“Ma’rifat” saboqlari

“Ma’rifat” gazetasi mamlakatimizda ta'lim sohasini yoritadigan, pedagoglarga metodik, ilmiy ko'mak beradigan yetakchi nashrga, ta'lim, tarbiya, ma'naviyat, ma'rifat sohalarini yoritishga ixtisoslashgan ijodiy maktabga aylandi. Bu ijodiy dargohda qanchadan-qancha jurnalistlar saboq olgan va bugungi kunda ular o'z sohasining yetuk mutaxassisi sifatida e'tirof etiladi.

Respublikamizdagi nufuzli nashrlardan biri bo'lgan “Ma’rifat” gazetasining shiori “Kuch — bilim va tafakkurda”, o'z navbatida bu Yangi O'zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo'lida barchani ilmga chorlashning amaliy ko'rinishi desak, mubolag'a bo'lmaydi.

Ta'kidlash joizki, gazeta o'z nomiga yarasha xalqimizning ma'rifatini yuksaltirishga, yurtimizda ta'lim va tarbiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Ma'lumki, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ushbu nashrning muassislari hisoblanadi.

Qolaversa, “Ma’rifat” — ko'p yillardan buyon nafaqat o'qituvchilarning, ziyolilarning, balki oddiy gazetxonlarning ham yaqin hamkori, sevimli nashridir. Shu boisdan ushbu gazetaning ixlosmandlari ko'p. Gazetada kelajagimiz egalari bo'lgan yosh avlodning ustozlari — muallimlar uchun kerakli metodik qo'llanmalar, tavsiya, dars va tadbir ishlanmalari, ta'lim-tarbiyaga oid amaliy takliflar, tahliliy, tanqidiy va ilmiy-ommabop maqolalar, adabiy-badiiy asarlar chop etib kelinayotgani e'tirofga molik.

Ilg'or o'qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirish, muallimlarning yangiliklar va mavjud jarayon haqidagi fikr-mulohazalari va muammolarni yoritishda ham jonbozlik ko'rsatmoqda.

“Ma’rifat” nashri bu yil o'zining 90 yillik tabarruk yoshini nishonlamoqda. Ma'lumki, “Ma’rifat”ning o'ziga xos shonli tarixi, o'zbek matbuotida o'rni bor. Gazeta dastlab 1931 yil 4 iyulda “Madaniy inqilob” nomi bilan chop etilgan, 1938 yil 25 yanvardan “O'qituvchilar gazetasi” nomi bilan, 1991 yildan “Ma’rifat” nomida nashr etilyapti.

2019 yildan boshlab “Ma’rifat” res­publika bosma nashrlari orasida birinchilardan bo'lib to'liq lotin alifbosida chop etib kelinmoqda.Internet texnologiyalari rivojlangan davrda har bir nashrdan o'z faoliyatiga zamonaviy yondashuv talab etiladi. Hozir “Ma’rifat” o'zining elektron sayti, telegram kanali, ijtimoiy tarmoqlarda o'z sahifalariga egaligi yangiliklarni tezkor yoritishida qo'l keladi. Gazetxonlarga qulaylik yaratish maqsadida respublika bosma ommaviy axborot vositalari orasida birinchilardan bo'lib “Ma’rifat”ning mobil ilovasi ham o'quvchilar e'tiboriga havola qilina boshlagan. Xullas, bu gazetaning bosma nashrlar orasida o'rnak bo'ladigan va namuna sifatida ko'rsatiladigan jihatlari bisyor.

Kuni kecha poytaxtimizning Milliy matbuot markazida Xalq ta'limi vazirligi, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, “Ma’rifat” — “Uchitel Uzbekistana” gazetalari tahririyati hamkorligida   ana shu qutlug' sana munosabati bilan chop etilgan “Mehr va mahorat maktabi” kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi.

Taqdimotda xalq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari, “Ma’rifat” — “Uchitel Uzbekis­tana” gazetalarida uzoq yillar faoliyat yuritgan ustoz jurnalistlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari ijodkorlari hamda talaba yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida so'z olgan Xalq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov viloyatlardagi maktablarni shaxsan o'zi aylanib chiqishi chog'ida yoshlarning bilim olish salohiyati va bunda gazetalarning o'rni juda zarur ekanligini alohida ta'kidladi.

— Yoshlarning tarbiyasi azal-mangu yuksak e'tiborni talab etadi. Ularni o'zbekona xulqda tarbiya topishlari hamda men degan tushunchani yoshligidan teran anglab, o'z fikriga ega bo'lishlarida mutolaaning o'rni beqiyos ekani hammamizga ma'lum. Biroq faqatgina kitob o'qishning o'zigina yetarli emasligini ham anglasak juda yaxshi bo'lardi. Gazetalarda berilayotgan o'tkir fikrli maqolalarni o'qishni yoshlarimizga ham o'rgatsak, targ'ib qilsak o'ylangan natijalarga albatta erishamiz hamda bugungi kunda yuzaga kelayotgan turli illatlarga qarshi immunitetni shakllantirgan bo'lamiz, — dedi xalq ta'limi vaziri.

Shuningdek, taqdimotda filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimning “Ma‘rifat” gazetasi tadqiqot manbai”, Prezident ta'lim muassasalari agentligi bo'lim boshlig'i Komil Jalilovning “Ta'lim islohotlari va “Ma‘rifat”, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori G'ofur Hamroyevning “Ona tili ta'limi muammolarining “Ma‘rifat”da yoritilishi” mavzusidagi ma'ruzalari tinglandi.

“Mehr va mahorat maktabi” kitobi to'rt bobdan iborat bo'lib, uning “Ma'rifat”li ustozlar” deb nomlangan birinchi bobiga “Ma‘rifat”da faoliyat yuritgan Halim Sayid, Luqmon Bo'rixon, Jahongir Ismoilov, Hulkar To'ymanova kabi bir qator jurnalistlarning xotiralari, tilaklari jamlangani ustozlarga hurmat-ehtiromning bir ko'rinishi sifatida o'quvchida taassurot qoldiradi .

“Xalq ziyolilari gazetasi” deb atalgan ikkinchi bobi uzoq yillardan beri gazeta bilan hamkorlik qilib kelayotgan taniqli olimlar va faol o'qituvchilarga bag'ishlangani, “Hammamiz “Ma'rifat”danmiz”, “Ma'rifat” mahorat maktabi” boblaridan esa tahririyatda faoliyat yuritgan taniqli jurnalistlar va gazeta qoshida tashkil etilgan mahorat maktabi ting­lovchilarining maqolalari berilgani ham bejiz emas.

Shubhasiz, “Ma‘rifat” jamoasi yosh avlod ongu shuuriga yaratuvchanlik, bunyodkorlik, mas'uliyat va burch, odamiylik kabi fazilatlarni singdirish, ta'lim-tarbiyaga oid barcha masalalarni jamiyat, davlat, el-yurt manfaati nuqtai nazaridan o'rganish, sohaga oid muammolarning ilmiy, amaliy yechimlarini topishda ko'maklashish hamda kelajagimiz vorislari barkamolligi ko'zda tutilgan barcha masalalar bo'yicha targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borishni o'z oldiga asosiy maqsad qilib qo'ygan.

Ezgu maqsad yo'lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan aziz hamkasblarimiz—“Ma‘rifat” gazetasi ijodiy jamoasiga mustahkam sihat-salomatlik va ulkan ijodiy muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Olimjon O'SAROV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 8 =