Qalbingizni “o'qiydigan” teshiktosh

El-ulus orasida “Nobakor, yolg'onchi va nohalol kishilar tosh orasidan o'ta olmaydi” degan qarash hali ham mavjud.

… Oftob nurlari ko'zni qamashtirib, kun botardagi qirrador cho'qqili tog'larga yetdi. Falak toqida yetilib g'arq pishgan anor bandidan uzilib tushdi-yu, arratish cho'qqilarga sanchildi. Anor mevasidan sizib chiqqan qip-qizil, qondek sharbat ufqni bo'yadi-qo'ydi. Bu mahal Teshiktosh bag'ri uzoq-yaqindan kelgan odamlar bilan to'ldi. Ko'z ilg'amas sahnga ega, tep-tekis bag'rikeng ushbu tepalikning shundoqqina qarshisida ikki yuz ellik tonnacha keladigan ulkan xarsang tosh ko'zga chalinadi. Qizig'i, toshni o'n yashar bola ham bemalol tebrata oladi. Undan naridagi vodiyni son-sanoqsiz antiqa toshlar vodiysiga bemalol mengzash mumkin.

Vodiy qo'nim topgan Nurota tog' tizmasining janubiy tarmoqlaridan biri Oqtog' nomi bilan ataladi. Dengiz sathidan roppa-rosa ikki ming metr balandlikda joylashgan tog'ning uzunligi yetmish, eni salkam o'n chaqirimni tashkil etadi.

Ayniqsa, janubiy yonbag'irdagi g'aroyib tabiat obidasi — Sangijumon intruziv-granit massivining dovrug'i yetti iqlimga yetgan. Uning antiqa shakl va ko'rinishdagi toshlari odamni ohangrabodek o'ziga jalb etadi.

Bu maskanning tarixi uzoq. Ushbu tog' ikki yuz sakson million yillar muqaddam yer qa'ridan ko'tarilgan suyuq va qaynoq magmatik jinslardan paydo bo'lsa-da, o'z vaqtida yer qobig'ini yorib chiqa olmasdan taxminan ikki yuz ellik ming yillar avval ma'lum chuqurlikda qotib qolgan deb hisoblanadi. Boshqa taxminlarda esa bu yerdagi jinslar bundan o'n ming yil ilgari yuzaga chiqqan, degan fikr­­ga kelinadi.

Qimirlovchi toshning janubida yana bir bahaybat granit toshga duch keldik. U uzoq o'tmishda Sangijumon ( qimirlab turuvchi tosh, hajmi 75-80 kub metrga, og'irligi 250-270 tonnaga yaqin ushbu xarsang shunchalik yengil tebranadiki) bilan tutashib, yaxlit qoyani tashkil etganligini ko'rish mumkin. Qoyalar orasida esa aylanma yo'llar bor. Undan o'ta turib osmonga qarasangiz, o'zingizni o'n besh, yigirma metrlik quduq ichida turgandek his etasiz.

“Childirmatosh”, “Qizil egartosh”, “Elchiboy do'kon”, “Tegirmon tosh”, “Kobra” kabi turli ko'rinishni inson yodiga soluvchi noyob tabiat obidalari sangijumon ko'rkiga-ko'rk bag'ishlaydi. Uning tarixi ko'hna afsona va rivoyatlarga qorishib ketgan.

… Osmonda jinqarcha chittak kuylaydi. Bahor shamoli esa chechaklar boshini xuddi mehribon ona misoli ohista silaydi. Bundayin mehribonlikdan uning qalbida quvonch hissi barq uradi. Aslida Xatirchining tog'li Sagijumon qish­log'idagi Teshiktosh sayli saylgina emas u ziyoratgoh, najot istab kelganlarga umid qo'rg'oni ham edi. Bu manzilga el omonliq-somonliq kunini nishonlash hamda halolliklarini, to'g'riliklarini, haqgo'yliklarini namoyish etish uchun kelishadi go'yo.

Yigirmanchi asrning o'n beshinchi yillariga qadar biror-bir odam ushbu marosimga chiqmay qolsa, uning va xonadonning halolligiga, to'g'riligiga shubha paydo bo'lar, bir yil davomida ro'y bergan barcha baxtsizliklarning bosh sababkori u deb bilinar, bu dahshat va falokatdan u xonadon sohiblari qishloqdan bosh olib chiqib ketishga majbur bo'lar edi. To'g'ri, bugun yaramas bid'atlardan voz kechilgan, biroq el orasida “Teshiktosh” orasidan nohalol, nobakor, nojoiz kishilar o'ta olmaydi. Bunaqalarni u darhol ko'tarib uradi. Faqatgina andishali kishilar, favqulodda dilbar va xushta'b kishilar, saxovatpesha, himmati baland, xosiyatli, iste'dodli, hamiyatli, or-nomusni barcha narsadan yuqori qo'yadigan kishilargina o'ziga xos sinov, imtihon, chig'iriqdan oppa-­oson, sog'-salomat o'tib ketaveradi” degan qarash mavjud. Tag'in tosh bilan bog'liq rivoyatlar el orasida saqlanib qolgan. Mana ulardan biri.

… Qish kunlarining biri edi. Dehqon ertalab turib qarasa, og'ilxonadagi qoziqqa bog'langan ho'kizi yo'q. Dehqonni bir kishidan shubha-gumoni bor edi. U haqida qoziga ma'lum qildi. Qozi el-ulusni bir joyga yig'adi. Uning maqsadi adolatni qaror toptirish edi. Buning uchun jabrlanuvchi hamda o'g'irlikda gumon qilinayotgan kimsa bobotosh ostidan sirg'alib o'tishi talab etilardi. Buni dastlab dehqon boshlab beradi. Albatta, u tosh ostidan eson-omon o'tadi. Navbat gumondagi kimsaga yetganida, u orqaga tisariladi, ko'zlari alang-jalang bo'lganicha, cho'chib ketgan ko'yi, tosh yaqiniga oyog'i toyib yiqiladi. Uch-to'rt davangir yigitlar uni qo'ltig'idan ko'tarib turg'izadi. Shunda u tilga kirib, “Men gunohimga, aybimga to'liq iqrorman. Beriladigan har qanday jazoga tayyorman” dedi-da o'g'irligini aytdi-qo'yadi. Ma'lum bo'lishicha, o'g'ri teshiktoshning “qisib qolishi”dan qo'rqib, bu ishga yuragi betlamagandi. O'g'ri nihoyat endi bu sharmandalikda yashab bo'lmaydi deb qishlog'idan bosh olib chiqib ketadi. Qissadan hissa shuki, Teshiktosh adolatni, haqiqatni qaror toptirishda odamlarga yaqin dastyor bo'lib xizmat qilgan ekan.

El odati va udumiga ko'ra yuqoridagi pastlikda sharqirab oqayotgan tiniq va zilol suvli soyda poklanib, yalangoyoq chiqilardi muqaddas toshga. Xayolimni, birdan cho'qqi soqolli, nuroniy cholning — o'tishni boshlang, marhamat! — degan jarangdor ovozi bo'lib yubordi. Shundan so'ng odamlar birin-ketin, tizilishib teshiktosh aylanasidan navbati bilan o'ta boshladi. Negadir to hanuzgacha teshiktoshni qisib qolishi odamni gunohga botganligiga ishora deb qaraladi. Hozir ham odamlar bu odatdan voz kechmagan.

Rosti, ulkan tosh ostidan o'tishga chog'lanar ekanman, mening ham ko'nglimda andekkina hadik-xavotir bo'lganini yashirmayman. Ammo teshiktosh ostidan o'tishni uddaladim. Shu chog' boya­­gi mo'ysafid oldinga chiqib, Teshiktosh­­ga yaqinlashdi va uning shundoqqina pas­tidan joy oldi. Va “Iqbolingiz baland bo'lsin, bolam!” — dedida uzoq duo qildi. Chol keluvchilarni ana shunday alqaydi. Bu vaqtda pastlikdagi keng sahnda tantana davom etar, qo'shiq ham, baxshilar aytishuvi ham, laparlar ham avjida edi. Kosiblarning, kulollarning bozori chaqqon edi. Ko'klam quyoshi bilan, havosi el-ulusni o'zigacha mehribonlik bilan boshini silashga oshiqardi go'yo.

… Har bahor eshik qoqishi bilan, Sangijumondagi Teshiktosh esga tushadi, etim seskanadi. Qani endi nopok, qing'ir ishlarga qo'l urib, gunohga botayotgan kimsalar o'sha Hazrat bobo tosh teshigi ichidan bir-bir o'tkazib olinsa-yu, haqiqatda nobakorlari siqilib qolsa deganga o'xshash hadik ko'nglimda kechaveradi. Aytgancha, to hanuzgacha Teshiktosh qad kerib turgan Xatirchidagi Sangijumon vodiysi el-ulusning, xorijliklarning muqaddas ziyoratiga aylanib ulgurgan.

Ulug'bek JUMAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =