Qaerdasan, Buvayda?

Olimlarning ta'kidlashicha, Buvayda Bibi Ubaydaning shevadagi ifodasi bo'lib, ayrim adabiy yodnomalarda Bibi Huvaydo nomi bilan yuritiladi. Ba'zida hatto Bibi Obida sifatida ham talqin etadilar. Buvayda Farg'onaning kichikroq tumanlaridan bo'lib, 1926 yili tashkil topgan. 230 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Har joyning o'z “tashrif qog'ozi” bor, Oltiariq tilyorar uzumiyu bodringi bilan, Rishton kulolchiligi, Marg'ilon atlasu adrasi bilan dong'i ketgan bo'lsa, Buvayda anjiru qulupnayi, hammasidan ham qalampiri bilan mashhur. Ko'nglimiz ketib, Buvaydani yayov kezdik.

Farg'ona viloyatida 300 ga yaqin ziyoratgohlar nomi aniqlangan. Ushbu ziyoratgohlar ichida ayollar nomi bilan bog'liq mozorlar sanoqli bo'lsa-da, Modarixon, Safed bulon, Bibi Ubayda ziyoratgohlari nafaqat Farg'ona vodiysida, balki O'rta Osiyoda ham mashhurdir.

So'lim Buvayda tumani Bibi Ubayda, Poshsho Pirim, Sulton Bayoz Bastom, Galdirbobo, Bandikushod ota, So'fi azizlar, Go'dakmozor, Suqmozor, Toptiq azizlar, G'oyib buva ziyoratgohlari, Chiltontepa, Sho'rtepa kabi tepaliklari bilan viloyatga tashrif buyurgan mehmonlar, mahalliy aholi vakillarini o'ziga chorlab turadi.

 

Bibi Ubayda ziyoratgohida

Rivoyat qilinishicha, dushman ta'qibi chog'ida Bibi Ubaydaga nayza tegib halok bo'lgan va ziyoratgohga dafn etilgan. Boshqa rivoyatlarga ko'ra, yakkayu yagona o'g'lidan judo bo'lgan Bibi Ubayda o'z yurtidan bosh olib chiqib, Makkayu Madinaga ravona bo'ladi. Unga kelini va nabirasi Muhammad Jarir hamrohlik qiladilar. Farg'ona cho'llaridan o'tish chog'ida kuchli qum bo'roni ko'tarilib, ularni bir-biridan ajratib yuboradi. Odamlar izlab topishganda fursat qo'ldan berilgan, ularning barchasi qum ostida qolib halok bo'lishgandi. Odamlar ularni qaerdan topgan bo'lsa, shu yerning o'ziga dafn etadilar. Natijada bir-biridan 2-3 chaqirim uzoqlikda ikki mozor paydo bo'ladi. Yana bir rivoyatga ko'ra, Bibi Ubayda shu mozordagi maqbara o'rnida g'oyib bo'lgan.

Ammo yozma manbalar haqiqatga yaqinroq. 1906 yili ko'chirilgan Shoh Hakim Xolisning “Shoh Jarir qissasi”da keltirilishicha, Muhammad Jarir ulg'ayib, Podshoh Pirim nomi bilan mashhur bo'ladi. U o'ttiz bir yoshga kirganda xuddi bobosi va otasi singari ko'p sonli qo'shin yig'ib, islom dini uchun kurash olib boradi. Podshoh Pirim lashkari bilan juma namozida ekanligidan foydalangan dushman to'satdan hujum qiladi. O'sha jangda u tanasining yetmish ikki joyidan yaralanadi. Sirdaryodan o'tayotganda, madorsiz yiqiladi. Podshoh Pirimni Bachqir qishlog'iga dafn etishgach, momosi Bibi Ubayda, ayoli va yetti yashar farzandi Madinaga yo'l oladilar. Cho'lda yuz bergan dahshatli bo'ronda qolib halok bo'ladilar. Odamlar ularning uchalasining ham jasadini izlab topib dafn etgan. Demak, Bibi Ubayda mozoridagi qabrlarning kattasi Bibi Ubaydaning, ikkinchisi Shoh Jarirning ayoli yoki onasi Badi'a bonuning, qo'shni xonadagi kichik qabr esa yetti yashar farzandining qabri bo'lishi kerak.

Aytishlaricha, Bibi Ubayda yetti mashhur bibilardan biri bo'lib, avvallari ziyoratga kelganlar yettita chalpak pishirib olib kelganlar. Haftaning har chorshanba kuni esa ziyo­ratdan tashqari, “Buvimning sochini yuvish” marosimi ham bajarilgan. Har bir ayol taroq va qatiq olib kelgan. Emishki, Bibi Ubayda kunlarning birida ziyoratga kelgan bir xasta qizga ko'ringan va undan sochini yuvishga yordamlashishni iltimos qilgan. Bemor qiz Bibi Ubayda sochini har juma kelib yuvishga yordam bergan. Shu tarzda u o'z kasaliga davo topib, darddan forig' bo'lgan ekan. Ziyoratga kelgan ayollar Bibi Ubayda oq libos kiyib yuradi, deb tasavvur qilganlar, shuning uchun mozor oldiga oq surpni yoyib o'z tilaklarini aytganlar. Bular, albatta, rivoyatlardir.

Ziyoratgoh yonida “Buvimning hassasi” daraxti va “bel tosh” bo'lib, har bir ziyoratchi mozorni ziyorat qilgach, daraxtni quchoqlab, bel toshga boshini qo'yib niyat qilgan.

Hozir ham bu yerga keluvchilarning qishin-­yozin qadami uzilmaydi.

Qo'li gul odamlar

Buvaydaliklar — mirishkor, tadbirkor, hunarmand xalq. Ular ekkan anjiru qulupnayning shirasi tilga tushgan. Hali “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili birovning xayoliga kelmagan pallada, ular bir-birining etagini tutib, hunarmandchilik, dehqonchilikning ilmini olganlar. Butun boshli mahalla aholisi yo ko'chatchilik, yo mebelchilik yoki bo'lmasa, temirchilikka ixtisoslashib qolgan. Buvaydaliklar suhbatdoshiga bir insonni tanishtirar ekan, qishloq yoki mahalla nomini aytmay, “Bu kishi so'richilardan, bular esa to'nchilar mahallasidan”, deyishining boisi shundan.

Ayladi bemor choyxona

Farg'onalik nuroniylarning kunlar isib, bedanalar sayrab turganida, choyxonadan qadami uzilmaydi. Choyni shopirib, ul-buldan tamaddi qilib o'tirishlari asli bir bahona. Choyxona – oqibat, mehr maskani. Teng-to'shlari bilan dildan suhbatlashib, askiyani gullatib, yog'och so'rilarda chordona qurib o'tirishning gashti bo'lakcha.

Nafis, bejirim naqshli, puxta-pishiq yasalgan so'rilarni qaysi qo'li gul odamlar yasagan ekan, deya Buvaydaning so'richiligi bilan mashhur “O'rta qo'ng'irot” mahallasi tomon yo'l oldik. Mahalla o'rtasidan oqib o'tuvchi ariq bo'yida bo'ylari baland, ochiq yuzli mahalla raisi yo'limizga peshvoz chiqib, ustazoda Iqboljon Abdullajonov xonadoni tomon bosh­ladi.

— Mahallamizda 9 ta ko'cha bo'lib, 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, – dey­di mahalla raisi Abdurazzoq Yigitaliyev. — O'rta qo'ng'irotliklar asosan hunarmandchilik, xususan, so'ri, eshik-rom, mebel yasash bilan shug'ullanadi.

Beshinchi avlod ustazoda hunarmand Iqboljon Abdullajonov esini tanibdiki, yog'och bilan tillashadi. San'at asarini yaratish uchun bir hafta muddat kifoya. Ko'rib ko'zingiz quvnaydigan, o'tirsangiz turgingiz kelmaydigan so'rilar eman yog'ochidan, oyoqlari yong'oq, chinor, qayrag'ochdan yasaladi. Iqboljonning so'rilari Buvaydadagi so'ri bozordan osha Andijondan Qoraqalpog'istongacha, qo'shni Qirg'izis­tonu Tojikistongacha yetib bormoqda. Har birining shakli-shamoyili, katta-kichikligiga qarab bir yarim milliondan o'n-o'n besh milliongacha sotadi.

Bugun so'rida o'tirgancha xayol surarkan, otameros kasbi — so'richilikdan topganlariga shukrona keltiradi.

Temirdan gul bitib…

Birgina temirdan necha xil mahsulot yasash mumkin, deb o'ylaysiz? Dehqonobod­liklar temirni 150 xil shaklga sola bilishadi. Ilhomjon Usmonov ana shunday qo'li gul ustalardan.

— Bu kasb bilan 1991 yildan buyon shug'ullanaman, — deydi uning o'zi. — U paytlarda mahallamizda temir mahsulotlari sotiladigan do'kon bo'lmagan. Nega endi yasagan mahsulotlarimizni reklama qilmasligimiz, sotmasligim kerak, degan o'yda mana shu yerda birinchilardan bo'lib do'kon ochdik. O'shandan buyon zamonga moslab yangi asbob-uskunalar yaratib kelmoqdamiz.

“Dehqonobod” mahallasining boshidan oxiriga qadar keta-ketguncha temirlarning taraqa-turuqi. Hamma ish bilan band, bo'sh turgan odamni uchratmaysiz. Mahalla raisi Mutallibjon Ismoilovning aytishicha, 800 dan ziyod xonadon, 4 yarim mingdan ortiq aholini o'z ichiga olgan Dehqonobodda birorta ishsiz kishi yo'q ekan.

Mahalla ahli qo'li ochiq, saxovatpesha ekan. Yaqinda xotamtoy tadbirkor Abdusalim Abdulhaqov qariyalar uchun 1 milliard 250 million so'mlik fitnes zali qurib beribdi. Choyxonadan chiqqan chollarning borar manzili endi fitnes zali bo'lishi aniq.

80 gektarga yaqin hududni egallagan Dehqon­obodda bir qarich bo'sh yer yo'q hisobi. Keksadan yoshigacha hali qarasang, temirdan ro'zg'or buyumidan tortib dehqonchilikda ishlatiladigan uskunagacha yasayotgan, bir qarasang, yerning xabarini olib, tomorqasida pomidor, bod­ring, karam, qalampir ekayotgan bo'ladi. “Ko'chatlarni qaysi bozordan sotib olasizlar?” — degan savolimizga javoban: “Ko'chatlarning koni — Naymanda!” — deya qo'shni mahallani ko'rsatdilar.

Buvaydaning qalampiri qayda?

Buvaydaliklar labingizni lovullatib yuboruvchi qalampirlarni nafaqat xush ko'rib iste'mol qilishda, balki yetishtirib berishda ham yetakchi.

Shohidaxon Abdurazzoqova 25 yil muallimlik qilgan, turmush o'rtog'i Zohidjon aka Abdurazzoqovning esa viloyatdagi hashamatli binolarning qad rostlashida hissasi bor. Ikkisi ham o'ttiz yildirki, ishxonadan uyga keldi deguncha tomorqaga shoshiladi. Dekabrdan yerni qizdirib, tayyorlab oladilaru yanvarning yigirmasida bulg'or qalampiri, pomidor, karam, qalampir, bodring urug'larini sepib, parvarishlab, o'stiradilar.

— Mehnati oson emas, — deydi Shohidaxon opa. — Haroratni bir xilda ushlash kerak. Havo o'zgarib, sovuq tushganida, bular ham barglarini tashlagudek bo'ladi. Tepasini ochsak, quyosh urib qo'yishi mumkin. Ishi juda nozik. Shunga yarasha daromadi ham chakki emas. Ko'chatchilikning orqasidan qiz uzatib, o'g'il uyladik, imorat soldik, avtoulovimizni yangiladik.

Besh sotixlik joyning besh metridan 6 million so'mlik sof daromad olgan Abduraz­zoqovlar oilasining shunday paytlarda hordig'i chiqib ketadi. Ular hammasidan ham necha yildirki xaridorlar ishonchini yo'qotmagani, Toshloq, Marg'ilon, Oltiariq tumanlaridan ham kelib ko'chatlarini olib ketishayotganlaridan xursand.

— Naymanda 5 yarim ming nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi mahalla raisi Ikromjon Shixnazarov. — Mingga yaqin xo'jalik bor, shundan 90 foizi dehqonchilik bilan shug'ullanadi. O'zimiz ham 10 yildan beri oilaviy limon yetishtiramiz, sotamiz, vaqti kelsa, eksport ham qilmoqchimiz. Har bir xonadonda yetishtirilayotgan ko'chatlarning xaridori Besharig'u Tojikistondan ham topiladi.

Uchta mahallani kezib, olgan taassurotlarimiz bir jahon. Har biri ertasini bugungidan farovonroq qilishga intilayotgan odamlar. Mehnat, sabr va shukronalikni hayotining falsafasi, deb biluvchilar. Tumanda jami 55 ta mahalla fuqarolar yig'ini mavjud bo'lsa, ko'rganlarimiz hali xamir uchidan patir ekan. Demak, Buvaydaga sayohatimiz yana davom etadi.

Sevara ALIJONOVA.

Elyor OLIMOV olgan suratlar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + eighteen =