Yuraklarni titratgan falokat

(Turkiyaning Qahramanmarash, Adiyaman, Malatya shaharlaridan reportaj)

1

…2023 yil 6 fevral, dushanba. Bu kunni qardosh turk xalqi hech qachon unutmaydi. Qishning sovuq kunida ularning oromini buzgan 7,7 va 7,6 magnitudali kuchli yer silkinishidek mudhish voqea 50 mingdan ziyod insonni hayotdan olib ketdi. Qahramanmarash, Malatya, Shonliurfa va Gaziantep viloyatlarida vayronagarchilik ko'p bo'lgan. 11 shahar-viloyatni umuman yashab bo'lmaydigan holatga keltiradi. Bir kunda ro'y bergan bunday ayanchli holatlar turfa taqdirlarni bir manzilga jamlaydi.

Joriy yilning 9,10,11 fevral kunlari Turkiya Res­publikasi Prezidenti huzuridagi kommunikatsiyalar bosh­qarmasi  o'zbekistonlik bir qator media soha jurnalistlari hamda OAV vakillari uchun Turkiyaga press-tur uyushtirdi. Turkiyalik mas'ullar hamrohligida hamkasblarimiz bilan Qahramanmarash, Adiyaman va Malatya viloyatlariga bordik. U yerlarda tiklanayotgan hayot, oddiy odamlar taqdiri, yaqinidan, bolasidan, ota-onasidan, jigarlaridan ayrilgan qardoshlarimiz hamda ko'zlarida olov chaqnab turgan, samimiy bolajonlar bilan suhbatlashdik. Zilziladan jabr ko'rgan odamlarga qurib, foydalanishga topshirilgan xonadonlarda bo'ldik. Uylari bitmagan, hozircha vaqtinchalik konteynerlarda istiqomat qilayotgan insonlar bilan hammaslak bo'ldik. Xuddi o'zbeklardek turklarning ham sabr, matonat, ahillik, og'ir kunda bir-birini qo'llab quvvatlashdek buyuk madaniyatiga guvoh bo'ldik.

2

Toshkentdan Turkiya havo yo'llari samolyotida to'rt soat deganda Istanbulga yetib oldik. Oldinda bizni yana bir samolyot kutayotgan edi. Bu Istambul – Qahramanmarash edi. Mahalliy reys bilan bir yarim soatlik masofani bosib, dastlabki manzilga keldik. Aytgancha, bu media-turda Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmanis­ton va ozarbayjonlik hamkasblarimiz ham bo'lishdi. Biz ular bilan Qahramanmarash mahalliy aeroportida tanishdik. Dastavval jurnalistlar bilan Qahramanmarash viloyati gubernatori Mukerrem Unluer muloqoti bo'lib o'tdi. Uning ta'kidlashicha, Qahramanmarashda eng tahlikali holatlar kuzatilgan bo'lib, bir kunda ikki marta — 7,7 va 7,6 balli kuchli zilzila ro'y bergan. Bu ham yetmaganidek, kichik balli zilzilalar bo'lib turgan. Fojiada 12500 kishi halok bo'lgan. Agar raqamlarda aytadigan bo'lsak, bu yerda istiqomat qilayotgan 1 million 170 ming kishining 25 foizi bir kunda uy-joyidan ayrilgan. O'sha dahshatli pallalarda uysiz qolganlar uchun  200 mingta konteyner va 165 mingdan ziyod chodirlar  o'rnatiladi. Aholi zarur infratuzilma, oziq-ovqat, toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadi. Shu bilan birga, o'quvchilar uchun sinfxonalarga moslashtirilgan  konteynerlardan iborat maktablar tashkil qilinadi. Viloyatning favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig'i Tayfur  Temur ana shu qiyin vaziyatlarda ularni qo'llab turgan O'zbekiston, Qirg'izis­ton,  Qozog'iston, Turkmaniston  davlatlariga alohida tashakkur bildirdi. Qardosh xalqlar ko'rsatgan yordamlarni raqamlarda sanab o'tarkan, “Bunday ofat hech kimning boshiga tushmasin. Biror kimsa yaqinlaridan judo bo'lmasin…” deya fikrlarini yakunladi.

Kunning ikkinchi yarmida media soha vakillari mazkur shahardagi uylari bitmagan aholi uchun qurilgan konteynerlarda bo'lishdi. Aholi bilan samimiy suhbat qilishdi. Bolajonlar bilan gaplashishdi. E'tiborli jihati, hududda hamma sharoitlar yetarli. Ortda qolgan bir yilda bu yerlarda hayot o'z iziga tusha boshlagan.

Yaqinlarini yo'qotgan, talafot natijasida ruhiy qo'rquv ta'siriga tushganlar bilan ekspertlar, psixologlar, din vakillari muntazam ish olib borishgan va bu davom etmoqda.

3

Safarimizning ertangi kungi manzili Adiyaman shahri bo'ldi. Biz u yerda dastlab shahar rahbari Osman Varal bilan uchrashdik. U taqdimot shaklida o'tkazgan suhbatida zilziladan jabr ko'rgan hududlarda uy-joylarni tiklash, maktablar, sport maydonchalari va ishxonalarni rekonstruksiya qilish, aholiga ko'rsatilayotgan yordamlar haqida batafsil ma'lumot berdi.

Adiyaman bu ofatdan eng ko'p zarar ko'rgan hududlardan hisoblanadi.

Shahardagi 115067 ta binoning 33112 tasini qayta tiklab bo'lmaydi. Hududdagi zilzila vaqtida yarim qulagan, ammo shu vaqtgacha yiqitilmagan binolar ham bor. Ularning hozirgacha bu holatda turishining asosiy sababi hozirgi vaqtda surishtiruv ishlari davom etayotgani bilan bog'liq. Tergov va sud ishlari tugaganidan so'ng sud qaroriga ko'ra, u binolarning ham taqdiri aniq bo'ladi. Zilzila natijasida 8500 nafar adiyamanlik nobud bo'lgan, 16771 kishi jarohat olgan. Uysiz qolganlar uchun tezkorlik bilan 33724 ta konteyner  o'rnatilgan, 58 ta maskanlar tashkil qilingan. Hozirda ushbu maskanlarda 120 mingga yaqin kishi yashamoqda. 90 dan ortiq fuqarolarga kerakli hujjatlari qayta tiklab berilgan.

“Ayni paytda 44352 ta ko'p qavatli uy va kottejlar qurilmoqda. Bitgan uylar qur'a tashlash orqali o'z sohiblariga topshirilyapti. Yangi uyga ko'chishni istamagan, eski hovlisida uy qurishni xohlovchilarga imtiyozli kredit berilmoqda. Shu bilan birga, ushbu joylarda yer maydonining tuproq zichligi o'rganilganidan keyin temir karkasli uy qurishga ruxsat berilmoqda.” dedi shahar hokimi.

Jurnalistlar viloyat markazidan 30 kilometr masofada bunyod etilgan kottej uylarni borib ko'rishdi. Umumiy maydoni 125 kvadrat metr bo'lgan 4 xonali uylarda barcha sharoitlar yaratilgan. Urenli kichik tumanida qurilgan 150 ta ko'p qavatli uy uch mingta xonadondan iborat. Yoki bo'lmasa, Inderli kichik tumanida 16 ming xonadonli ko'p qavatli uylar barpo etilmoqda.  Barchasida sport maydonlari va bolalar o'yingohlari tashkil etilmoqda. Bitgan uylar egalariga 20 yillik muddatga, foizsiz kredit hisobiga topshirilmoqda.

Shundan so'ng mutasaddilar bizni Adiyamandagi markaziy vaqtinchalik yashash markaziga boshlashdi. Bu yerdagi 1500 ta konteynerda 3500 kishi yashar ekan. Bilasizmi, konteynerlardan butun boshli maktab qurilgan. U yerda 750 nafar o'quvchi ta'lim oladi. Isitish va sovutish tizimi, kanalizatsiya sifatli yo'lga qo'yilgan.

4

Safarimizning oxirgi kungi manzili Malatya shahri bo'ldi. Dastlab shahar markazidagi “Malatya 100 yillik xalq kutubxonasi”da shahar gubernatori Ersin Yazichi jurnalistlar bilan uchrashdi. U ma'ruzasini taqdimot shaklida o'tkazdi. U qardosh xalqlar matbuot vakillari bilan muloqotda bo'layotganidan xursandligini bildirib, viloyatda tabiiy ofat zararlari va uni bartaraf etish yo'lidagi chora-tadbirlar xususida so'z yuritdi.

— Viloyatimizda boshqa hududlarga nisbatan o'lim kam bo'ldi, – dedi gubernator janoblari. – Sababi – vatandoshlarimiz zilzilaning ikkinchi to'lqini haqida tezkor ogohlantirilgan edi. To'g'ri, binolar ko'p zarar ko'rdi, ammo bu insonlar hayoti oldida katta ahamiyatga ega emas.

Gubernatorning ta'kidlashicha, sog'liqni saqlash tizimidagi katta shifoxonalar zarar ko'rmagan. Shu sababli ular bir maromda o'z faoliyatini davom ettirgan. Aholiga ham moddiy, ham ma'naviy yordam berish ishlari davom ettirilmoqda. Shu davrga qadar zilziladan aziyat chekkan fuqarolarga 6,1 milliardlik moddiy yordam, har oyda 5 ming liradan “Esen” plastik kartalariga pul tushirib berilmoqda. Gubernator Malatyada hayot davom etayotgani, bir-ikki yilda o'z maromiga tushib ketishini, boshqa joylarga ko'chib ketganlar yana qaytishiga umid bildirdi.

Shundan so'ng jurnalistlar Malatyaning Gelinjektepa manzilida bo'lishdi. Baland tepaliklar bag'rida joylashgan bu hududlarda zilziladan vayronaga aylangan binolar va uylar o'rniga yangilari barpo etilibdi. Aniq, puxta reja asosida qurilgan inshootlar “TOKI” tomonidan qurilgan. E'tiborli tomoni shundaki, mazkur firma tomonidan qurilgan binolarning ko'pchiligi zilzilaga bardosh bergan hamda o'zini saqlab qolgan. Demak, ularning muhandislari tarafidan ishlab chiqilgan rejalar, foydalanayotgan materiallar har tomonlama mus­tahkam. Hozirda esa deyarli barcha viloyatlarda, shaharlarda aynan mazkur qurilish firmasi astoydil ish olib bormoqda.

5

Safarimiz davomida juda ko'pchilikning suhbatini tingladik. Yashashga uyi bor, yeyishga non, tuzi bor, ammo qalbida ayriliq nafasi sezilib turgan insonlarning dardini anglash, hamdard bo'lishning o'zi og'ir.

Esimda, dunyo ahlining e'tiborini tortgan zilzilalar mahalida BMT Bosh Kotibi Antoniu Guterrish “Asr falokati”ni “zamonamizning eng yirik tabiiy ofatlaridan biri” deb izohlagandi. Bosh kotib xalqaro hamjamiyatni Turkiya tomonidan millionlab qochqinlarga berilgan yordam, “qo'llab-quvvatlov va saxovat uchun” endi Turkiya va Suriya xalqi bilan birdam bo'lishning ayni vaqti ekanini ta'kidlagandi.

Tabiiyki, Davlat rahbarlari Rejep Tayyip Erdog'anga dalda berib turishdi. Jumladan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidentiga ko'plab insonlar qurbon bo'lgani va katta talafot ko'rilgani munosabati bilan birinchilardan bo'lib hamdardlik izhor etgan edi. Shuningdek, Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, qardoshlarimizni yana bir bor qo'llab-quvvatlashini bildirgandi. Axir, “Do'st og'ir kunda bilinadi, boshingga kulfat kelganda, sen bilan yoningda bo'ladi”, degani bor gap.

Bir so'z bilan aytganda, keng qamrovli tabiiy ofat, halokatli hodisalar biz uchun sinov. Bunday sinovlardan jipslashib, birdamlik va hamjihatlikda o'tish mumkin. Guvohi bo'lganimizdek, mamlakatda bir yil ichida ko'p ish amalga oshirilibdi. Erdog'an rahbarligidagi Turkiya jumhuriyati eng ko'p talafot ko'rgan viloyatlarda minglab yangi uy-joylar, sport majmualari quribdi. Safarimiz boshlanishidan ozgina oldin “Asr falokatidan asrlar birligigacha” shiori ostida zilzilada uy-joyidan ayrilgan eng muhtoj fuqarolarga shaxsan Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'anning o'zi xonadon kalitlarini topshirgan. Oilalar hududda qurila boshlangan 46 ming uydan birinchi bosqichda 7275 xonadonga ko'chib o'tishni bosh­lagan. Yil oxirigacha xatayliklarga 200 mingta uy topshirilarkan.

Qardoshlarimiz boshiga tushgan sinov hech birimizni befarq qoldirmadi. O'zbekiston va Turkiya do'stligi abadiy. Nima bo'lganda ham, tabiiy ofatlardan Yaratganning o'zi asrasin!

Islom ASILBEKOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Toshkent – Qahramanmarash – Adiyaman – Malatya – Toshkent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + eight =