Oyning qorong'i tomoni
Mamlakatimizning turli viloyat, tumanlarida chop etilayotgan mahalliy nashrlar o'z hududlarida ilg'or tajribalarni ommalashtirish, joylarda faoliyat yuritayotgan fidoyi zamondoshlarimiz ibratini ko'rsatib berish borasida diqqatga sazovor ishlarni amalga oshirishyapti.
Ayni paytda hayotimizda ro'y berayotgan salbiy voqealar turli tanqidiy chiqishlarda muhokama qilinyapti, ularning takrorlanmasligi uchun gazetxon ogohlikka chaqirilmoqda. Xo'sh, mahalliy gazetalar bu vazifani qay tarzda uddalashyapti? Shu savolga javob berish uchun bir qator nashrlarni varaqlab chiqdik.
Toshkent viloyatining Angren shahrida chiqadigan “Ulug' yo'l” ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy gazetasi shu yilning 26 fevral sonida “Jinoyat va jazo” rukni ostida “Kombinatga ishga kirishni istaysizmi, “unda 2500 dollar sanang”mish” sarlavhali maqolada ilgari ham sudlangan Mastura ismli ayol odamlarni umumiy miqdorda 28 ming dollarga “uxlatgani” ma'lum bo'ladi (bu, albatta, fosh bo'lgani, xolos). Sodda odamlarga nisbatan firibgarlik, tovlamachilik jinoyatlarini sodir etgan bu ayolning qilmishlari maqolada ochib beriladi. Maqola mualliflari jinoyat ishlari bo'yicha Olmaliq shahar sudi raisi Behzod Jo'rabekov va jurnalist Dilafro'z Egamberdiyeva ushbu jinoyat ildizi haqida bafurja mushohada yuritishadiki, bunday yondashuv har bir gazetxonni ogohlikka chorlashi tayin.
Yurtimizda tadbirkorlar huquq va manfaatlarini qonuniy himoya qilish borasida sezilarli ishlar qilinmoqda. Samarqand viloyati “Zarafshon” gazetasining joriy yil 26 fevral sonida Biznes-ombudsmanning viloyatdagi vakili Abror Ibragimovning “Hokim qarori haqiqiy emas deb topildi” sarlavhali maqolasi bu borada qilinayotgan diqqatga sazovor ishlar haqida. Ixchamgina maqolada ushbu idoraga 482 ta murojaat kelib tushgani, ularning 217 tasi tadbirkorlar foydasiga hal etilgani, 264 tasi (tadbirkorlik bilan bog'liq bo'lmaganligi uchun) tushuntirish berilgani bayon etiladi. Ushbu faoliyat haqida hayotiy misollar bilan tushuntirilgani ayni muddao bo'lgan.
Fuqarolarning tinch va bexavotir hayot kechirishlarida huquqiy savodxonligi muhim ahamiyat kasb etadi. Denovda chop etiladigan “Chag'aniyon” gazetasining shu yil 24 fevral sonida “Qilmish-qidirmish” rukni ostida “Ham enidan, ham bo'yidan” sarlavhali maqolada ham bir firibgar hamyurtlarining soddaligidan foydalanib, ularga qanday zarar keltirgani xususida so'z boradi. Unda qonunni chetlab o'tishga uringan zotlar fosh qilinadi.
Jizzax shahrida chiqayotgan “Jizzax ovozi” gazetasi 26 fevral sonida fuqarolik ishlari bo'yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi J.Esanovning “Oila qo'rg'oniga darz ketmasin” deb nomlangan maqolada O'zbekiston Konstitutsiyasining “Oila” bobi haqida keng tushuncha berilgan. Oilaviy ajralishlar sabablari, ularning oldini olish omillari haqida amaldagi qonunlar vositasida gazetxonga keng tushuncha berilibdi. Bu xildagi chiqishlar hayotimizda ro'yo berayotgan salbiy voqealar kamayishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Ba'zan hech kim shubha qilmaydigan insonlar ham bilib-bilmay jinoyat yo'liga kirib ketishadi. Farg'ona viloyati Qo'shtepa tumanida nashr etiladigan “Istiqbol yo'li” gazetasi shu yil 28 fevral sonida faol huquqshunosning “O'qituvchi nega ozodlikdan mahrum etildi?” maqolasi “Jinoyatga jazo muqarrar” rukni ostida berilgan. Bayon etilishicha, o'qituvchi A.S. o'ziga tegishli bo'lgan telefon apparatidan foydalanib, internet tarmog'iga ulanib, diniy aqidaparastlik g'oyalari bilan yo'g'rilgan, shunday qarashlarni targ'ib qiluvchi va O'zbekiston Respublikasi hududida tarqatish, foydalanish taqiqlangan materiallarni, jihod, hijrat va shahid amallarini bajarishga da'vat etuvchi diniy ma'ruzalarni telefoniga ko'chirib olib g'arazli maqsadlar yo'lida foydalangan. Qo'qondagi maktablardan birida dars beruvchi bu kimsa jamiyatga zarar keltiruvchi kishiga aylangan. “Istiqbol yo'li” gazetasi bir kishining qilmishini qoralash orqali ko'pchilikni ibratli harakatlarga undaydi.
Keyingi paytlarda ta'lim olayotgan yoshlarga tarbiya berishning ahamiyati bot-bot uqtirilmoqda. Tarbiyada mayda-chuyda narsaning o'zi yo'q. “Yangi Sirdaryo” viloyat gazetasi shu yil 4 mart sonida “Daftar yuzidagi behayo suratlar” degan maqolada ana shu dolzarb masalaga gazetxonlar e'tiborini qaratadi. “Mushtariy mulohazasi” ruknida berilgan mazkur maqolada yarim yalang'och qizlar, yirtqich hayvonlar, ma'nisiz tasvirlar aks etgan daftar muqovalari yoshlar tarbiyasiga salbiy ta'siri, bilim olishdan chalg'itishi aytilgan. Bularning o'rniga mutafakkir bobolarimiz siymosi, ularning dono fikrlari berilsa, ayni muddao bo'lardi, degan taklif o'rtaga tashlanadi.
Albatta, noto'g'ri tarbiya tufayli turli nopok yo'lga kirgan yoshlar o'z vaqtida bu yo'llardan saqlanishi kerak. Farg'ona viloyatidagi “Dang'ara” gazetasining shu yil 10 mart sonida “Chirkin kasb egalari” maqolasida qo'shmachilikni odat qilgan odamlar qilmishlari fosh etiladi. Unda Farg'ona viloyat IIB TXTB huzuridagi tergov xodimlari B.Mirzayev va E.Ro'zmatov shunday yaramas yo'lga kirgan qo'shmachilar qilmishlarini fosh etish orqali ularning aldoviga uchmaslikka da'vat etishadi.
Aholini ichimlik suv bilan ta'minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri. Xalq deputatlari Parkent tuman kengashi deputati Ortiq Pirimov “Parkent tongi” gazetasining 3 mart sonida chop etilgan “Oqqan suvlar oqmay qo'ydi” sarlavhali maqolasida mavjud ahvoldan qoniqmay tegishli mutasaddilarga shunday deydi: “Bir deputat sifatida saylovchilarim nomidan murojaat qilmoqchiman. O'z vazifangizga sidqidildan yondashing. Mana shu xalq bor, siz borsiz. Shu xalqning ortidan rizq-ro'z topyapsiz. Bu besh kunlik dunyoda o'z ishingizni sidqidildan bajarib, insonlarga nafimiz tegsin”. Bu chin ma'noda xalq uchun kuyib-pishgan deputatning qalb hayqirig'i.
Quva bozorida kuppa-kunduzi o'g'irlik sodir bo'ldi. Fuqaro H.Valijonova 1 million 300 ming so'mlik bozor qilib, aravachidan yukni bekatgacha olib chiqishni so'radi. U yerda ikkita yosh yigit: “Biz Valijonovaning jiyanlari bo'lamiz” deb bozorlikni olib qochishdi. Bu haqda “Quva hayoti” gazetasining shu yil 7 mart sonida “Po'sht, arava!” sarlavhali maqolada yozilgan. Ichki ishlar xodimlari kuzatuv kameralari orqali o'g'rilarni topishdi. Gazeta esa ushbu chiqish orqali odamlarni hushyorlikka chorladi. Jinoyat ishlari bo'yicha Quva tuman sudi raisi Zafarjon Omonov yuqoridagi voqeani bayon etish bilan muhim profilaktik yumushni ado etgan.
Viloyat va tuman miqyosida chop etilayotgan gazetalar aksariyati axborot kommunikatsiya vositalari orqali butun mamlakatga tarqalmoqda. Bu borada Farg'ona, Toshkent, Namangan viloyatlaridagi mahalliy gazetalar faollik ko'rsatishyapti. Ijtimoiy tarmoqlarning “Gazetalar sharhi” degan joyida ko'pgina nashrlar bilan tanishish mumkin. U yerda har bir taqdim etilgan materialga “Ushbu pdf fayl gazeta tahririyati tomonidan taqdim etildi” degan eslatma beriladi. Demak, har qaysi nashrning faolligi tahririyatda ish qanday tashkil etilishiga bog'liq.
Quyi matbuot nashrlarining adadi haqida qiziqadigan bo'lsak, turli manzaraning guvohi bo'lamiz. Joylarda 5-6 ming nusxada chop etilayotgan gazetalar bilan birga adadi 1000 taga ham yetmagan, umuman chiqmay qolayotgan gazetalar ham bor. Yaqinda Toshkent viloyatining mutasaddilari va tuman gazetalari jurnalistlari ana shu tanglik holatini muhokama qilishdi. Ahvolni o'nglash uchun aniq choralar ko'rish belgilandi.
Gazeta – jamiyatning yuzi-ko'zi. Joylarda chop etilayotgan matbuot nashrlari esa tegishli hudud ijtimoiy hayotining ko'zgusi bo'lib qoladi.
Shuhrat JABBOROV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist