“Eh, domla, sodda odamsiz-da!” yoki BIZNES + “man”mi?

Hayot oqimi va borliqqa munosabatlar, ayniqsa, kishilarning mehnat haqidagi tasavvurlari g'alati tarzda o'zgarib bormoqda. Ilgari biz shaxsni biror kasb-korsiz, mehnat faoliyatisiz tasavvur qilolmasdik. Birov bilan tanishmoqchi, do'st tutinmoqchi bo'lsak, uning kasb-kori bilan qiziqqanmiz. Qizimizni uzatmoqchi bo'lsak, bo'lg'usi kuyovning ish joyini, mehnatga munosabatini, jamoa va mahallasidagi mavqeini surishtirganmiz. Endi barcha etnotasavvurlarimiz “biznesmen” degan bir so'zga jo.

“Biznes” so'zining mohiyati ish, mashg'ulot, tadbirni anglatadi. G'arb liberalizmi uni yuksalish va farovonlik iloji, erkin mehnat deb tavqirlaydi. U yorqin merkantalistik xususiyatga ega, shuning uchun bizning etnotasavvurimizdagi mehnat emas. Yozuvchi Tomas Mann “Buddenbroklar” romanida liberal Yevropaning biznesni qanday tasavvur etishini tasvirlagan. O'yi, tashvishi pul orttirishga qaratilgan qahramonlarning biror aniq mehnat bilan shug'ullanishini bilolmaysiz, lekin pul, mablag' topishga, yengil, aslzodalarcha to'kin-sochin yashashga intilishi g'alati taassurot uyg'otadi. Maksim Gorkiy “Klim Samginning hayoti” va “Artomonovlar ishi” asarlarida esa kapital orttirishga, biznesga qurilgan dunyo tartiblarining kishini qanday ma'naviy tanazzulga yetaklashi mumkinligini, talafsifatligini ochib bergan.

Sobiq Sovet davrida shakllangan avlod mehnat deganda, asosan, ketmon bilan yer ag'darishni, yelkasida paxta yoki somon tiqilgan qopni tashish, yengini shimarib g'isht quyish yoki domna pechi hovuriga chidab, metall-prokatlar chiqarish kabi jismoniy zo'riqishni tushungan. Alisher Navoiy asarlari izohli lug'atida mehnat deganda aziyat chekish, to'siqlarni bartaraf etish kabilar tushunilishi keltiriladi. Bu o'sha davrlardagi mehnat tarzining ifodasi edi, albatta. XX asr, ayniqsa, bugungi liberalizm, uzoqni yaqin, og'irni yengil, murakkabni oson qilayotgan ilmiy-texnik ixtirolar, innovatsiyalar mehnat haqidagi etnotasavvurlarimizni o'zgartirmoqda. Ularning mehnat samaradorligiga ijobiy ta'sir etayotganini inkor qilish mumkin emas. Jamiyat taraqqiyoti ilmiy-texnik ixtirolarga bog'liqligi — aksioma. Tafsil shart emas. Biroq shahar yoshlari orasida “buddenbroklar”, “artomonovlar” qatlami shakllanayotgani ham bor narsa.

Shogirdlarimdan biri yoshlarning ma'naviy ideali, qahramonlik, fidoyilik va altruizm haqidagi fikrlarini o'rganish maqsadida ular o'rtasida so'rovnoma o'tkazgan. Uning keltirishicha, yoshlarning 13 foizi hayotiy maqsadini yuqori maoshli kasb egallash, chet ellarni borib ko'rish, 3 foizi ko'proq pul topishda deb biladilar. Qizig'i shundaki, ularning deyarli barchasi “Vatanga xizmat qilish”ni o'zining hayotiy maqsadi deb biladi. Demak, ko'proq pul topish, ular nazarida, vatanga xizmat qilishning aksi, zidi emas. Yoshlar ichida biznes bilan shug'ullanishni istovchilar 14 foizni tashkil etadi. Ko'proq pul topishni va biznes bilan shug'ullanishni istovchilar bir-birlariga yaqin. Bizning fikrimizcha, ko'proq pul topish niyatini qoralab bo'lmaydi. Biznes olami pulga qurilgan, u o'zining barqarorligini, jamiyat uchun kerakligini pul orqali idrok etadi. Yirik magnatlar, tadbirkor va boy kishilar (Bill Geyts, R.Kiyosaki, D.Tramp, N.Xill, G.Ford, Rokfellerlar) pul topish, uni yig'ish va sarflashni “eng zavqli mashg'ulot, san'at” deb ataganlar. Bozor iqtisodiyoti, biznes, avvalo, moliyaviy savodxonlikni taqozo etadi. Pul topish, barcha faoliyatlar kabi, noyob usul, mavjud mablag'ni faollashtirish, aktivga aylantirish sirini bilmay, o'zlashtirmay omadli ishbilarmon bo'lish mushkul. Agar biz bozor iqtisodiyoti tarafdori bo'lsak, biznes va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlasak, ko'proq pul topish niya­tini qoralay olmaymiz. Ma'lumotlarga ko'ra, aholimizning deyarli 10 foizi boy-badavlat qatlamga mansub. Demak, bizda ko'proq pul topish istagida yashayotgan aholi qatlami shakllanib borayapti.

Men “ko'proq pul topish” degan moliyaviy iborani behuda keltirganim yo'q. Aynan ushbu ibora bizda   etimologik mazmuniga ko'ra ham, ijtimoiy anglanishiga ko'ra ham noto'g'ri, shaxsiy manfaat ma'nosida qo'llaniladi.

Yaqinda bir sabab bilan Chirchiq shahridagi notariuslardan biriga bordim. Turli odamlar o'z yumushlari bilan kirib chiqayapti. Men ham navbatga turdim. Oldimda turgan uch yigitcha ochiq gaplashishayapti.

— Qanchaga uzatding?

— Sakkiz ming ikki yuzga. Faqat kredit orqali. Og'aynimning firmasi bor, u orqali.

— Yomon emas, bir ming yetti yuz qolsa.

— O'tgan oyda ikkita “Spark” va bitta “Jentra”ni pulladim. “Jentra” egasiga srochniy pul kerak ekan. Undan uch ming ikki yuz qoldi. Umuman, besh ming uch yuz ishladim. Biznesning shu taraflari zo'r-da, og'ayni!

Notariusdan chiqqanda hovliga ko'chib ketgan qo'shnimga ro'para keldim. U meni yap-yangi, qop-qora “Jip”iga mindirar ekan, haliyam domlalik qilayapsizmi, deb so'radi.

— Eh, domla, sodda odamsiz-da! Keling, yonimga, biznes qiling, odamga o'xshab yashaysiz. Bir maoshga oila boqib, biror vaj orttib bo'larmidi, desam ko'nmadingiz o'shanda. Hovlini qayta, uch qavat qilib qayta qurdim. Kelinglar mehmonga…

Hayotimdan, qo'shnimdan ham, xafa emasman. Hamma biznesmen bo'lsa, farzandlarimizni kim o'qitadi, savodli qiladi, ularda hayotiy idealni kim shakllantiradi? Kim ularni “ijtimoiy mavjudot”(Aristotel)ga aylantiradi? Ammo yuqoridagi hayotiy misollar bizda biznesni qanday tushunish shakllanganini ko'rsatadi. Bilaman, bir-ikki misol   butun holatni ifoda etmaydi, “bug'doy kurmaksiz bo'lmas”.

Kriminalistikadan bir-ikki misol keltirsam, aytmoqchi fikrim oydinlashadi. Rasmiy xabarlarga ko'ra, 2021 yilning birinchi yarmida Respublikamizda 5 million 700 ming nafar iste'molchilarning huquqlari poymol qilingan. Ularning 52,5 foizi uy-joy kommunal va transport, 20,5 foizi savdo va oziq-ovqatlanish, 13,6 foizi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlarga, 13,4   foizi esa reklama va bosh­­qa sohalarga to'g'ri keladi. Iqtisodiy jinoyatlar yildan-yilga oshib bormoqda. Aynan ushbu sohalar biznes qo'lida ekanini asoslab o'tirishga tafsir shart emas.

Yana bir misol. Tegishli idoralar tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, joriy yilning olti oyida tenderlar o'tkazishda davlat byudjetiga 19,6 mlrd. so'm zarar yetkazilgan. Andijon viloyatida 18 ta, Jizzax viloyatida 11 ta, Navoiy viloyatida 7 ta tenderlarda g'ayriqonuniy harakatlar sodir etilgan.

Albatta, barcha jinoyatlar va g'ayriqonuniy xatti-harakatlarni biznes bilan bog'lamoqchi emasman. Respublikamizda halol mehnati va ishbilarmonligi tufayli nom chiqargan, tavakkal qilib, yangi korxonalar ochgan, mahsulotlarini chet ellarga chiqarayotgan chin ma'nodagi tadbirkorlar borligini bilaman. Ular ichida o'z mulki va huquqini himoya qilib, byurokratiya va monopoliyaga qarshi turayotganlar ham talaygina. Ularning yangi ish joylari yaratayotgani, kam ta'minlanganlarga moddiy yordamlar ko'rsatayotgani ibratlidir. Lekin aksariyat hollarda biznesning “man” manfaatlaridan iborat bo'lib qolayotganini payqamaslik ham mumkin emas. Yuqorida tilga olgan shogirdim respondentlariga “Agar Siz omadingiz kelib, lotoreya o'yinida   million dollar yutsangiz uni nimalarga sarflagan bo'lardingiz?” degan savol bilan murojaat etgan. Respondentlarning 67 foizi “farzandlarimga to'y qilardim”, 21 foizi “yangi uy qurardim”, 4 foizi “davolanishga sarflardim”, 3 foizi “farzandlarimni o'qitardim”, 2 foizi “biznesimni rivojlantirardim” va “chet ellarga borardim” deb javob bergan. Javoblardan ma'lum bo'ladiki, res­pondentlarda hamma narsani o'z manfaatlari bilan bog'lash istagi kuchli. Goho ularni vaziyat (masalan, salomatlikni tiklash) shunday qilishga undaydi. Ijobiy ma'nodagi biznesni atigi 2 foizi atrofidagi respondentlar hayotiy maqsadi sifatida qabul qiladilar va ular, million dollar yutsa, ularni o'z biznesini rivojlantirishga sarflashi mumkin. Bu o'rinda biznes haqidagi tasavvur bizda hali yetarli darajada shakllanmagani ayon bo'ladi. Shuning uchun aksariyat yoshlar “ko'cha biznesi” (ilmiy adabiyotlarda u “yovvoyi biznes”, “g'ayriqonuniy biznes” deb ataladi) bilan shug'ullanishadi. To'g'ri, buning ijtimoiy boislari ham bor.

Biznesning nafaqat moliyaviy, tashkiliy-huquqiy, shu bilan birga etikaviy jihatlari ham mavjud. Ularga o'g'irlik qilmaslik, aldamaslik, umumiy tartibni buzmaslik, nafsga berilmaslik, axloqiy imperativlarga rioya etish kabilar kiradi.

Biznes har doim ham ushbu etikaviy talablarga bo'ysunavermaydi. Biznesning pragmatik xususiyati etikaviy talablardan o'zgacha. U saxiylikni, rejadan chiqishni, isrofgarchilikni yoqtirmaydi, aqlni quv va ziqna bo'lishga undaydi. Biznesmen pul topish oson emasligini biladi-da! Xuddi mana shu joyda biznes bilan etika o'rtasida ziddiyat mavjud. Biznes “men” tarafdori, etika — “biz”, biznes “tejamkor bo'l, pulni sochma” deydi, etika esa saxiylikka, topganini boshqalar bilan baham ko'rishga undaydi, biznes qattiqqo'llikni, talabchanlikni yoqtiradi, etika muloyimlik, kechirimlilik tarafdori. Biznesning o'z siri bor, etika hammaga ochiq. Ushbu ziddiyatlardan bexabar axloqshunos biznesmendan qusur qidirishi keng tarqalgan.

“Men” va “men manfaati” — biznesning yuragi. Biznesmenning ijtimoiy-axloqiy imperativlarga, etikaviy talablarga muvofiq yashashi uchun uning ushbu “yuragi”ni shakllantirish, ya'ni gumanizm tomon yo'naltirish darkor. Shunda ham biznes olami shaxsda pulga, mulkka o'chlikni avj oldirishi mumkinligini unutolmaymiz. “Ko'cha biznesi”ni to'la bartaraf etgan davlat yo'q, bozor iqtisodiyoti qaror topgan mamlakatlarda hatto uning korrupsiya va kriminal tizimlar bilan uyg'unlashib ketishi kuzatiladi. Demak, legal biznesni qo'llab-quvvatlash (ming vahki, biz hozir shunday   qilayapmiz) kamlik qiladi, uni sotsial gumanizm, ya'ni “man”dan “biz” tomon yo'naltirish haqida bosh qotirish kerak.

Viktor ALIMASOV,

falsafa fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 1 =