She'riyat aslida hikmatdir
O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ijodi haqida o'ylar
“So'zda sehr, she'rda hikmat bor”. Ushbu muborak kalom so'zga, she'riyatga berilgan yuksak baho bo'lishi barobarida qalam ahli uchun mezon hamdir. Ana shu yuksak talabga muvofiq bo'lmog'i uchun she'r hikmat va ma'rifatni mujassam etmog'i zarur. Negaki, zamonlar o'taveradi, davron evrilaveradi, lekin bu talab o'zgarmaydi. “Nazmda ham asl anga ma'ni durur, bo'lsun aning surati har ne durur” deganda buyuk Alisher Navoiy she'riyatning shakli yangilanib borsa ham lekin u ma'nidan, ya'ni hikmatdan ayri bo'lishi mumkin emasligiga ishora qilgan bo'lsa, ajab emas. Shoirning shoirligi, aslida, ijod namunalari ana shu mezonga nechog'liq javob berishiga ko'ra belgilanadi. O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid she'riyati bezavol hikmatlar go'zal badiiy talqin etilgani jihatidan millat badiiy-estetik tafakkuri takomilida alohida o'rin tutadi.
Iste'dod va e'tirof
Iste'dod Xudodan beriladi. Har qancha mehnat va zahmat mahsuli bo'lmasin, iste'doddan bebahra ijod yuksak maqomga ko'tarila olmaydi. Chinakam iqtidor sohibi ilk asarlaridanoq ko'ngillarga yo'l topadi. Dastlabki ijod namunalari bilanoq e'tirof qozonadi, nazarga tushadi. Sirojiddin Sayyid ana shunday salohiyat egalaridandir.
She'riyat muhiblari yaxshi biladilar: shoirning ilk kitobi “Ruhim xaritasi” nomi bilan chop etilgan. Shubhasiz, birinchi kitobi nashr qilingan yosh shoir yuragida andak hadik, bir oz hayajon bo'ladi. “Ustozlar nima der ekan?” degan xavotir chulg'aydi uning qalbini. “Toshkent oqshomi” tahririyatida xizmat qilayotgan ana shunday xayollar og'ushidagi shoirga kutilmaganda kimsan ustoz Abdulla Orifning o'zi telefon qilib: “Kitobingni o'qidim, Siroj! Ana shu mo''jaz kitobdan katta qadamlarning tovushi kelyapti” degani, birinchidan, ustoz ijodkorning yangi avlodga xayrixoh nazari ifodasi bo'lsa, ikkinchidan, toza, samimiy e'tirofni anglatadi. Ayon bo'ladiki, Sirojiddin Sayyid 1984 yili chop etilgan ana shu ilk kitobi bilanoq o'zining ijodiy kelajagi haqida muayyan tasavvur bera oldi.
Shundan buyon shoirning “Salqin xarsanglar kaftida”, “Sevgi mamlakati”, “Asragil”, “Mehr qolur, muhabbat qolur”, “Kuydim”, “Vatanni o'rganish”, “Ko'ngil sohili”, “Ko'ksimdagi zangorlarim”, “Qaldirg'ochlarga ber ayvonlaringni”, “Dil fasli”, ikki jildlik “So'z yo'li”, “Ochil, ey gulki, bo'ston vaqti bo'ldi”, “Alamli dunyoda alamli gulim”, to'rt jildlik “Asarlar” to'plamlari chop etildi. Eng muhimi, uning ijodi to'plamdan-to'plamga, kitobdan-kitobga o'tgan sari yuksala bordi. Mohiyatan teran, badiiy jihatdan barkamol she'rlari o'quvchi qalbini zabt qilishda davom etayotir.
“Sirojiddin Sayyid bilan men 1987 yili tanishganman, – deb yozgan edi mashhur rus shoiri Andrey Voznesenskiy. – O'shanda u yangi navqiron she'riyat armiyasining yosh askari edi, ammo uning kurtkasida marshallik nishoni yarqirab turardi. Toshkent shoirlari vaqt sinovlaridan o'ta oldilar. Bu gap Sirojiddinga ham taalluqlidir. U Abdulla Oripov bilan, boshqa shoirlar bilan bir qatorda o'zbek she'riyatining taniqli namoyandalaridan biridir. Uning shunchaki shahar emas, insoniy qismatimning tarkibiy qismi hisoblanuvchi Toshkentdan turib qilgan har bir telefon qo'ng'irog'i men uchun hamisha qadrlidir”.
O'zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynbergning e'tirofi yanada samimiydir: “Men ijodi metaforaga boy bu shoir va hech qanday qolipga tushmaydigan bu shaxs bilan butunlay yakdilman. Mening fikrimcha, Sirojiddin Sayyidning ijodda erishganlari singari istiqboli ham yorqin va nurafshondir”.
Tabiiyki, bunday ta'rifu tahsinga sazovor bo'lish oson emas. Buning uchun tunlarni tonglarga ulab muttasil mehnat qilish, ijod malakasini hamda mahoratini oshirish ustida tinimsiz zahmat chekish, eng muhimi, bu zahmatdan lazzat topa bilish va Xudo bergan iste'dodni muntazam ravishda kamol toptirish talab etiladi. Shuning uchun ham “Dunyoda eng og'ir – So'zning yo'lidir” deb bilgan Sirojiddin Sayyid ijodning barcha mashaqqatlarini mardona zimmasiga oldi, she'riyatni qismat deb bildi, ijodda kamolga erishdi.
Ustoz adabiyotshunos olim, O'zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov shoir haqida mana bunday yozgan edi: “Shoirlar har xil tug'iladi. Shoirlarki bor, go'dak atak-chechak qilib yo'l yurishni o'rgangandek, ko'p yillar davomida she'riyat alifbesini o'zlashtiradi, har xil shoirlarga ergashib ko'radi, izlanadi va bora-bora qiynalib bo'lsa-da, o'z yo'lini topib oladi. Shoirlarki bor, birinchi qadamlaridanoq hammani lol qoldirib, tuyg'ularini, hislarini, fikrlarini tutilmagan obrazlarga burkab, “afsonalarning tushiga kirmagan so'zlar”da kuylay boshlashadi. Ularni “yosh shoir” degan tushunchaga sig'dirish qiyin. Ular yoshi kichik bo'lsa-da, she'ri, she'riy tafakkuri balog'atga yetgan bo'ladi. Nazarimda, Sirojiddin Sayyidni ana shunday “tayyor” shoirlar toifasidan desak xato bo'lmaydi”.
Olim bu so'zlarni 1982 yili yozgan edi. Shundan buyon o'tgan qariyb qirq yil Ozod akaning fikrlari nechog'li haqiqat ekanini ko'rsatib turibdi. Dastlabki she'rlari bilanoq shoiru adiblar, adabiyotshunoslaru munaqqidlar tiliga tushgan Sirojiddin Sayyid bugun ham elning nazarida. E'tiborga loyiq bir voqea: adab ahli davrasidagi bir suhbatda yosh, iqtidorli shoir she'r o'qidi. Gashtakda ishtirok etgan ustoz ijodkorlardan biri: “She'rlaringizning saviyasi ancha baland, biroq ularni o'qishda Sirojiddin Sayyidga taqlid qilar ekansiz. Agar yaxshi shoir bo'lishni orzu qilsangiz, har qanday taqliddan saqlaning”, deya nasihat qildi. Ustozning fikri to'g'ri, shubhasiz. Men e'tiborni masalaning boshqa jihatiga qaratmoqchiman: yosh iste'dodlar hammaga ham ergashavermaydi-da…
Bu voqea navqiron ijodkorlarning Sirojiddin Sayyidga havas qilishiga yagona misol emas. Shoirning milliy she'riyatimizda o'z o'rniga ega ijodkor ekaniga yana ko'plab dalillar keltirish mumkin. “Iloyo, har kimga hayotida iftixor nasib etsin. Iftixorning go'zal shaklu shamoyillari ko'p. Ularning eng avvali, albatta, xalqu Vataningdir! Undan so'ngra, balkim, ustozu shogirdlar. Shu ma'noda, jumladan, men o'zimni nihoyatda baxtli insonlardan biri deb hisoblayman. Ulug' xalqim, buyuk ustozlarim, ko'z-ko'z qilishga arzigulik sofdil shogird ukalarim bor. Shoyon she'riyatimizda esa ana shunday iftixorlarimizdan biri, shubhasiz, Sirojiddin Sayyiddir”. Ustoz Abdulla Oripovning ushbu e'tirofi ham shoirning ijodiy salohiyati havas qilarli ekanini ko'rsatadi.
“Qo'limda Sirojiddin Sayyidning yangi turkum she'rlari, — deb yozgan edi adabiyotimizning yana bir qahramon shoiri Erkin Vohidov. – Samimiy va ehtirosli so'zlar. Sharqona lutf bilan aytilgan nozik so'zlar. Shoir so'zlari… She'r ko'ngil nidosi bo'lib tug'iladi va ko'ngillar mulkiga aylanadi. Uni qabul etmoq ham ko'ngil ishidir… She'riyat qalb holatidir. Uni qabul etmoq ham qalb holatiga bog'liq. She'r ma'nosini so'z bilan bayon qilish mumkin emas. So'z bilan anglatish mumkin bo'lgan fikr esa she'r qilib aytilmaydi. She'r – zavq, hayrat, kulgu, iztirob, armon, tazarru, munojot… demakdir. She'r – ishq demakdir, ibodat demakdir.
Sirojiddinning she'rlarini o'qib, men she'riyat haqida bunday osmoniy xayollarga berildim. Maqsadim uning she'rlarini osmonga ko'tarish emas, balki faqat sizning ko'nglingizga havola etmakdir”.
Sirojiddin Sayyid she'rlari haqiqiy iste'dodlarga xos tarzda “ko'ngil nidosi bo'lib tug'iladi”, uning nazmiy asarlarida so'z muhabbat suvi hamda dardu iztirob tuprog'i bilan qoriladi. Shuning uchun ham ustoz Erkin Vohidov aytmoqchi, “ko'ngillar mulkiga aylanadi”.
Shoir so'z isrofidan parhez qiladi. So'zni tejab ishlatadi, so'zga zalvorli mazmun yuklay biladi. “She'raro polvon bo'lish oson emas” degan birgina ta'rif orqali ustoz Abdulla Orifning milliy adabiyotimizda tutgan o'rniga munosib baho bergani buning isbotidir.
Sirojiddin Sayyid bugunning eng mashhur shoirlaridan. Shuhrat yukini ko'tarish oson emas. Ayrim qalamkashlar ozgina tanila boshlasa, salgina tilga tushsa, bosar-tusarini bilmay qoladi. O'zidan boshqa barcha haqida, hatto adabiyotimizning mumtoz namoyandalari to'g'risida ham nopisandlik bilan so'zlay boshlaydi. Burni ko'tarilib, salomingga alik ham olmay qo'yadi. Bu erishganlari hali hech narsa emasligini, ertani qo'ya turaylik, bugun ham ijodkor sifatida arzirli bir ishni uddalay olmaganini xayoliga ham keltirmaydi. Biroq bu gaplarning Sirojiddin Sayyidga zarracha ham aloqasi yo'q. Garchi bo'y-basti havas qilarli, qomati adl bo'lsa-da, hosili ko'paygani sayin tobora egila borgan mevali daraxt singari, qanchalik shuhrat qozonmasin, odamiylik, kamtarlik fazilatlari kamol topib borayotgani buning isbotidir.
She'r nima, shoir kim?
Bu savol muazzam she'riyatimiz qadar qadimiydir. Bir paytlar ustoz adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov “She'r ko'p, shoir-chi?” degan savolni bejiz qo'ymagan edi. Kim ko'p – shoirlikka da'vogar ko'p. Lekin ulug' Ogahiy aytganidek, Tangri taolo “…alar orasida ba'zisining (!) tilin fasohat va balog'at bobida nodir va so'z rishtasiga maoniy javohirin nazm etarga qodir qilib, ma'ni ahli orasida quyosh yanglig' ravshan va sarafroz etti”. Shu bois da'vogarlarning kamdan-kami chinakam shoirlik maqomiga erishgan. Sirojiddin Sayyid ana shunday noyob salohiyat egalaridandir.
Aslida, bu yorug' olamda aytilmagan so'z qolmagan. Har bir go'shasidan minglab mutafakkirlar yetishib chiqqan bizning zaminimizda o'z so'zini topib aytish oson emas. Ustoz Abdulla Orif ta'kidlaganidek: “Shoir bo'lish qiyin, shoir bo'lish og'ir shunday buyuklarning kahkashonida”. Shunga qaramay, taqdir Sirojiddin Sayyidga o'z so'zini aytish imkonini berdi. Shoir ana shu sermashaqqat, “no'shi bir bo'lsa, nishi ming, rohati bir bo'lsa, tashvishi ming” (Ogahiy ta'rifi) yo'lning sabotli yo'lchilaridandir. U o'zining shoir sifatidagi dasturini quyidagicha ifodalaydi:
Yurtim, menga zar kerakmas zarlaringdan,
Kipriklarim o'psalar bas gardlaringdan.
Men bir nasim bo'lib keldim,
men bir nasim,
Aytib o'tsam deyman ko'hna dardlaringdan.
Ha, yurtni boyliklari uchun sevish vatanparvarlik emas. Bu haqiqatni, yanglishmasak, birinchi bo'lib Abdulla Oripov aytgan: “Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun Sevgan farzand bo'lsa, kechirma aslo!”. Sirojiddin Sayyidning yutug'i shundaki, ifodaning tamomila o'ziga xos shaklini topa olgan: “Yurtim, menga zar kerakmas zarlaringdan”. Keyingi misradagi poetik tasvir – kiprikning ona zamin gardlarini o'pishi metaforaning ohorli ekani, milliy ruhning betakror ifoda etilgani jihatidan yuksak badiiy qimmatga ega. Va nihoyat, nasim bo'lib kelgan shoir yurtning ko'hna dardlarini aytib o'tishni o'zining ijodkor sifatidagi burchi deb biladi. Ona-yurtning, o'zing mansub bo'lgan millatning dardlarini kuylash, unga malham bo'lish, shoir fikricha, ijodkorning hayotiy a'molidir, vazifasidir. Bu misralar ko'ngillarga oqib kiradi, shuurlarni nurlantirib yuboradi.
Shoir so'z yo'li oson emasligini yangidan-yangi she'rlarida, tutilmagan tashbehlar vositasida ifodalaydi. “G'afur G'ulom siyohdoniga” she'rida betakror ifodalanganidek:
Ulug' shoirlarning qalbi siyohdon bo'lgan,
Yozsa yurak qoni bilan yozgan,
siyoh – qon bo'lgan.
Sirojiddin Sayyid “Shoir kimdir?” deya savol qo'yadi (“Nuqtai nazar” she'ri) va “Mir Alisher boboning birinchi va mangu muovinidir” degan xulosaga keladi. Adabiyotga bunday yuksak mezon asosida qarash ijodkorga muayyan mas'uliyat hissini yuklaydi.
Cho'lpon adabiyotni “o'tkir yurak kirlarini yuvadurg'on toza ma'rifat suvi” deya ta'riflagan edi. Sirojiddin Sayyid shunga uyg'un fikrni o'ziga xos tarzda, betakror ifodalaydi. Uningcha: “She'r garchi shoirning ko'ksida yongan, Bo'g'zini kuydirgan olov unidir. She'riyat – gul emas, chechakmas, asli. Ruh va ko'ngillarning kir sovunidir”. Binobarin, inson ruhi va ko'nglini adabiyotchalik poklaydigan boshqa bir hodisa mavjud emas. Muhimi, shoir ko'hna bu haqiqatni poetik jihatdan yangicha ifodalaydi.
Sirojiddin Sayyidning “Yosh shoirlarga” deb nomlangan she'ri bor. Unda shoir she'riyat yo'liga kirayotgan yoshlarga xitoban mana bunday yozadi:
Bu diyorda tog'u tosh shoir bo'lib,
Yerga tushgaydir quyosh shoir bo'lib.
O'rgatar kuylashni bulbul suvlari,
Maysa ham tebraydi bosh shoir bo'lib.
Sirojiddin Sayyid so'z mas'uliyatini teran his etadi. Garchi quyma misralar bitsa-da, she'riy matnlar ustida tinimsiz mehnat qilishdan tolmaydi.
Men dardni hech kimdan
Ko'chirganim yo'q,
Yozganimdan ko'ra
O'chirganim ko'p, —
singari misralari ham buning dalilidir.
Shoir she'riyatni ilohiy ne'mat deb biladi. Uning fikricha, she'riyat — muhabbat ko'shki, ishqning ayvoni, ko'ngil bilan ruhning moviy osmoni. Bu tashbehlar ham yetarli emasday. She'riyat – bezavol gulshan, mangu yashil bog'. Lekin unga oshno bo'lganlar – chin shoirlarning yuraklari dog'. Shoirning e'tiroficha:
Ular olam yuzin
Hayron etdilar.
Ko'ngil qoni birlan
Alvon etdilar.
She'riyatning Navoiy, Bobur singari daholariyu yulduzlarni, gul so'zlarni kuydirib ketgan Usmon Nosir, Asqad Muxtor, Shavkat Rahmonni, el ko'zini yoshlab ketgan Muhammad Yusuf singari ijodkorlarni yod etgan shoir bu dunyoning so'zfurushlariga qarata bunday xitob qiladi:
Kim so'z deb nafsiga
Non berar faqat.
Haqiqiy shoirlar
Jon berar faqat.
Shoir so'z san'atini qismat deb biladi. Unga jonu jahonini bag'ishlaydi. So'z deb nafsiga non beruvchilarni qabul eta olmasligi sababi shunda. Teran fikr va go'zal badiiyat uyg'unligidagi nazm namunalari shoirning badiiy-estetik mezoni yuksak ekanidan darak beradi.
Buyuk Navoiy ijodxonasidan saboq olib…
Sirojiddin Sayyid mutolaadan, ijodiy izlanishdan tolmaydigan shoirlardan. U hazrat Navoiy asarlarini ko'p o'qiydi. “Xazoyin ul-maoniy”ni qayta xatm qilgan kunini eng katta bayram deb biladi. Muhimi, lirik asarlarida ulug' Navoiydan, mumtoz she'riyatimizdan bahramandlik yangi badiiy kashfiyotlarga eshik ochib kelayotir. Buyuk salafi g'azallariga yuksak mahorat bilan bog'lagan muxammaslari buning isbotidir.
Kim qoshinga mubtalo bo'lubtur –
Ul ikki qilich aro bo'lubtur,
Dil ichra iki yaro bo'lubtur,
Ko'zung ne balo qaro bo'lubtur –
Kim, jong'a qaro balo bo'lubtur.
Yor qoshiga mubtalo bo'lishni ikki qilich aro tushishga o'xshatish – mumtoz tashbehning ohorli va betakror namunasi! Bu ikki qilichning dil ichra iki yaro solishi – har uchala misra mazmun jihatdan ham, badiiyatiga ko'ra ham hazrat Navoiy baytiga shu qadar mutanosibki, hayratga tushmaslikning iloji yo'q.
Sirojiddin Sayyid hazrat Alisher Navoiyning ko'plab g'azallariga yuksak fasohat va balog'at namunasi bo'lgan muxammaslar bog'lagan.
Ijodkor she'rlaridan birini “Navoiyni o'qish” deb nomlagan. Uningcha: “Har bir kalla, har bir bosh jaholatdan qo'rqishi kerak. Har bir bola, har bir yosh Navoiyni o'qishi kerak”. Navoiydek ulug'larni o'qimaslik, anglamaslik jaholatga olib kelishidan ogoh qilishni burchi deb bilgan shoir “Har bir ota, har bir mo'ysafid Umr hikmatlarin ko'rsatib, Nafs arqonlarin qirqishi kerak, Farzandlari, nabirasiga Navoiyni o'qishi kerak”, deya ta'kidlaydi.
“Xamsa” hayratlari” – Sirojiddin Sayyid she'riyatida yangi sahifa ochgan turkum. Buyuk beshlikdagi o'zi hayratlangan satrlarni iqtibos etgan shoir ko'nglidan o'tkazgan lirik kechinmani falsafiy tafakkur uyg'unligida betakror talqin etadi. Jumladan, “Hayrat ul-abror”dagi Nizomiy Ganjaviy vasfiga bag'ishlangan bobdan: “Ranj tog'in qozmoq aning peshasi, Tog'i aning nazmu tili teshasi” satrlarini iqtibos olar ekan, undan hayratlarini she'rga aylantiradi. Shoir fikricha, nazm tog'i behishtning chaman bog'i emas, uni so'lim sohil yo dasht tuprog'iga ham, bog'u bo'stonning gul quchog'iga ham qiyoslab bo'lmaydi. Mana bu tashbeh hazrat Navoiy poetik xulosasining mutlaq yangilangani jihatidan qimmatlidir: “Bunda zahmat chekib ko'hkan Farhodday Nazm eli tunu kun so'z qaziydilar”.
Mana bu satrlar nazm tog'ida so'z qazishning – shoir mehnatining nechog'liq mashaqqatlarga to'liq ekani tutilmagan obrazlar orqali suvratlantirilgani jihatidan e'tiborga loyiq:
Bunda rohat bo'lmas, bo'lmagay orom,
Qiynarlar o'z jismu jonini faqat.
Yurak-bag'irlarin aylab turib jom,
Shoirlar ichgaylar dil qonin faqat.
Ijoddan kutilgan samaraga erishmoq uchun tun bilan kunning tafovutini unutish darajasida zahmat chekmoq zarur. Hatto buning o'zigina kifoya qilmaydi, ana shu zahmatdan halovat topmoq kerak. Tabiiyki, bunday maqomga erishmoq qiyindan qiyin:
Qazish oson emas so'z xarsanglarin,
Tafovut bo'lmagay tun bilan kunda.
She'rning sho'xu shingarf rang, ohanglarin
Giyohlar, jilg'alar bergaylar shunda.
Nazm tog'ining Farhodi bo'lish oson emas. Bu darayu g'orlarda ne zotlar ro'shnolik ko'rmay, benomu nishon o'tganlari bunga dalil. Lekin ming yillardan buyon ayrim taqlidchi, gapdon to'tilar gerdayib yurishini qo'ymaydi. Bu rohu manzilning jangal, beshasi ko'p bo'lgani kabi yo'lbarsu kiyiklari ham mo'l. So'z dog'ini tortgan har vola dilning lola dog'i yanglig' kuyuklari ham bor. Bu tog' cho'qqisiga qarab intilgan har kimga gohi zar to'kilsa, gohi nasibasi qum-kukun bo'ladi. “Bunda jon berilgay har bir tosh uchun, Qon bilan yozilgay har nomu nasab” – ijod mashaqqati boshqa biror shoir nazmida bunday talqin etilmagani Sirojiddin Sayyidning betakror ijodkor ekani isbotidir.
Yuksalib borgaydir bu tog' bosh uzra,
Dil bunda bolg'ayu til tesha bo'lgay.
Mayda ma'dantosh yo chaqmoqtosh uzra
Ming bir mashaqqatu andesha bo'lgay.
Kim mo'miyo izlar, kimdir qor kurar,
Tog' uzra osmon ham cheksiz va moviy.
Yuksak cho'qqilardan jilmayib turar
Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy, Navoiy…
Hazrat Navoiy nazmni ranj tog'iga, buyuk Nizomiy tilini teshaga qiyoslagan bo'lsa, Sirojiddin Sayyid ijod mashaqqatini dilni bolg'aga qiyoslash orqali ohorli ifodalaydi.
Bu hali birgina misol. “Xamsa” hayratlari”ni sinchiklab mutolaa etsangiz, ushbu buyuk badiiy obidadan shoir ne ajib tuyg'ularni his etganini bilib olasiz. O'zingiz jiddiy e'tibor qaratmagan lavhalar shoirda qanday ajib tuyg'ularu lirik kechinmalar paydo qilganidan hayratga tushasiz. Ijodkorning taxayyul olami naqadar keng va tasavvur imkoniyati qanchalik katta ekaniga qayta va qayta amin bo'lasiz.
Hazrat Navoiy ijodxonasidan muttasil ravishda munosib saboqlar olayotgan Sirojiddin Sayyidni nazm tog'ining ko'hkan Farhodiga tenglashtirsak, aslo mubolag'a bo'lmas.
Umrning hikmat fasli
Odam umrining qimmati u yashagan va yashayotgan yillar soni bilan emas, Haqni anglash darajasi, Vatan va millat oldidagi xizmatlariga ko'ra baholanadi. Sirojiddin Sayyid ijodining dastlabki kezlaridanoq ana shu hikmatni anglagan, she'rlarini hikmat nuri bilan sug'organ, hikmat tog'i sari tobora yuksalib kelayotgan ijodkor. Turkiy she'riyatda hazrat Alisher Navoiy boshlab bergan arba'inchilik an'anasining yangilanishi ruhidagi she'rlarida ham ana shu xususiyat yaqqol namoyon bo'ladi. Shoirning “Qirq hadis” turkumi buning yorqin isbotidir. Turkum Haq taologa munojot bilan ochiladi:
Sening dargohingda ko'zlarimda nam,
Enda ayon menga ul borar joyim.
Kechirgin otamning gunohlarini,
Onamga umr ber o'zing, Xudoyim.
Qaysi mavzuga bag'ishlangan bo'lmasin, shoir she'rlarida hayot falsafasi go'zal badiiy shaklda ifodalanadi. O'zlikni, umrning mohiyatini anglash va anglatish shoir ijodining asosini tashkil etadi. She'riyatimiz nazariyotchisi Shayx Ahmad Taroziy munojotni: “Tengri huzurinda tazarru qilmoq”, deya ta'riflagan edi. Tazarru ruhidagi munojotni bitar ekan, Sirojiddin Sayyid solih farzand sifatida, avvalo, ota-onasini yodga oladi: “Kechirgin otamning gunohlarini, Onamga umr ber o'zing, Xudoyim”.
Singil – tilovchi. Xalqimizning bu hikmati hayot haqiqatining ayni o'zini ifoda etadi. Munis singillarimiz har doim akasining salomatligini, Xudoning panohida bo'lishini tilaydi. Akasining kamolini istab har doim qo'li duoda. Sirojiddin Sayyid she'rlarida singilning ko'p yod etilishi, bu mushtiparning kuzgi rayhonlarga qiyoslanishi sababi shunda:
Men ulug' hikmatni angladim chog'i,
Yig'lab qonlar etib ko'ngillarimni.
O'zing omon saqla, asragil o'zing
Kuzgi rayhonlardek singillarimni.
Sirojiddin Sayyid – butun vujudi, ruhi bilan vatanparvar, xalqparvar shoir. Har qanday mavzudagi she'rida fikr, albatta, Vatan va xalq mehriga yo'g'rilgan bo'lishi buning isbotidir. Ushbu munojot-she'rdagi: “O'zing panohingga olgin mulkimni, O'zing yuz o'girma elim, yurtimdan”, satrlari ham buni tasdiqlaydi.
“Qirq hadis” turkumi “Zamonning egasi” she'ri bilan ochiladi. “Zamondan koyinmanglar, zero zamonning egasi Ollohdir” mazmunidagi muborak hadis shoir talqinida mana bunday nazmga solingan:
Olloh sizga bergan oy va yil uchun
Arzir har lahzaning naqshi bo'lsangiz.
Azaldan yomonga yomondir zamon,
Zamon yaxshi erur – yaxshi bo'lsangiz.
Har kimga dildagi niyati yo'ldosh,
Ezgu maqsadlari bir umr yordir.
Zamondan hech qachon koyinmangizkim,
Zamonning egasi Parvardigordir.
Sirojiddin Sayyid muborak hadislar mazmunini teran falsafiy mohiyat va go'zal badiiyat uyg'unligida nazmga aylantiradi. Zohiran bu osonga o'xshab tuyuladi. Aslida esa buning uchun shoir hayotga faylasuf nigohi bilan qaray olishi, hadisdan ko'zlangan mohiyatni teran idrok etishi va nihoyat uni yuksak mahorat bilan badiiy sintez qila olmog'i zarur. “Olloh go'zaldir, go'zallikni xush ko'radi” mazmunidagi hadisni shoir nazmda mana bu tarzda ifodalaydi:
Yaltiroq dunyoning ahvolina boq:
Unda shomu sahar yasan-tusandir.
Bari aldamchidir, bari omonat,
Faqat Xudo mangu, Xudo go'zaldir.
U go'zal ishlarni xush ko'rgay bilsang,
Angrayma hashamning bozoriga sen.
Qalbing go'zal bo'lsa, axloqing go'zal,
Tushgaysan Ollohning nazariga sen.
* * *
Surxondaryoning Sariosiyo tumanida Hisor tog' tizmalaridan boshlanuvchi mashhur To'polondaryo bor. Adabiyotimizga o'tgan asrning 70-yillarida To'polondaryoday toshib-jo'shib kirgan shoir mo''jaz hajmdagi she'rlariga sig'magan teran falsafiy g'oyalarini katta liroepik ko'lamdagi dostonlari orqali ifodalab kelayotir. “Jarohat”, “So'z hijroni”, “Saksoninchi yillar”, “To'polondaryo bilan xayrlashuv”, “Tanazzul”, “Nom”, “Bahor Surxondan boshlanar”, “Yuz oh Zahiriddin Muhammad Bobur…” singari dostonlari shoirning ijodiy salohiyati nechog'liq katta ekani isbotidir.
“Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur” dostoni badiiyatning yuksak namunasi ekani bilan alohida ajralib turadi. Asar odatdagi dostonlar kabi yaxlit syujetli bo'lmay, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti yoki ijodi bilan bog'liq yuz lavhaning betakror badiiy talqini asosiga qurilgan. Tarkibiy tuzilishi jihatidan uni tazmin-doston deb atash mumkin. Doston murakkab va ziddiyatli qismat sohibi bo'lgan Bobur siyratini chuqur o'rganishga, tafakkur va taxayyul qilishga, ibratlanishga xizmat qilishi jihatidan qimmatlidir. Dostonda bor-yo'g'i qirq yetti yillik umrida o'zidan bebaho she'rlar, beqiyos “Boburnoma”, aruz, fiqh va boshqa ilmlarga oid asarlar, undan ham muhimi, ezgu nom qoldirishga ulgurgan Zahiriddin Bobur qismati butun qamrovi, bor ko'lami bilan tasvirlangan. Bu haqda alohida maqolalar nashr etilgan. Lekin ta'kidlash kerakki, shoir dostonlari ko'plab tadqiqotlarga mavzu bera oladi.
* * *
Ijodkor har doim zamon bilan hamnafas, hamqadam, hatto undan bir qadam oldinda yurmog'i shart. Aks holda u Vatan va millatga munosib xizmat qila olmaydi. Sirojiddin Sayyid atoqli shoir bo'lishi barobarida jamoat arbobi sifatida ham jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotir. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga u rais etib tayinlangach, uyushma chin ma'noda Vatan va xalqqa xizmat qilish yo'lida ijodkorlarni birlashtiradigan, ularning boshini qovushtiradigan, ulug'vor maqsadlar sari intilishlariga qanot bag'ishlaydigan markazga aylandi. Shoir Oliy Majlis Senati a'zosi sifatida butun ijodiy-intellektual salohiyatini davlat va jamiyat ravnaqi yo'liga safarbar etib kelayotir. Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi va rahnamoligida Vatan va millat oldiga qo'yilgan yangi O'zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini qo'yishdek buyuk maqsad yo'lida jonbozlik ko'rsatmoqda. Bu boradagi ishlar qanchalik mas'uliyatli bo'lsa, shunchalik faxrli hamdir.
Umrining hikmat fasliga qadam qo'yayotgan, she'rlari xalqimiz ko'nglining tub-tubidan joy egallab ulgurgan Sirojiddin Sayyid ijodi milliy adabiyotimiz rivojida alohida o'rin tutadi. Biz shoirga bundan keyin ham muazzam adabiyotimiz xazinasini yangidan-yangi asarlari bilan boyitish va millat badiiy-estetik tafakkurini yuksaltirish ishiga munosib hissa qo'shishdan tolmang, deyishga burchlimiz.
Nurboy Jabborov,
filologiya fanlari doktori, professor