“A'lochi” ikkichilar

Bilasizmi ko'proq qanday o'quvchilar ota-onasiga ustozidan shikoyat qilib boradi? O'qishga umuman qiziqishi bo'lmagan, tanbal va landavur, bezori o'quvchilar. Ular uchun o'zlariga o'xshagan ya'ni, ular nima qilsa-da, nima bo'lsa-da bir tiyinlik ishi bo'lmaydigan, befarq o'qituvchilar yoqadi. Qo'yib bersangiz o'qituvchi ertalab darsga kirsa-yu, stoliga sinf jurnalini qo'yib, hozir kelaman, jim o'tirib turing­lar deb dars tugagunga qadar kelmasa-da, nima dedingiz?

Hoy, manavi kitobni o'qigi-i-n deb qattiqroq gapirsa bormi, “ustozim meni tengdoshlarim ichida do'q-po'pisa qilib, kamsitdi”, deb dunyoga jar soladi. Ha, bu aniq. O'sha kunning ertasigayoq ustoz bechora o'sha o'quvchi bilan bo'lgan voqea haqidagi, telegramda tarqalgan video uchun butun O'zbekis­ton xalqi oldida javob berib turibdi-da. Bunday o'quvchilarga biror-bir qo'shimcha adabiyot, o'quvchilar gazetasi yoki jurnallaridan birini tutqazishni-ku ayt­may qo'yaveraylik. Davlatimiz konstitutsiyasi necha bobdan iborat ekanligini bilishmasa-da, “majburiy obuna” degan gapni juda yaxshi bilishadi bu xumparlar.

Nimasini aytasiz, maktabda mana shunday, tekkanga tegib, tegmaganga tosh otish uchun keladigan o'quvchilar avval ham bo'lgan, hozir ham bor. Qizig'i, telbaning ishini Xudo o'nglabdi deganlaridek, mana shunday o'quvchilarning ayrimlari keyinchalik qanday qilib (juda qiziqku-ya) ne­ajabki yaxshigina lavozimlarda paydo bo'lib qolishadimi-ey. Juda g'alati-a? Odam doim ham bir xil turavermaydi-ku, aqli kirib o'zgargandir-da demoqchimisiz? Zora shunday bo'lsa, qaniydi. Ammo bugun o'sha kursi mingan “arzandalar” xuddi kechagidek “Gazeta-jurnal nimaga kerak?”, “Kitob o'qish nimaga kerak?” deb bilag'onlik qilishmoqda. Bundoq olib qarasak, ularning gapi ham bir tomondan to'g'ridek ko'rinadi. Nega desangiz, bu kabi odamlarning shu kunlarga yetib kelishiga gazeta va jurnallarning, kitoblarning umuman “keragi” bo'lmagan-ku, axir. Ammo…

Ular o'ziga kerakli axborotni, turli ma'lumotlarni internetdan oladi deysizmi? Qanday axborot kerak o'zi ularga? “yuqori”dan berilgan topshiriqlarni obdon o'qib, o'rganib, to'la-to'kis bajaradi deb o'ylaysizmi? Axir, bundaylar azaldan o'zini qiynamay, “ozod” yashab o'rgangan odamlar-ku!

“Zamon-zamon – bizning zamon, davron bizniki” deb aytiladigan qo'shiq bo'larmidi? Bo'lardi. Lekin baribir savodsizlik, ma'naviyatsizlik, bilimsizlik va nodonlik hukm surar ekan, u kim bo'lmasin, kun kelib, o'z kuchini ko'rsatadi, samarasini beradi. U boshliq tashkilot, korxona yoxud borinki biror hokimlik bo'lsin, kun kelib, ahvolga maymunlar yig'laydi. Eng yomoni va eng achinarlisi bir paytlar o'qituvchilari achinib “3” qo'ygan aslida bahosi g'irt “2” bo'lgan nodon qoldirgan “meros”dan qancha odam jabr ko'rgani qoladi. Ana shunisiga yig'laging keladi-da.

Kamol QAYSAR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − sixteen =