Onajon, siz uchun tuhfa!

Tanlovlarda ishtirok etishga qiziqmaganman, avvalo, o'zimni munosib ko'rmaganman arziyman deyishga. Tanlov maqsadida ham qalam tutmaganman. Qalb amrim va vazifamni sidqidildan bajarish asosiy niyatim bo'lgan. Vaqtimni tadbirlardan ko'ra o'rganishga sarflagim kelardi. Hozir ham shunday.

Biroq ona sifatida farzandlarimni yutug'idan suyungach, bu nechog'li huzur, quvvat berishini anglay boshladim, onaizorimning so'zlarini ko'p xotirlaydigan bo'ldim: “Bolam, sen ham televizorlarda chiqsang yo konkurs­larda qatnashsang ko'rib turardik”. (O'shanda aytardimki: “E onajon, ularning nimasi qiziq, menga o'z ishim yoqadi, xalq bilsa bo'ldi-da”. Rostdan ham ishlab kelayotgan soham,   gazetchilikning sokin havosi, kamtarona ammo mashaqqatli mehnati chanqog'imni bosib turar, rohat olar edim).

Xullas farzandlarim suyuntirgani va suyunganim sari onaizorimning so'zlari qulog'imda ko'proq jaranglaydigan bo'ldi va ularni xursand qilish istagi ortdi. Va onajonim, dadajonim uchun qadam tashladim! Ajabki, ular va ustozlarimning duosi o'laroq – “Eng ulug', eng aziz” respublika an'anaviy tanlovida bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari yo'nalishi bo'yicha 1-o'rin nasib etdi. Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag'ishlab tashkil etilgan tanlovning bunday nomlanishi ham bejiz emas. Chunki mustaqillik, ozodlik o'zbek matbuotining tamal toshini qo'ygan namoyandalarimiz, qatag'on qurbonlari Abdulla Qodiriy, Behbudiy, Fitrat kabi ulug' ajdodlarimizning orzusi edi, shu orzulari uchun ma'rifatsizlar tomonidan tazyiqqa uchradilar. Men matbuot xodimi sifatida har gal qo'limga qalam olganimda ana shu ma'rifatparvarlarimizning davomchilari ekanimni his qilaman, yolg'ondan nari, vijdon amri bilan ijodga sho'ng'iyman. Shukrki, bu e'tiqodim meni ulug' O'zbekistonimizning aziz bayramida munosiblar qatoriga olib chiqdi. Bu munosiblik qalamga, so'zga, e'tiqodiga suyangan barcha hamkasblarim uchun hamda ularni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalar, to'g'ri yo'l ko'rsatgan ustozlar uchun rag'bat va ishonchdir…

Taqdirlov paytida, sahnada ko'p chiroyli manzaralar, quvonchli lahzalar bo'ldi. Mening ko'zimga esa bularning ortidan onajonimning kulib turgan chehrasi o'taverdi, qalbim bundan qanchalar zavqlanganini bilsangiz edi! Bu mukofotim siz va dadajonimni quvontirib, umringizga umr qo'shsa, men baxtiyorman onajon!

Nurxon ELMIRZAYEVA,

“XXI asr” gazetasi muxbiri,

“Eng ulug', eng aziz” respublika an'anaviy tanlovi Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari yo'nalishi bo'yicha

1-o'rin sohibi.

Jasorat va mehr

— “Eng ulug', eng aziz” respublika ko'rik- tanlovida g'oliblikka munosib topilganimdan juda ham mamnunman. Bu ja­moamizga bo'lgan e'tirof, desam mubolag'a bo'lmaydi. Chunki unda “Zamon” axborot das­turi har bir a'zosining mehnati bor. Texnik xodimlardan tortib, boshlovchilargacha.

Ushbu tanlovga asosan tanqidiy, tahliliy ruhdagi materiallarimni topshirgan edim. So'nggi vaqtlarda Xalq qabulxonalari bilan ishladim. Aholi murojaatlarini o'rganib, hali jurnalistlar qiladigan ish ko'pligining guvohi bo'ldim. Chin ma'noda bugun jurnalistlar xalq bilan hukumat o'rtasida ko'prik vazifasini bajaryapti.

Biz telejurnalistlar ko'chaga chiqdikmi, qo'limizda mikrofon bormi, odamlar yonimizga keladi. Dardini, muammolarini aytadi. Bu nimani bildiradi? Bu albatta odamlarning jurnalistlarga bo'lgan ishonchini bildiradi. Mana shu ishonch biz jurnalistlarga kuch beradi. O'zimizga bo'lgan ishonchni, o'z ishimizga bo'lgan mehrni oshiradi. Yanada g'ayrat bilan ishlay boshlaymiz.

To'g'risini aytadigan bo'lsam, shu 4-5 yil ichida jurnalistika sohasida juda katta o'zgarishlar bo'ldi. Avval jurnalistlarda jur'at yetishmasdi. Hozirda har bir jurnalistda katta jasorat paydo bo'ldi desam xato bo'lmaydi. Bugungi kun jurnalistlari “tepa”dan keladigan buyruqlardan qo'rqmaydi. O'zining erkin pozitsiyasini bildira oladi. U haqiqiy ma'noda, “To'rtinchi hokimiyat”ga aylanib ulgurdi. Bu ham bo'lsa Prezidentimizning biz jurnalistlarga bo'lgan ishonchi, qo'llab-quvvatlashi tufaylidir.

“Eng ulug', eng aziz” tanlovi biz yosh jurnalistlarga albatta mas'uliyat yuklaydi. Bizga ishonch bildirildi degani bu. Biz Yangi O'zbekistonda sodir bo'layotgan voqealarni bugungi kun auditoriyasiga tezkor, xolis va aniq yetkazishda yanada shahdam qadamlar bilan davom etamiz. Hattoki, kuni kecha davlatimiz rahbari o'z nutqlarida jurnalistlar haqida gapirar ekan, ular mening himoyamda, eng yaqin do'stlarim, deganida har bir hamkasbimizning qalbida faxr va iftihor tuyg'usini uyg'otgan bo'lsa ajab emas. Shu qatori menda ham. Shunda tanishlarimga “Ana Prezidentimiz ham biz tomonda…” deya g'ururlanib qo'ydim…

Biz Yangi O'zbekistonning yangi jurnalistlarimiz. Biz yurtimizdagi islohotlarni, bunyodkorlik ishlarini yoritish barobarida turli xil sohalarda rivojlanishimizga to'sqinlik qilayotgan muammolarni yoritishdan qo'rqmaymiz. Va bu bilan o'z vazifamizni ham bajargan bo'lamiz. Xalq oldida ham, davlatimiz oldida ham! Shu bilan Vatanimiz rivojlanishida ozmi-ko'pmi o'z hissamizni qo'shib boramiz.

Bu kabi mukofotlar esa yanada tezkor,tinimsiz charchoq bilmasdan o'z vazifamizni sidqidildan ado etishga chorlaydi. Ijodiy ilhom ham bag'ishlaydi. Demak, bugungi kun jurnalistikasida o'z o'rnimizga ega ekanligimizni ham ko'rsatadi.

Sohiba Akramova,

“Sevimli” telekanali muxbiri,

Televidenie va radio ijodkorlarining materiallari uchun nominatsiyasi

3-o'rin sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − 1 =