Men dardimni kimga aytay?

Hurmatli tahririyat!

Men “Hurriyat” gazetasining ko'p yillik o'quvchisi bo'lganim uchun boshimga tushgan bir mushkul ish yuzasidan sizlarga murojaat qilishga majbur bo'ldim.

Avvalo shuni aytishim kerakki, 1995 yilda taniqli olima, iste'dodli bibliograf, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Hamroxon Mamatraimova bilan turmush qurib, baxtli hayot kechirdik. O'z kasbining bilimdoni, fidoyi inson, yuzlab ilmiy maqolalar va kitoblar muallifi, yuzlab, minglab shogirdlarning ustozi Hamroxon Mamatraimova 1952 yilda Andijonda tug'ilib voyaga yetdi, o'rta maktabni bitirib Namangandagi madaniyat texnikumining kutubxonashunoslik bo'limini imtiyozli diplom bilan tamomlab, Toshkent pedagogika institutining kutubxonashunoslik fakultetida tahsil oldi. So'ng Moskva davlat institutining aspiranturasida o'qib, pedagogika fanlari nomzodi darajasiga ega bo'ldi. Toshkent madaniyat institutida 35 yil o'qituvchi, bo'lim mudiri, aspirantura boshlig'i vazifalarida samarali ishladi.

2012 yil 26 sentyabrda Hamroxon ishda vazifasini bajarayotgan paytda yurak yetishmovchiligi kasali bilan vafot etdi. Shundan so'ng men uchun tashvishli kunlar boshlandi. Turmush o'rtog'imdan ajralganim yetmaganidek, menga: “Uyni bo'shatib ber”, degan qo'ng'iroqlar, uyimga bostirib kirishlar avj oldi.

Biz Hamroxon Mamatraimova bilan o'sha paytda Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan Yunusobod tumani 4-daha,34-uy, 54-xonadonda 18 yil birga yashadik, afsuski, farzandli bo'la olmadik. Lekin ushbu   xonadon 1993 yilda ikki kishiga, ya'ni Hamroxon Mamatraimovaga va Zuhra Berdiyevaga berilgan bo'lib, Hamroxon Mamatraimova nomiga rasmiylashtirilgan edi. Ular bu manzilda bir necha   yil birga yashaganlar.1996 yilda Z.Berdiyevaga Madaniyat vazirligi tomonidan Yunusobod tumanidagi ayni shu uydan ikki xonali kvartira (4-daha, 34-uy, 23-xonadon) berilgandan so'ng 1997 yili u biz yashayotgan kvartiraning propiskasidan chiqib ketdi va 16 yil davomida, ya'ni turmush o'rtog'im hayotlik paytlarida biron marta ham biz yashaydigan kvartiraga da'vo qilgani yo'q hamda kommunal to'lovlarni to'lashda ishtirok ham qilmagan. Ammo turmush o'rtog'im vafot etganidan so'ng Z.Berdiyeva kvartiraning 50 foiziga da'vo qila boshladi. O'z maqsadiga erishish uchun Hamroxonning qarindoshlarini ham ishga soldi. “Sening bu uyda haqing yo'q! Shuning uchun uyni sotib, yarim pulini Z.Berdiyevaga berishing kerak” deyishdi ular. Z.Berdiyeva esa: “Men bu uyning hech bo'lmaganda bitta xonasini Hamroxonning   qarindoshlariga olib beraman” deb oyoq tirab turib oldi.

Shundan so'ng Yunusobod tuman prokurori nomiga shikoyat ariza yozdim. Yunusobod tuman prokurori Sh.R.Akbarov 2013 yilda arizamga quyidagicha javob berdi: “Marhuma Mamatraimova Hamroxon o'ziga tegishli   bo'lgan Yunusobod tumani 4-daha, 34-uy, 54-xonadonni hech kimga vasiyat qilmaganligini inobatga olib, uning turmush o'rtog'i sifatida Siz tomoningizdan mazkur xonadonni mulk huquqi bilan nomingizga rasmiylashtirib olish uchun monelik qiladigan holatlar mavjud emasligi haqida ma'lum qilamiz…”

Men muammoni hal qilish uchun fuqarolik ishlari bo'yicha Yunusobod tumanlararo sudiga da'vo ariza bilan murojaat qildim. Ammo sud 2016 yilning mart oyida Z.Berdiyevani mulkka ulushdor deb topib mening da'vo talabimni rad etib, hal qiluv qarori chiqardi. Apellyatsiya instansiyasi esa   hal qiluv qarorini o'zgarishsiz qoldirdi.

Shundan buyon turli idoralarga yozgan arizalarim ham natija bermayapti.

Yuqorida aytganimdek, Z.Berdiyevaga 1996 yilda alohida kvartira berilganligi uchun u biz yashab turgan xonadondagi propiskasini o'chirib chiqib ketgan va o'ziga davlat tomonidan berilgan xonadonni sotib, hozirgi paytda turmush o'rtog'ining uyida yashamoqda. Shunga qaramay   sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar “Siz yashab turgan uyda Z.Berdiyevaning ham ulushi bor” deya ko'r-ko'rona aytishayotganligi kishini ajablantiradi. Nahotki unga davlat tomonidan kvartira berilganligi va uni allaqachon sotib bo'lganligi “ulush” hisobiga o'tmaydi?

Umid qilamanki, bir kunmas bir kun mening ishimda adolat qaror topishiga ishonaman. Shuning uchun ham   sevimli “Hurriyat” gazetasi sahifasida yuragimni qiynayotgan muammo haqida ochiq-oydin yozishga ahd qildim.

O'z navbatida ushbu murojaatimga mutasaddilar e'tibor qaratishidan umidvorman. Menga bog'liq masalaga yuzaki qarab ajrim chiqargan fuqarolik ishlari bo'yicha Yunusobod tumanlararo sudi va Apellyatsiya tartibidagi murojaatimga berilgan javobdan mutlaqo qoniqmadim. Kerak bo'lsa, Oliy sud e'tibor qaratishini, masalaga adolatli hal qiluvchi hujjat chiqarilishini istayman.

Parhod SAFAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 1 =