Og'irkarvon yo'llarida
yoki yosh nosir Sherzod ORTIQOV yoziqlariga ayrim e'tirozlar
Kimningdir ijodiga bosh suqib, uni o'z bilganingizcha tahlil qilish, adabiyot mezonlariga, ba'zan ko'ngil mayllariga bo'ysunib ijodkorning jondek asari haqida turli yo'sinda donishmandlik qilish, anchayin murakkab va og'ir masala… Bir tomondan bu jarayon birovning uyiga so'roqsiz kirib olib, ko'zga ko'ringan narsani titkilab yurishga o'xshab ketadi. Ba'zan hammasi xolis bo'lishi uchun ham yozarmanga chegara ichidagi biroz andishasizlik, “odamlar nima derkin” degan tuyg'ulardan yiroqlik kerak.
Biz qimirlab turgan adabiy o'zanga xizmat qiluvchi yana bir omil: o'qirmanning yozarmanga aylanishida! Ya'ni, o'qirman ma'lum asarni o'qidimi, u shu asar qarshisida qarzdor ekanini his etmog'i, asar saviyasiga hayrixoh tarzda uni bilganicha tadqiq qilib, fazilatlarini ham, qusurlarini ham keng doirada o'rtaga tashlashga urunmog'i kerak! Toki, bilmaganlar bilsin, kamchiliklarini ko'ra olmaganlar ko'rsin. Asosiysi, asar mohiyatining to'lib borishida, badiiylikning bag'ri butunlashishida!
Ijod borasida tuzini yeb, tuzlig'iga tupurmaslik, o'qirmanning quruq maqtovdan nariga o'tmasligi, oxir-oqibat o'rtadagi badiiy asarning “tuzsizlanish”iga olib keladi. Bu nafaqat bir asarning, balki butun adabiyotning ham umriga daxldor holat.
Xullas, tanqid – adabiyot uchun doya xotindek gap, u yetilmagan asarni kerakli unsurlar bilan boqishi, yaxshigina badiiy mazmun tug'dira olishi ham mumkin…
Hozirgi kunda insoniyatning ko'p qismi ijtimoiy tarmoqda tug'ilib, dastlab hayotini o'sha yerda yo'lga qo'yib borayotgani ma'lum. Adabiyotning og'irkarvon yo'lida tanilib borayotgan nosirlaridan biri – Sherzod Ortiqov. Uning ijodi bilan tanishishim – “Kuz simfoniyasi” kitobining taqdimotidan so'ng boshlandi. Taqdimotning ruhi, muxlislarning muallifga munosabati aytarli darajada yuqori edi. O'sha kundan boshlab ijodkorni “adabiyotga yetaklab kirgan” esselarini o'qiy boshladim va tez orada meni ilhaq qilgan “Kuz simfoniyasi” qo'limga tushdi. Ochig'i, esselarni o'qish davomida kashf etib borayotgan “yangi” yozuvchim haqidagi fikrlar bu kitob mutolaasi davomida ochig'i, meni biroz tashvishlantirib qo'ydi. Yozuvchi haqida bildirilayotgan balandparvoz fikrlar sabab to'plamdan favqulodda yuqori darajadagi badiiy va mazmuniy mukammallikni kutganmidim?..
Umuman, kitobdan o'rin olgan asarlarda samimiyat, mazmun, aytarli badiiylik ham bor. Ammo biz kabi yosh avlodni hayron etadigan, ochig'i, xafa qiladigan jihati – noqisliklarning nihoyatda oddiyligida va ko'pligida edi. Masalan, “Bahor yakshanbasi” hikoyasida ana shunday oddiy kamchiliklar bisyorgina ko'zga tashlanib turibdi. Bular: ortiqcha so'z qo'llash, ya'ni bir gapdan ikki-uch so'zni olib tashlasangiz ham mazmunning zarracha o'zgarmasligi. Ammo yozuvchi bag'rikenglik bilan so'zni ayamasdan qo'llaydi. Ko'rinib turgan mohiyatga keraksiz jumlalarni tiqishtiraveradi. Bunday g'alizliklarga hikoyaning oxirigacha ko'p marta duch kelasiz.
Masalan, “diqqatimizni o'ziga jalb qilardi” (“o'ziga” so'zi kerak emas), “Sobir mirzoning karvonsaroyi degan uning mashhur nomi bo'lardi” (“uning” so'zi nimaga kerak? Karvonsaroyning nomi aytilayotgani hammaga ma'lumku!), “ammo, shunda” (bu birliklarni yonma-yon qo'llashdan qochish lozim), “Dokani chayqab, suvini siqib tashlab, uning kuzovini yana bir marta artib chiqqanimdan so'ng, u quyosh nurlarida yaraqlay boshladi” (takabburlik bo'lsa ham ochig'ini aytay, men buni shunday yozgan bo'lardim: kuzovni yana bir artganimdan so'ng, quyosh nurlarida yaraqlay boshladi). Qolgan so'zlar na badiiylikni oshirgan, na biron yangi ma'lumot ulashgan. Mashina doka bilan artilayotgani syujet boshidan ma'lum edi. Uning borligini yana ta'kidlash, nimalardir deb gapni cho'zishning natijasi esa adabiyotda badiiylik me'yorini emas, “bemaza qovun”ning urug'ini ko'paytiradi, xolos… Yuqorida keltirganimiz, bir qarashda arzimasdek ko'rinadigan qo'shtirnoq ichidagi gaplar biz kabi adabiyot atrofida o'ralashib yurgan dumbul yoshlarning yoziqlarimizda uchrasa, unchalik e'tiborni tortmas. Ammo ko'plab chet el nashrlarida ham o'zbek yozuvchisi sifatida ko'rinish berib borayotgan yozuvchining bu kabi ijodiy kamchiliklariga ko'z yumib bo'lmaydi.
…Asardagi voqeliklar ikkiga bo'linib, ikki qahramon tilidan hikoya qilinsada, bu hikoyaning badiiy pafosini oshirmaydi, hikoya boshidan oxirigacha birinchi shaxs tilidan “aytib berilishi”cha davom etadi. “Qilardim, bo'lardim, ketardim” tarzidagi bu uslub aynan taqiqlanmagan bo'lsa-da, qo'li kelishib qolgan yozuvchiga biroz kamlik qiladi, deb o'ylayman… Adabiyotning u yoq-bu yog'iga kirib yurgan, dili, tili zamon bilan hamnafas ruhda novatorlikka moyillashib borayotgan adabiy muxlis uchun bu jarayon badiiyatda ertaknamolikni oshirayotgandek, qahramon vaysaqilashayotgandek ko'rinishi mumkin.
O'zbek adabiyotida “ustoz” deb tan olinadigan buyuklarimizdan biri Abdulla Qahhor ham birinchi shaxs tilidan “aytib beriluvchi” hikoyalarni qattiq tanqid qilgan. Iloji boricha bu yo'lni tanlamaslikni maslahat bergan…
Urush – o'z nomi bilan urush! Bu borada hikoyadagi ba'zi o'rinlar sizni ishontira olmaydi: “Urush paytida ham bahor shunday kelardi, uning fusunkor jozibasini his qilarkanman, atrofni bir zum unutardim. Bolaligim yodimga tushar, ota-onam bag'ridagi qisqa o'tgan baxtiyor kunlarim, o'z davri ziyolisi bo'lgan otam, sochlarini doim o'rib yuradigan onam, bu yorug' olamda to'rt yilgina yashagan norasida singlim xayolimdan o'tardi. O'zimga kelgach esa bosh kiyimimni to'g'rilab, okopdan boshimni chiqarar, atrofda davom etayotgan o'qlar yomg'iriga, tanklarning og'ir qadam olishiga, aeroplanlarning ustimizdan vizillab uchib o'tishiga, atrofimizdagi yerlarni o'pirib tushayotgan snaryadlar tovushiga xavfsirab nazar solar va turib-turib qarshi tomondagi nemislarga qarata “nega biz urishyapmiz o'zi”, deb baqirgim kelardi.”
To'g'ri, yuqoridagi o'ylar hammaning ham xotiridan kechishi mumkin. Ammo… ataka vaqti emas! Muallif dastlab yoritib bergan qahramonning holati bilan atrofdagi shiddatli jang tasviri unchalik ham bir-biriga yopishib tushmaydi. Va yana okopdan boshini chiqarib, tanklarning og'ir qadam olishini, aeroplanlarning ustidan vizillab o'tishini tomosha qilib o'tirish ham, muallif o'zi ta'kidlagan, atrofida snaryadlar portlab yotgan jangchining holati emas. Ayni shu damda “nega biz urishyapmiz o'zi” deya baqirmoqchi bo'lishi ham biroz “o'tkazib yuborilgan”. Yuqorida aytilganidek, urush – baribir urush, uning og'ir-engili, yozuvchi aytgandek “dalalarni xotirjam yayov kezadigan” vaqtlari bo'lavermaydi. Ayniqsa, ataka – har bir jangchi uchun jahannam bilan teng! Bunday damda har qanday jasur jangchi ham dushman tomonga qarab baqirishni emas, bittagina daydi o'qqa uchib ketishi mumkin bo'lgan shirin jonini o'ylab talvasaga tushadi. Xohlaysizmi-yo'qmi, urush qatnashchisida qo'rquv hissi bo'ladi.
Muallif tutqin qahramon tilidan krematoriyda yoqib yuboriladigan asirlar guruhlarini sanar ekan, bu guruhga egizaklar, pakanalar va boshqa notabiiy xususiyati borlar kirishini keltirib o'tadi. Shu o'rinda inson xususiyatlariga nisbatan “notabiiy” sifatini qo'llash, meningcha, mutlaqo noto'g'ri. Chunki insondagi xususiyatlar unga Alloh tomonidan ravo ko'rilgan bo'ladi, notabiiy so'zi esa soxta, tabiiy emas ma'nolarida qo'llanishi mumkin.
Badiiy haqiqat talablaridan biri shuki, ma'lum asarni o'qiyotgan o'quvchi undagi obrazlar tizimiga qo'shilib keta olishi, badiiylikda yashiringan real hayotning qaysidir qismini tasavvur qilishi kerak. Qahramon xoh salbiy, xoh ijobiy bo'lsin, o'qirman uning har bir harakatiga hayrixoh bo'lib qolishi, asar qahramoni bilan hayotdagi o'quvchi o'rtasida qadrdonlik yuzaga kelishi kerak. Shu jihati bilan yozuvchining “Kuz simfoniyasi” hikoyasi bir qadar kamchiliklari bo'lishiga qaramasdan anchayin dilga yaqin. “Yomg'ir valsi” hikoyasi ham kutilmaganda “hindchasiga” yakun topsa-da, asar boshidan davom etib kelayotgan samimiy ruh sizni bir dam o'zidan uzoqlashtirmaydi. Aksincha, bu dunyoning barcha qonun-qoidalaridan kechib bo'lsa ham, ikki qahramonning hikoya so'nggida bir-biriga nisbatan paydo bo'lgan iliq tuyg'ulari bora-bora kuydirguvchi qaynoqlikka aylanishini xohlab qolasiz…
Xullasi kalom, gap tamom emas, balki, gapiraversak adabiyot haqida ham, o'zimizcha ijodini talqin va tahlil etishga uringan nosirimiz haqida ham gapimiz tugashi amri mahol. Shunday ekan, adabiyot haqidagi yangiroq va yaxshiroq fikrlarimizni dilimizda yanada taroshlab borishga harakat qilamiz.
Ijodkorlarni ijod borasida imkon boricha kuzatamiz, adabiy yutuqlar, arzirli asarlar kutib qolamiz.
Gulrang UBAYEVA,
Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti
universiteti talabasi