Ulug'vor dastur

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobini o'qib

 

Prezidentimiz kitoblarida alo­hida ta'kidlab o'tganlaridek, Yangi O'zbekis­tonni barpo etish — bu shunchaki xohish-iroda emas, balki xalqimizning orzu-intilish­lariga mos, uning milliy manfaatlariga to'la javob beradigan ob'yektiv zarurat bo'lib, uni yuzaga keltirishda xalqimizning davlatchilik salohiyati va ma'naviy imkoniyati yetarli darajada ekanligi hammamizga yaxshi ma'lum.

Chunonchi har bir xalqning o'ziga xos tub yangilanish davrlari bo'lganki, uni yuzaga kelishida muayyan millat daholarining tashabbusi, yo'l-yo'riqlari, aniq maqsadlar ko'zlagan dasturil- amallari muhim qo'llanma sifatida xizmat qilgan.

Xususan, bu to'g'rida Abu Nasr Forobiy bobomiz “Ehso ul-ulum” kitobining beshinchi bobida qimmatli fikrlarni aniq bayon etgan:

“Ezgu va munosib, savob ishlar shaharlarda (mamlakatda) doimiy ravishda taraqqiy etib odamlar orasida keng tarqalsa, bu sifatlarni egallashga intilish kuchayadi. Va bu esa o'z shahri (jamiyatida) ezgu xulq, odatlarni tarqatuvchi fozil rahbarsiz amalga oshmaydi. Bunday hukmdorning paydo bo'lishi faqat fozillikka xizmat qiladi va u   xalq tomonidan qabul qilinadi va u kishilarni qonunlarga itoat etishga majbur etadi”.

Yangi O'zbekiston uchun ham uzoq ufqlarni ko'zlovchi strategik dastur zarur edi, binobarin O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O'zbekis­ton” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobi ayni davrda biz kutgan muhim dasturli kitob bo'ldi.

Mazkur asarning dolzarbligi yana shu bilan izohlanadiki, unda Yangi O'zbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishning barcha yo'llari, jabhalari mufassal bayon etilgan va yorug' istiqbol yo'li ko'rsatib berilgan. Shu boisdan ham, uni ulug'vor das­tur, deyishga asoslar bor. Muqaddima hamda yetti bobdan iborat – “Yangi O'zbekiston strategiyasi”, “Xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Ma'naviy taraqqiyot”, “Xavfsizlik va tashqi siyo­sat”, “O'zbekiston va umumbashariy muammolar” singari bo'limlarni o'z ichiga olgan mazkur kitobni har tomonlama o'qib-o'rganish, OTMlarda ochiq dars shaklida tavsiya qilish va undagi ko'rsatmalar asosida sa'y­harakat qilish juda katta ijobiy natijalar beradi, albatta.

Xalqimizning o'tmishiga boqsak, xuddi shu ezgu orzular tufayli ota-bobolar, ulug' ajdodlarimiz bir emas, ikki marotaba Uyg'onish davrini yuzaga keltira olgan edilar. Vatan ozodlik hissi esa afsonaviy Shiroqni, jasur To'maris momoni, sheryurak vatanparvar Jaloliddin Manguberdini, Ikkinchi Renessans, Temuriylar   Uyg'onish davriga asos solgan buyuk Sohibqiron Amir Temurni tarix sahnasiga olib chiqqan edi.

Xalqimizning ma'naviy orzusi Abu Rayhon Beruniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Ahmad Farg'oniy, Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Mir Sayid Baraka, Mirzo Ulug'bek, Zangi ota, Xoja Ahror Valiy va bosh­­qa ulug'larimiz timsolida jahonga bo'yladi.

Kitobda alohida qayd etib o'tilganidek, uzoq o'tmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli g'oya va amaliy harakatlarda o'z ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi O'zbekiston tushunchasida jamuljam ekanligini ko'ramiz.

Avvalroq yaqin va o'rta istiqbolda Yangi O'zbekiston strategiyasi qanday bo'lishi kerak,   keyingi o'n yillik­lardagi faoliyatimizni belgilaydigan taraqqiyot tamoyillari va vazifalarning qay birlari eng ustuvor va dolzarb bo'lib hisoblanadi, degan savollarga javob izlaydigan bo'lsak, bugungi kunga kelib “Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g'oyasi qanday maqsad-muddaolarni ifodalaydi”, degan savol ko'pchilikda qiziqish uyg'ota bosh­laganini ham ko'rib-bilib turibmiz. Jonajon Vatanimiz — O'zbekistonni eng rivojlangan davlatlar qatorida ko'rishni o'zimizning eng sharafli va ayni paytda nihoyatda mas'uliyatli vazifamiz, deb bilamiz. Bunday mas'uliyatli ish bizning burchimizga aylanganidan, albatta, yuksak g'urur tuyg'ularini his etamiz. Ta'kidlash joizki, qadimgi yunon faylasufi Suqrotning “O'zgalarni o'zgartirmoqchi bo'lgan inson, avvalo, o'zini o'zgartirishi lozim. Buning uchun esa aniq maqsad, tolmas iroda va doimiy izlanish kerak” degan hikmatli iborasi hammamiz uchun asosiy mezon bo'lishi kerak, degan fikr Prezidentimizning mazkur kitobida bejiz keltirilmaydi.

Bugun Yangi O'zbekiston orzusi amaliyotga, real voqelikka aylanmoqda. Ammo bu oson ish emas, yelkamizda katta mas'uliyat, oldinda esa ulkan dovonlar turibdi. Va bu yo'lda jipslik, hamjihatlik, bir yoqadan bosh chiqarish muhim ekanligini ham teran anglash joiz, albatta.

Bugungi kunda olib borilayotgan demokratik, shaffof keng ko'lamli islohotlarda davlat organlari xalqning og'irini yengil qilayotgani, Prezidentimizning shaxsiy irodasi va qat'iy talabi asosida yuzaga kelgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilining hayotimizdagi o'rnini yaqqol ko'rsatmoqda. Albatta, “xalq boy bo'lsa, davlat ham boy va qudratli bo'ladi”. Jamiyatimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi, bizni   boqadigan, millat sifatida dunyoga tanitib turgan ham shu tanti, mehnatsevar xalqimiz emasmi?! Prezidentimiz ko'p bora ta'kidlab ayt­ganlaridek, xalqni rozi etish, unga munosib farzand sifatida xizmat qilish eng oliy burch, vazifamizdir.

Iqtisodiyot jamiyat hayotining tanasi hisoblanadi. Prezidentimiz jahon bozoridagi iqtisodiy vaziyat murakkablashgan bir davrda mamlakatimiz iqtisodiyotining muntazam takomillashib borishini ta'minlaydigan mexanizmlarini joriy etish,barqaror iqtisodiy taraqqiyot bilan bog'liq vazifalarni puxta belgilab olish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etayotganini alohida qayd etib o'tgan. Demak, amaliy natijadorlikka ko'ra, inson manfaatlari iqtisodiy islohotlarimizning o'zak masalasi ekanligi ham oydinlashadi.

Kitobda Yangi O'zbekistonning iqtisodiy strategiyasi 2030 yilga qadar global innovatsion indeks reytingida dunyoning 50 ta yetakchi davlati qatoriga kirish va bu ulkan maqsadga erishishda inson kapitalini rivojlantirishni nazarda tutadi, dey­di Prezidentimiz.

Yangi O'zbekiston modernizatsiyalashgan iqtisodiyotga tayanishi, bunday iqtisodiyotni shakllantirish uchun undagi davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqlarini himoya qilish va uning rolini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag'batlantirishga qaratilgan ins­titutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish zarurligi ham belgilab berilgan.

Bulardan kelib chiqadigan vazifalarni hal etish xususida ham aniq va lo'nda javob mavjud: chunonchi ushbu maqsadlarga erishish uchun, avvalo, xususiy mulkning huquq va kafolatlarini ishonchli himoya etishni ta'minlash, barcha turdagi to'sqinlik va chekla­nishlarni bartaraf etishni ustuvor vazifa, deb hisoblash ham ko'zda tutilgan.

Investitsiya muhitini takomillashtirish tarmoqlar va sohalar kesimida investitsiya siyosati samarasini oshirish, xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan 2022-2026 yillarda amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalarini aniqlashtirish, iqtisodiyotda davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish e'tiborimizda bo'ladi, deya mazkur islohotlarning qonuniy kafolatlari sanab o'tiladi.

Mana, davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish sohasidagi qator tizimli muammolarni oling. Prezidentimiz bu to'g'rida alohida to'xtalgan, chunki mazkur soha muammolari ishlarning sifati va samarasini pasaytirayotganini hech kim rad etolmaydi.

Eng muhimi, davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish sohasida ham qator tizimli muammolar mavjudligi e'tirof etilgan va ular birma-bir sanab o'tilgan.

— Davlat mulki respublika va munitsipal mulkka tasniflanmagan, davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirishni shaffof mexanizmlar orqali amalga oshirishni nazarda tutuvchi to'g'ridan-to'g'ri amal qiladigan qonunchilik hujjatlari mavjud emasligi ochiq aytilgan.

— Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish mezonlarining mavjud emasligi sababli xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat ko'rsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyat yuritishi hamda xususiylashtirishda tizimli yondashuv amalga oshirilmaganligi natijasida davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi ishtiroki yuqoriligicha qolayotgani ham tanqidiy qayd etilib, mazkur sohadagi yana boshqa muammolarni ham tezda hal etish lozimligi ko'rsatib o'tilganligi muhim ahamiyatga ega.

Iqtisodiy strategiyamizning muhim bandi — 2030 yilga qadar munosib haq to'lanadigan 10 millionta yangi ish o'rinlarini yaratish, kambag'allikni bartaraf etish, ishsizlik darajasini 2030 yilda 5,2 foizga, inf­lyatsiyani esa 15,2 foizdan 4,3 foizga pasaytirishga erishamiz, deya qayd etilishi aniq va ko'zlangan ulkan maqsadlar sari intilishimizga asos bo'lib xizmat qiladi, — deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Yuqorida aytganimizdek, jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir. Dunyoda kechayotgan murakkab global vaziyatlar mamlakatimizning ma'naviy-ma'rifiy sohadagi bugungi taraqqiyot va istiqbolini belgilaydigan strategik tamoyillar hamda amaliy faoliyat das­turlarini yaratish va ularni hayotga tatbiq etishni taqozo etayotgani-yu, bularga qarshi tahdid va xatarlarning ortayotganini ham Prezidentimiz juda chuqur va teran tahlil etadi. Xususan, yoshlarimiz ongini zaharlashga, ularning kuchidan g'araz manfaatlar yo'lida foydalanishga harakat qilayotgan kuchlarning nayranglaridan ogoh bo'lish, korrupsiya, ta'magirlik, byurokratiya oyog'imizga bolta urayotganini esdan chiqarmaslik, shu o'rinda uzluksiz ta'lim tizimida ma'naviy tarbiya   asoslarini kuchaytirish, yoshlarga muqaddas dinimiz mohiyatini to'g'ri tushuntirib berish, “aql markazlari”ni tashkil etish zarurligi ham bayon etiladi. Ayniqsa, mamlakatimizning ke­yingi davr­­ga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasida, albatta, ma'naviy-ma'rifiy islohotlarga alohida bo'lim ajratilishi darkor ekanligi ham yodda tutilganligi g'oyat qadrlidir.

“Ishonch bilan aytish kerakki,   yuksak salohiyatli xalqimiz, bugungi va kelajak avlodlar Yangi O'zbekistonni – Uchinchi Renessansni, albatta, bunyod etadilar. “Yangi O'zbekiston bunyodkorlari safida ekanimdan behad baxtiyorman”, — deydi Prezident.

Hech bir mubolag'asiz, ushbu kitob Yangi O'zbekistonni barpo etish, xalqimizning farovon turmushini yaratish, mamlakat taraqqiyotini yuksaltirish yo'lidagi g'oyat ulkan ijod mahsulidir. Taj­riba va beqiyos salohiyat mahsulidir.

Unda mustaqillik yillarida bosib o'tilgan og'ir va mashaqqatli, tarixiy yo'limiz, bugun amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning mazmuni va mantig'i faylasufona tarzda yoritib berilgan.

Kitobda iqtisodiyot jamiyat hayotining tanasiga mengzalgan bo'lsa, erkin va ochiq fuqarolik jamiyati, mustaqil va odil sud tizimi hamda erkin ommaviy axborot vositalari demokratik jamiyatning asosiy ustunlaridan biri ekanligi e'tirof etiladi. Ana shu yo'lda ta'lim va tarbiya yo'nalishidagi yangi imkoniyatlar, ilm-fan innovatsion taraqqiyot asosi ekanligi bilan birga, ma'naviy yangilanish, ma'naviy islohotlar barkamol avlod tarbiyasida naqadar muhim omil vazifasini o'tashligi o'tkir nigoh bilan tavsif etiladi.

Davlatimiz rahbarining mazkur kitobi davrimizning global muammolaridan tortib O'zbekiston taraqqiyoti yo'lidagi barcha yo'nalishlar, barcha tarmoqlar, jamiki sohalarning mazmun-mohiyatini ochib berish bilan birga, oldimizda turgan muhim vazifalar xususida yo'l-yo'riq ko'rsatadi. Shak-shubhasiz, mazkur asar bugungi kunda har bir katta-kichik rahbar uchun ulkan dastur vazifasini o'taydi.

Qo'ng'irotboy ShARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + thirteen =