Yangi O'zbekiston mahallalari — obodlik va birlik manzili

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va

O'zbekiston Mahallalari uyushmasi hamkorligida

Toshkent viloyatida mediatur o'tkazildi

Mahalla — xalqimiz uchun Vatanning aziz parchasi, bebaho qadriyatlarimiz beshigi, mehr-oqibat, ahillik va totuvlik maskani. Ehtiyojmand, muhtoj oilalarga ko'mak berish, bir-birlariga yelkadosh bo'lish kabi ezgu odat va an'analarimiz aynan mahalla timsolida namoyon bo'ladi. Biz barpo etayotgan Yangi O'zbekistonda mahalla inson qadri ulug'lanadigan, huquq va erkinliklari ta'minlangan, qonun ustuvorligi mustahkam qaror topadigan fuqarolik jamiyatining asosidir.

Mahalla — vatan ichra mo''jaz vatan

O'zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev hamda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov o'rtasidagi uchrashuvda ham mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mahallalarga ko'rsatilayotgan katta e'tibor va cheksiz g'amxo'rlik, mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, ro'yobga chiqarilayotgan o'zgarishlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish hamda hamkorlikni kuchaytirish haqida so'z bordi. O'zbekiston mahallalari uyushmasi va O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi o'rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Ushbu Memorandum ijrosini ta'minlash, mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar hamda ilg'or tajribalarni keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, uyushma faoliyatining ochiqlik va shaffofligini ta'minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni yanada mustahkamlash maqsadida O'zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati hududida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida mediatur tashkil etildi.

“Yangi O'zbekiston mahallasi — obodlik va birlik manzili” shiori ostida o'tkazilayotgan mediatur ishtirokchilari bilan dastlab O'zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o'rinbosari Dolli Allayev uyushma markaziy binosida muloqot qildi.

— Mahalla noyob tuzilma, uni jamiyatimizdagi barcha jarayonlarni to'liq aks ettiradigan o'ziga xos ko'zgu deyish mumkin, — dedi rais o'rinbosari. — Mahalla O'zbekistonimiz imiji, davlat bilan xalq o'rtasidagi ko'prik. Prezidentimiz rahbarligida so'nggi yillarda mahalla tizimini tubdan isloh qilish, uning institutsional salohiyatini oshirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo'llab-quvvatlashda keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. 2023 yil 21 dekabrda qabul qilingan farmon asosida joriy etilgan “mahalla yettiligi” tizimi bugungi kunda mamlakatimizdagi 8 ming 992 ta mahallada 55 mingdan ortiq a'zoni qamrab olgan holda samarali faoliyat yuritmoqda. Murojaatchilarning yettita muammosi bir joyda yechiladi. Joriy yilning yanvar-mart oylarida mahallalarni xalqchil va samarali boshqaruv tizimiga aylantirish bo'yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. O'tgan yili to'rt yarim milliondan oshiq fuqaro murojaatlarining 85 foizi mahallalarda hal bo'lgan. Joriy yilning birinchi choragida 81 foiz mahallada jinoyat sodir etilmadi. Ishsizlik va kambag'allikka qarshi kurashish jinoyatchilikni qisqartirdi.

Rais o'rinbosari ommaviy axborot vositalari vakillarini uyushma binosidagi mo''jazgina muzey bilan tanishtirdi. Zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan mediamarkaz jurnalistlar hayratini oshirdi. Mahallalardagi barcha ma'lumotlarni raqamlashtirish va shaffoflikni ta'minlash maqsadida tashkil etilgan “Raqamli mahalla” platformasi joriy etilgani, 401 ta ko'rsatkichdan iborat “Mahalla balansi” shakllantirilib, muammolarni manzilli hal etish mexanizmi yo'lga qo'yilgani haqida “Situatsion markaz” xodimi ko'rgazmali axborot berdi. Dolli Allayev samimiy va jurnalistlar bilan muloqot olib borishda katta tajribaga ega rahbar ekan, uning suhbatlari o'ziga ohanrabodek tortib turdi. Savollarga to'la-to'kis javoblar berdi.

U bugungi mediaturning maqsadi mahallalar faoliyatini ochiq va keng targ'ibot qilish ekanini alohida ta'kidladi.

Ikki yon tomoniga O'zbekiston mahallalari uyushmasi va O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi logotipi tushirilgan “Yangi O'zbekiston mahallasi — obodlik va birlik manzili” shiori ostidagi mediatur” deb yozilgan zamonaviy avtobusda O'rta Chirchiq tumaniga qarab yo'lga chiqdik. Toshkent – Nurafshon avtomobil yo'lidan borib, peshtoqiga “Do'stlik mahallasi” deb yozilgan mahallaga burildik. Mahalla guzariga kiraverishda “mahalla yettiligi” vakillari bilan jurnalistlarni O'zbekiston mahallalari uyushmasining O'rta Chirchiq tumani bo'limi boshlig'i Ra'no Jumanova tanishtirdi. Guzar devorlaridagi yozuvlarda buyuk allomalarning hikmatlariga nigohingiz tushadi.

— Mahallamizda 684 ta xonadonda 3468 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi “Do'stlik” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Rustam Xudoyberdiyev. — Hududimizda o'n besh millat vakili bir oiladek ahil yashaydi, ularning ko'pchiligi o'zbek va dungan millatiga mansub fuqarolardir. O'tgan yili va shu yilning birinchi choragida mahallamizda birorta jinoyat sodir etilmadi, ishsizlar ham yo'q, hamma foydali mehnat bilan band.

Kiraverishdagi xonada keksa oqsoqollar shaxmat o'ynashmoqda.

— Mahallada keksalar uchun hamma qulayliklar yaratilgan, — deydi “Yo'lbars agro” fermer xo'jaligi rahbari, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan paxtakor, 78 yoshli Xoldor ota Ne'matillayev. — Shunday chiroyli mahallalarni barpo etishga bosh-qosh bo'layotgan Prezidentimizga ming rahmat!

Mahalla guzaridagi tikuvchilik sexida uy bekalariga kasb sirlari o'rgatilayotir. Hozirgacha 55 nafar uy bekasi kasbga tayyorlanibdi.

Sumalak hidi

Guzar hovlisidagi ayvonda “Shukronalik” tadbiriga yig'ilgan keksa onalar noz-ne'matlar bilan bezatilgan dasturxon atrofida o'tirishibdi. Bir tomonda milliy liboslardagi ayollar o'yinga tushib, xush kayfiyat ulashmoqda.

Hovlida endigina tayyor bo'lgan sumalak hidi atrofga taralib turibdi. Qozon boshidagi onaxonlar jurnalistlarni sumalakdan nasiba olishga taklif qilishdi.

— Sumalakka tosh ham solganmisizlar? — deya ularga yuzlandim…

Mahalla guzariga yaqin joyda tashkil etilgan “Do'stlik” mahalla servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdik.

— Servis kompaniyamiz uchta mahalla aholisiga 23 turdagi xizmatlarni ko'rsatadi, — deydi kompaniya rahbari Umid Aliyorov. —Bugun jamoamizda 15 nafar mahalliy aholi faoliyat yuritmoqda. Birinchi chorakda aholiga 500 million so'mdan ortiq pulli xizmat ko'rsatdik.

Abdulla Qodiriy ko'chasidagi 83-uyda yashovchi G'ulom Abdunazarov xonadonidamiz. Mahalladagi hokim yordamchisi ko'magi bilan u imtiyozli kredit olib, yigirma sotix maydonda to'rt yil avval issiqxona tashkil etgan ekan. Issiqxonada parvarish qilinayotgan pomidor hademay hosil beradi. O'tgan yili issiqxonaning o'zidan 80 million so'mdan ko'proq daromad olinibdi. Undan tashqari, ismaloq yetishtirilib, uch quti asalari, yetti bosh qoramol parvarish qilinmoqda.

Uzumzorlar oralab…

Mediatur ishtirokchilarining keyingi manzili Piskent tumanining “Mingtepa” mahallasi bo'ldi. Ijodkorlarni yangidan barpo etilgan ishkomli yo'l boshida O'zbekiston mahallalari uyushmasining tuman bo'limi rahbari Hikmat Isamuhamedov boshchiligidagi faollar kutib olishdi.

— “Mingtepa” mahallasida 636 ta xonadon bo'lib, ularning 620 tasida uzumchilik bilan shug'ullanishadi, — deya bo'lim rahbari jurnalistlarni O'rikzor ko'chasidagi 1-uyga taklif etdi.

— Ota-bobolarimiz uzumchilik bilan shug'ullanib kelishgan, — deydi xonadon sohibi Abdujalil Husanboyev. — Yigirma sotix maydonda uzumning “Namangan chillakisi” navini parvarish qilamiz. Asosiy daromadimiz uzumchilikdan. Uzumlarimiz 12 yillikdan 15 yillikkacha bor. Ishkomlar orasiga noyabr oyida ekkan ismaloqni sotib bo'ldik. Kartoshka, piyoz, sarimsoqpiyoz ekib, ulardan ham qo'shimcha daromad olamiz. Uch o'g'lim oilasi bilan bir hovlida yashaymiz.

To'g'risi, mahorat bilan tarab chiqilgan bunday uzumzorlarni avvallari Oltiariqda ko'rgandim. Piskentliklar ham bu sohada ancha ilgarilab ketibdi.

— Mamlakatimizda eng birinchi bo'lib uzum bizning Piskentda pishadi, — deydi Hikmat Isamuhamedov. — Mingtepalik yoshlardan 36 nafariga uzumzor barpo qilishlari uchun bir gektardan yer ajratib berildi.

Shu ko'chadagi Adolat opa Rustamovalar oilasi ham 20 sotix maydonda uzumning “Qora go'zal”, “Pobeda”, “Namangan chillakisi” navlarini parvarish qilar ekan. O'g'li, kelini, to'rt nafar nabirasi tomorqada mehnat qilib, yaxshi daromad olishadi. Uzumzorlar orasida plyonka ostida pomidor, baqlajon, bolgar qalampiri, rayhon va jambil ko'chatlari yetishtirib sotishar ekan. Shu kunlarda tok bargi biznesi ham boshlanar ekan.

Adolat opaning nabirasi o'zlari tayyorlagan uzum sharbatidan piyolalarga quyib, mehmonlarga uzatdi.

“Mingtepa” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Shuhrat Eshbekov hamrohligida O'rikzor ko'chasidagi 4-uyda yashovchi Usmon Mullajonov xonadonidamiz. Bu xonadon gullar bilan yanada fayzli bo'lib turibdi. Xonadon sohibasi tandirdan yangi uzilgan non va kulchalar to'la savat bilan peshvoz chiqdi. Bir bo'lak-bir bo'lakdan non ushatildi. Non hidi, shirali ta'mi onam rahmatlining nonlarini yodimga solib yubordi. Menga atab shunaqa kulchalar yopib berardi…

Piskentdan shirin taassurotlar bilan Bo'ka tomon boryapmiz. Bug'doyzorlarga nigohim tushadi. Bug'doy boshoqlari ham bo'y ko'rsatib qolibdi. Iloho, g'allazorlar hosiliga baraka kirib, xirmonlarimiz donga to'lsin!

Mahallalar uyushmasi Bo'ka tumani bo'limi boshlig'i Zohidjon Obidov ancha notiq ekan. “Navobod” mahallasiga yetgunimizcha tuman mahallalarida olib borilayotgan islohotlar mohiyatini tushuntirib, amalga oshirilayotgan ibratli ishlar xususida gapirib ketdi.

“Bir kelib keting qishlog'imizga”

“Navobod” mahallasidagi Zulayho Rabiyeva xonadoni kiraverishida jurnalistlar karnay-surnaylar sadosi ostida kutib olindi. Karnay ovozi barchaga xush kayfiyat bag'ishlab yubordi.

— Mahallamiz aholisi, asosan, tojik millatiga mansub, — deydi mahalla fuqarolar yig'ini raisi Xoliqberdi Dadaboyev. — Tojik xalqida ham qadimiy an'analar, udumlar unutilib ketmasin deb harakat qiladigan onaxonlar ko'p. Zulayho Rabiyeva shu maqsadda kashtachilik, so'zanachilik, quroqchilik ishlari namunalaridan uyida muzey tashkil etgan. Shu bilan birga u yoshlarga ham qadimiy milliy kasb sirlarini o'rgatib kelmoqda.

Toshkent viloyati tojik milliy madaniy markazi raisi Savron Mirzayev sa'y-harakati bilan fuqarolik institutlarini qo'llab-quvvatlash fondi granti bo'yicha 150 million so'm mablag' qo'lga kiritilib, “Navobod” mahallasida tikuvchilik sexi tashkil etilgan. Bugungacha 30 nafar uy bekasi tikuvchilik kasbiga o'rgatildi.

Sexga kirganimizda, u yerda 20 nafar ayol mahsulot tayyorlayotgan ekan.

— Prezidentimiz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillariga alohida g'amxo'rlik ko'rsatmoqda, — deydi Savron Mirzayev. — “Navobod” mahallasidagi barcha ko'chalar to'liq asfaltlandi. Mahalla uchun yangi bino qurib berildi.

Mahallaning yangi binosiga kiraverishda mehmonlarni milliy libosdagi qizlar qo'llari ko'ksida kutib olishdi. Ularning yuzlaridagi baxtiyorlik quvonchlarini ko'rib, havas qildik. Mahalla binosidagi yangi tashkil etilgan kutubxonada bir yarim mingdan ortiq adabiyotlar bor ekan. Behbudiyning “Butun saodat ilmdadur, ilmsiz millat hayotda yo'qolur” degan hikmati shior qilib yozib qo'yilibdi.

— Mahalla ko'chasida bunyod etilgan inshootlarda aholiga 19 turdagi xizmat ko'rsatish yo'lga qo'yilgan, — deydi hamrohlarimdan biri, O'zbekiston mahallalari uyushmasining Toshkent viloyati boshqarmasi rahbari o'rinbosari Fuzaylxon Hoshimov. — Mahalliy tadbirkor Davlat Sanginov 516 million so'm mablag' sarflab, kichik o'yingoh bunyod etdi. Futbol o'yingohiga eng zamonaviy sun'iy qoplama yotqizilgan.

O'yingoh yonida bir guruh onaxonlar mehmonlarga tortiq etish uchun ko'k somsa, ko'k chuchvara, patir nonlar tayyorlabdi. “Bir kelib keting qishlog'imizga” qo'shig'i yangramoqda…

Navobod qishlog'idan Tojikiston tog'lari ko'rinadi. U tomonlardan dimog'larga xush yoqadigan sabo kelib turibdi. Toshkentning bo'g'iq havosidan bezor bo'lgan nafas yo'llarimiz toza havodan qaytadan ochilib ketganday bo'ldi. Bir guruh jurnalistlar mahalliy yoshlar komandasi bilan voleybol o'ynashga ham ulgurishdi. Bayramona kayfiyat va musaffo havo bag'rida jurnalistlar ketar vaqti bo'lganiga qaramay, bu go'shada ko'proq ushlanib qolishdi.

Mahallalarning hayotimizdagi o'rni va nufuzi yanada ortib borayotgani, muammolar joyida hal etilayotgani, mahalla muhim vazifalar ro'yobga chiqarilayotgan maskanga aylanayotgani guvohi bo'ldik.

Ishonchimiz komil bo'ldiki, mazkur mediatur mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini namoyon etish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish va davlat hamda jamoatchilik o'rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + fourteen =