Asalarichilar huzurida

Odatda asalarichilar bilan suhbatlashish uchun uzoq joylarga, tog'u dashtlarga boriladi. Chunki ming dardga davo bo'lmish asalni tortiq etuvchi bu mo''jizali arilar bol yig'ishi uchun bog'-rog'lar, keng dalalar, yoyinki paxtazoru yantoqzorlar kerak bo'ladi.

Lekin bu gal yurtimizning ko'plab asalarichilari poytaxti azim — Toshkentga o'z oyoqlari bilan tashrif buyurishgan ekan, nega ular bilan suhbat qurmas ekanmiz…

Asal. U shunday ne'matki, eskirgani sari sifati tushmaydi, balki qadri oshib boraveradi. Ulug' tabib Abu Ali ibn Sino davrida ham, hozir ham zamonaviy tibbiyotu tabobatda uning beqiyos o'rni bor. Hamma davrda eng tansiq ne'mat sanaladi. Qolaversa, u kundalik hayotimizda ham, shoirlarning ash'orlarida ham go'zal tashbehdir. Sezib turganingizdek, gap asal haqida.

Shu yilning 1-10 dekabr kunlari Toshkent shahridagi Anhor bog'ida O'zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo'mitasi, AT “Aloqabank” va O'zbekiston asalarichilari uyushmasi tashabbusi bilan an'anaviy “Asal bayrami” tashkil etildi. Ham kasb taqozosi, ham bir iste'molchi sifatida biz ham shu ko'rgazma-bozorda ishtirok etdik.

Ko'rgazma maydoni did bilan bezatilgan. Asosiy eshikdan kirganimiz hamono asalarichilikda qo'llanilayotgan texnologiyalar hamda zamonaviy asalarichilik uskunalariga ko'zimiz tushdi. Qolaversa, har bir viloyat asalarichilariga alohida rastalar ajratilgan bo'lib, ular ko'rgazmali qurollar asosida o'z hududlari va ish jarayonlari haqida ma'lumot berishga harakat qilishgan. Peshtaxtalarda turli xil, rang va ta'mga ega asallar joylashtirilgan. Tog', cho'l, ma'lum gullarga bog'liq holda bu ne'matning xillari ham ko'p ekan. Turshakli, mayizli, danakli, sedanali va hatto grechka yormasi qo'shilgan asal turlarini ko'rib, beixtiyor hayratlandik, ochig'i. Har bir viloyat va shahar asalarichilari o'z milliy taomnomalari, ta'bir joiz bo'lsa, o'ziga xos madaniyatu qadriyatlariga mos asal turlarini yaratishgan. Toshkent asalarichilarining suhbati bir tarafu Xorazmdan kelgan mehmonlarniki boshqa taraf. Vodiyliklarning asallari o'zgachayu jizzaxlik bolshunoslar mahsuloti o'ziga xos. Xullas, ko'rgazma-bozor rastalarini xo'p aylanib, bir necha asalarichilarning gurungini olib, asaldan asalning farqini sal-pal biladigan bo'ldik-ov.

Ayniqsa, zominlik aka-uka Farhodxo'ja va G'ayratxo'ja Ahmedovlarning kasb maktabi ayricha ekan.   Ota ishini davom ettirayotgan bu insonlar garchi hali yosh bo'lishsa-da, bir necha shogirdlarni tarbiyalashgan. Mazkur ko'rgazmada esa o'n yildan buyon qatnashib kelishar ekan. Bu gal Farhodxo'ja aka rafiqalarini ham “Asal bayrami”ga olib kelibdi. Rasta atrofida to'planib turgan xaridorlar bilan savdosi avjiga chiqqan akaning suhbatini keyinroq olishni mo'ljallab, avvalo, yanga bilan gurunglashdik.

— Peshtaxta atrofiga ilib qo'yilgan suratlarga qaraganda asalarichi akamiz faqat tog'u toshlarda yurarkanlar, shekilli. Yanga, siz ham ketaverasizmi etaklarini ushlab yoki uyda qolasizmi? — deya hazil aralash so'raymiz bir chetda iymanibgina turgan yangadan.

— Ha, men uyda bolalar bilan qolaman. Bu kishi bahordan qishgacha, avval toqqa, keyin cho'lga ketadilar. Endi kasblari shu asalarichilik-da. Ro'zg'orimiz but, kamimiz yo'q, Xudoga shukur, — deydi u.

Bu orada Farhodxo'ja Ahmedov ham suhbatimizga qo'shildi:

— Ota kasb-da, meros kasbimiz. Mehrim ham bosh­qacha. Hozir ko'p shogirdlar tayyorlayapman. Ukam ham yonimda.

Biz asalarichidan rastada turgan asallarning turlari haqida so'raymiz:

— Aslida o'n ikki xil asalim bor. Hozir bu yerda yetti xili turibdi. May asali, bo'tako'z asali, tog', cho'l, gul asali va, mana, sedanali, meva qoqili asallarimiz bor. Har birining xususiyati alohida. Aslida bularni ham taom, ham shifo uchun olishadi. Shunga ko'ra, biz odamlarga har birining ta'rifini berib, tushuntirib sotamiz.

Biz ko'rgazma-bozorning oxirgi kuni, taqdirlash marosimi vaqtida borganimiz uchun tantanali tadbir boshlandiyu suhbatimiz chala qoldi. Hamma marosim tomoshasiga shoshildi. Jumladan, biz ham. Bir necha yo'nalishlar bo'yicha g'oliblar aniqlanib, qimmatbaho sovg'alar topshirildi. Taqdirlovdan suhbatdoshlarimiz ham quruq qolishgani yo'q. Aslida esa, fikrimizcha, bu ko'rgazma-yarmarkadan maqsad g'olibligu mukofotlar bo'lmasa kerak. Mana shunday tadbirlarni tashkillashtirish yurtimizda asalarichilikning yanada rivojlanishiga bevosita ta'sir etishi shubhasiz. Zero, turli viloyatlardagi kasbdosh­larning bir tom ostida yig'ilib, bir-birlari bilan tanishishlari, hamsuhbat bo'lishlari beixtiyor tajriba almashishga turtki bo'lishi shubhasiz. Bundan esa elimizning dasturxoni boldek shifobaxsh ne'mat turlari bilan boyib boraverishi quvonarlidir.

Biz ham sedanaliyu tog' asallaridan xarid qilib, bir dunyo taassurotlar bilan qaytdik.

Azizbek ALLABERDIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 2 =