Orzular haqiqatga aylangan kunlar

“Eng ulug',  eng aziz” ko'rik-tanlovi g'oliblari munosib taqdirlandi

 

Dunyoda o'z o'rniga ega bo'lgan Yangi O'zbekistonni barpo etishda fidoyi ijodkorlarning ham o'rni bor. Ijodkor iqtidori ulug'lanadigan yurtda esa ilhom ahli baxtiyor yashaydi. Yutuqlar e'tirof etilgan anjuman borki, g'oliblar va muxlislarga kuch-g'ayrat, ruh va ilhom oshno bo'ladi.

Respublika Yoshlar ishlari agentligi tantanalar zali shunday quvonchlarga guvoh bo'ldi. Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz qaroriga ko'ra o'tkazilgan “Eng ulug', eng aziz” ko'rik-tanlovi respublika bosqichi g'oliblarini taqdirlash marosimi yig'ilganlarga shukuh baxsh etdi.

Musiqa sadolari ostida kutib olingan qatnashchilar huzurida “Eng ulug', eng aziz” an'anaviy ko'rik-tanlovi tashkiliy qo'mitasi raisi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov g'olib bo'lish ishtiyoqida tanlovda ishtirok etgan ijodkorlar haqida ma'lumot berdi. Uning qayd etishicha, o'ttiz yildan beri an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan ushbu ko'rik-tanlovda bellashish uchun bu yil 366 nafar ijodkor 2 mingga yaqin ijod namunalarini tanlov hay'atiga havola qilishgan. Tanlovlar hamisha shunday o'tadi: sovrinlar sanoqli, da'vogarlar ko'p bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ­Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 10 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz to'rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli majlis bayoni ijrosi doirasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g'oyasi asosida “Eng ulug', eng aziz” ko'rik-tanlovining respublika bosqichi g'oliblarini taqdirlash marosimi, alohida ta'kidlash kerakki, har yilgidan ko'ra jo'shqinroq o'tdi.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh tashkilotchiligida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, O'zbekiston Milliy media birlashmasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, O'zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar rang-barang, turli janrlardadir. Ular orasida mustaqillik yillari, ayniqsa, keyingi 8-9 yil ichida amalga oshirilgan islohotlar samaralari, yangi O'zbekiston g'oyasi ifodasini, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo'lida amalga oshirilayotgan ishlar samaralariga bag'ishlangan materiallarni ko'rishimiz mumkin. Jamiyatimizdagi yutuq va muammolar, oldimizda turgan muhim vazifalar hamda ularni hal etish yo'llari ijodiy ishlarda aks etgan.

Tanlovga “Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari”, “Televidenie va radio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari”, “Internet-jurnalistikasi”, “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob”, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari”, “Tasviriy san'at, foto va dizayn ishlari”, “Kino san'ati asarlari” nominatsiyalari bo'yicha ijodkorlarning eng sara asarlari taqdim etilgandi.

Hakamlar hay'ati a'zolari Yangi O'zbekiston g'oyasining ifodasi, tahliliylik, asarning badiiy qimmati, mustaqillik g'oyasining aks etishi hamda talqinning o'ziga xosligi kabi mezonlarga alohida e'tibor qaratishgani ta'kidga molik.

Taqdirlash marosimida ovozini eshitganingizda qalbingiz orom topadigan taniqli suxandonlar sahnaga chiqdi. Ularning ta'biri bilan aytganda, bu anjumanga kasbidan baraka topganlar yig'ilgan. To'g'ri baho. Zalga yig'ilganlarning har biri bir olam. Mamlakatimizga taniqli shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, kino ustalari, internet olami ilg'orlari, foto va dizayn sohasida ko'zga ko'ringan vakillar kim g'olib bo'lishidan voqif bo'lmoqni istardilar.

Davraga jo'shqinlik baxsh etish uchun hozir bo'lgan qo'shiqchi Shuhrat Daryo sahnaga chiqdi. Dilga yaqin qo'shiqlarini tuhfa etdi.

Jurnalistlarning otaxon ustozi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko'chimov “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari” nominatsiyasi bo'yicha g'oliblarga mukofotlarni topshirdi.

— Boshqa kasblar vakillari o'zlarining kasb bayramida eslanadi, xolos. Siz bilan biz har kuni eslanamiz. Bu katta baxt, — dedi Abdusaid Ko'chimov yig'ilganlarga qarata.

U O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidga Prezident Farmoni bilan “El-yurt hurmati” ordeni berilganini olqishladi. Ijodkorlarga yuksak e'tibor berayotgani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

Oliy Majlis Senati a'zosi, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri kuni kecha Prezident Farmoni bilan “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo'lgan Husan Ermatov ham g'oliblarni taqdirlar ekan, bunday e'tibor uchun mamlakatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

“Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” nominatsiyasi bo'yicha O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, rahmatli Sohibjon Alijonov haqida chop etilgan “Sohibjon Alijonov. Bizni qaritolmas yillar, zamonlar” kitobi g'oliblar qatorida e'lon qilinganida zaldagilar qarsak chalib yuborishdi.

Ushbu kitob taqdimotida qatnashganimda ham juda ta'sirlangan edim. Bugun sahnaga marhum jurnalistning ayoli va farzandlari chiqqanida ham shunday to'lqinlanib ketdim. Hakamlar hay'atining bu qarori ham adolatli bo'libdi. O'tganlar ruhini shod etish katta savob.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Abdurashid Yo'ldoshev, “Shuhrat” medali sohibasi, xonanda Hilola Hamidova dilrabo qo'shiqlari bilan g'oliblarni qutlashdi.

Tadbirdan qaytar chog'im “Tasviriy san'at, foto va dizayn ishlari” nominatsiyasi g'olibi Nazira Boymurodova o'zi yozgan she'rini berdi. Undagi quyidagi satrlarga e'tibor qarating-a:

 

Yashayapman shu Vatanda erkin va hur,

Yashayapman qo'lda qalam, dilda g'urur.

Yashayapman sadoqatim qalbimdadur,

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

 

Sarhadlarin odim-odim kezarman,

Dimog'imda tuproq taftin sezarman.

Bir gul bo'lib bog'larini bezarman,

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

 

Kunni tunga, tunni tongga ulayman,

Orzularni belanchakka belayman.

To tirikman, yurtim deya yashayman,

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

 

Darhaqiqat, eng ulug', eng aziz bayramimiz arafasida ana shunday nomdagi tanlov g'oliblarini taqdirlash tadbiri juda fayzli, ko'tarinki ruhda bo'lib o'tdi.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − fourteen =