Tirikchilikning aybi yo'qmi? Yoki jurnalistikani nega tashlagan edim?

Chin ma'nodagi jurnalistika haqgo'ylik, jasurlik talab qiladigan soha. Biroq to'g'ri so'z tug'ishganingga yoqmaydigan bu olamda jurnalistdan jasurlik talab qilish oson, bu jasurlik jurnalistning boshiga ne qora kunlarni solishi mumkinligini ko'pchilik o'ylab ham ko'rmaydi. Jurnalist yurak qoni bilan yozgan maqolasiga yarasha moddiy manfaat, qonuniy himoyaga egami?

Yaxshimi-yomonmi sovet tizimida jurnalistning jamiyatdagi o'rni, moddiy manfaatdorligi yuqori edi, desam to'g'ri ma'noda tushuning. Felyeton, luqma, tanqidiy maqola bitgan jurnalistlar maoshdan tashqari yaxshigina qalam haqi ham olardi. Turli yashirin tazyiqlar albatta uchrab turardi, lekin ochiqdan-ochiq hujum qilishga ko'pchilikning haddi sig'masdi.

Bugungi kunda jurnalistikamizda felyeton janri sahroda suvsiz qolgan daraxtday qurib qoldi. Aksariyat viloyat, tuman gazetalari MChJga aylantirildi va “o'zing uchun o'l yetim” qabilida kun ko'rayapti, shu boisdan ulardan felyeton, tanqidiy maqola kutishning o'zi adolatsizlik bo'lardi. Felyeton, tanqidiy maqola yozaman degan jurnalistni kunduz kuni chiroq yoqib ham topish qiyin.

90-yillarning oxirlarida Sirdaryo viloyat davlat soliq boshqarmasining matbuot xizmatida mas'ul xodim edim. Bir auditorlik firmasi rahbari viloyat gazetasida maqola e'lon qilib xo'jalik sub'yektlariga soliq idoralari xodimlarini tekshirishga kiritmang qabilida da'vat qilgandi. Shu maqolaga javoban tanqidiy maqola yozib boshim baloga qolgandi. Buni qarangki, auditorlik firmasi rahbarining sud tizimida yaxshigina og'aynilari bor ekan. Sud mahkamasida bizning asosli dalillarimizga sudya ham, prokuror ham hatto e'tibor bermadi.

Xuddi shunday holat “Xalq so'zi” gazetasining viloyat bo'yicha sobiq muxbiri, bugungi kunda nafaqadagi “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” Aliqul Xonimqulov bilan bo'lgandi. Jurnalistning “O’key, mister Rasulov” sarlavhali felyetoni bo'yicha sud jarayoni uzoq davom etib, “Xalq so'zi” gazetasi yutqazgandi. Shundan so'ng menimcha “Xalq so'zi” ham felyeton e'lon qilmay qo'ydi.

Yana bir mulohaza. Jurnalistning moddiy ta'minoti qanday? Yaqinda uzoq yillardan buyon “Sirdaryo haqiqati” bugungi kunda “Yangi Sirdaryo” gazetasida ishlab kelayotgan hamkasbimiz Muhammadali Ahmad Toshkentga uyushtirilgan press-turda “Yangi O'zbekiston” gazetasi xodimi oladigan maosh bizda 10 xodimga bo'lib berilar ekan, deb qoldi. Mayli, yuqori maosh bo'lsin. Ammo yuqori maosh olib ishlayotgan jurnalistlarda jamiyatdagi nuqsonlarni dadil yoritish uchun nega jasurlik yetishmayapti, degan savol ham paydo bo'ladi.

Shu satrlarni yozayapmanu esimga eshikdan kirib kelgan mehmonlarning oldiga ikki likopcha shirinlik qo'ya olmaganim tushib ketdi. 2002 yilda “Inson va qonun” gazetasining Sirdaryo viloyati bo'yicha muxbiri bo'lib ishga kirdim. Maoshim olti ming so'm — farroshning oyligidan ham kam, qalam xaqi berilmaydi. Boriga baraka qilib ishlab ikki oy o'tmay “Ot minganniki emas”, “Cho'ntagi bo'sh oshxo'rlar”, “Tolasi yoqadi, aqchasi chaqadimi?” singari yetti- sakkizta tanqidiy maqolam e'lon qilindi.

Bir kuni uyimizga to'rt kishi kirib keldi. Ichkariga chorladim. Dasturxon yozdik. Aksiga olib dasturxonga qo'yishga nondan boshqa hech vaqo yo'q edi. Turmush o'rtog'im qo'shninikidan bir patnis shirinlikni “prokat”ga olib chiqib vaziyatni o'ng­ladi.

“Delegatsiya”ni viloyat markaziy banki rahbarlari jo'natgan ekan. Mehmonlardan biri “Sizni qaysi bank xafa qildi, ayting, ishlaringizni to'g'rilab beramiz. Rahbariyat shu masalada bizni jo'natdi” deb qoldi. Keyin bilsam yozgan maqolalarimdan ikki-uchtasi bank tizimi bo'yicha bo'lib respublika miqyosida e'tiborga tushgan ekan. “Men tadbirkor yoki fermer bo'lmasam, bankka umuman ishim tushmagan, bu bir tasodif, xolos” deb mehmonlarni kuzatdim.

Ertasiga maoshimni olish uchun bankka bordim. U paytlar plastik karta yo'q edi. Ozgina pul qo'yib hisob ochtirgandim. Kassadagi qizga maoshimni olmoqchiman deb murojaat qilgandim, “Bayram arafasida pul berilmasin” degan topshiriq olganmiz” dedi. Bank rahbariga uchrab o'zimni tanishtirdim, muddaomni aytdim. U telefon go'shagini tutib “Oyligingiz qancha?” deb so'radi. “Olti ming so'm” degandim menga shunday hayrat bilan qaradiki, o'zimni juda noqulay sezdim.

Ertasiga maqola yozishni to'xtatdim. Tirikchilikning aybi yo'q deb bozorda sabzi sota boshladim. Bozordagi faoliyatim o'n to'rt yil davom etdi. Shuni orqasidan ikki o'g'limni Toshkent tibbiyot akade­miyasida to'lov-kontrakt asosida o'qitdim. Katta o'g'lim o'n yil, kichik o'g'lim yetti yil o'qidi. Jurnalistikani majburan tashladim. Bo'lmasa o'g'illarimni o'qita olmasdim. Xohlaysizmi yo'qmi, moddiy manfaatdorlik ko'p narsani hal qilar ekan.

Jurnalistning mustaqil shaxsiy fikri bo'lgandagina unda jasurlik, kurashchanlik tuyg'usi bo'ladi. Yana bir voqea esimga tushdi. Soliq boshqarmasida ishlab yurganimda xodimlar to'liq attes­tatsiyadan o'tkazildi. Komissiya tarkibiga respublika idoralaridan mas'ul xodimlar kiritilgan, har bir xodimning tavsifnomasida aniq kamchiligi ko'rsatilishi talab qilingandi. Mening tavsifnomamga “Boshqalar fikri bilan hamisha ham hisoblashavermaydi” deb yozilgan ekan. Shunda boshqarma boshlig'i Orziqul Mo'minov “To'g'rida, jurnalist o'z fikriga ega bo'lmasa jurnalist bo'ladimi?” deb dalda berdi. U kishi bugun hayotda yo'q, bandalik qilib ketgan. Alloh rahmat qilgan bo'lsin. Menimcha o'shanda Orziqul aka jurnalist qanday bo'lishini lo'nda va sodda qilib ta'riflagan ekan.

Xullas, “Tabib tabib emas, boshidan o'tkazgan tabib” deganlaridek, ko'rgan-bilganlarimni bir sidra esladim. Yana bir narsani eslatib o'tmoqchiman. Jamiyatda demokratiya, oshkoralik, shaffoflik, erkin fikrlilik hukmronlik qilsagina jurnalistga qo'sh qanot bag'ishlayveradi. Qolgani esa jurnalistning mahorati, halolligi, mehnatsevarligiga bog'liq.

Tog'aymurod ORTIQOV,

faxriy jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + seventeen =