Televideniening vatani — Toshkent

Inson hayotini ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etishi qiyin. Bugun jamiyatda ularning o'rni beqiyos. Televidenie, radio, gazeta yoki internet – har birining o'ziga xos axborot berish tartibi hamda yo'nalishi bor. Kim qanday axborotga ega bo'lsa…

Ammo barchasining o'z o'rni bilan birga ular orasida televideniening ahamiyati beqiyos. Biz u orqali ko'ra olamiz, eshitamiz, muhimi tas­vir va ovoz unda mujassam.

To'g'ri, kimdir aytishi mumkin, internetda barchasi mavjud deb, ammo televidenie ulardan farqli o'laroq tamal toshini qo'yib ulgurgan ommaviy axborot vositalaridan hisoblanadi. Ta'kidlash lozim, televidenie axborot va ma'lumotlar makoniga aylangan, keng omma ehtiyojlarini qondiruvchi vosita sifatida xizmat qilib kelmoqda. Uning tarixi deyarli bir asrga borib taqaladi. Ota-bobolarimizga zavq bag'ishlagan, ularni bir uyda diydorlashishlari uchun imkon bergan zamonaviy yassi ekranli televizorlarning “bobokalonlari” XX asrning yigirmanchi yillarida AQSh, Yaponiya, Rossiya hududida elektron nurlar orqali tasvir uzatish va qabul qilish borasida tadqiqotlar olib borish jarayonida paydo bo'lgan. Shubhasiz, bu holat barchaga quvonch bag'ishlagan, zamon bilan hamnafas yashab, rivojlanishga, o'sishga turtki bergan. Muhimi, yangiliklarning tez va oson yetkazilishini ta'minlovchi axborot makoni ham hisoblangan.

Ma'lumotlarga yondashadigan bo'lsak, 1996 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambelyasi ilk marotaba Butunjahon televizion forumini tashkil etish haqida qaror qilib, tadbir o'tkaziladigan sanani “Xalqaro televidenie kuni” deb e'lon qilgan.   Dunyoning ko'pgina mamlakatlarida soha vakillari 21 noyabrni bayram sifatida nishonlashadi.

Ta'kidlash lozim, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi televidenieni jahonning e'tiborini mojarolar, tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladigan holatlarga hamda iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni o'z ichiga olgan boshqa muhim masalalarga qaratishda asosiy ta'sir kuchi deb tan olgan.

Shuningdek, televidenie jamoatchilik fikrini boshqarishning muhim vositasi sifatida ham aytilgan. Ammo qayd etish lozim, televidenie jamoatchilik fikrini o'rgangan holda unga tahliliy yondasha oladigan va reallikka asoslangan ommaviy axborot vositalaridan hisoblanadi.

Darvoqe, ko'plab manbalarda televizorning vatani deya poytaxtimiz Toshkent e'tirof etilgan. Elektron televidenie tizimi 1928 yilda toshkentlik ikki kashfiyotchi B.P.Grabovskiy va I.F. Belyanskiy tomonidan yaratilgan. Tajriba sifatida qo'llanilgan ilk televizion uskuna o'sha paytda “telefot” deb nomlangan.

Alohida tilga olishni joiz deb bildik, ya'ni Birlashgan Millatlar Tashkilotining video bo'limi ham mavjud bo'lib, u dunyodagi gumanitar inqirozlar haqida video materiallar, inson huquqlari, tinchlik va xavfsizlik, taraqqiyot kabi dolzarb masalalar bo'yicha hujjatli filmlar tayyorlab beradi. Shuningdek, Bosh Assambelyasi va Xavfsizlik Kengashining yig'ilish­larini to'g'ridan-to'g'ri translyatsiya qiladi. Video bo'lim o'z faoliyatini 1947 yilda boshlagan va materiallarini BMTda amal qiladigan oltita tilda tayyorlaydi. Bu bilan nima demoqchimiz, shubhasiz, bu amaliy ish ham o'z-o'zidan televideniening vazifalarini ko'rsatib turadi. Televideniening ilk ko'rinishlari desak, mubolag'a bo'lmaydi. Shunday ekan, bugun barchamiz uchun tasvirni sifatli ko'rsatib berishga o'z o'rni bilan ahamiyatga ega bo'lgan televidenie insonlarga har tomonlama ko'mak beruvchi, birlashtiruvchi hamda axborotning asl ko'rinishini ko'rsatuvchi axborot vosita hisoblanadi.

Sevara IShMURATOVA,

Inson huquqlari bo'yicha

O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi

umumiy bo'lim boshlig'i

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + 19 =