Xo'roz bir xil qichqiradi
Shahar ko'chalarini rangli banerlar bilan bezash markazida ishlar qizg'in. Hamma eshiklarni yopib olib, mahsulot ishlab chiqarmoqda, ya'ni shod va baxtiyor yashashga hukm qilingan (bobolardan ulgi olib, deganday) xalqni ana shu saodatga ko'ndirish uchun (xalq esa “Yo'q, bilganimday yashayman, sarpoychan, tuproq yo'lda chopib yuraman, asfalt kerak emas” deb xarxasha qiladi) yumshoq blin (holvaytar)lar, ya'ni uyqudan uyg'otmay, o'ylatadigan ma'nili so'zlar topish va tayyorlash bilan band. Ayniqsa, uslubiy ta'minlash bo'limida ish qizg'in. Yaqinda olimlikdan targ'ibotchilikka o'tgan Bo'ri Izbosar xodimlarni oyoqqa qo'yib, uloqni birovga bermaslik uchun “chubiri”ni qamchilaydi. U “o'ttiz yillik rahbarlik faoliyatida aslo ikkinchi bo'lmagan”. Hamma ish bilan band, faqat boshliq rahbarligi ostida odamlar kamligidanmi, xodimlarning qaysarligidanmi, xijolatini tarqata olmayapti, bu keyingi paytlarda kuchayib borayapti.
Shu payt eshik shaxt bilan ochilib, ruxsatsiz, salomsiz bir qiz kirib keldi. Shusiz ham qisilib o'tirgan Bo'ri battar tajang bo'ladi: “Qaerga kelib qoldim? Buncha qo'rs bo'lmasa bular”. Kiruvchi yangi kelganlardan, shekilli, ham shoshib, ham ishini tez bitirish ilinjida bidirlab, “Bu yerda Bo'ri kim?” dedi. Hammaning kulgisi qistagan bo'lsa-da, hamma nafasini ichga yutdi. Faqat kecha ishga kelgan xodim (u o'zini “shayir” deb tanishtirgandi) azbaroyi hayajon to'lqiniga dosh bera olmadimi, asta hiringlab, “Bu yerda o'tirganlar hammasi qo'zichoqlar, bo'rini ko'rmadik” deya oldi. Askiya avj olib ketishidan cho'chidi chamasi, nizomdagi burchi yodiga tushdimi, boshliq chirpanib, so'z qotdi: “Nimaydi?”, dedi butun g'azabini so'zning oxirgi bo'g'iniga mixlab. Bu ohangdan “Bo'ri menman, istasam, hozir kalla-pocha qilaman”, degandek tahdidni sezish qiyinmasdi.
— Manavi rangli suratni (qog'ozga) chiqarib berishingiz kerak ekan.
— E, kim aytdi? – boshliqning xayolini parmalayotgan so'z aylanib o'tdi: “Qaerga kelib qoldim? Hammasi otarchi bo'lsa ham san'atchilar ming marta madaniyatli edi”. – Katta-kichik ish buyuraverar ekan-da? Sizga o'rgatishmaganmi, bo'lim boshlig'i bilan bo'lim boshlig'i gaplashadi. Subordinatsiya…
Yangi xodim aynan bo'lim boshlig'idan dakki eshitganmi, ari chaqqandek seskanib:
— Vaqti yo'q ekan, hozir tez qilish keriy ekan, — dedi zarda aralash.
Zarda zardaga tegdi va parda teshildi.
— Hoy, kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi? Men falsafa doktori, dotsentman…
Hamma mulzam bo'lib qoldi. Yangi xodim yaxshigina “master-klas” oldi, shekilli; nima bo'lganda ham boshliqning murabbiylik hislari hali o'lmagan edi, qarshisida dildirab turgan xodimning arzini tingladi va hojatini bitirib, chiqarib yubordi. Baribir hali o'zini koyib, xumordan chiqib ulgurmagan Bo'ri Izbosarning dilini achchiq xotiralar ezardi: “Ko'ylakni kalta kiysa ham, darsni tashlasa ham ular boshqacha edi. Bir gapdan oldin shokolod yoki qahvo uzatib, muloyim gap boshlardi. Bular qaerdan kelib qolgan?”
Boshliqning avzoyi buzilganini sezgan xodimlar ishga battar sho'ng'igan, salmoqli, ko'ndiradigan fikrlar topish, balki ijod qilish bilan o'ta band edilar, qog'ozga iyak tirab enkaygan, qalamni ham bosib-bosib yozishardi.
B.Izbosar institutdagi yillarini eslab, xayolga berildi. “Eh,..”. Endi totli lahzalar jonlana boshlangandi, yana eshik shaxt bilan ochildi va yangi xodimlardan biri (oldingisi emas, boshqasi) dadil kirib, yana salom-aliksiz murojaat qildi:
— Betta falsafa doktori kim?
Xo'ja QUDRAT