Vaqt to'xtagan maskanlar

Avvallari qish­loqdagi G'ofir oshpazning hozirgi uyi o'rnida katta hammom bo'lardi deb bobom ko'p aytardilar. Bilishimcha butun qishloq ahli ana shu umumiy hammomga kelar ekan. Hayron qolarlisi, xatto ayollar uchun ham ana shunday poklanish maskanlari bo'lib, haftaning so'nggi kunlarida juda gavjum bo'lgan emish. Ular biz biladigan ayni damdagi ko'ngil ochar suzish uchun mo'ljallangan “sauna” lardek emas, balki zarurat yuzasidan poklanish maqsadida tashkil etilgan maskanlar bo'lgan ekan. O'zimcha o'yga tolaman, uyat va andisha tuyg'ulari ancha baland bo'lgan oldingi odamlar qanday qilib bunday joylarga borgan ekan?

Endi boshqa iloj bo'lmagan. Hali qish­log'imizga gaz tortilmagan, odamlar ham ancha sodda edi deb tushuntirgandek bo'lardilar bobom.

Axir odamlar, mollarni to'dalatib boqib yuravermay, hovlisiga bittagina hammom qurib qo'ysa nima bo'lardi o'sha vaqtda degan xayol ham o'tardi ko'ng­limdan. Endi yarim tungacha   dalada ishlashga mahkum qilingan, shifer qoqilmagan, oddiy loydan tomsuvoq qilingan tomidan qizg'aldoqlar o'sib chiqqan uylarda yashagan bechora odamlarning bu haqida o'ylashga vaqti qayoqda edi. Bobom aytganidek mahalla hammomlarida esa, hamma sharoit yaratilgan bo'lib, ortiqcha ovoragarchiliksiz haftada bir marta borib kelish ancha qulay bo'lgandir-da.

Bu haqda faqat bobomdan emas, balki bir-ikki eski o'zbek kinolarida ham ko'rganman. Balki siz ham bilarsiz. Mayli, ko'p ham eski gaplar bilan boshingizni qotiravermay, maqsadga o'ta qolay.

Mana bugun zamonlar o'tib, ko'p narsalar o'zgarib ketdi. O'sha paytlardagi pastak-pastak loysuvoq uylar o'rnida eng kami to'rt xonalik (ko'pi esa to'qqiz-o'n xonalik) qishloqning keng-keng hovli uylari bo'y ko'tardi. Ulardagi shart-sharoitlar ham shahardagi uylardan o'tsa-o'tadiki, aslo ortda qolmaydi. Biroq o'ta hashamatli va zamonaviy qilib qurilgan bu uylarning ko'rki kunlar sovishi bilan o'z ahamiyatini yo'qotadi. Negaki hammamizga ma'lum bo'lgan gaz quvurlari ichida bugun quruq havodan boshqa narsa aylanmay, qishloq ahli ko'mir, o'tin hattoki, o'sha bir zamonlardagidek tappi bilan qator-qator uylarning atigi bir, nari borsa ikki xonasinigina isitib, barchalari tor joyga tiqiladi. Elektrniku gapirmay qo'ya qolaylik, huddi odamning ustidan kulgandek lip etib yonadi-yu, biror narsani ulashingiz bilan yana lip etib o'chadi. Maylida, yaqin-yaqingacha ham bir sandalning atrofida ota-onasidan oqibat va yuz-xotirlik haqidagi o'gitlarni tinglab, sabr bilan yashab kelgan xalqimiz tezda zamonaviylashib ketsa ham bo'lmaydi. Shundaymi? Ozgina sabr bilan kutilsa, uch oylik, juda cho'zilib ketsa to'rt oylik sovuq kunlar o'tadi-ketadi. Ne-ne orzu-havaslar bilan bunyod etilgan va hozirda bo'sh turgan boshqa xonalarning tashvishini qilish esa bizga emas. Ha endi, qachonlardir to'y-to'rkun qilinganda ularga ham odam to'lar.

Bilmadim, ammo bu yerlarda vaqt to'xtab qolganga o'xshaydi. Sababi hamma joyda zamon tezlashib, bir nima-bir nimalar bo'lib ketayapti deyiladi-ku, qish­loqlarda ayrim eskiliklar eskiligicha turibdi.

Aytgancha, gap-so'zlar bilan bo'lib, eng muhim jihatni unutibmiz. Aslida ham qishloqliklarga hammomning umuman “keragi yo'q”. Nega desangiz, o'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas deganlaridek, uyida eng so'nggi jihozlar bilan boyitilgan hammomlari bo'la turib, baribir odamlar har hafta bo'lmasa ham, ikki haftada bir o'sha o'n to'qqizinchi-yigirmanchi asrdagidek mahalla hammomlariga chiqishyapti. Sovuq kunda soatlab navbatda turganda ochilmagan iste'dodlar ochilib, “binoyidek” she'r va qo'shiqlar ham yaratilyapti. Siz ham ulardan ijtimoiy tarmoqlar orqali allaqachon bahramand bo'lgan bo'lsangiz kerak.

Mana qish kelib, televizorda hozirdanoq yangi yil filmlari namoyish etila boshlandi. Qishloqliklar esa bu filmlarning birortasini ham oxirigacha ko'rolmaydi. Chiroq yongan o'n besh daqiqa mobaynida esa, odamning havasini keltiradigan birinchi qorning romantik tas­virlari uzatiladi. Qish qanchalik chiroylik-a shaharliklar uchun. Onalarimizning bayramona, mazali taom­larni maroq bilan pishirishlari-chi. Qishloq ayollari esa tappi bilan qozonda suv isitib, ana shu suvda bolalarining kiyimlarini yuvadi. O'rtoqlari bilan shodon o'yin-kulgular ila quvnab kelgan bolalar esa, o'tin pechka bilan isitilgan uyda zo'r kayfiyat bilan uxlab, tongda achchiq sovuqda uyg'onishlarini bir o'ylab ko'ring.

O'zimni yomon ko'rib ketaman. Chunki, issiqqina uyda dunyodan noliyotganimda, oshxonadagi choynakning qopqog'i sakrab yotsa ham o'qiyotgan o'sha keraksiz qog'ozimdagi matn tugamaguncha o'rnimdan turgim kelmaydi. Tunda uyqusirab chiqib, qaynoq suvni sharrillatib oqizib yuborayotganimda qancha odamlar tappisini sanayotgan, qolgan o'tinlarini chamalayotgan bo'ladi. Yana qishloqdagilar bizni ham o'zlari kabi sahar oltida turib, harakatda bo'ladi deb o'ylashadi. Qayoqda deysiz, issiq uyda boshingizni uyqudan ko'tarishingiz oson bo'larkanmi. Tinchgina uyquni davom ettirganimiz ma'qul. Hammasi sekin-asta o'z iziga tushib ketardi. Ozgina sabr ham kerak, balki qish ham ertaroq tugab qolar…

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =