo Mug'anniy Akmal Ikromov va Fayzulla Xo'jayevlarni maqtab, madh qilib qo'shiq kuylagan emas. Ushbu rahbarlar 1930 yillarning boshlarida olis Xorazmga mamlakat poytaxtidan Buxorogacha poezdda kelishadi va bu yerdan Chorjo'yga o'tib, daryo floti orqali Xorazmga qarab jo'naydi. Bu vaqtda Xorazm haqiqatan borish juda mashaqqatli okrug sanalgan. Vohaga temir yo'l yo'qligi sabab faqat Amudaryo orqali kemada suzib borilgan, hatto viloyatlararo avtomobil yoki samolyot qatnovi haqida tasavvur qilish ham mumkin bo'lmagan.

O'shanda O'zbekiston hukumati rahbarlari o'tirgan kema Hazoraspdagi Tuyamo'yin darasiga kelib to'xtagach, daryoning keskin quyilish qismidan “Sharlovuq-Mo'ynoq” yo'nalishidagi ikkinchi bir kemaga chiqishadi. Chunki “Chorjo'y-Tuyamo'yin” yo'nalishidagi kema daradan o'tishi katta muammo bo'lib, cho'kib ketish ehtimoli yuqori bo'lgan. Martabali hukumat rahbarlarini Urganch tumanidagi “Cholish” bandargohida bir guruh yoshullilar kutib olishadi. Ular orasida garmon chalib qo'shiq aytgancha peshvoz chiqqan Safo Mug'anniy ham bor edi:

 

Xorazmdur uzoq okrug,

Temir yo'l yo'q — qiyinchilik.

Sizdan kerak yordamchilik,

Xush keldingiz Xorazmga!

 

Bulbuldek yoqimli ovozda terma kuylab turgan Safo Mug'anniyni Fayzulla Xo'jayev bag'riga bosadi va: “Albatta, temir yo'l quramiz!” — deydi va boshqa voha rahbari bilan esa qo'l berib ko'rishadi. Bu esa uning turli bo'hton va ig'volarga uchrashiga sabab bo'lgan bo'lsa, ajab emas.

1937 yil 28 avgust kuni Safo Mug'anniy yashagan Urganch shahri, II korpus, 16-xonadonda tintuv o'tkaziladi va san'atkorga tegishli barcha moddiy va ma'naviy boyliklar xatlanib olib ketiladi. Turmush o'rtog'i Hojar Husayinova hamda ikki qiz va ikki o'g'li chirqirab qolishadi. Katta o'g'li Ollobergan Safoyev bu vaqtda 26 yoshda bo'lib, Xorazm teatrida aktyor bo'lib ishlayotgan edi. To'ng'ich qizi Poshsho esa bo'y yetib qolgan — 16 yoshda, kichik qizi Ro'za Safoyeva 10 yoshda bo'lgan. Kenjaboy esa hali tug'ilganiga bir oycha ham bo'lmagandi.

Tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori, tadqiqotchi Bahrom Irzayev olib borgan izlanishlar natijasida shuni bilishimiz mumkinki, tergov jarayonida Safo Mug'anniy o'ziga nisbatan qo'yilgan birorta aybni tan olmaydi va hech qanday hujjatlarga imzo ham chekmaydi. Garchi shunday bo'lsa-da, san'atkorga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashadi. U Sirdaryo viloyati, “I Malik” sovxozining №196474 raqamli mahbusiga aylanadi. U bu yerdan turib, O'zbekiston SSR Oliy soveti raisi Yo'ldosh Oxunboboyev nomiga xat orqali murojaat qiladi. Ammo bundan kutilgan natijaga erisholmaydi. Og'ir sharoitda uning ko'zlari ko'rmay qoladi. Ayrim manbalarda Safo Mug'anniy 1940 yilda Sirdaryodagi “Malik” sovxozida vafot etgani yoziladi. Fidoyi olim Bahrom Irzayev tadqiqotlarida esa “1941 yil uning jazoni o'tagan oxirgi yeri yoxud uning so'nggi manzili haqida uning ishi asosida biror-bir aniq gap aytish qiyin. Biroq 1941 yil 20 fevral sanasi bilan ishga tikilgan ma'lumotnoma Yaroslavl viloyati, Ribin tumani, Voljskiy MTLdan №157678 raqamli mahbus Safo Mug'anniy haqida berilgan”, degan qaydnomalarni o'qiymiz.

1953 yil sobiq SSSR davlat rahbari Stalinning vafotidan so'ng barcha ittifoqdosh respublikalarda siyosiy vaziyat mo''tadillashadi. Nikita Xrushchev islohotidan so'ng nohaq qatag'on qilingan shaxslarning tirik qolganlari qamoqdan ozod qilina boshlaydi. Dunyodan o'tib ketganlarining nomi esa sud qarori bilan oqlanadi. Safo Mug'anniyning kenja qizi Ro'za Safoyeva 1957 yilda O'zSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi Sharof Rashidov nomiga ariza yozadi. Natijada haqiqiy ma'noda qayta tekshirishlar boshlab yuboriladi.

1937 yildagi qisqa muddatli tergovda, ming taassufki, Safo Mug'anniyga qarshi o'z safdoshlari, ya'ni elga taniqli san'atkorlar qarshi ko'rsatma berishganini hujjatlar tasdiqlab turibdi. 1958 yil 22 fevral kuni qayta so'roqda esa Masharip Rizayev, Yaqubov Madrahim Sheroziy, Matyoqub Atadjanov kabilar oldingi ko'rsatmalaridan tonishadi. Ular tergov jarayonida hujjatlarga rus tilida yozilgani sabab tushunmasdan imzo chekishgani tan olishadi. To'plangan barcha dalil va guvohlar ko'rsatmalariga asoslangan holda Xorazm viloyat sudi 1958 yil 19 aprel kuni Safo Mug'anniy ishini ko'rib, uni oqlaydi.

Ko'pchilik san'atshunoslar “Lazgi” kuyiga birinchi bo'lib Komiljon Otaniyozov qo'shiq bastalab ijro qilganini yozishadi. Biroq “Lazgi”ga Komil Xorazmiy she'rini qo'shiq qilib ilk bor kuylagan san'atkor Safo Mug'anniy edi, degan fikrlar ham yo'q emas. Komiljon Otaniyozov o'zining Mashrab g'azaliga bog'lagan muxammasini “Lazgi” kuyi bilan ijro qilib, elga tanilgan. Mantiqan yondashganda, Safo Mug'anniy Komil Xorazmiyning xos shogirdi sifatida uning “So'yla menga, ey sanam, Kimning sevar yorisan?” naqoratli she'rini qo'shiq qilib kuylamasligi mumkin ham emas edi. Chunki bu she'r aynan qo'shiq uchun yozilgan durdona asarlar sirasiga kiradi.

Darhaqiqat, bugungi kunda Safo Mug'anniy hayoti, uning shoirlik va bastakorlik bilan birga siyosiy faoliyati chuqur o'rganishni talab qiladi. Uning she'rlari, bastalab notalashtirilgan kuy-qo'shiqlari, sahna asarlari to'plab, tadqiq qilinishga muhtoj. O'ylaymizki, kelajakda yosh olimlar izlanishlari natijasida elimizning fidoyi ma'rifat namoyandasining bizga noma'lumligicha qolayotgan merosi qayta to'planib, xalqimizga taqdim qilinsa, savobli ish bo'lar edi.

Erpo'lat BAXT

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =