Turkiy taraqqiyot taraddudida
2009 yil kuzida Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Ozarbayjon, Turkiya, Qozog'iston va Qirg'iziston ishtirokida Turkiy tilli davlatlarning hamkorlik kengashi tuzilgani e'lon qilingan va unga mazkur to'rt mamlakat a'zo bo'lgan edi. Garchi O'zbekiston eng yirik turkiy tilli davlatlardan biri bo'lsa-da, turli sabab va qarashlar bois, bu tashkilotga qo'shilmagan.
Ushbu kengash siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniyat va sportga oid barcha masalada hamkorlik qilishni nazarda tutadi. Tashkilot davlatlarning rahbarlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari Kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo'mitasi, Oqsoqollar Kengashi va Bokudagi Parlament assambleyasi, Nursultonda Turk akademiyasi, Anqarada turk madaniyati xalqaro tashkiloti (TURKSOY) va Kotibiyatdan tashkil topgan.
2019 yil 14 sentyabrda O'zbekiston ham Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to'g'risidagi Naxichevan bitimiga qo'shilib, tashkilotning to'la huquqli a'zosiga aylandi. Mamlakatimiz Prezidentining siyosiy irodasi natijasida Markaziy Osiyo mintaqasida do'stona aloqalar yildan-yilga mustahkamlanib boryapti va u barcha sohalarda ijobiy natijalarga olib kelyapti. Chunonchi, O'zbekistonning Turkiy kengashga a'zo davlatlar bilan o'zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshganini aytish kifoya.
Biroq O'zbekistonning bunday xalqaro birlashmalarda ishtirok etishidagi o'ziga xoslik shundaki, shunchaki a'zo bo'lmaydi, basharti qo'shilsa, uning ishida faol ishtirok etadi. Masalan, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga kirgach, birinchi bo'lib bizda bu tashkilotning xalq diplomatiyasi uyi ochildi, ShHT mamlakatlari xalqlarining ertaklari, maqollari va ulug' siymolari haqida uch kitob tayyorlab, nashr ettirildi, bu tashabbus endilikda boshqalar tomonidan ham ma'qul topilib, mazkur kitoblarni hozir xitoy tiliga tarjima qilishga kirishildi.
Prezidentimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 2019 yil 15 oktyabrda Boku shahrida o'tgan yettinchi sammitida bir qator tashabbuslarni olg'a surgan edi. Ular orasida qo'shma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish, Kengashga a'zo mamlakatlar yoshlarini tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Yosh tadbirkorlar forumini ta'sis qilish, yirik transport-kommunikatsiya loyihalari sharofati bilan Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish, “Boku-Tbilisi-Kars” yangi temir yo'lining salohiyatidan unumli foydalanish, sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar sohada Kengashga a'zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot xazinasi” nomli kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish masalalari bor edi. Hozir bu tashabbuslarning barchasi izchil ravishda amalga oshirilyapti.
Albatta, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ishini yanada jonlantirish, birgalikda taraqqiy ettirish borasida zarur ishlarimiz bisyor.
Masalan, shu davlatlarning tarixi ilmiy tadqiq etilganida va bu tarix maktablarda, oliy o'quv yurtlarida o'qitilganida mushtarak jihatlarga ko'proq e'tibor berish, muvofiq kelmaydigan va shu sababli turli ixtiloflar keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan talqinlarga yo'l qo'ymaslik; bir tarixiy voqea ikki mamlakatda ikki xil va bir-biriga zid baholanmasligiga erishish, pirovardida – Markaziy Osiyo tarixi, Turkiy tilli mamlakatlar tarixi kabi fundamental asarlar yaratish zarur. Chunki hozir ayrim qo'lbola “tarixchi”larning kasriga faqat o'z millatini ulug'lab, qo'shni el va xalqlarni kamsitish, bizning xalq qadimdan to hozirgacha ayni mintaqadagi tarixiy voqealarning markazida turgan, deb da'vo qilish ko'p.
Qardoshlarni yanada qadrdonlashtiradigan muhim omillardan yana biri tarjimadir. Bizningcha, endilikda rus tili orqali tarjima qilish amaliyotidan batamom voz kechib, turkiy tillarning biridan ikkinchisiga bevosita tarjima qilishga o'tish, bu ishni rag'batlantirish vaqti keldi (ilgari boshqa turkiy tildan ona tiliga bevosita ag'dargan tarjimonga ruschadan o'girgan mutarjimga qaraganda ikki baravar kam qalam haqi berilar edi. Shuning kasriga, masalan, hatto qirg'iz asarini tatarchaga rus tili vositasida tarjima qilish avj olgan, oqibatda turkona ruh yo'qolib, uzoq bir el asariga o'xshagan tarjimalar yuzaga kelardi). Bevosita o'girishga o'tishda yirik turkiy davlatlar tillaridan tarjimani ko'paytirish bilan birga, oz sonli turkiy ellar adabiyotiga ham alohida e'tibor berish zarur.
Hozirgi davrda “mutaxassislar almashish” degan qoida urfga kirgan. Ammo bu tartib, asosan, ishlab chiqarish va texnologiya sohalariga taalluqli. Ijtimoiy-gumanitar sohalarda esa buning uchun zamin tayyorlash kerak. Bundan qirq-ellik yillar ilgari oliy o'quv yurtlarida qo'llangani kabi, bir turkiy tilli mamlakatdan boshqa bir turkiy tilli mamlakatga talabalarning borib o'qishi amaliyotini yana tiklash koni foyda. Masalan, filologiya, jurnalistika va boshqa sohalarda o'qiyotgan talaba birinchi kursni bitirgach, o'zaro kelishuv asosida 2-, 3-, va 4- kurslarda boshqa mamlakatga borib bilim oladi, til o'rganadi va albatta, o'sha xalq tilidan ona tiliga tarjima qilishga kirishadi. Yakunlovchi kursda esa o'z mamlakatiga qaytib kelib o'qishi, yoinki uch yil ta'lim olgan dargohida ilm olishni davom ettirishi ham mumkin. Shu orqali qardosh xalqlarning o'zaro do'stligi va birodarligi yo'lida xizmat qiladigan mutaxassis tayyorlanadi.
O'zaro hamkorlikni rivojlantirishga to'g'anoq bo'layotgan narsalardan biri – qo'shni davlat o'quv yurti tomonidan berilgan diplomni tan olish (nostrifikatsiya) yo'lidagi sun'iy to'siqlardir. Bizningcha, bir turkiy mamlakatdan boshqasiga odamlarning borib ishlashi, yashab qolishini rag'batlantirish uchun davlat oliy o'quv yurtlarini bitirgan mutaxassislar diplomlarini nostrifikatsiya qilish tartibini bekor qilib, bevosita tan olishga o'tish ayni muddao bo'lur edi. O'z-o'zidan aniqki, malakasiz, saviyasi past kadr diplom asosidagi xizmat lavozimida ishlay olmaydi.
Turkiy xalqlarning eng qadimgi tarixi, etnografiyasi, hozirgi urf-odatlari, san'ati, musiqa asboblari, kiyim-kechaklari, turmush tarzini o'rganish, ommalashtirish, o'zaro yaqin va mushtarak jihatlarni tanitish orqali bir birini tushunishlariga yo'l ochish ham zarur. Buning eng sinalgan va samarali yo'li – har yili har bir turkiy tilli davlatda kamida bir turkiy elning adabiyot va san'ati kunlarini o'tkazishdir.
“Turkcha-ruscha” va “ruscha-o'zbekcha” tarzidagi lug'atlarga ruju qo'ymay, “qirg'izcha-o'zbekcha”, “qozoqcha-turkcha”, “ozarbayjoncha-qirg'izcha” tarzidagi turkiy tillararo lug'atlarni tayyorlab, nashr etish vaqti keldi. Bu o'zaro uchrashuv va anjumanlarda “ulug' og'a” zabonidan foydalanishga chek qo'yadi.
Ma'lumki, har bir elning tub o'ziga xosligi, milliy ruhini anglatishda hech bir vosita uning folklori bilan tanishishga yetmaydi. Shuning uchun ham O'zbekistonda chop etishga kirishilayotgan “Turkiy adabiyot xazinasi” nomli kitoblar turkumi bilan birga, turkiy xalqlar folklorining yuz jildligini olti turkiy tilli davlatning har birida, o'sha xalq tiliga tarjima qilib nashr etilsa, juda ajoyib ish bo'lar edi.
Bizningcha, turkshunoslik maktabdan boshlanishi kerak. Har bir turkiy davlatda yuqori sinflaridan birida kamida 10 soatli dars ta'limi belgilanib, unda “Turkiy xalqlar”, “Turkiy xalqlar yashaydigan hududlar”, “Turkiy xalqlarning tillari”, “Turkiy xalqlarning tarixi, diniy e'tiqodi va urf-udumlari”, “Turkiy xalqlarning turmush tarzi”, Turkiy xalqlarning etnografiyasi va o'ziga xosligi”, “Turkiy xalqlarning buyuk jahongirlari, ulamolari, harbiy sarkardalari, ulug' shoir va yozuvchilari” kabi dars mavzulari o'tilishi maqsadga juda muvofiq bo'lar edi. Chunki aksar maktab bolalari turkiy xalqlar, turkiy tillar nimaligidan bexabar. Bu maqsadda yuqoridagi mavzular batafsil yoritilgan ixcham bir o'quv qo'llanmasi tayyorlansa, turkshunoslikni keng omma ichida targ'ib etishga yo'l ochilgan bo'lardi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ishining muvaffaqiyati dunyo siyosiy maydonida ro'y berayotgan turli voqea-hodisalarga munosabat bildirishda bu davlatlarning pozitsiyalari bir-biriga zid kelib qolmasligiga ko'p jihatdan bog'liq, albatta. Buning uchun ushbu Kengash qoshida Siyosiy masalalar bo'yicha maslahatlashuv byurosini tuzish, shuningdek, unga strategik hamkorlik yo'llarini aniqlash vazifasini yuklash kerak bo'ladi. Shu boradagi yana bir gap shuki, turkiy tilli davlatlarning har birida o'zi a'zo bo'lgan xalqaro tashkilot (MDH, ShHT, TTDHK, YeOIH va b.)lar bilan qandaydir masalalarda tushunmovchilik kelib chiqqan hollarda Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashi mavqeini ustun deb bilish borasida bir kelishuv tuzilsa yaxshi emasmi?
Eng muhim omillardan yana biri – turkiy tilli davlatlarning har biri hududida titul millat tilidan boshqa turkiy tilda ta'lim beruvchi maktablar sonini qisqartmaslik, bunday maktablarni darslik va o'qituvchi kadrlar bilan ta'minlash va boshqa muammolarni o'sha qo'shni davlat bilan kelishgan holda, uning yordamida amalga oshirishdan iborat bo'ladi.
Nihoyat, O'zbekistonning o'ziga oid bir masala shuki, ona tilimizning turkiy tillararo muhitda markaziy o'rinni ishg'ol etishi, unda o'g'uz, qipchoq, qorluq lahjalarining har uchalasi ham mavjudligi, xususan – mamlakatimiz tarixan Buyuk ipak yo'li ustida joylashgani va yangi O'zbekiston butun dunyo, xususan, qo'shni davlatlar bilan qalin ijtimoiy-iqtisodiy aloqaga kirishayotgani omilidan kelib chiqib, Toshkentda Turkshunoslik markazi ta'sis etish va uning ilmiy-tadqiqiy vazifalarini belgilash; “Turk dunyosi” degan nomda adabiy-ilmiy jurnal ochish; O'zbekistonni yetakchi turkshunoslik markazlaridan biriga aylantirish ham muhim. Afsuski, hozircha bu mavqe Turkiya va Ozarbayjongagina nasib bo'lib turibdi.
Pirovardida yana bir gap. Biz orzu qilayotgan va yo'lchi yulduz deb belgilagan Uchinchi Renessans poydevorini qo'yish g'oyasini amalda ado etish va bu buyuk Uyg'onish turkiy dunyoning tamadduni o'laroq ro'y bersa, O'zbekiston esa uning peshqadami bo'lib tarixga kirsa, ajab emas. Buning uchun bizda samimiy istak, tarixan shakllangan asoslar, ilmiy salohiyat, o'sib kelayotgan qudratli iqtisodiyot, siyosiy iroda va barqarorlik kabi omillarning barchasi mavjud.
Zuhriddin ISOMIDDINOV