Nabi G'aniyevni nega qamashgan?

Ota o'g'lining o'z kasbini davom ettirishini xohlardi. Avvaliga diniy, keyin sho'ro maktabida tahsil olgan Nabijon esa kinochi bo'lishni istardi. Umrini qassoblik bilan o'tkazgan G'ani aka suyukli farzandining o'z so'zida qat'iy turib olganini ko'rib uni Moskvaga o'qishga yuborishga majbur bo'ldi. Shu tariqa G'ani qassobning o'g'li 1921-25   yillarda Moskva Kinematografiya institutida tahsil olib, kinorejissyor bo'lib qaytdi. Buyuk o'zbek kinorejissyori degan nom qozongan Nabi G'aniyev (1904-1953) o'zbek kino sanoati yuksalishiga Xudoybergan Devonov, Sulaymon Xo'jayevlar bilan bir qatorda katta hissa qo'shdi.

U “O'zbekkino” da   direktor, maslahatchi, rejissyor yordamchisi vazifalarida ishladi. 1928 yildan mustaqil ravishda film ola boshladi. 1937 yilgacha “Hokimiyat kimniki?”, “Lotinlashtirish”, “Ramazon”, “Yuksalish”,   “Ajoyib-g'aroyib ish” “O'lim qudug'i”, “Yigit” kabi filmlari o'z davrida elga manzur bo'lishi bilan birga, bugungi avlod uchun o'tgan davr hayotidan ma'lumot beruvchi nodir manba hamdir. Odamlar hali kino xususida tasavvurga ega bo'lmagan, uni “yuradigan suratlar”, “afsungarlik” deb tushungan bir paytda film suratga olish juda qiyin edi. Jarayonda o'sha davr bilan bog'liq shunday voqealar sodir bo'lardiki, bu ham xavfli, ham qiziqarli holatlar edi. Masalan, 1929 yildagi “So'nggi   bek” filmining suratga olinishi juda qiziq kechgan. O'shanda rejissyorlar Ch.Sabinskiy va Nabi G'aniyev rahbarligidagi ijodiy guruh Vodilda edi. Bu vaqtda katta qo'shinga bosh bo'lgan “bosmachi”lar yo'q qilingan, oz sonli to'dalarga bosh qo'rboshilar iziga tushilgan edi. “So'nggi bek”ning “qahramon”i   Yormat maxsum bo'lib, u o'zi haqida kino olinayotganidan xabar topadi. Agar filmda hayot voqeligi noto'g'ri aks ettirilsa, kinochilarni yo'q qilishga qaror qiladi. Bundan xabar topgan chekistlar rejissyorlarni ogohlantirib, ulardan qo'rqmasliklarini aytishadi. Nihoyat, suratga olish ishlari boshlab yuboriladi. Ommaviy ko'rinish uchun taklif qilingan otliq askarlar eskadroni “bosmachi”lar qiyofasida to'da-to'da bo'lib hordiq chiqarishayotganda “so'nggi bek” – Yormat maxsum besh-o'n nafar yigiti bilan s'yomka maydoni tomon keladi. Chekistlar “bosmachi” niqobidagi   artistlarni qo'lga qurol olishga undashadi. Ular jang­­ga kiradilar. Oz sonli Yormat qo'rboshi toqqa qarab qochadi. Ijodiy guruh ham o'z ishlarini boshlab yuborishgan edi. Shu taxlit quvish va otish manzaralari jonli tarzda suratga olinadi. “So'nggi bek”ning aynan shu lavhasi g'oyat haqqoniy chiqadi.

Shohimardonda suratga olinayotgan ushbu film­dagi ba'zi epizodik rollarga aynan mahalliy aholi orasidan ham kishilarni tanlashga to'g'ri keladi. Nabi G'aniyev ana shunday insonlarni sinovdan o'tkazib suhbatlashish va fotosuratini ishlashga mashg'ul bo'ldi. Rejissyor   eshon rolini o'ynash uchun taklif etgan nuroniy eshik oldida navbat kutib turardi. Gal kelganida undan kimdir so'raydi: “Siz eshon rolini o'ynar ekansiz, hayotda eshonni ko'rganmisiz o'zi?!” Shunda haligi kishi qimtinibgina javob beradi: “O'zim eshonman”. Shu bilan rejissyorlarning eshon roliga haqiqiy eshon izlab topilgani boshqalarga ham ma'lum bo'ladi.

Shunga o'xshash   qiziqarli holat “Nasriddinning sarguzashtlari” filmini suratga   olish paytida ham ro'y beradi. Filmning navbatdagi epizodi katta   ko'l oldida suratga   olinishi kerak edi. Ssenariyga ko'ra, ko'l suvini   Og'abek ismli ziqna bir boy dehqonlarga sotishi, ekinni sug'orish tashvishidagi   dehqon ahli navbat   kutib turishi, boy   go'zal qiz “Zulfiyani   menga bersangiz to'g'onni   ochaman”, deyishi, shunda   oraga Said ismli   yigit tushib qizni   olib qochmoqchi bo'lishi — bu   kadrlarning barchasi ko'l   yonida suratga tushirilishi   kerak edi. Shunda   suratga   olayotgan guruh to'g'on   bilan berkitilib   yasalgan   ko'lni ko'p izladilar. Afsuski, suratga mos   ko'l topilmadi. Shunda Nabi   G'aniyev: “Ko'lni o'zimiz qazamiz!   Hamma belkurak, ketmon topsin. Zambil, qop-qanor ham   keltiramiz qish­loqdan”, — dedi.

Tashabbus ko'rsatgan   rejissyorning o'zi qo'liga   ketmon olib ishga   kirishdi. Yon-atrofida g'ayrat bilan   ishlayotgan hamkasblariga qarab: “Suv   tiniq bo'lishi kerak. Ekin   sug'orish vaqti yaqinligini   bilgan boy suv yo'lini   to'sib qo'yadi. Olinadigan kadr yoz manzarasini berishi, ko'lning tagi toza bo'lishi kerak.   Yog'ingarchilik bo'lmasa bas, aks   holda suv bo'talanadi. Kuz payti, bilib bo'lmaydi…”

Nihoyat, sun'iy   ko'l ham tayyor   bo'ladi. Biroq yomg'ir boshlanadi. Bir ozdan keyin u qorga   aylanadi. Rejissyor   boshchiligidagi san'atkorlar choyxonadan   panoh topishadi. O'sha kuni   birortayam kadr suratga   olinmaydi.

Ertasiga guruh a'zolari   issiq kiyimlar kiyib,   ko'l yoniga kelishadi.   Nabi G'aniyev: “Bugungi   epizodda saratonning issig'i, yer   suvsiragani bilinib turishi   lozim, buni so'z bilan   emas, xatti-harakatingiz   bilan bildirishingiz zarur”,   deydi aktyorlarga. Yasama   “ko'l” yoniga borishsa,   suvning ustki qatlami   muzlab qolgan. Shunda aktyorlardan   biri: “Nabi aka, biz   choponni yechib yaktakda   o'ynayveramiz. Lekin yaltirab turgan   ko'lni nima qilamiz? Ko'lni muz qoplagani ko'rinib turibdi-ku!” deganida rejissyor ularga javoban: “Muzni oldin   parchalaymiz. Keyin   bir chetga   yig'ib, olib tashlaymiz”,   deydi.

Shu tariqa birov tosh   bilan, kimlardir uzun xoda, yana ba'zilar etigi bilan muzni   parchalashga tushadi. So'ng suvga   to'r tashlanadi. Qirg'oqdagi aktyorlar   to'rning ikki chekkasidan   ushlab tortadilar. Nihoyat peshinga yaqin ko'l suratga olishga   tayyor bo'ladi.

Rejissyor ko'l egasi — Og'abekni eshakning shahzodaga aylanishiga ishontirish epizodini   suratga olishda aktyorlar Razzoq   Hamroyev, Rahim Pirmuhammedov, Obid Jalilovlar mahoratidan foydalana olgan, ya'ni Nasriddinning eshagi issiq   non yeb turib, favqulodda yer   tepkilay boshlashi, so'ngra   hang­rashi kerak edi. Nasriddin afandi esa shu   xatti-harakatga moslangan so'zlarni   aytib, goh hovliga yugurishi, goh esa uyga ta'zim   bilan kirib, Xorazm shohi   haqida iliq so'zlar   aytishi lozim edi. Afsuski, eshak hech hangramasdi. U dumini likillatib, katta barkashdagi nozi-ne'matlarni paqqos tushirardi. Uni kaltaklab ham ko'rdilar, baribir bo'lmadi — eshak hangramaydi. Shunda rejissyor Nabi G'aniyevning   yodiga bir voqea   tushadi.

— Savalayvermanglar jonivorni, — dey­di u. — Xuddi shunday   voqea Yakov Aleksandrovich bilan   “Nasriddin Buxoroda” filmini   suratga olganimizda ham   ro'y bergan. O'shanda bir   mo'ysafid yonimizga kelib: “Nega eshakni qiynayapsiz?” deb   so'rab qoldi. Shunda bir chol yonimizga kelib: “Iya, ko'rmayapsizlarmi, axir bu   oshiq eshak-ku?” deb   bir xonadondan boshqa eshakni yetaklab chiqqan. Shunda eshagimiz unga qarab hangragan. Buni qaydan bildingiz, deb so'raganimizda, istehzoli kulib: “Eshakning   odamdan farqi   shuki,   u ko'cha-ko'yda uchraydigan   har bir eshakka   “sevgisini izhor qilaveradi”, — degan.

Ijodiy guruh kula-kula shu usuldan foydalanishadi. Nabi G'aniyev   ham kulimsirab “Oq rangning oqligini   qora rang bilan   taqqoslaganda   yaqqol sezasan”, degan odatiy gapini tak­rorlaydi.

…1937 yilda Nabi   G'aniyevni Abdulla Qodiriyning maslakdosh do'sti bo'lganligi, “Hokimiyat kimniki?” filmida   fojialarga to'la haqqoniy hujjatli film ishlab, sho'ro davlatining istiqboliga shubha bildirgani uchun   aksilinqilobchilikda ayb­lab, hibsga oladilar. Shu tariqa rejissyor 27 oy   avaxtada jabr tortib, 1939 yilda qamoqdan ozod qilinadi. U nima uchun qamaldi, qanday qilib ozod bo'ldi?

Nabi G'aniyev   hibsga olinishidan   oldin — 1937 yil 2 avgustda Moskvaga xat yo'llab, kino sohasi oldida turgan muammolarga o'z munosabatini bildirgan edi. Unda shunday jumlalar bor: “Ijodlarini endigina boshlayotgan, kino sirlarini o'rganayotgan yoshlarga do'stona tanqid foydali bo'lardi. Lekin… baxtga qarshi, kinosanoatda har kim faqat o'z manfaatini o'ylashi odat tusiga kirib qoldi. Tajriba o'rganilmadi. Tanish-bilishchilik avjiga chiqdi”; “bosh­qa respublikalardan taklif etilgan rejissyorlar, asosan, pul ishlash uchun kelardilar. Kadrlar tayyorlash sohasida mutlaqo ish olib bormasdilar…”; “…shunisi achinarliki, tanqidiy mulohazalar, takliflar o'rnini maqtovlar egalladi…”; “rejissyor dramaturg emas. U ssenariy yozishi shart emas…”; “kinodramaturglar yo'qligi, binobarin, ssenariy tanqisligi bizga to'sqinlik qilmoqda…”.

Xullas, Nabi G'aniyevning kinoni rivojlantirishga doir shu kabi mulohaza va takliflari bilan Abdulla Qodiriyga nechog'lik fikrdosh ekanligi ko'rinib turadi. E'tiborlisi shundaki, Nabi G'aniyev hibsdan ozod etiladigan bo'lgach, u “Meni kimlar qamatganini aytmas ekansiz, bu yerdan chiqmayman” deya dadil turadi. Shunda uni   sud   zalida tuhmatchilar bilan yuzlashtirishga majbur bo'lishadi. U hibsdan ozod etilganidan keyin ham kuzatuv ostida bo'ladi. Nabi G'aniyev butun ittifoq san'at boshqarmasi boshlig'i Kerjansevga yo'llagan yuqoridagi maktubidagi mulohazalarini, qamoqdan chiqqach, amalga oshirishga kirishadi. “Biz yengamiz”, “Jangchi do'stlar”, “Nasriddin Buxoroda” kabi filmlarni yaratadi. Bu paytda Ikkinchi jahon urushi boshlangan, kino ma'lum darajada e'ti­bordan tushib qolgan davr edi. Shu yillarda u “Tohir va Zuhra”, “Nasriddinning sarguzashtlari” kabi filmlarni suratga oladi. Bu ishga dastlab “Markaz” ruxsat bermadi.Ular: “Hamma qayg'uga botgan paytda, xalq dostoni – Afandi haqida film olish shartmi?” deyishadi.

Nabi G'aniyev esa aksincha, xalq qayg'u-­alamga botgan paytda, uning ko'nglini ko'tarish uchun ham quvnoq voqealar aks etgan filmlar yaratish zarur, deb fikrini “markazdagilar”ga asoslab beradi va xalq qahramonining oddiyligi, quvnoq va donoligini, xalq og'zaki ijodi orqali tildan-tilga o'tib yurgan doston, latifalarni ekranga ko'chirdi. G'aniyevning nazarida kino qanchalik mukammal, zamonaviy texnika mutaxassislari bilan ta'minlanmasin, avvalo, milliy meros va qadriyatlar poydevor bo'lishi kerak edi. Ana shunday jo'shqin ruhda ishlagan rejissyor qattiq betob bo'lib qolganiga qaramay, “Alpomish” dostonini ham film qilishga jazm etdi. Hatto, Barchin rolini o'ynashni Yulduz Rizayeva (“Tohir va Zuhra” dagi Zuhra) ga topshiradi. Ammo bunga ruxsat berilmaydi.

Buning ustiga, ba'zi hasadgo'ylar 1937 yildagi kabi 1948 yilda ham uni turli bahonalar bilan ayblashga harakat qiladilar. Bu safar xalq mehrini qozonganligi uchundir san'atkorga qattiq ogohlantirish, hayfsan berish bilan kifoyalanishadi. Ammo doimiy kuzatuvda bo'lmasin, undan kamchilik topishga urinishmasin,   Nabi G'aniyev o'z yo'lidan qolmaydi. “Farg'ona qizi”, “O'zbek raqs ustalari”, “Biz yengamiz”, “Dovyurak do'stlar”, “Qoraqalpoq diyorida”, “Kanash” kabi badiiy va hujjatli filmlarni suratga oladi. O'zbek kinosini yuksaltirish borasida tajribasidan kelib chiqqan holda maqolalar, kitoblar yozadi. Ayniqsa,“Kinorejissyor”, “Kinossenariy” nomli kitoblari bugun ham bo'lajak san'atkorlar uchun nodir qo'llanmalar hisob­lanadi.          

Umid Bekmuhammad

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − nine =